Olijanob kamtarlikning oliy maqomlari

Bir qarashda “olijanob” bilan “kamtarlik” so'zlarining biri osmonda-yu, ikkinchisi yerda kabi tuyuladi. Kamtarlikning mohiyati, o'rni, qiyofasi aksariyat hollarda poygakda, bir chekkada, e'tibordan chetda tasavvur etiladi. Keling, “yuzta sizu bizdan bitta jiz-biz yaxshi”, — deydilar.

Kechagina Fransiya poytaxti Parij shahrida yakunlangan “Olimpiada-2024” o'yinlari doirasida stadionlar, suv havzalari, maxsus kurash maydonlarida bo'lib o'tgan bellashuvlarda sportchilarning mahorati, tajribasi, o'ziga xos uslublari bilan bog'liq unutilmas voqealar juda ko'p uchradi. Dunyo hayotida katta voqea bo'lgan bu an'anaviy tadbirga havaskoru professional sportchilar yillar davomida tayyorlanib, jismonan chiniqdilar; o'zlari tanlagan sport turining eng nozik, muhim, g'alabaga olib boruvchi siru sinoatlarini o'zlashtirdilar; musobaqalar davomida buni namoyish etdilar. “Olimpiada-2024” yangi nomlarni kashf etdi, yangi rekordlar qayd etildi. Va yana bir yuksak marra — musobaqalarning hujjatlarida qayd etilmasa-da, dunyodagi qalb ko'zlari ravshan insonlar tomonidan xolisanlilloh, mehru muhabbat, hayrat, havas bilan e'tirof etildi.

Bu o'zbek sportchilarining, olimpiadada O'zbekiston bayrog'i baland ko'tarilib, madhiyamiz dunyoga taralishiga sababchi bo'lgan chempion yigit-qizlarimizning tabiiy, samimiy, go'zal kamtarliklaridir.

Ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, dzyudo bo'yicha afsonaviy yengilmasday nom qozongan Ute Abening yelkasini (yapon sportchisining o'z uslubida) yerga tekkizib, Yangi O'zbekistonning katta sportida yangi sahifa ochgan, kurashning bu turi bo'­yicha tariximizda birinchi chempion bo'lgan Diyora Keldiyorovaning yuz-ko'zlari ifodasi, nigohlari, o'zini tutishi, gaplarining ohangiyu ma'nosi, ko'zlaridagi quvonch yoshlarigacha… hatto yengilishi mumkinligini xayoliga ham keltirmay tatamiga tushib, raqibining qo'li baland kelganda, mag'lub­lik yukini ko'tarolmay bor ovozi bilan dod-voy qilgan raqibining iztiroblarini ham qalbiga yaqin olib, jurnalistlardan uning sha'niga o'rinsiz gaplar aytmasliklarini so'rashi… Diyoraning o'zbekona fazilatlarining hamma-hammasi dunyo afkor ommasini maftun etdi. “Haqiqiy chempion kim edi?” deb qo'ygan savoliga o'zi: “G'oliblik shohsupasida, ko'pchilik orasida, bergan intervyularida kamtaru kamsuqumligi, insoniyligi bilan barchani maftun etgan Diyora haqiqiy chempion edi”, — deb javob berdi chet ellik sport ishqiboz­laridan biri.

Ismiyu jismiga monand Bahodir Jalolovning bellashuvlardan xoli paytlarda boshiga kiyib yurgan Marg'ilon do'ppisining yarashganini aytmaysizmi? Yo'q, u milliylikni vaqtincha namoyon etish uchun emas, dil-dilidan xohlab, o'ziga loyiq va munosib do'ppini tanlab olgani shundoq ko'rinib turibdi (bu nozik jihatni biz, do'ppi tikib ulg'aygan marg'ilonliklar yaxshi bilamiz). Ijtimoiy tarmoqlarda, jahon axborot vositalarida uning hayot yo'li, g'alabalari haqida aytilgan, yozilganlar yig'ilsa, qancha kitob bo'larkin? Afsonaviy Taysonga tenglashtirilib, ayrim ixlosmandlar tomonidan undan ham yuksak ta'rifu maqomga loyiq ko'rilgan bu pahlavon yigitning hamma bilan muloqotu suhbatlarda, hatto o'zini olqishlab, tabriklab turgan milliardlab muxlislar qarshisida ham ikki qo'lini ko'ksiga qo'yib, samimiy va ishonch bilan boqib turishi olijanoblik va kamtarlikning insoniylik shohsupasiga ko'tarilgani emasmi?!

O'zi erkak bo'la turib, ayollikka da'vogarligi hamda olimpiada qo'mitasi tashkilotchilarining noxolisliklari bilan maydonga tushgan xitoylik Lin Yuytin bilan o'zbek kurashchisi Sitora Turdibekova jangida g'alaba hakamlar tomonidan xitoylikka berilgan bo'lsa-da, ming-minglab muxlislar bu adolatsiz kurashda o'zbek qizining oriyati g'olib bo'lganini ko'rib, e'tirof etdilar…

Yana bir ajoyib voqea: ma'lum sabablar bois olimpiada kunlari Parijga treneri uchib borolmay qolgan qirg'izistonlik bokschi Munarbek Seyid­bek o'g'liga o'zbekistonlik Akmal Hasanov sekundantlik qilishi, muhim yo'l-yo'riqlar ko'rsatishi; Munarbekning yarim finalgacha ko'tarilishi uchun ruhiy madad, maslahatlar berishi ham ovoza bo'lib ketdi. Munarbekning yutuqlaridan Akmaljonning quvonib sakrashlari haqiqiy o'zbekona bag'rikenglikning soddayu samimiy ifodasi emasmi? Qirg'iz bokschi kelajakda o'z jamoasi kurashchisiga raqib bo'lib qolishi ham mumkinligini bilib turib, tantilik, mardlik bilan uni qo'llab-quvvatlashga har qanday mohir murabbiyning-da ma'naviy salohiyati  yetarmidiykin? Shunday bo'ldi ham: Munarbek finalda o'zbek o'g'loni bilan oltin medal uchun kurashadigan bo'ldi. Shunda Akmal Hasanov endi unga sekundantlik qilolmasligini aytib, qardosh qirg'iz bokschisiga muvaffaqiyatlar tilab, unga o'zbekona chopon, do'ppi kiydirib, beliga chorsi bog'lab qo'yishi… boshqalarni bilmadim, ammo men uchun “Olimpiada-24” o'yinlari ishtirokchilarining o'zaro munosabatlari gultoji bo'ldi.

Zamonaviy dunyoning “ommaviy madaniyat” oqimi sarhadlari kengayib, uning domiga bilib-bilmay tushib qolayotganlar soni lahzalar sayin ortmoqda; kimlarningdir nazarida chin insoniy fazilatlar “eskilik”, “zamondan orqada qolish”dek qadr-qimmati yupqarib, shu boisdan nomussizlik, qiyofasizlik, sharmandalik, behayoligu bevafoliklarning ovozi ayrim hududlarda ezgulik ovozidan baland kelmoqda… Shunday murakkab davrda ikki dunyo saodatiga musharraf etguvchi insoniylik, kamtarlik, bag'rikenglik, olijanoblikning go'zal zohiriyu botinini qiyofasi, xulqu atvorida namoyon etmoq, million-million kishilar qalbida bu fazilatlarga havas, muhabbat uyg'otmoq g'oliblar ichra g'oliblik maqomidir, inshoolloh.

Muhtarama ULUG'OVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − 1 =