Shukrona
Insonning taqdiri qalam bilan, so'z bilan bog'langan ekan, zimmasida juda katta mas'uliyat turganini ham aslo unutmasligi kerak. Alloh taoloning eng avval yaratgani ham qalam ekani va birgina “Bo'l!” degan so'zi bilan olamlar bunyod bo'lgani, qalam va so'zning zalvori qanchalar buyuk ekanini va bu buyuk haqiqat bizlarga qalam va so'zning muqaddamligi barobarida naqadar muqaddasligini ham anglatadi. Shunday ekan, qalam va so'z bilan juda katta ishlarni bajarish mumkinligini yodda saqlash har bir qalamkashning yelkasidagi mas'uliyatdir. Ijod ahli, ayniqsa, jurnalistlik kasbini egallagan har bir inson juda katta vazifani, burchni yelkasiga olganini unutmasligi kerak. U o'zi yashab turgan jamiyatning ichki va tashqi ruhoniy va jismoniy nopok niyatli kuchlariga qarshi qo'lida qurol sifatida qalamini ushlab turgan qo'riqchidek bo'la olishi zarur. Mana shu maqsadni ko'ngliga qattiq tugmagan bo'lsa, qalamini qo'yib, boshqa soha yo'lidan ketgani ma'qul. Va jamiyatning, davrdoshlarining dardlariga, muammolariga, nimaga ehtiyojmand ekanliklariga jiddiy e'tibor qaratishi, qalamini aynan mana shunday vaziyatlarda ishlatishi, so'zini davr jarohatlariga malham bo'la oladigan qilib qo'llashi kerak bo'ladi. Zotan, qalam va so'z omonatdir va bu omonatga xayolda ham xiyonat qilib bo'lmaydi.
Men ham taqdiri qalam va so'z bilan bog'langan ijodkorman. Imkon darajasida o'z oldimga qo'ygan maqsadlarim va burchim ustida xizmat qilishga harakat qilib kelyapman. Insonning qalam ushlashga ilk ishtiyoqi qalamkashlar, ya'ni yozuvchi, shoir, jurnalistlarning ijodiy ishlari bilan tanishuvi, ya'ni mutolaa va kuzatuvlar jarayonida boshlanadi. Va sekin-asta o'zi ham shu qismatning bir bo'lagiga aylanib boraveradi. Mening ushbu faoliyatim ko'pchilik ijodkorlar qatori, tabiiyki, gazetadan boshlangan. Bu paytda hali maktab o'quvchisi edim. Ilk maqola va she'rlarim tumanimiz gazetasida bosilib chiqqandayoq endi shu yo'ldan yurishim kerakligini anglaganman. Hali bola vaqtimda uyimiz devoriga osilgan radiouzeldan taralayotgan ovoz ham meni maftun etardi. Ba'zida qiziqarli eshittirishlar berilayotgan paytda qimir etmay tinglab turardim va bola tasavvurim bilan shu kichkina qutichadan shuncha ovoz va kuy-qo'shiqlar taralayotganini hayrat bilan kuzatardim. Buni qarangki, vaqtlar o'tib, kasbiy faoliyatim aynan radio bilan chambarchas bog'lanib ketdi. Ilk chiqishlarim tuman radiosidan boshlangan. Keyinchalik jurnalistika fakulteti talabasi ekanimizda radioga bo'lgan katta qiziqishim O'zbekiston radioqo'mitasining “Mash'al” radiokanaliga boshlab kelgan. Ammo ikki yildan so'ng faoliyatimni ilm qilish maqsadida o'zim o'qigan universitetda davom ettira boshladim. “Mahalla” radiokanalidagi faoliyatim esa asosan 2015 yildan boshlandi. Va mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, bu orada o'tgan davr mening chin ijodkor sifatida qalam tebratishimga, o'zimdagi imkoniyatlarni ko'rsata olishimga katta zamin yaratdi. Turli yillarda tayyorlangan barcha eshittirishlarim ijodimdagi katta maktab, keyingi faoliyatimga poydevor vazifasini o'tagan bo'lsa, oxirgi yillarda muntazam tayyorlab kelayotganim “Ma'rifat chiroqlari” va “Durlar dunyosi” dasturi tom ma'noda mening ikki qanotimga aylandi, desam, yanglishmayman. Chunki bu eshittirishlarimni tayyorlar ekanman, go'yoki uchardim. Har bir satr ustida to'kilgan hayajonlarim, mehrim va mehnatim o'zimga va Xudoga ayon. Ba'zida mavzular bayonida shu qadar ta'sirlanar edimki, hatto ishimni qo'yib ko'z yoshi to'kib o'tirgan vaqtlarim ham bo'lgan. Xo'p, bu eshittirishlarim qanday mavzularda edi?
“Ma'rifat chiroqlari” dasturi konsepsiyasi ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy-ijodiy, adabiy-badiiy, qisman diniy mavzularni qamrab olgan. Har bir mavzuni bugungi kun talabi bilan, tinglovchilarning ehtiyojiga ko'ra tanlashga harakat qildim. Barchamizga ma'lumki, biz yashab turgan ayni davr nihoyatda tezkor va shu tezkorligi sababli xavfli va qaltis hamdir. Ya'ni bunday tezkorlik bilan o'tib borayotgan vaqt charxpalagida inson o'z qarashlari, fikriy mustaqilligi, ehtiyojlari, ko'nikmalarida bir to'xtamga kelib olishi juda qiyin. Ba'zilar bu hayotda hali o'ziga nima kerakligini anglab yetmasidan umri o'tib ketmoqda. Mana shunday paytda ommaviy axborot vositalari yordamga kelishi va inson uchun bu hayotda eng muhim bo'lgan, qisqagina umri davomida nimalarga ulgurib qolishi shartligi haqida ma'lumotlar yetkaza olishi juda muhim. Bugungi dolg'ali zamonda insonning inson bo'lib yashay olishi eng katta muammodir. Inson axloqi, yuksak tarbiyasi, mehru oqibati, adolati, saxovati, himmati, bag'rikengligi, ilmi, iymoni bilan insondir. Agar unda mana shu ma'naviy-ma'rifiy, ruhoniy fazilatlar bo'lmasa, uning boshqa har qanday katta yutuqlarni qo'lga kiritgani bekordir. Ya'ni insonning insonlik davrida, bu foniy dunyodagi qisqa umri davomida mana shu xislatlar unga poydevor bo'lib ulg'aymas ekan, hayotda turli buzg'unchiliklar, urushlar, qon to'kishlar, adolatsizliklar avj olaveradi. Va dunyoning to'rt tomoni mana shunday qaltis xavf ostida turganda, inson eng avvalo nima uchun yashayotganini tushunib yetishi kerak. Barcha ishlari uchun hisob va javob borligini bilgan, shu haqiqatga iymon keltirgan inson hech qachon yomonliklarga moyil, yovuzliklarga sohib chiqmaydi. Men eshittirishlarimdagi bosh mavzuni ayni mana shu muammolarga qaratishga harakat qildim. “Ma'rifat chiroqlari” dasturida tayyorlagan mavzularim turli turkumlardan ham iborat bo'ldi. Xususan, o'tgan yillar davomida Alisher Navoiyning “Arba'in” — “Qirq hadis” asari tahlili haqida shoir, tarjimon, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi Mirzo Kenjabek bilan, yurtimizda yashab, turli ulkan amaliyotlarga bosh bo'lgan avlod vakillari haqidagi “Sayyidlar shajarasi” mavzusida iqtisod fanlari nomzodi, ijodkor opaxonimiz (bugungi kunda marhum) Ma'muraxon Sultonova bilan, “Qur'oni karimning ilmiy mo''jizalari” mavzusida xalqaro professor Mahmudxo'ja Nuriddinov bilan, domla Hindistoniyning ilmiy faoliyatlari va yana turli mavzularda filologiya fanlari nomzodi Sayfiddin Rafiddinov bilan va yana shunga o'xshash turli mavzularda o'z sohasining yetuk mutaxassislari bilan suhbatlar, muloqotlar tayyorlanib, efirga uzatib kelindi. “Ma'rifat chiroqlari” dasturiga mutaxassislarni jalb qilish masalasida O'zbekiston Musulmonlar idorasi bilan ham bir necha yillar davomida hamkorlikni amalga oshirdik.
2021 yil yanvar oyidan e'tiboran esa, “Ma'rifat chiroqlari” dasturining har dushanba kungi sonlari yurtimizning buyuk allomasi, ulug' shaxslardan biri shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning munosib vorisi, bugungi kunda nafaqat yurtimiz, balki butun dunyo muslima ayollarining ustoziga aylanib borayotgan yetuk olima Odinaxon Muhammad Sodiq bilan “Qur'oni karimda ayollar masalasida kelgan oyat va hukmlar”, “Qur'oni karimda ayollar zikri”, “Qur'oni karimda ayollar uchun buyurilgan burch va vazifalar” ketma-ketligi mavzusidagi turkum eshittirishlarimiz boshlandi. Ushbu mavzular davrimiz, jamiyatimiz uchun nihoyatda zarur bo'lgan mavzulardan biri bo'lgani uchun keng tinglovchilar ommasi tomonidan juda yaxshi kutib olindi. Qolaversa, quruq nasihat va gap-so'zlardan xoli, toza bir saboq, go'zal yo'l-yo'riqlar asosida tayyorlangan har bir suhbat, Qur'oni karim oyatlari, Hadisi sharif rivoyatlari bilan mustahkamlandi, tinglovchilar tomonidan yuborilgan turli savollarga javoblar berildi. Ayol va qizlar axloqi masalasi bugungi kunning eng og'ir va dolzarb muammolarini o'z ichiga oladi. Kelajak tarbiyachisi bo'lgan bo'lajak onalar o'zlarining burchi va vazifalari nimalardan iborat ekanini bilishi, bilganda ham shunchaki eshitish emas, balki bu ular uchun buyuk Yaratuvchining amri ekani nihoyatda hassoslik bilan tushuntirib berilishi tinglovchilarimiz orasida yaxshi natijalar berdi. Bu bizlarga tinimsiz bo'lib turgan telefon qo'ng'iroqlari va murojaatlar orqali ma'lum edi. Abu Homid G'azzoliyning farzand tarbiyasiga bag'ishlangan “Ey farzand” asari sharhi ham “Ma'rifat chiroqlari” dasturida Odinaxon Muhammad Sodiq bilan birgalikda tayyorlanib efirga uzatildi. Fursatdan foydalanib, yillar davomida “Mahalla” radiokanali orqali tinglovchilar ommasiga mana shunday katta va manfaatli mavzularni keng va batafsil yoritib berayotgani uchun Odinaxon Muhammad Sodiqqa cheksiz minnatdorlik bildiraman.
“Ma'rifat chiroqlari” dasturidagi yana bir katta loyihamiz bu hazrat Alisher Navoiyning “Hayrat ul abror” asari sharhiga bag'ishlangan. Ushbu dasturimiz ham 2020 yilning noyabr oyida boshlangan va haftaning chorshanba kunlari efirga uzatiladi. Yosh iqtidorli navoiyshunos tadqiqotchi Akrom Malik bilan birgalikda tayyorlab kelinayotgan ushbu eshittirishlarimiz hazrat Navoiyni yangidan tanishimiz va anglashimizda juda katta yordam bermoqda. Navoiy ijodiyoti haqida gapirilganda hali bu ummonning necha-necha duru javohirlari, xazinalari sirligicha turgani, o'quvchi bu ummonga qancha sho'ng'igani sari yanada chuqurroq kirib boraverishi va bitmas-tuganmas ma'naviy boyliklarga duch kelishi mumkinligi haqida gap boradi. Yosh navoiyshunos Akrom Malik ushbu vazifani juda yaxshi uddalayotgani va bilganlarini, topgan xazinalarini “Ma'rifat chiroqlari” dasturi tinglovchilari bilan ham baham ko'rayotgani juda quvonarli. Akrom Malik “Hayrat ul-abror” asarini shunchaki sharhlamaydi, balki har bir bobda qalamga olingan mavzularni bugungi kun nuqtai nazari bilan yoritib beradi. Hazrat Navoiy insoniyatning azaliy dardi va muammolariga qanday yechim topgani va bugungi kun hasratlarini ushbu malhamlar bilan qanday davolash mumkinligini ham bayon qiladi. Shuning uchun ham tinglovchilarimiz orasida Akrom Malik tadqiqotlariga qiziquvchi muxlislar safi ortib bormoqda. Yosh navoiyshunos tadqiqotchining kelajakda Navoiy ijodiyoti xazinasining eng munosib vorislaridan biri bo'lishiga shubha yo'q.
Faoliyatimning ikkinchi qanoti “Durlar dunyosi” dasturidir. Ushbu dastur ham radiokanalimiz rahbari Faxriddin Abdurahimov badiiy rahbarligida radiokanalimizda uzoq yillardan buyon tayyorlanib kelinadi. Uch yarim yil davomida O'zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol tarjimasi asosidagi mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlarining olti jilddan iborat muhtasham “Masnaviyi ma'naviy” asarini nazmdan nasriy bayonga o'girib, tinglovchilar uchun sodda va tushunarli tilda taqdim qilib keldik. 27 ming baytdan iborat “Forsiy Qur'on” hamda “Komil inson yo'riqnomasi” deya ta'rif berilgan ushbu asarlar majmuasi ham tinglovchilar e'tiboriga tushdi, e'tirofiga sazovor bo'ldi. Qolaversa, ushbu asarning biror baytini qoldirmay, hijjalab o'qish va tushunishga harakat qilish va buni keng tinglovchilar ommasiga havola qilishning juda katta mas'uliyati va yuki bor, albatta. Eng muhimi esa ushbu ma'naviy durdonadan bahramand bo'la olganimiz bo'ldi. Buning uchun behisob shukronalarimiz bo'lsin. 2021 yil yanvar oyidan boshlanib, 2024 yil aprel oyigacha davom etgan ushbu loyihamiz radiokanalimizning ulkan xazinasiga aylandi, desam, yanglishmasam kerak. Rejissyor Lolajon Shodiyeva hamda diktor Shokir Yusupov ham bu jarayonda tengma-teng yelkadosh bo'ldilar. Sog' bo'lishsin.
Bugungi kunda “Durlar dunyosi” dasturi shayx Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asari asosida tayyorlanmoqda. Umid qilamizki, ushbu asar ham tinglovchilarimiz qalbidan munosib o'rin egallaydi.
Kelajakda yana yangi loyihalar, rejalar ustida ishlash niyatimiz bor.
Qo'liga qalam tutgan barcha kasbdoshlarimni, barcha ijod ahlini kasb bayramimiz bilan tabriklayman, avvalo, mustahkam sog'liq, keng qalb, chuqur ilm va o'z kasbiga bo'lgan adolatli muhabbatni tilab qolaman. Qalam va so'zga sohiblik yuzingizni hamisha yorug' qilsin.
Umida G'AFFOROVA,
jurnalist, “Mahalla” radiokanali
“Ma'naviy-ma'rifiy, ko'ngilochar va
musiqiy dasturlar muharririyati”
bo'lim mudiri,
“Oltin qalam” XVIII Milliy
mukofoti uchun xalqaro tanlovning
radio yo'nalishi bo'yicha 1-o'rin sohibi.