Elning, jamiyatning ko'zi va qulog'i bo'lyapmizmi?

O'ylab ko'rsam, hamisha harakat, tashvish va quvonchda o'tgan umrga, bosib o'tilgan yo'lga bir qargim keldi… Jurnalist sifatida imzo chekib birinchi bor ish haqi olganimga ham 53 yil, pochtadan qalam haqi kelganiga esa 63 yil bo'libdi. Jurnalist uchun aslida ishlagan yillarini aks ettiruvchi raqamlar emas, u qanday ishlagani, undan elga, yurtga foydasi tekkan nima qolgani muhim.

To'rtinchi sinfda o'qib yurganimda hovlidagi sim­yog'ochga o'rnatilgan karnaydan foydalanib, maktab radiouzelini tashkil qilishni taklif qildim. Direktor ruxsati, fizika o'qituvchisi yordami, adabiyot muallimi nazoratida maktab hayotiga oid yangiliklar – a'lochi va qoloq o'quvchilar, sport musobaqalari, allomalar hayotidan hikoyalar kabi mavzularda edi, “Diqqat maktab radiouzelidan gapiramiz”, degan so'zlar ortidan ifodali qilib o'qib berardim. Keyinchalik dadamga velosiped o'rniga oldirganim “Vesna” magnitafoniga intervyular olib, ularni ham simyog'ochdagi karnay orqali qo'yar edim. O'sha davrlardanoq axborot tarqatish, haqiqatni so'zlashga qandaydir ilohiy ichki ruh bor edi menda. Keyinchalik, ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini bitirmay turib ishlay boshlaganimdan hozirgacha ana o'sha bolalikdagi e'tiqod kuchaydi, menga faoliyatimda mayoq bo'ldi va boshimga ko'p tashvishlar ham keltirgani ham bor gap.

Jurnalist kim u? Rasmiy hujjatlarda qayd etilganidek, “axborot izlovchi, qayta ishlovchi va tarqatuvchi”mi? Bu ham kerak. Ammo u, avvalo, jamiyat ko'zgusi. Parda ortidagi voqelik va holatlarni ham payqay oladigan ko'z! U imo-ishoradan tovush topib tinglay oladigan quloq! Jurnalist o'zini ko'rib ko'rmaslikka, eshitib eshitmaslikka olishga haqqi yo'q. Uni jamiyatga ko'rsatishi, eshittirishi shart! Shundagina xolislik, haqchillik, adolat kabi tushunchalar to'laqonli ma'no kasb etadi. Chunki jurnalistning vijdoni – haqiqatning ko'zi.

Ammo men, hamkasblarim vijdoni, jurnalistik vijdoni hamisha ham haqiqatning ko'zi bo'la oldikmi?

Faoliyatim davomida mendagi haqiqat ko'zi necha-necha bor zarbalarga uchradi. Yolg'on ma'lumotlar bilan felyeton chop etdilar, tuhmat, isboti yo'q “dalillar” to'qib jinoiy ish qo'zg'adilar. Necha bor hukumat idoralarida muhokama bo'ldim. Bosim bilan bir insonga tuhmat qilishga majburlab bosim qildilar. Mutlaqo asossiz kamsitish, jamiyatdan chetlatish, vazifamdan ozod etish kabi xo'rlangan kunlarni ham ko'rdim. Va ne baxtki, Yaratganning himoyasi va hayotda adolatli insonlar borligi tufayli har gal g'olib chiqdim. Amaldorlarning qo'zg'atgan jinoiy ishlari, noqonuniy qabul qilgan qarorlari, adolatsiz buyruqlari… bekor qilindi. Lekin, inson degan mavjudotning fe'li o'zgacha ekan. Yiqitishgan joyidan turib yana o'sha, qoniga singgan rux ko'rsatgan yo'ldan davom etaverar ekan. Bilmadim, bunday hayot tarzi faqat elga ko'z, quloq bo'laman degan jurnalistgagina xosmikan? Holbuki, necha bor jarga qulatganlarida, bas, endi bu kasbni tark etaman, degan iztirobli fikr vujudimni qiynoqqa solgan. Ammo vijdon yo'liga, amriga qarshi turib bo'lmasdi. Yana va yana bolalikda tanlagan yo'ldan qolmasdim.

Atrofga qarayman. Men kabilar bir emas. Garchi taqdirlar turlicha  bo'lsa-da bir yo'ldan borayotgan sochlari oqargan, ust-boshlari uniqqan, sog'lig'i ham bir qadar, ammo ko'zlari, qalbida olov alangasi taftidan “haqiqat”, “adolat”, “xolislik” deb ataluvchi harorat taralayotgan hamkasblarimni ko'raman. Ular ko'p bo'lmasa-da, muhimi – bor! Demak, jurnalistika uyg'oq, u yashaydi, davom etadi.

Taqdirni qarangki, men televidenie, gazeta, internet deb atalmish ommaviy axborot vositalari ko'chasini kezdim. Balki, shuning uchunmi, ularning barchasidagi yutuqlarni ham, og'riqlarni ham yuragimdan o'tkazaman.

Bu kunlar o'tar ketar, deya o'zimni ovutaman. Ammo … gazetalar adadi, obuna jarayoni, shu sohaning fidoyi jurnalistlari og'irroq ahvolga tushib qolganini ko'rish, kuzatish qanchalar og'ir. Buning boisi – xalq gazeta o'qimay qo'ydi! Kechagina emasmidi, davriy nashrlar sotiladigan do'koncha oldida turnaqator navbatda turilgani. Kechagina emasmidi, yetakchi, o'qimishli gazetalar o'sha paytlari 23-25 million aholisi bo'lgan mamlakatda bir milliondan ziyod adadda chop etilgani? Kechagina emasmidi, gazetada bosilgan tanqidiy – tahliliy maqolalar tegishli tartibda muhokama bo'lgani. Yo'q, men o'tmishni qumsashdan yiroqman. Ammo hayot haqiqatidan ham ko'z yumib bo'lmaydi.

“Televidenieda shunday deyishdi”, der edi xalq biror mavzuda bahslashsa. U teleaxborotni muntazam kuzatar va unga ishonar edi.

Endi-chi? Mamlakat miqyosidagi gazetalar adadi (3-4 ta hukumatga doxil nashrlarni hisobga olmaganda) 3-4 ming nusxa atrofida…

Televizorni ko'ruvchilar soni ham kundan-kun kamayib boryapti.

Nima bo'ldi o'zi? Smartfon degan balo barchani “sehrlab” qo'ydimi? Hali yurolmaydigan va bir so'z aytolmaydigan chaqaloq ham undan multfilm ko'radi, o'yin o'ynaydi.

Oila a'zolar bir dasturxon atrofida o'tirsa-da, barchalarining “o'z virtual olami” bor. Muloqot, tarbiya, mehr-muruvvat o'rnini o'sha “sehrgar” egalladi.

Bu g'oyat ayanchli va nazarimda o'nglab bo'lmas salbiy oqibatlarga olib keladigan ofat!

Birgina misol. Smartfon tufayli savodsizlik avj olyapti. Savodni maktabda o'rgatishadi-ku demang, savod asosan yozish va o'qish tufayli shakllanadi.

Gazetalar soni va adadi qisqarishi, internet jurnalistikasi kengayishi tahliliy jurnalistikaga tahdid bo'ldi. Hamkasblar orasida axborot yozish bilan chegaralanib, tahliliy – tanqidiy maqolalar, surishtiruv, ocherk singari janrlarida qalam tebratadiganlar borgan sari, yil sayin emas, kun sayin kamayib boryapti.

Bosma nashrlardagi obuna bilan bog'liq ish haqining darajasi jurnalistlarning kasbini o'zgartirishiga, masalan, axborot xizmatlariga o'tib ketishiga sabab bo'lyapti. Bu ham jurnalistikamizga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

So'nggi yillar o'zbek jurnalistikasida murosasozlik an'anasi mustahkamlanmoqda. “XXI ASR”, “Hurriyat”, “Ishonch”, “Milliy tiklanish” kabi sanoqli nashrlardan tashqari bosma OAVlari o'ta sipo. Go'yo davlat, xalq manfaatlariga zid voqelik, korrupsiya, poraxo'rlik, mas'uliyatsizlik, qo'shib yozish kabi holatlarni “sezishmaydi”. Bu avvalo kasbiy axloq me'yorlariga mutlaqo ziddir. Jurnalist ko'rib, bilib turgan hodisalarga befarq bo'lishga haqqi yo'q. Ammo bir qator sabablar, jumladan, muammo qolib, uni ko'tarib chiqqan jurnalist shaxsi bilan shug'ullana boshlaganlari tufayli kasbiy talab, axloq me'yorlarida o'zgarish ro'y berdi. “Menga nima, buni baribir hal etib bo'lmaydi”, “kattalarga yomon ko'rinib nima qilaman” deganga o'xshash tushunchalar singib boryapti, qalam ahliga.

O'zbek media matbuotidagi yana bir og'riqli nuqta shundaki, dezinformatsiya, soxta yangiliklarga qat'iy munosabat, ma'muriy javobgarlik qo'llash kamdan kam uchraydi. Falonchi ishdan bo'shatildi, pistonchi chet elga qochib ketibdi kabi axborotlar yolg'onligi tez orada oshkor bo'lyapti. Lekin “yolg'onchi” OAV hech narsa bo'lmaganidek qolmoqda. Na raddiya, na uzr va unga nisbatan jazo… Oqibatda mas'uliyat, javobgarlik hissi kabi qadriyatlardan uzoqlashmoqda, o'sha axborot tarqatuvchi. Bu esa hech shubhasiz “feyk” ustalarini rag'batlantirishdir.

Ollohga shukrki, zamonamiz tinch. Osmonimiz musaffo. Bu balandparvoz gaplar emas. Tinchlikning qadrini tashvishli kunlarda chuqur his qiladi inson.

…2000 yil Sarosiyo va Uzun tumanlariga jangarilar guruhi bostirib kirganida bir oy har kuni jang maydonlaridan reportajlar berib bordim. Tasvirchi Shuhrat Mirzakarimov bilan xavf xatarli holatlarda ishladik. Otishmalar chog'i voqelikni tasmaga muhrladik, intervyular oldik. O'shanda har ikki tomondan qanday halok bo'layotganlari-yu, dushmanning chekinish chog'i tashlab ketilgan jasadlarini ko'rdik. Bu mudhish, ko'ngilsiz voqeliklarning barchasi videotasvirlarini televidenie arxiviga topshirganmiz. Bir qismi “Axborot” dasturida ko'rsatilgan. O'shanda men jangovar harakatlarning borishi haqidagi har bir so'z va tasvirni xalq intiqlik bilan kuzatib, kutib turganini, qalban his qilib zimmamda, balki taqdirimdagi eng mas'uliyatli kun va soatlarni boshdan kechirayotganimni bilar edim.

Tinch davrlarda ham, ammo xavfli hududlar: Mingbuloq neft favvorasi, Shohimardonni sel olayotgan kunlar, Boysun gaz konidagi texnogen avariya… Ularning har birini jurnalist  qismati deb qabul qilganman. Bunday holatlarda axborot olish, qayta ishlash, tarqatish 50 yillik faoliyatimdagi eng mas'uliyatli davr bo'ldi. Buni anglab, keyin bir so'z aytdim, bir tasvir ko'rsatdim. Efir ortida qancha tasviru gaplar qolib ketganu… Ular vatan manfaati, xalq kayfiyati, jurnalistik axloq tufayli edi.

Bir gal mamlakat maxsus xizmat rahbarining o'rinbosari (u kishi hozir nafaqada) meni darg'azab bo'lib so'roqqa tutdi.

— Sen kimga ishlayapsan, – dedi u so'kinib. — Nega bizning halok bo'lgan askarlarni ham tasvirga tushiryapsan!

Men jang oniy voqelik, tasvirlar esa tarix ekanini, efirga ularning hammasi berilmasligini harchand urinib tushintira olmaganman.

“U haqida gapirmaysan, buni ko'rsatmaysan”, kabi bosimlar ham bo'ladi, jurnalistga. Bu shubhasiz, mas'ullarning “yuqorining munosabati”dan cho'chishi tufayli ro'y berardi. Ha, murosa yo'lidan yurganim ham bo'lgan. Lekin baribir imkon topib, lozim deb hisoblaganim – fikrimni aytib, tasvirni ko'rsatganman.

Jurnalist faqat axborot tarqatuvchigina emas, uning har bir voqelik, dalilga nisbatan o'z munosabati bo'lishi kerak, deb hisoblayman. Ammo bu munosabat, avvalo, Vatan manfaatiga mos tushishi lozim.

Jurnalist voqelikni ifodalashda so'z tanlash mahoratini ishlatishi, tilimizdagi boy zahiradan o'rinli foydalanishi zarur. Buning uchun esa lug'at, izohli lug'at, badiiy asarlarni har doim o'qib borish talab qilinadi.

Jurnalist, haq so'zi uchun bosimga uchrash hollari kuzatiladi. Bosimning ko'rinishlari turlicha. Men hayot va faoliyatim davomida ularga dosh berishga harakat qildim. Chidadim, tarjimai holimni tilka pora qildilar. Sabr bilan kutdim. Ammo, bir gal men qolib hatto farzandlarim bilan shug'ullana boshlashdi. Ana o'shanda sukutning, jim turishning ismi qo'rqoqlik emasligini bildirdim.

Ochig'i, muammo qolib, aynan muallif bilan shug'ullana boshlaganlarida ruhiy tushkunlikka uchrayman. O'zimda o'ta toliqish sezaman. Ba'zida ma'lum muddat biror narsa yozmay qo'yaman. Adolatsizlik, natijasizlik qalbimni jarohatlaydi. O'zimni mag'lublardek his qilaman. Shunday paytlarda bir so'z, muxlis, o'quvchi, tomoshabinning bir so'zi meni “davolaydi”: “ko'rdim” yoki “o'qidim”, haq gapni aytibsiz, degan. Bundan ortiq e'tirof bormi? Aslida shu yurt, el manfaati uchun tavakkal qilib “boshni kundaga qo'yib” o'sha satrlarni yozasan, tasvirlarni oshkor qilasan. Ular buni yoqlayaptimi, demak sen g'olibsan! Bundan ortiq baxt, quvonch bormi jurnalist uchun?

Bu jamiyat talabi. U hech qachon o'zgarmagan. Hamisha haqiqatni, haq so'zni kutgan o'quvchi. Hozir ham shundaymi? Nazarimda jurnalistlarimiz mas'uliyatini “unutib” qo'yayotgandek. Buning asosiy sabablaridan biri – jurnalist so'ziga bo'lgan munosabat, u ko'targan muammoga rasmiylar yondashuvi. OAV xarchand bong urmasin, mas'ullar muammoni hal qilmas ekan, xalqda jurnalistikaga ishonch yo'qolib boraveradi. Bu davrning eng og'riqli masalalaridan biri, deb hisoblayman. Istiqbol-chi? Qanchalar umidbaxsh bo'lmay, jamiyat, davlat jurnalist aytgan xaq so'zga xolis munosabatda bo'lmas ekan, bunday jurnalistikaning kelajagi majrux.

Yaqinda Xitoyda bo'ldim. Pekindagi xalq kutubxonasida sun'iy intellekt bilan savol-javob qilish imkoni yaratilibdi. Men ham bundan foydalandim. O'zbekiston – Xitoy iqtisodiy munosabatlari haqida so'radim. U dona-dona qilib men ilgari bilgan raqamlarni aytdi. Qoyil qoldim. Bosma nashrlar kelajagi, futbol bo'yicha O'zbekiston terma jamoasining jahon chempioni bo'lishi haqidagi savollarimga anchagina o'ylanib, so'ng “fikrini” aytdi. Qiziq, har bir savolga sun'iy intelektdan javob topa olsak, unda vaqti kelib, umuman OAVlari kerak bo'lmay qolmaydimi?! Chunki yil sayin axborot olishning texnik imkoniyatlari kengayib boryapti. Bu ketishda sun'iy intelektdan har bir fuqaro to'g'ridan-to'g'ri foydalana oladigan vaqt juda tez yetib keladi-ku!

Ammo hech qachon, hech qanday sun'iy intellekt insoniy his-tuyg'u, mehr va g'azab, hamdardlik va qasos kabi yana ko'plab ruhiy holatlarni anglay olmaydi. Demak, uning “xulosa”lari quruq, faqat raqamli dasturlargagina asoslanadi. Hayot esa jonli evolyutsiya, aslo raqamli texnologiya emas. Demak hali insonning muloqot, hayotiy tuyg'ulariga asoslangan jurnalistika yashaydi. Fikr, axborot almashuv jurnalistikasi, uni tarqatuvchi jurnalist kasbi yo'qolmaydi.

Biz qaysi davrda yashamaylik, haq so'z, xolis fikr, adolatga ehtiyoj so'nmaydi va u hayot, biz nafas olayotgan havo kabi abadiydir.

Muhammadjon OBIDOV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × three =