Ota-ona qadrini hech qachon unutmaylik!

Yosh edik. Bola edik. Bog'chaga borar edik. Bolalikning beg'ubor onlariga, oynadek toza hislariga oshno edik. Tarbiyachimiz o'rgatgan “Sholg'om” ertagini, ota-onamiz ishdan kelsa, aka-ukalar bilan teatr ko'rinishida ijro etishga mahtal edik.

Yosh edik. Bola edik. Bog'chaga borar edik. O'zbekiston madhiyasini jamoa bilan birga aytgandagi yuragimiz hapqirgani. Uyga kelib farzandlar jo'r bo'lib, ota-onalarimiz ishdan kelganda qo'llarimiz ko'ksimizda aytib berishga mahtal edik.

Yosh edik. Bola edik. Maktabga borar edik.  Ustozimiz Alifbedagi katta “A”, kichik “a” harfini ming mashaqqat bilan har bir o'quvchiga o'rgatardi. Endi biz ham o'qishni bilamiz. Kitoblarni o'zimiz mutolaa qilamiz deb kitob varaqlaridan faqatgina “a” harfini topib, ota-onalarimizga ko'rsatganda ularning biz kabi hursandchiligini aytmaysizmi…

Yosh edik. Bola edik. Maktabga borar edik. Ustozimiz “ana”, “mana”, “non” so'zlarini o'qishni o'rgatganda maqtanish uchun yana ota-onalarimiz ishdan kelishini mahtal kutardik. Har bir o'rgangan saboqlarimiz ularning ham yuzida aks etardi. Maqtovlari esa bizni yanada yaxshi o'qishga, ilm olishga ishtiyoq uyg'otardi.

Yosh edik. Navqiron edik. Oliy o'quv yurti talabasi bo'ldik. Ota-onamiz bizdan ko'ra ikki chandon hursand edi. Farzandimiz talaba bo'ldi, deb. O'qish va amaliyotni birgalikda olib borish, hozirgi olayotgan bilim, ko'nikmalar kelgusi faoliyatda asqotishini tushuntirish uchun ota-onalarimiz yo'limizga mahtal edi. (Aslida charxpalak ters aylanib, endi ota-onalarning farzandini intiq kutishi shu davrdan boshlanadimi ekan).

Yosh edik. Navqiron edik. Oliy o'quv yurtini tamomladik. Endi nufuzli tashkilot xodimimiz. O'zimizcha hamma narsani bilamiz. Ota-ona nasihati quloqqa kirmaydi. Ularning hursandchiligi bisyor. Barchaga aytib yuradi farzandim shu yerda ishlayapti deya, quvonib. O'zlari esa yo'qlashimizga mahtal. Borganimizda nimalarnidir aytadi, so'raydi. Biz esa mag'rurmiz. Mendan so'rayapti, demak men zo'r bilaman, deymiz mag'rurona…

Yosh edik. Navqiron edik. Qishloq torlik qiladi. Sershovqin, gavjum, sivilizatsiyalashgan shahar domiga tortadi. Dastlab har hafta, keyin har oy keyin yilda bir ota-onamizni yo'qlaymiz. Ular yana nimalarnidir aytish uchun yo'limizga mahtal…

Biz esa: shuni telefonda aytsangiz ham bo'lar edi-ku, deymiz. Aslida ular diydorimizga mahtal. Har so'zimizga, yoshlik ufurib, yonib turgan ko'zimizga mahtal…

Bolaligimizda yengil ust-bosh bilan ota-onalarimizning kelishini intizor kutganimizda, o'rgangan narsalarimizni ularga ko'rsatish uchun issiq-sovuqqa e'tibor bermas edik…

Bugun esa ular oftob urishi, sovuq o'tishiga beparvo. Diydorimizga to'yish uchun yengil kiyim bilan kun sovuqdan sovuq, tizzagacha qor bo'lishiga qaramay, oyog'iga yozgi shippakni ilib, tizzagacha qor kechib, o'zlari sovuqdan qaltirab, yo'l qarab, kelishimizga mahtal. Biz esa o'sha yuqoridagi gap. Telefonda aytsangiz ham bo'lar edi-ku, deymiz-a!

Ota-onalarimizni borida qadrlaylik! Umr qisqa emas, juda ham qisqa!

Bahrom BOYMURODOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 15 =