“Alla”sini yo'qotayotgan avlod

Respublika Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 25 dekabrdagi “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o'rganish va targ'ib qilishni rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi bo'yicha O'zbekiston Madaniyat vazirining joriy yil iyun oyidagi “Noyob va (yoki) yo'qolib ketish xavfi ostida bo'lgan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlash, asrab-avaylash, ommalashtirish va keyingi avlodga yetkazish bilan shug'ullanadigan shaxslarni aniqlash va rag'batlantirib borish to'g'risida”gi buyrug'iga ko'ra, mamlakatimizdagi kashtachilik, temir va yog'ochdan maishiy buyumlar yasash, qo'g'irchoq o'ynatish, xalfachilik, quroqchilik, o'tov tikish, “Alla” aytish, askiyachilik, pichoqchilik, dorbozlik kabi yigirma turdagi nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi 20 nafar shaxs aniqlandi; ularga o'z sohasiga oid nomoddiy madaniy meros namunalarini asrab-avaylash, ommalashtirish, keyingi avlodga yetkazish borasidagi faoliyatida ko'maklashish choralari belgilandi. Toshkent shahar Uchtepa tumani madaniyat markaziga qarashli “Durdona” xalq folklor jamoasi rahbari Mahfuzaxon Boymirzayeva ham ana shu ro'yxatga kirgan madaniy merosimizni saqlashda jonbozlik qilayotganlardan biri. Shu bois san'atkor bilan asrlar osha ona va bola qalbining betimsol sehrli rishtasi bo'lib kelgan “Alla” bilan bog'liq dil og'riqlarini o'rtoqlashdik.
— Mahfuzaxon, ko'pchilik “Bolaligimda onam aytgan allalar yodimda qolgan”, deydi. Mening xotiramga onamning singlimga, jiyanlarimga aytgan allalari yozilib qolgan…
— Men ham eng yaxshi allalarni onamdan o'rganganman. So'zga juda tiyran, biyron bo'lgan onam ikkita ukamni, jiyanlarimni uxlatish uchun aytgan allalari o'z-o'zidan yodimga muhrlangan, qulog'imdan singib, xotiramga o'rnashgan allalar… Alla — onaning farzandi dunyoga kelgan kunlardan boshlangan muloqoti, deyish mumkin. Go'dak qalbini ilk bora uyg'otgan, yorug' olamning issiq-sovug'iga ko'nikish jarayonida nozik-nihol vujudga orom, tinchlik bag'ishlagan mo''jiza “Alla” qo'shig'i bo'lsa, ajabmas. Onam aytgan allalar hamon qulog'imda, qalbimda.
Ey Xudoyo, qudrating shevasi-yo,
bolam, alla,
Farzand ekan odamzodning
mevasi-yo, alla.
Farzand bo'lsa odamzodning
mevasi-yo, alla,
Savil qolsin molu dunyo hammasi-yo,
jonim bolam, alla.
Uylarimning o'chmas chirog'i, bolam, alla,
Yuragimning madori, bolam, alla,
Orqamdan qalar izlarim-o, bolam, alla.
— Ulg'ayib borganingiz sayin e'tibor berganmisiz, bolalik, o'smirlik davrlaringizda siz yashagan muhitda bolasini alla aytib uxlatish barcha ayollarga odatmidi yoki kimlardir alla aytib, kimlardir aytmasmidi?
— Andijon viloyati Izboskan tumanining Chuvama qishlog'i “Toshkechik” mahallasida tug'ilib voyaga yetganman. Uchta dugona kichkinaligimizdan birga o'sdik, ulg'aydik. Bir-birimizning oilamizdagilar xuddi tug'ishgandek, uchala xonadon ham o'z uyimizdek edi. So'rilarda, supachalarda eshitib o'tirardik, momolar, onalar — hammasi bolasini alla aytib uxlatishardi. Masalan, amakimning xotini — momom juda mahzun allalar aytardi. Ularni eshitsak, yig'lagimiz kelardi. Hech esimdan chiqmaydi:
Yuragim choydishmidi, alla, bolam, alla,
Suvlar solib qaynatgani, alla.
Men o'zim g'amsizmidim,
jonim bolam, alla,
G'amlar solib uyg'otgani, alla-yo, alla.
O'sha paytda, o'tgan asrning 70-yillarida momom rahmatli 50 yoshlardan o'tgandi.
— Demak, momongiz o'tgan asrning ko'p sinovlarini boshdan kechirganlardan bo'lsa kerak-da… Aytganingizdek, o'sha davrlarda deyarli hamma bolasini alla aytib uxlatgan. Hatto dalagayam o'zlari bilan olib chiqqan yosh bolalarini…
— Uzr, gapingizni bo'lganim uchun. Xotiramdagi betakror sahifalarni ochib yubordingiz. O'smir yoshda edim, onam bilan dalaga chiqardim. Hamma qatori yosh bolali onalar ham paxtaning barcha mehnatiga jalb etilardi. U paytlarda yengil ulovlar faqat tuman markazidagi ayrim rahbar odamlarda bo'lardi. Biz, asosan, yuk tashiydigan mashinalarni ko'rardik, uzoqroq daladagi paxtazorlarga o'sha yuk mashinalarida yoki traktorning chetanli pritsepida olib borishardi. Tongda yosh ayollar, kelinchaklar qo'lida bolasi, boshiga belanchagini qo'yib dalaga yo'l olardi. Dala shiyponlarida ham temirdan yasalgan belanchaklar bo'lardi. Bog'cha yo'q, sharoit haqida hech kim o'ylamasdiyam… Belanchaklarga yotqizib ketilgan go'daklarga onalarning o'zlari navbat bilan qarardilar. Ulfatxon opa degan ayolning belanchaklarni tebratib yurib “Qo'llarimda qo'sh beshik…” deb aytgan allasini elas-elas eslayman.
Deyarli barcha ayollar uchun (ovozi bormi, yo'qmi) o'z bolasiga alla aytib uxlatish oddiy holat, misoli ehtiyojdek bo'lgan.
— Siz xalq qo'shiqlarini kuylaysiz, ularning ba'zisi sho'xchan, ba'zisi g'amgin. “Yor-yor”, “Kelin salom”lar aytasiz. Mana shu xalq qo'shiqlarini kuylash bilan “Alla” aytishning o'ziga xosligi, farqi bormi? Sizningcha, alla faqat bolaning tinchlanib uxlab qolishi, orom olishiga vosita bo'ladimi yoki uni aytgan onaning o'zi uchun ham ruhiy, ma'naviy ahamiyati bormi?
— Albatta, bor-da! “Alla” aytishning ta'siri, rohatini boshqa hech bir qo'shiqdan topib bo'lmaydi. Tasavvur qiling, ba'zida bolani bag'rimizga bosib, yelkasiga asta-asta urib yoki emizib turib alla aytganmiz. Kattami, kichkinami… ona uchun bolasi bilan har qanday muloqotning qadri, bahosi juda yuksak; dilbandining tarbiyali, aqlli, baxtli, elsevar, yurtsevar bo'lishi bilan bog'liq tilaklari, nasihatlari, maslahatlari, orzu-istaklarini jigargo'shasi qalbiga singdirishni istaydi. Bu orzuga yetish yo'lining muqaddimasi, balki, “Alla”dir…
Tol uchidan tanlab olgan
Toza chavkonim, bolam, alla,
Gul ichidan hidlab olgan
Guli rayhonim, bolam, alla.
Men seni alla qilay, alla,
Ko'tarib katta qilay, alla,
Xudoyim umringni bersa,
erka qo'zim, alla,
O'qitib mullo qilay, ko'rar ko'zim, alla.
Shunday allalar borki, ularning mazmuniga qarab onalar tiluqmas go'dagi bilan ham sirlashganiga, hech kimga aytolmagan dardlarini allasiga to'kib yengil tortganiga ishonasan. Mening onam Malikaxon oyimning allalari ham xotiramga o'rnashib qolgan. Ular ichida:
Bulbulim uchdi qo'limdan, alla,
Qaylarda mehmondir bugun,
jonim bolam, alla.
Bulbulimni yo'qotib, o'ynar qo'zim, alla,
Ko'nglim parishondir bugun,
mehribonim, alla, —
degan satrlarni boshqacha mayinlik, g'amginlik bilan aytardilar. Buning sababini ko'p o'ylardim, keyin tushundim: balki, yoshliklarida vafot etib ketgan onalari sog'inchi, balki, balog'at yoshida uydan chiqib ketgancha qaytib kelmagan akalarini eslagandirlar… Hatto qizlar kamolga yetgach, uzatganingdan keyin ham ayni shu satrlarga singigan fikrlar ona qalbidan o'taverarkan.
Ha, bekorga “Yaxshi-yomon kunimda Menga juda kerakligim, alla”, — deb aytishmagan. “Rustamu dostonim, bolam”, “Alpomishim, pahlavonim, alla” — bularning hammasi quruq so'zlar emas, ularni aytayotgan onaning mehr-muhabbati, tuyg'ulari shabnamdek shaffof, samimiy bo'ladi. Har bir ona bitta bolani katta qilgunicha katta doston yozayotgandek holatga tushib qoladi, nazarimda. Bu holatni umrining oxirigacha qo'msab o'tsa kerak. Bir voqeani aytmasam bo'lmaydi: onam 98 yoshda olamdan o'tdi. Hayotining oxirgi kunlari edi. Ota hovlimizda opam, jiyanlarim ham bor edi. Men onamning qo'llarini silab o'tirgandim. “Bolam, bir alla aytib bergin”, — dedi-da onam. G'alati holatga tushdim, “bolam” deb aytamanmi, “onam” deb aytamanmi… Nazarimda, agar o'shanda onamga alla aytsam, keyin hech qachon aytolmaydiganday edim. “Ayt”, — dedi onam yana qo'limni ushlab. O'sha lahzada shoira Saida Zunnunova yozgan “Alla” she'ri lop etib yodimga tushdi. Aytdim:
Kunduzim desam-da, oz,
Yulduzim desam-da, oz.
Dunyoda nima go'zal —
Bo'lsa undan o'zing soz,
Orom ol, onam, alla…
Onam yuzlarimni silab, tinmay duo qildi… Endi har safar “Alla” boshlasam, o'sha betakror g'animat onlar xayolimdan o'tadi.
— Siz “Alla” bo'yicha o'tkazilgan juda ko'p tanlovlarda ishtirokchi sifatida ham, hakamlar hay'ati a'zosi bo'lib ham qatnashgansiz…
— Ha, 1997, 2009, 2011, 2013 yillarda “Alla” bo'yicha respublika tanlovlarida qatnashdim, faxrli o'rinlar olganman.
— O'sha tanlovlarda viloyatlardan kelganlarni ham eshitgansiz. Ular orasida yodingizda qolgan allalar bormi?
— Muqimiy teatrida bo'lib o'tgan tanlovda Jizzaxdan kelgan qatnashchi yosh ayolning “alla, alla, lu-lu-luv” degani qulog'imga singib qolgan.
Jonimi zindalagi, lu-lu-luv,
Mehrimning bir bo'lagi, lu-lu-luv…
Bunday xalqona allalardan mahalliy aholining nafasi keladi. Yoki:
Ollo, Ollo, oylandi, ollo,
Suvda baliq loylandi, ollo.
Baliqmi deb o'ylasam, ollo,
Ilonlar bo'lib aylandi, ollo…
Xorazmlik onadan eshitganim bu to'rt qator allaga chuqur hayot falsafasi singdirilganday.
— Endi… bugungi kunlarga kelsak. Yon-atrofingizdagi yosh onalarni, hali ellik yoshga yetmay buvi bo'lgan ayollarni kuzatasizmi, ular alla aytishadimi?
— Yo'q-da! Kamdan-kam, barmoq bilan sanoqlidan ham kam. Sababi, ularning o'zi, uka-singlisi ham alla eshitmagan yoki oilasidagi katta yoshli ayollar alladan uzoqlashib, uzilib ketishganga o'xshaydi.
Alla — jonning rohati, alla,
Uyqu — ko'zning quvvati, alla…
Afsuski, butun bir avlodning aksar onalari “alla jonning rohati” ekanini tamoman unutib, go'daklarini aqliy va jismoniy kamolot ostonasi bo'lgan allaning rohatidan bebahra qoldiryaptilar, desam lof emas. Bir voqea aytib beray: televidenieda “Alla”ga bag'ishlangan ko'rsatuvda qatnashayotgandik. Pediatriya institutidan kelgan shifokor shunday hayotiy voqeani so'zlab bergandi: “Bizga yetimxonadan to'rt oylik og'ir betob chaqaloqni olib kelishdi. Sun'iy ovqatlantirishga majbur edik. Tibbiy muolajalarning ham natijalari sezilmas, bola tinmay yig'lar, bezovta edi. Bir kuni hamshira muolaja o'tkazayotganda, go'dakning yig'isi yanada avjiga chiqqan. O'sha paytda xonani artib, tozalab yurgan farrosh xodima alla ayta boshlaydi, shunda go'dakning yig'isi asta-asta pasayib, u tinchlanib uxlab qoladi. Shu gapni eshitganimizdan keyin farrosh Vasila opadan yetim bolaning yonida ko'proq bo'lishni, uni allalab uxlatishni iltimos qildik. Qarangki, norasida alla eshitganda tinchlanib uxlab qoladigan bo'ldi, dori-darmonlarning ijobiy ta'siri ham tez sezila boshladi, asta-sekin butunlay sog'ayib ketdi, shu orada “Alla onasi”ga juda o'rganib qoldi. Ko'p farzandli Vasila opa uniyam o'z tarbiyasiga oldi”.
— Alla — dunyoga yangi kelgan murg'ak inson uchun ilk ma'naviy ne'mat desak, arzirli. Murg'ak hazrati inson hali gapirishni, so'rashni, talab qilishni bilmagani uchun uni bu ne'matdan bebahra, benasib etish loqaydlik, mehrsizlik desak, qattiq botar. Ammo… guldek nozik, mayin, xushbo'y, orombaxsh, joningning bir parchasi bo'lgan Alloh ne'matini bag'ringga bosib, uning quyoshchadek yuzlaridan ko'zu qalbing nurlanib alla aytishning baxtu saodatini his etmay o'tib ketish ayolning o'z-o'ziga ham mehrsizligi, degim keladi… Bunaqalar ozmi, ko'pmi, degan savolga “bolajonmiz” deb iftixor bilan gapiradigan xalqimiz orasida allalar ham “Noyob va (yoki) yo'qolib ketish xavfi ostida bo'lgan nomoddiy madaniy meros namunasi” sifatida rasman qayd etilgani javob bo'ladi.
— Ha-a… davralarda yuraman. Yoshlarimiz, ayniqsa, shaharlik qizlar ko'proq milliy mumtoz musiqalarga emas, chet el musiqalariga qiziqishyapti. Folklor qo'shiqlarni unda-munda teleekranlarda ko'rsalar ham, e'tibor bermaydilar. Mening kelinim uchinchi farzandini alla bilan katta qilyapti. O'zim o'rgatganman.
Sevimli yozuvchimiz O'tkir Hoshimov “Dunyoning istalgan burchagida tarjima qilinmasa ham tushuniladigan qo'shiq bu — “Alla”, degan edi. Mamatqul Jo'rayevning “Oq olma, qizil olma”, Guljahon Mardonovaning “Onam aytgan allalar”, Munavvar Yoqubbekovaning “Allalar” kitobi” katta mehnat, izlanish samarasi. Ammo juda oz adadda chiqqan, shularni qayta nashr ettirib, yosh onalarga yetkazish kerak, degan taklifni kiritmoqchiman.
— Respublika radiosi, televideniesida bu mavzuda tayyorlangan dasturlarda ham, asosan, Habiba Oxunova ijro etgan, musiqali dramadan olingan “Alla” eslanadi, xolos. Yurtimizning turli burchaklarida mehri daryo, qalbi durdona allalarga to'liq opa-singillarimiz oz emas. Ularning har biri xazina, unutmaylikki, g'animat… Menimcha, respublika teleradiokanallarida maxsus loyiha tashkil etilib, unda “Alla” to'g'risida balandparvozu siyqa gaplar takrorlanmay, mutaxassislar va ko'p farzandli onalar dalilli fikrlarini bildirsalar; viloyatlardan taklif etilgan mohir onalar, buviyu momolarning ko'ngil bisotidagi “Alla”lar xalqqa yetkazilsa, samarali ish bo'lardi. Shu bilan birga, qizlarning, yosh onalarning ongiga go'daklarning jismoniy, ma'naviy, aqliy rivojida mehru sehr chashmasi bo'lgan ona qalbi navosining beqiyos ahamiyatini ham singdirib borish kerak. Bunday ko'rsatuvlarni shahar, tuman televidenielarida ham tayyorlash mumkin. Bu ham “Alla”larni tiklash, to'plash, targ'ib etish, qizlar va yosh onalar qalbida unga qiziqish va muhabbat uyg'otish, “Oltin fond”ga olib qolishning bir usuli.
— Hozir katta rejalar asosida o'quv dargohlarida, mahallalarda Yurtboshimiz qarorida belgilangan vazifalar ijrosi bo'yicha ishlarni boshlab yuborganmiz.
— Bu xayrli ishda yaxshi yangiliklarni ommalashtirishga hamisha tayyormiz.
Muhtarama ULUG'OVA suhbatlashdi.