So'z erkinligi madaniyatsizlik bazmi emas!

“Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, AOKA, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, MTRK, O'zbekiston Milliy media birlashmasining qarori bilan tele- va radiokanallar hamda ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanayotgan mediamahsulotlar, xususan, serial, multfilm, kino va qo'shiqlarni “ma'naviy ekspertiza”dan o'tkazish tartibi joriy etildi” — bu xabar juda ko'p ziyolilar, ustozlar, yoshi ulug'lar, mulohazali-mushohadali ota-onalarni xursand qildi.
Erkin fikrlar ochiq maydonida ayni yangilikni “Ma'naviyat niqobi ostida senzura o'rnatilmoqda”, deb kutib olganlar ham oz emas.
Masalan, men — aqlimni taniganimdan buyon ashula va qo'shiqlar bilan hamnafas yashagan odam, qariyb keyingi chorak asrdan buyon har qanday yangi qo'shiqni, albatta, ma'naviy va adabiy me'yorlar elagidan o'tkazib, shundan keyingina million-million tomoshabinlar e'tiboriga havola etish kerak, degan fikrdaman. Bu taklif boshqalar tomonidan ham ko'p aytildi, qay bir radio va telekanallar qoshida ekspertiza guruhlari tuzilgandek ham bo'ldi, lekin qog'ozda qolib ketdi. Bizning topgan-erishganimiz shu bo'ldiki, ayrim qo'shiq (boshqa nima ham derdik?!)lar matni, ijrosi, ijrochining kiyimiyu xatti-harakatlaridagi mantiqsizlik, behayolik, sharmandalik, oldi-qochdilar har qanday quyushqonlarni yorib tashladi.
…Insonning ma'naviy ehtiyojlari jismoniy ehtiyojlari bilan egizak tug'ilarmikin? Esimda, yoshligimda uyimizning pastak deraza tokchasiga qo'yilgan usti rangpar mato bilan qoplangan radiochamizning yoniga o'rnashvolib… ko'zlarim do'ppi gullarida, qo'llarim qatim tortar, o'zim radiodan taraladigan ashulalar olamida bo'lardim.
Aydingiz janonima javrini
ko'p orttirmasin,
Ishq bozorida jismim poralab
sottirmasin.
O'zgalar bazmida tanho jilva aylab
ham yana
Bir raqibim elchi aylab kulbama
choptirmasin…
Axir bu dilbar ohangga vobasta Nodira g'azali to'rt qator she'r emas, ajoyib kinonovella lavhalari-ku! Shu paytgacha dilimda, tilimda qolgan juda ko'p ashulalarning deyarli hammasi bundan ellik, oltmish yillar oldin ularning mazmuniga maftunligimdan, xonandalarning yoqimli ovoziyu yuragining harorati bilan xotiramga o'z-o'zidan yozilib qolgan.
Yillar o'tib kitoblar, ustozlar saboqlari sharofatidan sevimli ashulalarimning ma'nosini teranroq tushundim.
Endi haqiqiy san'at durdonasi bo'lgan u ashulalar she'rlarining fikr salohiyati, shoir qalbining nazokati, ajoyib lutflari, saxovati, kamtarligi bilan yuksakligi… hofizning Alloh bergan betakror ovoziga uyg'un katta muhabbat va mahorat ila ijrosi bilan hozirgacha o'z-o'zimniki.
Ishqsizlarga mani ishqimni qilma oshkor,
Ishq karvoniga ko'ksimni ochiq darvoza qil.
Sobir Abdulla g'azali bilan Murodjon Ahmedovning zabardast ovozida qo'shiq bo'lib yangragan bu satrlar har safar hayratga solaveradi: ishq karvoni qanday bo'larkin va unga darvoza bo'lguvchi qalb salobati, kengligi, saodati qanday ekan?! Umrim davomida son-sanoqsiz xayolan takrorlagan yoki qayta-qayta xirgoyi qilgan bo'lsam-da, har safar qalbimni titratadigan, ko'zimga hayratu ehtirom yoshlarini silqitadigan ijrolar, shukrkim, oz emas. Zebunnisoning:
Kitobxonai olam varax-varax justam,
Xati Tu diydamu guftam: Ki muddao injost —
degan satrlari Zaynab Polvonova ijrosida xotiramga yozildi, ustozlar ayni satrlarda shoira yorug' dunyoning eng katta hikmat-haqiqatini bayon etmoqchi bo'lganini tushuntirdilar, har xil sinovlar payti uni xirgoyi qilaman, taskin topaman. Bularning hammasi — katta san'atimizning asl ganjinalari, avlodlar asrab rivojlantirishi meros bo'lgan xazina.
Bilaman, bugun yuqoridagi fikrlarimdan kimlardir, yumshoq qilib aytganda, zerikadi, tezroq tugatishimni istaydi. Chunki mumtoz ashylalar aytilganda, “Shu hay-vaylar kimga kerak?” deydiganlar, xonadonida yil-o'n ikki oylab milliy soz asboblari jo'rligida aytilgan qo'shiq, ashulalarni tinglamaydiganlar, anglamaydiganlar oz emas. Ularni tushunging keladi: globallashuv, odamlarning vaqti juda qimmatli bo'lib borayotgan, axborot oqimi imkoniyat tugul tasavvurlarga ham sig'mayotgan davrda qo'shiqlarning so'zlariyam aniq, ozu soz, ishchan, zamonaviy til bilan aytganda, “motivatsiya beradigan” bo'lishi kerakdir?!
Yodimga tushib ketdi. “Saodat” tahririyatida ishlayotgan paytimda, bir kuni jurnalning navbatdagi soniga beriladigan materiallar muhokama qilinayotgandi. Zulfiya opa taqdim etilgan she'rlardan biridagi fikrning yengil-elpi, yig'loqi ekanini aytgandilar, kimdir: “Endi, shoir-da”, deb uni oqlamoqchi bo'lgandi, ustoz: “Nima, shoir degani aqli past deganimi?!” – deb mavzuga nuqta qo'ygandilar. Shunga o'xshab, havaskoru she'riyatdan umuman tushunchasi bo'lmagan “shoir”larning ijodi mahsuli bo'lgan bir nima (qo'shiq, kuy so'zini ishlatgim kelmayapti)larni mashhurdan tortib kechagina bitta “klipi” bilan bu sohaga kirib kelganlarning ijrosida “Ha, endi bu qo'shiq-da”, — deb tinglayverish; mashhuridan tortib kecha tuxumdan chiqqanigacha o'zini san'atkor deb bilganlarning tilidagi, xatti-harakatidagi almoyi-aljoyilik, kibr, maqtanchoqlik, tomoshabinni mensimaslik, yoshiga yoki aytayotgan so'zlarining ma'nosiga nomutanosib kiyimlari va qilpillashlarni “Bularga bo'laveradi” yoki “Fikr erkinligi” deb qabul qilish bir tomondan ularning ijodiy-ijobiy o'sishiga g'ov bo'lsa, ikkinchi tomondan o'zimizning saviyamiz nochoru pajmurda ekanini tan olishdir.
Farzandlarimizga yoshligidan saviyasi yuqori yoki past asarlarni tavsiya etishimizning oqibati “ekilgan urug'i”ga yarasha bo'ladi. Bugun qay bir o'g'il-qizimiz Zahiriddin Muhammad Bobur g'azali bilan aytiladigan “Yaxshilik” qo'shig'ini shartta o'chirib, “Jonze, Jonze”ni maroq bilan eshita boshlasa, bu uning ongiga ona suti bilan birga yengil-elpi, o'tar-ketar, vaqtingni o'g'irlaydigan qo'shiqlar quyilganining natijasi. Bularni yaxshi ko'rib tinglayverganing sayin fikring doirasi mana shu ijrolar qobig'idan chetga chiqmaydi; xatti-harakating, hayot tarzing unga moslashadi. Afsuski, keyingi yigirma yillar davomida qo'shiqchiligimizdagi sayozlashish, jo'nlashish, yengil-elpilashish jarayoniga guvoh bo'ldik; bu haqda tashvishlanib gapirgandek, yozgandek bo'ldik, ammo samarali ishlar qo'limizdan kelmadi.
Adashmasam, bundan yigirma yillar ilgari Respublika “Navo” birlashmasida yangi qo'shiqlarni ko'rikdan o'tkazib, ijrosiga ruxsat berish (yoki bermaslik) komissiyasi tuzilib, bir necha yillar faoliyat ko'rsatdi. Komissiya tarkibida Anor Nazarov, Dilorom Omonullayeva kabi taniqli bastakorlar, Farrux Zokirov kabi xalq artistlari, Gulchehra Umarova kabi san'atshunoslar, qo'shiqchi shoirlar, ular qatorida men ham bor edim. Komissiya yig'inlariga doim bir nechta qo'shiqchilarning yangi ijrolari tavsiya etilardi. Ularning aksariyati elga taqdim etishga munosib emas, ammo yig'inlarga raislik qiluvchi bilan tanqidiy fikr bildirganlar orasida bo'ladigan muzokara, bahslarning deyarli hammasi raislik qiluvchining foydasiga hal bo'lardi, o'sha qo'shiq efirga uzatilishiga “oq yo'l” berilardi.
Aslida, Respublika teleradiokompaniyasi huzurida ham yangi yozilgan qo'shiqlar matnini, ijrosini nazorat qilishi kerak bo'lgan, sarani saraga, puchakni puchakka ajratadigan ijodiy guruhlar doim bo'lgan, vazifasini bajargan. Ammo qayta qurish va oshkoralik yillari, keyinchalik mustaqillik davrining so'z erkinligini o'z tarozisida “tosh bosgan she'ri”, o'z doirasidagilarga yoqqan qo'shig'ini katta minbarlarga olib chiqish, elga havola qilish deb bilganlarni muharririyatlardan katta ekranlar, efirlarga “olib o'tib qo'yadigan ko'prik”laru “aylanma yo'llar”, “so'qmoqlar” ochildi, ular kengayib ketdi.
Mazmunli, chiroyli ovozda ijrosi go'zal qo'shiq yoki ashula boshlansa, “Hamma undan bahramand bo'lyaptimi?” degan xayolda yon-atrofimdagilarga qarab chiqaman: kimdir hushyor tortgan, kimdir beparvo, yana kimdir qoshiq bilan ovora. Beixtiyor Immant Ziedonisning bir epifaniyasidagi “She'r aytilayotganda, kavshanma, bolam” degan gapi yodimga tushadi. Ammo hozir ayrim “qo'shiq”lar boshlansa, atrofingdagilar uni tinglashidan ko'ra tinglamasligini, boshqa biror mashg'ulot bilan band bo'lishini, qo'shiqni o'chirib qo'yishini xohlaysan. Chunki…
Yaqinda bir bayram davrasida kuzatib o'tiribman: yosh san'atkor “Seni juda yaxshi ko'raman” degan satrlarni takror, takror, takror… naqorat qilib kuylayapti, o'rtada raqs tushayotganlarning aksariyati uning so'zlarini qaytarishyapti, demak, yod bilishadi. O'n yashar qizdan: “Qaysi qo'shiqlarni kuylab yurasan?” — deb so'radim. U avvaliga javob berishga uyaldi. Sababini so'ragandim: “Bizga mos emas-da”, — dedi. Bu suhbatimizni hech kimga aytmasligimga qizchani ishontirganimdan keyin u nafaqadagi bobosi bilan o'tirib televizor ko'rganda eshitadigan qo'shiqlaridan satrlar ayta boshladi. Men uni ortiq uyaltirgim kelmadi…
Menga qarab nega yonimda har kun
qolmaysan,
Baland dorga osilsang ham,
yeta olmaysan.
Mantiqiy, axloqiy, milliy mentalitet, badiiy asarga qo'yiladigan talablar nuqtai nazaridan qaraydigan bo'lsak, shu ikki satr tahlilida aytilajak mulohazalarning o'zi alohida tanqidiy maqola bo'ladi.
G'azalnavislikning XX asr chin vorislaridan biri Erkin Vohid:
Seni yotlar tugul, hatto qilurman
rashk o'zimdan ham,
Uzoqroq termulib qolsam, bo'lurman
g'ash ko'zimdan ham,
desa, bugungi “shoir” mana bunday yozadi:
Oftob yuzingnikimi,
Tomchi ko'zingnikimi,
Bir bo'sa olay desam,
Labing o'zingnikimi?
Ismim so'zingnikimi,
Ko'zing ko'zingnikimi,
Gumon qiynaydi, jonim,
Labing o'zingnikimi?
Bu satrlarni tizgan qalam sinsin-e, deysan! Uni kuyga solgan, kuylagan va shuni qo'shiq deb efirga uzatayotganlarga: “Ta'bing, farosating, muhim muammoying shu bo'lsa, battar bo'l!” — deging keladi, ammo bu “yangi qo'shiq” millionlab kishilarning e'tiboriga havola qilinayotgani, kimlardir qiziqib tinglayotgani va xirgoyi qilib yurgani alamiga so'z yo'q, davo yo'q.
Xalqning did-farosatini tarbiyalash, yuksaltirishda adabiyot, san'at eng muhim omil. Keyingi yillarda yurtimizda kitobxonlik targ'iboti, ayniqsa, yoshlarning badiiy asarlar o'qib, uqishi uchun shaxsan Yurtboshimizning tashabbus, takliflari bilan amalga oshirilayotgan tadbirlarning ilk xayrli mevalarini ko'rib turibmiz. Ammo yosh toifasi, sharoit va imkoniyatlar bilan bog'liq jihatlardan qarasak, xalqimizning katta qismi deyarli hamma xonadonda mavjud bo'lgan teleekranlar, kattayu kichikning “ajralmas qismi”ga aylangan telefondagi xabar, ma'lumot, kinolar, qo'shiqlar ta'sirida. Hadisi sharifda odamlarni qirib tashlaydigan yomon kasallik tarqalsa, bu joydan hech kim tashqariga chiqarilmay, tashqaridan ham ayni hududga hech kim kiritilmagan holatdagina ofatdan qutulish mumkinligi aytiladi.
So'z erkinligi, hamma o'zi xohlagan ish-mashg'ulot bilan shug'ullanishga haqliligi huquqidan foydalanib, bitta gapning egasini kesimi bilan moslashtirolmaydigan ayrimlarning (fikr, maqsad, mantiq anqoning urug'i bo'lgan) “jo'qicha” tizmalarini qandaydir musiqalarga “o'rab”, tafakkur ko'chasidan o'tmagan, badiiy-musiqiy iqtidori haminqadar, ingichka ipchalik (ipak emas!) ovozi-da bo'lmagan, san'at yo'lini yengil-elpiyu omadlar ko'chasi deb bilganlar ijrolariga efirlar, ekranlar, katta sahnalar yo'lini uzil-kesil to'sish vaqti keldi.
Qarang, o'tgan yili dorishunos, shifokor va ayrim mas'ullarning o'z vazifasiga noloyiq ishlari oqibatida Hindistondan keltirilgan bir dori yetmishga yaqin bolajonlarning og'ir kasallikka mubtalo bo'lishi, hayotdan ko'z yumishiga sabab bo'ldi. Bugun efirlardan kuniga takror-takror berilayotgan, o'zlarining nazarida “xit”ga aylangan “Qizil ko'ylak”ka maftun bo'lib,
Menga yana shartlar qo'yasan,
sening talabing ko'p,
Bittaman dema, osmondan kelma,
sendaqasi juda ko'p, —
deb berilib aytib yurganlarning qalbiga qo'pollik, ayolga nisbatan bepisandlik, madaniyatsizlik, bevafolik kabi illat-dardlar ildiz otmayapti, deya olmaymiz.
Yuqoridagi mulohazalarim — tele- va radiokanallar hamda ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanayotgan mediamahsulotlar, xususan, serial, multfilm, kino va qo'shiqlarni “ma'naviy ekspertiza”dan o'tkazish tartibi joriy etilishi zarurligiga qisqacha dalillarim.
Sizga, balki, uzundan-uzoq tuyulgandir, lekin bu — bugungi kun qo'shiqchiligi bilan bog'liq og'riqli fikrlarimning muxtasar bayoni, xolos. Seriallar, multfilmlar, kinolar bilan bog'liq odamlardan eshitganlarim, o'zimning tinglab, ko'rib chiqargan xulosalarim taxini navbat bilan ochish niyatidaman.
Muhtarama ULUG'OVA,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.