Ijtimoiy tarmoqmi, qarmoqmi?

Ijtimoiy tarmoqlarni muzlatkichga o'xshatsa bo'ladi: ichida hech qanday yangi narsa yo'qligini bilsangiz ham, har besh daqiqada ochib ko'raverasiz. Tarki odat — amrimahol deganlaridek, ijtimoiy tarmoqning qarmog'iga ilinsangiz bas, hushingiz vaqt behuda o'tayotganini anglagunicha bir necha soatlar o'tgan bo'ladi. Kichkinagina mitti temir quticha berayotgan axborot ko'lami juda katta. Qaqrab yotgan cho'l suvni qanday tortib olsa, miyamiz ham kerakli-keraksiz axborotni shunday tortib oladi. Mashhur qirg'iz adibi Chingiz Aytmatov aytganidek, oshqozon miyaga qaraganda aqlliroq, chunki oshqozon keraksiz narsani qaytarib chiqaradi, miya esa har qanday yaramas narsani ham yutib yuboraveradi.
Ijtimoiy tarmoq biz uchun hamma narsa: cheksiz ma'lumotlar bazasi, do'stlashish maydoni, yangiliklar ulashuvchi vosita, o'yinlar olami, yangi bilimlar kaliti, reklama, biznes uchun katta imkoniyatlar eshigi. Afzalliklarini sanasak, tugamaydi. Internet har bir soha uchun muhim ahamiyat kasb eta boshladi, chunki globallashuv asrida yashayapmiz.
Bugun butun dunyo aholisining 63 foiz qismi internetdan foydalanar ekan. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekiston aholisining 70 foiz qismi faol internet foydalanuvchisi. Yurtimizdagi eng ko'p foydalaniladigan tarmoq “Instagram” platformasidir. Tarmoq foydalanuvchilarining asosiy qismini 18-35 yosh oralig'idagi qatlam tashkil etadi. Bu kichik ko'rsatkich emas, albatta. Foydalanuvchilarning katta qismi yoshlarni tashkil etishi yaxshimi yoki yomon? Tanganing ikki tomoni bo'lganidek, yosh qatlam zamonaviy texnologik bilimlardan qancha ustomonlik bilan foydalansa, taraqqiyot jihatidan ilgarilash jarayoni tezlashadi. Boshqa tarafdan qarasak, buzg'unchi g'oyalarga qarshi yoshlar ongida yetarlicha immunitet shakllanmagan bo'lishi ham mumkin. Bu holatda ular ongida qabul qilingan har qanday g'oya yoshlarni ishontirishi, da'vat etishi hayotga katta tahdid ekanligini ta'kidlash kerak.
Yaqinda qiziq bir ma'lumot o'qib qoldim. Ijtimoiy tarmoqlar insonni baxtsiz qilar ekan. Nega deysizmi? “Instagram” sahifasiga bir qarang-chi, hamma baxtiyor, hamma bekamu ko'st, shundaymi?
Aslini so'rasangiz, tamoman boshqa. Tarmoqni kuzata turib, hayotingizni taftish qila boshlaysiz, nega hammaning ishi besh, sizning esa ketmoningiz uchmayapti?! Ta'sir o'tkazmaydi, demang, bu holat bevosita ta'sir qiladi. O'zingiz istab-istamagan holda hayotingizni taqqoslaysiz, turmushingizdan ko'nglingiz to'lmaydi. Bu esa tushkunlikka sabab bo'ladi.
Olimlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bolalar hamda o'smirlar sog'lig'ida ruhiy xastalik, depressiya kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi yuzasidan ogohlantirmoqda. Bu xavf faqat bolalar, o'smirlarga emas, kattalarga ham birdek ko'lanka soladi. Qo'rqinchli filmlarni ko'p tomosha qilgan insonlarda ruhiy muvozanatning buzilishi juda ko'p kuzatilgan. Tarmoqlarga o'rgangan insonlarda esa o'zi yashab turgan hayotdan uzoqlashish, virtual olamga qaramlik jarayoni kuchayib boraveradi.
O'smirlar o'zidagi yolg'izlik hissidan xalos bo'lish uchun ijtimoiy tarmoqlardan “yordam” olmoqchi bo'lishadi. Lekin bu teskari holatni, ya'ni yolg'izlik hissi kuchayishini keltirib chiqaradi. Xavfli jihati shundaki, yoshlar orasidagi yolg'izlik kayfiyati yuqori o'lim ko'rsatkichlari bilan bevosita bog'lanadi. Shu o'rinda bir faktni keltirsak. Kuniga 2 soatdan ko'p vaqtini tarmoqlarda o'tkazuvchi o'smirlar tengdoshlariga qaraganda yolg'izlikdan ikki barobar ko'proq aziyat chekar ekan.
Ma'lumot o'rnida, mobil qurilmalar katta nurlanish manbaidir. Olimlarning fikricha, hatto cho'ntagingizda yuradigan telefon ham bosh miya, yurak, jinsiy tizimga yomon ta'sir ko'rsatadi. Unda nurlanish kuchliligi sabab saraton kasalligini keltirib chiqaradi. Soatlab gaplashish esa surunkali bosh og'rig'ini yuzaga keltiradi. Nafaqat ruhiyatingizga, balki sog'lig'ingizga ham shuncha xavf tug'diradigan tarmoqning salbiy oqibatlarini har doim ham anglab yetavermaysiz.
Barcha sohada yetakchilikni qo'lga olayotgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini ko'paytirgani sayin tarmoq orqali jinoyatlar ham ortib borayotganligini inkor etib bo'lmaydi. Bu holatga guvoh bo'lgan inson sifatida shuni aytishim mumkinki, uning zararlarini hali tushunib ulgurmagan yangi foydalanuvchilar firibgarlikdan ko'p aziyat chekishadi. Qiziqarli videolar ko'rayotganingizda osmondan tushgandek “Daromad qilishni o'rgatamiz” ma'nosidagi videolar chiqib keladi. O'tkazib yuborsangiz, keyingisi chiqadi. Qiziqib, kirib ko'rasiz. “Daromad topish bo'yicha o'qitamiz” yoki “Pul tiksangiz, ko'paytirib olishingiz mumkin” qabilida gapirib, sizdan pul olishadi. Aldanganingizni darrov sezmasligingiz mumkin, lekin anglaganingizdan keyin dardingizni kimga aytasiz? Kuzatuvchi sifatida shunday videolarga bildirilgan munosabatlarni erinmay o'qiyman, firibgarlikdan juda ko'p odam aziyat chekkan bo'lib chiqadi. Ehtimol, bu borada ham ma'lum cheklovlar kerakdir.
O'g'riga o'z boyligini qo'shqo'llab tutqazgan odamni ko'rganmisiz? O'sha odam bugun — sizu biz. Ajablanmang, vaqt deya atalgan bebaho boylikni o'z qo'llarimiz bilan “o'g'ri”ga tutib beryapmiz-ku! Siz ijtimoiy tarmoqni nazorat qilmaguningizcha tarmoq jilovingizni qo'lida tutib turaveradi. Har ishda me'yor bo'lsa, maqsadga muvofiq bo'ladi. Hamisha ohanrabodek o'ziga tortib turadigan tarmoqqa me'yor qo'yish unchalik ham oson emas. Internetni bekorga “o'rgimchak to'ri” deyishmagan, to'rga tushsangiz, qutulib chiqib ketishingiz uchun ozmuncha harakat qilmaysiz.
Ijtimoiy tarmoqdan foydalanmaslik kerak, degan fikrdan yiroqmiz, albatta. Bugungi zamon kishisi uchun internet judayam zarur. Yangilikni portlovchi “bomba”dek emas, yangi imkoniyatlar kaliti, undan ezgu maqsadlarda foydalanish kerak deb yoshlarga uqtirmoq lozim. Xavfli insonlar faqatgina hayotda emas, tarmoqda ham yetarlicha topilishi, bu jiddiy masala ekanligini tushuntirish, birinchi navbatda, ota-onalarga ta'lim o'choqlarda esa ustozlarga yuklatilgan ulkan mas'uliyatdir.
Iroda RAHMONALIYEVA,
jurnalist.