Yangi O'zbekiston asoschisi

Ochig'ini aytsam, yurakdan gapirsam, ushbu o'ylarni, mulohazalarni yozishga shoshmadim, lekin ikkilanmadim ham. Chunki, bir qarasam… 2017 yildan buyon tez va shiddat bilan oradan 7 yil ham o'tibdi. Maqsad esa maqtovlarni qalab tashlash emas. Tan olaylik, bugun zamon ham boshqa, odamlar ham kechagi odamlar emas. O'zgargan. Qolaversa, Prezidentimiz ham maqtovlarga, hamdu sanolar izhor etilishiga muhtoj emaslar. Yozishim boisiga kelsak, oddiy: bu global dunyoda, XXI asrda O'zbekis­tonning o'rni qanday bo'ladi? Biz davlatimiz yetakchisiga o'z mehnatimiz, ishimiz, fikrlash darajamiz, munosabatimiz bilan qanday, nechog'liq kamarbasta bo'la olayapmiz? Hammamiz ham yurtimiz tinch, hayotimiz yanada farovon, to'kis bo'lishini istaymiz. Ammo bu ezgu niyatlar faqatgina istak, xohish bilan ro'yobga chiqadimi? Asosiy muddao ana shu haqda so'z aytish, fikr bildirish.

Xo'sh, biz shu o'tgan 7 yilda qanday masalalarni hal eta oldik? Bizni ertaga nimalar kutmoqda?

Albatta, bu tezislar yuzaga chiqar ekan, o'z-o'zidan Davlatimiz rahbarining timsoli paydo bo'ladi. Ritorikdek tuyulgan savollarga javob berishdan oldin esa, keling, 2016 yilga qaytaylik. Ya'ni xalq saylagan yangi Prezidentga qanday meros qolgandi?

Biz insonlar o'z nomimiz bilan unutuvchimiz, tabiatan ko'p tanqidchi bo'lamiz va bu bugun udumga aylanyapti, shekilli. Ammo tanqidiy qarashning yaxshi taraflari ham borki, biz asos va kechagi kunga ham ob'yektiv qarashimiz halol yondashuv va adolatdan bo'ladi. Shu tariqa, quyidagi tahlil va kuzatuvlarim 10 banddan iborat. Ularni Yurtboshimiz tavallud topgan kuni tongda qog'ozga tushirgan edim. Garchand insonning tavallud kuni qancha maqtov so'zlari aytilsa ham erish tuyulmaydi, biroq mening maqsadim unday ham emas. Niyatim shulki, keyingi o'tgan 7 yilda ko'rganlarim, kuzatganlarim, o'zim shohid bo'lgan voqea-hodisalarni quvvai hofizam orqali bir o'tkazishdir. Albatta, ortiqcha gap va bo'rttirishlarsiz. Bundan avval, keling, kechagi kunimiz qanday edi, bir esga olaylik. Zero, ulug' adibimiz aytganidek, moziyga qaytib ish tutmoq xayrlidir.

  1. Bugun ishonish qiyin, ammo…

Janubiy Koreyaning Sokcho shahridagi universitetda dars berib, ham ilm qilayotgan yurtdoshlarimiz Sirojiddin Jo'rayev va Ilhom Irisbayev bilan bo'lgan suhbatlardagi oddiy gurung­larni esga oldim.

Gurungimiz “propis­ka” haqida borgandi. Butun bosh­­li Koreyaga sig'ayotgan yigitlarimiz bir payt­lar o'z yurtining poytaxtiga sig'ishmaganini eslashdi.

Ha, bunga ishonish qiyin, lekin bu haqiqat-ku. Bor-yo'g'i 7 yil avval “propiska” degan tushuncha bir mamlakat fuqarolarini ikki toifaga ajratmas edimi? Janubiy Koreya, AQSh yoki Turkiya politsiyasidan qo'rqmay yurgan fuqarolarimiz o'z yurtlarida o'zimizning “melisa”ni ko'rsa oyoq-qo'li qaltirardi. Oxiri Toshkent tamg'asini (propiska) yashil pasportga bosib berish narxi falon ming dollargacha borganini ham eshitganmiz. Ishoniy qiyin. Lekin kechagi kunimiz aynan shunday edi-ku!

  1. “ZUG'UM MAShINASI” PARChALANDI

Xalqaro press-klub sessiyalari doirasida o'nlab yirik tadbirkorlar, sarmoyadorlar bilan muloqot qilaman. Ko'plari o'sha davrning maxsus xizmatlari — sovet NKVD va KGBning merosxo'ri bo'lmish Milliy xavfsizlik xizmati yerto'lalarida asossiz va sox­­ta ayblovlar bilan oylab, yillab umrini o'tkazishganini eslashadi. Sirdaryolik zabardast bir do'stim Dilmurod aka, ikki metr­lik alpqomat yigit “Jasliq” degan nomining o'ziyoq dahshatli bo'lgan qamoqxonada 1,2-1,5 metrlik kataklarda tikka turolmay boshidan kechirgan qiynoqlarni eslasa, hanuz xo'rligi kelib, ko'zidan yosh qalqadi. Yoki o'sha vaqtdagi pogon taqqan “azamatlar” ko'zga ko'ringan tadbirkorlarni bu yerdan qochirib, Qora va O'rta Yer dengizlari sohillaridan chaqirib olib qamashmagani uchun millionlab dollarni “suyunchi puli” kabi tamagirlik qilishlari ham shunchaki to'qima afsonalar bo'lmagan.

Eng yomoni, eng dahshatlisi, baribir, ha, qancha vaqtlar o'tgan bo'lsa-da, garchi yurtimiz istiqlolga erishgan deya ko'krakni urgan paytlar bo'lsa-da, qaysidir ma'noda yozuvchilar, jurnalistlar, shoirlar, umuman, ziyolilar uchun mash'um 1937 yoki 1953 yildagi qatag'on, zug'um mashinasining sharpasi kezib yurganga o'xshardi. Ishqilib, millatning haqso'zli, to'g'riso'zli kishilari yuragida ana shunday xavotir, qo'rquv hissi yashar edi, desak, xato bo'lmasa kerak. Hatto oddiy odamlar ham devordagi “quloqlar”dan qo'rqib telefonda pichirlab, ko'rishganda imo-ishora bilan gaplashardilar. Uchta odam to'plansa, gap bitta edi. Odatda, maxsus xizmatlarga baho berganda, uning ko'rinmasligi, sezilmasligi bilan e'tirof etiladi. Bizda esa aksi edi. Barcha, hatto ko'chada pista sotuvchilar ham o'sha tashkilotni pesh qiladigan bo'lib qolgan edi. Bugun bu sohada ham vaziyat tubdan o'zgardi. Endi DXX chindan ham davlat xavfsizligini himoya qilmoqda. Bunday mayda-chuyda masalalarga aralashmayapti. Xufiyona xizmat, aslida, shunday bo'lishi kerak.

  1. EKSPORT VA IMPORT

O'zbekistonda yaqin-yaqinga dovur boy-badavlat odam bo'lish mumkin emas edi, bu prezumpsiyasiz ayblov edi. Tadbirkorlar, ishbilarmonlarning tinimsiz qo'rquv ostida yurishi — pullarining chet davlatlarga chiqib ketishiga sabab bo'ldi. Vaholanki, biz 20 yildan beri mus­taqil bo'lib, bozor iqtisodiyotiga asoslangan mamlakat qurardik.

Yaqinda e'lon qilingan Statistika agentligi ma'lumotlariga ko'ra, shu yilning yanvar-iyun oylarida O'zbekiston jahonning 186 ta mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib, tashqi savdo aylanmasi hajmini 31,8 mlrd AQSh dollariga yetkazgan.

Eksport — 13 mlrd (5,5 foizga oshgan).

Import — 18,8 mlrd (10,6 foizga oshgan).

  1. IQTISODIYoT ChIROQLARI

 Yurtimizda uy-joy uchun ipoteka va turli boshqa kreditlar olish azob edi. Valyuta konvertatsiyasi esa sanoqli “olg'irlar” uchungina edi. Bu orqali biz nimaga erishdik? Ish joylari yaratilmadi, iqtisod turg'un holatga keldi va biz boshqa davlatlarga arzon ishchi kuchi yetkazadigan o'lkaga aylandik. Hozirgi qurilishlarni sanab ko'zlari charchab ketganlar o'sha paytlarni yodga olib tursin. Yangi O'zbekiston haqiqiy qurilish maydonchasiga aylanganini qo'shnilarimiz ham e'tirof etmoqdalar. Qurilish bu yangi ish o'rinlari, qo'shimcha xizmatlar bilan birga haqiqiy iqtisod drayveri hisoblanadi. Ilgari Toshkentda 3 ta dom qurilsa, karnay-surnay chalib, TV “jannatdan xabarlar” deya erta-yu kech ko'rsatar edi. Bugun qurilishda bir yilda 3,5 mln kvadrat metr ko'rsatkichiga chiqdik. O'zbekistonda Yangi Toshkent, Yangi Sirdaryo, Yangi Andijon, Yangi Farg'onalar qurilmoqda.

  1. Ta'lim va tarbiya

Biz uchun yo hayot, yo mamot masalasi bo'lgan ta'lim bilan sanoqli odamlar shug'ullanar edi. Bizga ko'p aqlli talabalar kerak emas edi. Chunki talabalar bilim olgan sari o'z haq-huquqini bilib, talab qila boshlashidan qo'rqishardi. Shuning uchun oliy ta'lim qamrovi, talab qancha yuqori bo'lmasin, 9 foizdan oshmagan. Bugun bu ko'rsatkich 43 foizga yetdi. 2017 yilgacha yuridik universitetga kirish “arzimagan” 50 000 AQSh dollari edi. Yashirishga hojat bormi? Buni hamma bilardi. Test sinovlari shunchaki teatrlashtirilgan tomosha bo'lib, oliy ta'lim o'choqlariga chinakam “bunker”lar o'rnatilar, u yerda esa, asosan, ro'yxatga olingan, ya'ni oldindan, asosan, “shapka”lar uzatilgan yoshlargina talabalik baxtiga muyassar bo'lishardi. Mabodo bitta-ikkita “adashib” o'qishga kirib qolgan baxti kulganlar bo'lmagan bo'lsa?! Undan so'ng yana zari yoki zo'ri borlar “DP” deb atalmish, ya'ni qo'shimcha qabullarga ilashib qolishlari uchun barcha sa'y-harakatlarga tushar edilar. 32 million aholisi bor yurtda oliy o'quv yurtlari soni bor-yo'g'i 67 ta edi. Bugun yurtimizda davlat, nodavlat, xorijiy universitet va institutlar soni 215 dan oshdi va ular turli yo'nalishlarda ta'lim bermoqdalar. O'zbek yoshlari dunyoga yangi qarash va bilim bilan tik qaramoqdalar. Bugun o'qish uchun hech kim tanish-bilish axtarmaydi. Bilim olishga ishtiyoq bo'lsa, bas, shuning o'zi kifoya!

  1. Majburiy mehnat

Esingizdami, 2017 yilgacha kuz yaqinlashgani sari odamlarda, ayniqsa, maktab, kollej, litsey o'quvchilarida, talabalar, o'qituvchilarda kayfiyatsizlik paydo bo'lardi. Sababi, barcha ishini, o'qishini yig'ishtirib, paxta terimiga majburiy safarbar etilar edi. Majburiy mehnatni hayot tarzimiz kabi qabul qilar edik. XXI asrda ham biz barchamiz paxtaning qullari edik. Hamon esimda, 2017 yil Prezidentimiz Xalqaro mehnat tashkilotining rahbari bilan ko'rishganlarida: “O'zbekistonda endi majburiy mehnat bo'lmaydi”, deb o'z siyosiy irodalarini yaqqol ko'rsatgan edilar. Hamon esimda, Xalqaro press-klub sessiyalarida biz viloyat hokimlaridan: “Majburiy mehnat bo'ladimi?” deb so'raganimizda, ular: “Yo'q”, deb javob berishar edi. Bunga yo'l qo'yganlar esa qat'iy jazolanar edi. Bugun bularning bari o'tmishda qoldi.

  1. So'z erkinligi

Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli media olami vakillari ko'kragiga shabada tegdi. To'g'ri, bizdagi so'z erkinligi bugun AQSh, Yevropa yoki Yaponiya kabi emasdir. Birdaniga bo'sh joyda bo'lishi ham mumkin emas. Rivojlanganimiz sari vaqt o'tib, shu darajaga ham chiqarmiz. Oldingi vaqtlarda “Glavlit” degan senzura tuzilmasi matbuot qo'mitasi tarkibida rasman bor edi. Bizning umrimiz shu bilan kurashib o'tardi. Ular ayt­gani — aytgan, degani — degan edi. Quloq solmasak, ko'zini tepaga ishora qilib, o'ng qo'li bilan chap yelkasini silar edi rangi oqarib. Ba'zi amaldorlar biroz “inakomыslyaщiy” bo'lib qolishsa, artistlar kabi “zap­ret”ga tushar edilar.

Shubhasizki, ular jamiyat hayotidan chetlashtirilib, to'y-ma'rakalarda odamlar ularga yaqinlashishga qo'rqar edi. Bu totalitar tuzumga xos illat edi. Ba'zi mashhur san'atkorlar, xalq artistlari, O'zbekiston Qahramoni bo'lgan taniqli adiblar, akademiklar, yozuvchilar “siqilganlar va ezilganlar” kasali bo'lmish — saraton metastazalari ta'siridan kuyib vafot etishdi. Ularni TV yo matbuot sahifalariga chiqargan jurnalistlar rahbarlari birpasda juvonmarg qilinardi. Bugungi ba'zi medialardagi bachkanalik, tanqidbozlik, yolg'on xabarlar, bulling, baqir-chaqirlar aslo so'z erkinligi emas, lekin biz shuni ham qabul qilmoqdamiz. Demak, shu yo'lni bosib o'tishimiz kerak ekan!

Qolaversa, so'z erkinligiga institutsional yondashgan davlatdagina ixtisoslashgan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga tamal toshi qo'yiladi.

  1. O'zbekiston va jahon

Shimoliy va Janubiy Koreyaning chegaralari kesishgan joyda, naq 38-parallel yonida turib, beixtiyor ko'z o'ngimga parallel allegoriyalar keldi: kechagi va bugungi O'zbekiston kabi, biz yillar davomida fuqarolarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni chet elga chiqarishga qo'rqdik, xorijga nisbatan cheklovlar qo'ydik, ular bamisoli eski temir devor ichida o'sishlari kerakdek edi. Bizda “OVIR” degan bir balo bo'lardi, uning chig'iriqlaridan o'tmagan odam xorij nimaligini bilmay, har ikki yilda yangilik bo'larmikan degan umid va xavotir bilan yashab o'tardi. Xorijni bilmaslik uchunmi yo boshqa sababdan, internetimiz tezligini ham pastlatib qo'ygandik…

Biz hatto o'zimizga yaqin qo'shnilarimiz bilan ham do'st bo'lmadik, munosabatlarni buz­dik. Yon, qardosh respublikalarga borib-kelish juda qiyin bo'ldi. Yoxud muqaddas dinimiz arkonlaridan biri bo'lmish muborak Haj va Umra amallariga qanday azoblar bilan ruxsat olinar edi. Bugun xalqimiz bu azob-uqubatlarni eslagisi ham kelmaydi.

Bugun mamlakatimiz 186 ta mamlakat bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatgan. O'z vaqtida esa (2008 yillar) shu yopiqlik siyosatimizni alqab, jahon iqtisodiy inqirozi chegaramizdan qaytib ketdi, bizga ta'sir qilmadi deb o'zimizni ovutib yurganmiz. Aslida esa shunchaki dunyoga faqat xomashyo yetkazib beruvchi bir mamlakatga aylanib qolganimizni anglamadik, shuning sababidan yurtimizda AQSh dollarining turli kurslari amal qilardi — davlat kursi, birja va qora bozor kursi…

Bugun esa xalqaro munosabatlar yaxshilangani bois — O'zbekis­tonga keluvchi anchagina davlat fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilindi, o'zbek pas­porti uchun ham mamlakatlar kirish vizalarini olib tashlashmoqda.

Kutilgan to'y-u, kutilmagan aza bo'lsa ham yonginasidagi bir qadamlik qo'shni qishloqqa ham, o'zining eng yaqin jigarlarinikiga ham borib-kelishning deyarli iloji yo'q edi. Bugun esa, shukrki, Markaziy Osiyo, ya'nikim Turkiston mamlakatlari bilan ochiqlik siyosatiga yo'l ochildi. O'zbekiston Markaziy Osiyoning markazi va u har 5 mamlakat bilan ham chegaradosh. Bizning chegaralar borasidagi siyosatimiz o'zgarishi esa butun mintaqaga yangi kuch va rag'bat berdi.

Hozirgi kunda yuz minglab o'zbek yoshlari xorijda, dunyoning sara universitetlarida tahsil olishmoqda va ularning ko'zlari olovdek yonib turibdi. Ular — O'zbekiston kelajagi bunyodkorlari. Bugun borgan sari dunyo bilan bizning hamkorligimiz kuchayib bormoqda.

Yana shuni alohida ta'kidlash kerakki, O'zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga qo'shilishi bilan turkiy davlatlar olamining to'liq yangi qiyofasi paydo bo'ldi. Bu jarayonda esa Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xizmatlari beqiyos, albatta.

  1. Muammolar tahlili va yechimi

Kimdir menga aytishi tayin: domla, nima, bugun muammo yo'qmi? Javobim: muammolar qaerda yo'q? Barcha davlatlarda o'ziga xos muammolar bor. Amerikada ham, Saudiyada ham qalashib yotibdi. O'zbekistonda ham muammolar bor ekanligini hech kim inkor etmaydi. Asosiysi, biz buni tan olishni o'rgandik. Ish bor joyda kamchilik bor deganidek, o'z kamchiliklarimiz ustida ishlamoqdamiz. Millat o'zgarmoqda, Vatan o'zgarmoqda, xalqimiz o'zgarmoqda! Muhimi — shu!

  1. YaNGI YO'L — YaNGI SIYoSAT

Ayrim mahalliy va xorijiy kuzatuvchi va ekspertlarning bashorati bo'yicha 2016 yil siyosiy iqtidorga keladigan inson avtoritarizm va totalitarizm “murvatlarini burashni” davom ettiradi va O'zbekistonni qolgan ziyolilar va tadbirkorlar tark etishi davom etadi degan yuzaki fikrlar ham yo'q emas edi. Chunki biz shunday yashashga ko'nikkan edik, boshqacha tasavvurimiz yo'qdek edi. Yo'q, bunday bo'lmadi, Prezident Mirziyoyev bu yo'ldan bormadi va biz barchamiz bunga shohidmiz!

Yana bir-ikkita misollar:

Bugun nafaqat Toshkentda, balki mamlakatimizning barcha shaharlarida dunyoning eng zo'r avtomobillari sotilmoqda. 7 yil avval-chi? Olsang shu — faqat Andijonda ishlab chiqarilgan avtomobillardan xarid qilishingiz mumkin edi. Ularga ham bir-ikki yillab oldindan pulini to'lab qo'yish lozim edi. Agarda avtomobil narxi oshadigan bo'lsa (1-2 yil ichida, albatta, bir-ikki marta narx oshishi esa tayin edi) yana farqini to'lash kerak bo'lib, bu ham yetmagandek, 2-3 ming dollar “shapka”sini berish odatiy hol edi. Maoshni o'zbek so'mida oladigan bechora xalqimiz avtomashinani faqatgina dollarda xarid qilishi qaysi qoidaga to'g'ri kelar edi?! Dollarni esa qaerdan olardi, albatta, banklardan emas, ko'chadan — qallob chayqovchilarning qo'lidan bir necha bor qimmatiga olishga mahkum edi.

Naqd pul masalasi. Bu hamma katta-kichikni qiynagan, azobini bermagan edimi? Hatto bechora pensionerlar pensiyasini 20-30 foizga naqdlashtirib olishi mumkin edi.

Bunday bedodliklar, qishloqlarimizda 20 soatgacha elektr energiyasining berilmasligi, ichimlik suvi, gaz, benzin masalalari nechog'liq og'ir muammolarga aylangani hech kimning yodidan chiqmagan bo'lsa kerak.

Endi mabodo kimnidir ayblashdan va tanqid qilishdan oldin o'zingizga savol bering. So'nggi 7 yilda siz va oilangiz hayoti qanday darajada o'zgarganini xolis tahlil qilib ko'ring-chi. Xolis va adolat bilan ayting, yuqoridagi odam ishonmaydigan bedodliklarning so'nggi yillarda butunlay yo'qolgani, odamlar ham odamlardek yashayotgani, qalbidagi, yuragidagi gaplarini hech kimdan hayiqmasdan gapirayotgani, gapira olayotgani nechog'liq ulkan o'zgarishlardan darak emasmi? Mamlakatdagi beqiyos evrilishlar-chi? Zero Robbimiz o'z muqaddas kalomida ko'p bora ta'kidlaganidek: “Tafakkur va shukur qilmaymizmi?!”

Shak-shubhasiz, O'zbekistonni dunyo bejiz o'zgarishlarga, islohotlarga yuz tutgan davlat sifatida tan olayotgani yo'q. Yuqoridagi barcha qora chiziqlarning bartaraf etilishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy irodasi, jasorati, ulkan xizmatlari tufayli amalga oshdi. Qolaversa, Prezidentimizni uzoq yillardan beri bilganim uchun ulardagi yana ko'p­lab ijobiy fazilatlar qatorida odamiylik va insonlarga g'amxo'rlik xislatlariga ham doimo tan berganman. Bunga yaqinda ham guvoh bo'ldim. 30 iyun — Yoshlar kuniga bag'ishlangan taqdirlash marosimiga kelgan nogironlar aravasidagi taqdirlanuvchini e'lon qilishdi va markazga olib chiqishdi, Prezidentimiz mukofotni ko'kragiga taqib bo'lganlaridan so'ng aravani g'ildiratib olib borib, o'zlari mehr bilan yana joyiga kuzatib qo'ydilar. Shavkat Mirziyoyev bilan yaqindan ishlaganlar, u qaerda bo'lmasin, oliy ta'lim maskanimi, tumanmi, viloyatmi yoki Bosh vazir sifatidami, hamkasblar va ularning oila a'zolariga e'tiborda bo'lganliklari va yordamlarini ayamaganlarini doimo e'tirof etishadi.

Vazirlar Mahkamasining bir haydovchisi so'zlab bergandi: “Endigina Bosh vazir bilan Toshkent viloyatidagi ishchi safardan poytaxtga kelgandim hamki, birdaniga qorin bo'shlig'imda og'riq paydo bo'ldi. Shunda garaj mudiriga mazam yo'qligini aytib, shifoxonaga ketdim. Kasalxonaga borsam, ko'richagingiz ochilib ketgan, deb darrov jarrohlik bo'limiga olishdi va tezkor operatsiya qilishdi. Operatsiyadan so'ng kechki payt reanimatsiyada yotsam, xonaga bosh shifokor kelib, Hukumat rahbari mening ahvolimni so'rayotganlarini aytdi va: “Nima muammo bor, hammasi yaxshimi?” dedi. O'sha vaqtda Bosh vazir lavozimida faoliyat olib borgan Shavkat Miromonovich betobligimni bilib, mening ahvolim bilan qiziqqan ekanlar. Bilasizmi, juda xursand bo'ldim, g'ururlandim shu inson bilan bir jamoada ishlaganimdan.

Eshitishimcha, bunday holatlar ko'p bo'lgan, yaqinlarimizning yaxshi-yomon paytida ham ularning qo'llab-quvvatlashlarini doimo sezganmiz. Bilganmanki, demak, men Bosh vazir uchun oddiy inson emasman. Ular bilan birga ishlagan har bir inson xuddi shunday, Shavkat Mirziyoyev o'z qo'l ostidagilarning hayotiga, sog'lig'iga hecham befarq bo'lmaganlar”, — deb yodga oladi Farhodjon aka.

Yaxshilab kuzatgan odam Prezidentning o'ziga xos xarizmasidan tashqari, odamlar qalbida iliqlik uyg'otuvchi odamiylik xislati yuksak darajada ekanligiga guvoh bo'lishi mumkin.

Endi O'zbekiston Prezidenti sifatida Shavkat Mirziyoyev butun xalqimizning, vatandoshlarimizning hayotini, turmush darajasini tubdan yaxshilash missiyasini o'z zimmasiga olgani yaqqol sezilib turadi. Bekorga Prezident saylov kampaniyasi “Inson qadri uchun” shiori ostida o'tmadi. O'zbekiston Prezidenti faoliyatining bosh mezoni — Xalq g'ami bilan yashashdan ortiq baxt yo'q!

 

P.S. O'zbekiston — Prezident boshqaruvidagi demokratik, ya'nikim xalq hokimiyatiga asoslangan davlat. Bizning odamlar: vazirlar, katta-kichik hokimlar, turli rahbarlar, olimlar, tadbirkorlar, ziyolilar, shifokorlar, muallimlaru o'qituvchilar, fermerlar, yoshlarning turli qatlamlari va avvalo, talabalar, oddiy ishchilar, haydovchilar, farroshlar bunga astoydil ishonib inonsalar, Maxatma Gandining “Har bir xalqning taqdiri o'z qo'lida” degan aqidasi amalga oshadi. Shunday ekan, biz Prezident islohotlari tomoshabini emas, faol ishtirokchisi bo'lsak, bizda daxldorlik hissi bo'lsa, xolislarda o'z vazifasini va ishini vijdonan bajarish tuyg'usi bo'lsa, yaqin orada yutuq va zafarlarimiz yanada ko'payaveradi. O'zbekiston ham Singapur kabi korrupsiya va bosh­­qa illatlardan xoli bo'lgan davlatga aylanadi. Bunday deyishimning sababi oddiy — ba'zida men uchratadigan fuqarolarimizda hamma ishni Prezident yo boshqa rahbarlar qilib berishi kerak degan noto'g'ri hayotiy yondashuv mavjud.

Buning uchun barchamiz birga birlasha olishimiz kerak!

Yurtboshim — Prezidentim bilan hamisha faxrlanaman. Boshlagan xayrli ishlaringiz bardavom bo'lsin, 3 000 yillik o'zbek davlatchiligi tarixida o'chmas iz qoldirishdek sharafli vazifangizda uzoq umr va sog'liq-salomatlik tilayman, mening Prezidentim!

Sherzodxon QUDRATXO'JA,

Qoraqalpog'istonda

xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − three =