Ilm-fan va innovatsiya – yangi taraqqiyotning intellektual tayanchi
Bugun oliy ta'lim oldida turgan vazifa faqat zamonaviy bilimga ega mutaxassis tayyorlash bilangina cheklanmaydi. Universitet — ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va ishlab chiqarish o'rtasidagi uzviy bog'liqlikni ta'minlaydigan, yangi g'oyalarni amaliy yechimga aylantiradigan muhim intellektual markazdir. Ayniqsa, texnika oliy ta'lim muassasasi uchun ilmiy faoliyatning natijadorligi nafaqat chop etilgan maqola va tadqiqotlar soni, balki yaratilgan texnologiyalar, patentlar, startaplar, tijoratlashtirilgan ishlanmalar hamda ularning real ishlab chiqarishdagi samarasi bilan o'lchanadi.
Farg'ona davlat texnika universitetida ham ana shu yondashuv asosida ilmiy izlanishlar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, talabalarni tadqiqot hamda loyiha ishlariga keng jalb etish, ilmiy g'oyalarni amaliy natijalarga yo'naltirish bo'yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda universitetda qariyb 18 ming nafar talaba tahsil olayotgani, 100 ta yirik korxona bilan hamkorlikda dual ta'lim yo'lga qo'yilgani hamda 60 ta kafedra filiali faoliyat yuritayotgani ilm-fan va ta'limni real ishlab chiqarish muhiti bilan integratsiya qilish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Bundan o'n yil avval oliy ta'lim tizimidagi ilmiy faoliyat asosan akademik tadqiqotlar, ilmiy maqolalar va an'anaviy izlanishlar doirasida tasavvur etilar edi. Bugun esa ilmiy g'oyaning hayotiy qiymati uning amaliyotga nechog'li tez va samarali tatbiq etilishi bilan belgilanmoqda. Talaba loyihasining startapga, professor-o'qituvchi tadqiqotining texnologik yechimga, ilmiy ishlanmaning esa ishlab chiqarishdagi muayyan muammoni hal etishga yo'naltirilishi tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma'noda, zamonaviy universitetning ilmiy missiyasi ham kengaymoqda. Endilikda ilm-fan ta'limdan ajralgan alohida yo'nalish emas, balki ta'lim, ishlab chiqarish, biznes va jamiyat ehtiyojlarini birlashtiruvchi yagona ekotizim sifatida qaralmoqda. Ilmiy natijani iqtisodiy qiymatga aylantirishning eng samarali shakllaridan biri esa spin-off korxonalaridir.
Bugungi kunda universitetimizning ilmiy-tadqiqot natijalari, patent va texnologiyalari negizida tashkil etilgan hamda universitet ta'sischiligidagi 13 ta spin-off korxona faoliyat yuritmoqda. Ular qatorida “FARPI HI-TECH ENGINEER”, “FARPI POWER PROJECT”, “FERPI INNO”, “FERPI MECH-TECHNO”, “FARPI ALPHA” davlat muassasalari hamda “FERPI GIDROPROJ”, “POLITECHNIKA”, “SILK ROAD TECH FERGANA”, “HONGSHENG TEXNOLOGIK RIVOJLANTIRISH” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari bor. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 4 apreldagi PF–54-son Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida universitet muassisligida yana 4 ta — “CERTSTANDART GROUP”, “ADM SPIN OFF”, “FDTU CAMPUS” hamda “LANGUAGE ART’S PRO” spin-off korxonalari tashkil etildi. Mazkur farmon talablariga muvofiq Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yangi ishlanmalarga asoslangan spin-off korxonalar reestri joriy etildi. Tanlov komissiyasining 2026 yil 15 sentyabrdagi qaroriga asosan universitetimiz muassisligidagi “FARPI POWER PROJECT” DM hamda “FERPI GIDROPROJ” MChJ ushbu reestrga kiritildi. Reestrga kiritilgan korxonalarga qonunchilikda belgilangan tartibda soliq imtiyozi qo'llanilib, foyda solig'ini belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida to'lash imkoniyati berildi. Bu ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishdan olingan daromadni yana qayta tadqiqot va ishlab chiqarishni rivojlantirishga yo'naltirish uchun qo'shimcha moliyaviy manba demakdir.
Hozirgi texnologik taraqqiyot sharoitida muhandislik ta'limi va ilmiy izlanishlarni ishlab chiqarishdan ayro tasavvur etib bo'lmaydi. Universitetda 3 832 nafar talabaning dual ta'lim tizimiga jalb etilgani, 180 nafar malakali amaliyotchi mutaxassisning bevosita o'quv mashg'ulotlarida ishtirok etayotgani aynan shu integratsiyaning yorqin namunasidir. Bunda korxona real muammoni ilgari suradi, universitet o'z ilmiy salohiyati bilan yechim ishlab chiqadi, talaba esa jarayon davomida puxta amaliy ko'nikmaga ega bo'ladi.
Bunday muhit ilmiy tadqiqot mavzularini ham bevosita hayotiy ehtiyojlarga moslashtirish imkonini beradi. Energetika, axborot texnologiyalari, sun'iy intellekt, telekommunikatsiya, kiberxavfsizlik, avtomatlashtirish, qurilish va boshqa texnik sohalarda olib borilayotgan tadqiqotlarning sanoat talablariga yo'naltirilishi ilmiy natijalarning amaliy qiymatini bir necha barobar oshiradi.
Ilmiy tadqiqotlarning amaliy yo'naltirilgani universitetda davlat dasturlari doirasida bajarilayotgan loyihalarda ham yaqqol namoyon bo'lmoqda. Ayni paytda universitetimizda umumiy qiymati 9,6 milliard so'm bo'lgan 6 ta ilmiy loyiha (2 ta fundamental va 4 ta amaliy) bajarilmoqda. Ularning uchtasi Energetika muhandisligi fakultetiga tegishli bo'lib, bevosita qayta tiklanuvchi energetika sohasiga ixtisoslashgan. Xususan, M.A.Umurzakova rahbarligidagi fundamental loyihada quyosh issiqlik qurilmasining raqamli egizak maketi yaratilmoqda. N.R.Avezova rahbarligidagi loyihada issiqlik nasoslari va muqobil energiya texnologiyalari asosidagi gibrid isitish-sovitish tizimlarini loyihalashning ilmiy asoslari ishlab chiqilmoqda. A.M.Kasimaxunova rahbarligidagi amaliy loyiha esa qayta tiklanuvchi energiyadan keng foydalanuvchi elektr taqsimlash tarmoqlarining barqaror ishlashi va boshqarilishi texnologiyalarini tatbiq etishga qaratilgan. Arxitektura va qurilish fakultetida Sh.A.Umarov rahbarligida bino va inshootlarning seysmik barqarorligini oshirish maqsadida aktiv seysmik himoya vositalarini nazariy va eksperimental tadqiqotlar asosida yaratish ustida ish olib borilmoqda. Kimyo muhandisligi yo'nalishida M.X.Mamatqulov rahbarligida baliqchilik tarmog'ini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish va mahsulot eksport salohiyatini oshirish maqsadida “IPRS” texnologiyasini joriy etish loyihasi, O.K.Rahmonov rahbarligida esa lantan, yevropiy va azot bilan boyitilgan uglerod kvant nuqtalari asosida suvdagi uranni real vaqt rejimida aniqlovchi qog'oz sensor hamda smartfon orqali monitoring qilish tizimini yaratish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Energetika, seysmik xavfsizlik, oziq-ovqat sanoati va ekologik monitoring singari hudud va mamlakat uchun dolzarb masalalarni qamrab olgan bu tadqiqotlar ilmiy izlanishlarning hayot bilan nechog'li chambarchas bog'langanini isbotlaydi.
Xalqaro hamkorlikning eng muhim yo'nalishlaridan biri — qo'shma ilmiy loyihalardir. 2026 yilda universitet professor-o'qituvchilari va tadqiqotchilari “LESLIE”, “GREENDT”, “DEBSEUz”, “SIIP”,
“Cosoft” kabi “Erasmus+” va “GIZ” xalqaro dasturlariga faol jalb etildi. Xususan, oliygohda har birining qiymati 40 ming yevro bo'lgan 2 ta “GIZ” loyihasi hamda umumiy qiymati 1,85 million yevroni tashkil etuvchi 3 ta “Erasmus+” oliy ta'lim salohiyatini oshirish (“CBHE”) loyihasi amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, 2026 yilda umumiy qiymati 797 882 yevro bo'lgan “UzEcoDigiT” hamda 791 138 yevrolik “DIGI4ENERGYS” nomli yangi “Erasmus+” loyihalari moliyalashtirish uchun ma'qullandi. Har ikki loyiha 2026-2029 yillarda amalga oshiriladi. Mazkur tashabbuslar universitet jamoasining xalqaro grant dasturlaridagi ishtirokini mustahkamlash va professor-o'qituvchilarning tajriba almashinuv imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Ilm-fan va ishlab chiqarish o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashning yana bir bosh mezoni — kadrlar tayyorlash sifatidir. 2025-2026 o'quv yilida universitetni 3 203 nafar talaba tamomlagan bo'lsa, ularning 2 884 nafari ish bilan ta'minlandi. Bu ko'rsatkich ta'lim jarayonining mehnat bozori bilan uzviy muvofiqlashtirilganini namoyon etadi. Innovatsion faoliyatning eng muhim talabi esa yangi g'oyani amaliy natijaga aylantirishdir. Shu nuqtai nazardan, talabalar va yosh olimlarni loyiha faoliyatiga jalb etish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, “Kelajak muhandislari” respublika ko'rik-tanloviga universitet tomonidan 206 ta loyiha taqdim etilib, eng ko'p ish topshirgan oliy ta'lim tashkilotlari orasida faxrli 2-o'rin egallandi. Tanlov doirasida 16 ta loyiha akseleratsiya dasturiga, 6 ta loyiha esa final bosqichiga yo'l oldi. “Eng yaxshi g'oya” yo'nalishining talabalar kategoriyasida Abduqodir Latifjonov 2-o'rinni egallab, 88 million so'm pul mukofotini qo'lga kiritdi. “Eng yaxshi loyiha” yo'nalishining amaliyotchi muhandislar kategoriyasida esa Ahadxon O'lmasov ham 2-o'ringa sazovor bo'lib, 88 million so'm mukofot bilan taqdirlandi. Bu yutuqlar muhim bir haqiqatni ko'rsatadi: talabada innovatsion tafakkurni shakllantirishning eng maqbul yo'li — unga o'z g'oyasini sinab ko'rish, loyihaga aylantirish, himoya qilish va amaliyotga tatbiq etish uchun to'liq sharoit yaratib berishdir.
Ilmiy va innovatsion salohiyatning keng qamrovli ekanini talabalarning turli tanlovlardagi ishtiroki ham yaqqol tasdiqlaydi. Hisobot davrida universitetimizning 162 nafar talabasi turli darajadagi tanlov va olimpiadalarda sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritdi. Ularning 38 nafari Mexanika-mashinasozlik, 35 nafari Ishlab chiqarishda boshqaruv, 24 nafardan Kimyo texnologiya hamda Energetika muhandisligi, 21 nafari Arxitektura va qurilish, 11 nafari Axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya, 9 nafari esa Yengil sanoat va to'qimachilik fakultetlari hissasiga to'g'ri keladi. Bu holat innovatsion muhit alohida bir yo'nalishda emas, balki barcha fakultetlarda teng rivojlanayotganidan dalolat beradi. Jumladan, “TechnoWays” innovatsion rivojlanish marafonining respublika bosqichida magistrantimiz “Texnologik yechimlar” yo'nalishida mutlaq g'oliblikni qo'lga kiritdi. “Green Spark” xalqaro tanlovida magistrantimiz 3-o'rinni egallab, 5 000 AQSh dollari miqdoridagi mukofotga ega bo'ldi. “IOKA Case Challenge” tanlovida oliygoh jamoalari 2- va 3-o'rinlarni band etdi. Muhandislik tanlovlarida 8 nafar vakilimiz sovrindor bo'lib, ulardan 2 nafari “Innovatsion g'oya yetakchisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi, 1 nafari esa “THE EYUF AWARDS-2025” doirasida “Yilning eng yaxshi loyihasi” e'tirofiga sazovor bo'ldi.
Ekologiya va qayta tiklanuvchi energetika yo'nalishidagi ilmiy izlanishlar ham yoshlar orasida tobora ommalashmoqda. “Eko-innovation-2025” ko'rgazmasida 92 nafar ishtirokchi yashil energiya va toza texnologik ishlanmalarini namoyish etdi. Unda 9 nafar yosh olim g'olib deb topilib, 6,4 va 2 million so'mlik vaucherlar hamda diplomlar bilan taqdirlandi. “Bir talabaga — bir loyiha” o'quv-akseleratsiya dasturi esa har bir yoshga o'z tashabbusini to'laqonli loyiha sifatida rivojlantirish imkonini bermoqda.
Raqamli texnologiyalar, kiberxavfsizlik va robototexnika sohalaridagi yutuqlar ham salmoqlidir. “CTF-Kiberklub Farg'ona” tanlovlarida 3 nafar talabamiz g'olib bo'lib, umumiy qiymati 45 million so'mlik vaucherlarga ega bo'ldi. “Oliygoh kubogi” doirasida kiberxavfsizlik, sun'iy intellekt bo'yicha xakaton, muhandislik ideatoni va robototexnika musobaqalarida 12 nafar talabamiz sovrindor bo'lib, jami bazaviy stipendiyaning 96 baravari miqdorida rag'batlantirildi. “Eng yaxshi dasturchi” tanlovida 15 nafar ishtirokchidan 3 nafari yuqori o'rinlarni egalladi. Shuningdek, 80 nafar iqtidorli talaba maxsus seminar-treninglar orqali robototexnika va jamoaviy ishlash ko'nikmalarini oshirdi hamda kichik robotlarni yig'ish bo'yicha Ginness rekordi yangilandi.
Fundamental bilimlarsiz muhandislik innovatsiyasini rivojlantirib bo'lmaydi. Shu bois fan olimpiadalariga tayyorgarlik ko'rishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Al-Xorazmiy nomidagi III xalqaro matematika olimpiadasida talabalarimiz 100 dan ortiq oliy ta'lim muassasasi orasida 12-o'rinni, kriptologiya bo'yicha respublika olimpiadasida 20 dan ortiq oliygoh orasida 8-o'rinni egalladi. 2026 yil 25-29 yanvar kunlari Buxoro davlat universitetida o'tkazilgan xalqaro kimyo olimpiadasida jamoamiz “Best Interdisciplinary Chemistry Application Award” nominatsiyasi bo'yicha 3-o'rinni qo'lga kiritdi. “Materiallar qarshiligi” va sohaviy fanlar bo'yicha o'tkazilgan bahslarda esa 46 nafar ishtirokchidan 12 nafari g'olib deb topildi.
Iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlashning muhim mezonlaridan biri davlat va nomdor stipendiyalardir. So'nggi besh o'quv yilida oliygoh talabalari Prezident davlat stipendiyasi bo'yicha 5 ta, Islom Karimov nomidagi — 6 ta, Beruniy nomidagi — 25 ta, Navoiy nomidagi — 6 ta, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi — 9 ta hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi stipendiyasi bo'yicha 3 ta, jami 54 ta stipendiyani qo'lga kiritdi. Eng yuqori ko'rsatkich 2024-2025 o'quv yilida qayd etilib, 24 nafar talaba nomdor stipendiyalar sohibi bo'ldi. 2025-2026 o'quv yili tanlovlariga 5 nafar magistrant Prezident stipendiyasiga, 4 nafar talaba Beruniy stipendiyasiga, 1 nafardan talaba Islom Karimov va Navoiy stipendiyalariga tavsiya etildi. Yoshlar akademiyasi faoliyatini yo'lga qo'yish doirasida esa 1 nafar universitet va 7 nafar fakultet yetakchisi saylandi.
Innovatsion ekotizimda talaba-qizlarning faolligini oshirish ham ustuvor vazifa sanaladi. 2026 yil 28 sentyabr kuni universitetda “IT Queens — kelajakni yaratuvchi qizlar” tanlovining universitet bosqichi o'tkazilib, unda “Mobil ilovalar”, “Sun'iy intellekt” va “Raqamli ta'lim” yo'nalishlarida loyihalar himoya qilindi. Ishtirokchilar o'z ishlanmalarini taqdimot va amaliy namoyish orqali himoya qildilar. Natijada mobil ilovalar bo'yicha Sohiba G'aniyevaning “LibroKids”, sun'iy intellekt bo'yicha Mohichehra Yoqubjonovaning “ImkonAI”, raqamli ta'lim yo'nalishida esa Mubiynaxon Abdurahimovaning “TeacherTracker” loyihalari 1-o'ringa loyiq ko'rildi. Tanlovning rag'batlantirish tizimi ham istiqbolli loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan bo'lib, 1-o'rin egalari bazaviy stipendiyaning 6 baravari, 2-o'rin egalari 4 baravari, 3-o'rin egalari esa 2 baravari miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu kabi moliyaviy va ma'naviy ko'mak yoshlarning g'oyalarini navbatdagi bosqichlarga olib chiqish uchun muhim omildir.
Zamonaviy ilm-fanni sun'iy intellekt va raqamli infratuzilmasiz tasavvur etib bo'lmaydi. Shu bois oliygohda Sun'iy intellekt laboratoriyasini tashkil etish va ilmiy-tadqiqot bazasini modernizatsiya qilishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Laboratoriya uchun 42 turdagi zamonaviy qurilmalar xarid qilingani olimlar va talabalar uchun amaliy tajriba maydonini sezilarli darajada kengaytirdi.
Sun'iy intellektning ta'lim, sanoat, energetika, agrar soha, telekommunikatsiya va boshqaruv tizimlaridagi imkoniyatlarini tadqiq etish kelgusida yangi fundamental va amaliy loyihalarga poydevor bo'ladi. Universitetning muhandislik ixtisosliklari bo'yicha salohiyati bu borada tarmoqlararo tadqiqotlarni chuqurlashtirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Xususan, “IT Queens” ko'rigida “ImkonAI”, “SmartWaterControl” va “Math Guard” kabi ishlanmalarning namoyish etilgani yoshlar orasida sun'iy intellektga bo'lgan yuqori qiziqishdan dalolat beradi. Bundan tashqari, ilm-fan xalqaro hamkorliksiz rivojlana olmaydi: ilmiy maktablar o'rtasidagi tajriba almashinuvlari, akademik harakatchanlik, xorijiy olimlarni jalb etish va qo'shma loyihalar tadqiqotchilarimizga jahon ilm-fani yutuqlaridan erkin foydalanish imkonini bermoqda.
Farg'ona davlat texnika universitetida xalqaro almashinuv dasturlarida 1 200 nafar talaba ishtirok etgani, qariyb 200 nafar xorijiy professor-o'qituvchi faoliyat yuritgani oliy ta'lim muhitining xalqaro maydon bilan integratsiyasi kuchayib borayotganini ko'rsatadi. Shuningdek, 4 ta ta'lim yo'nalishining ASIIN xalqaro akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o'tishi sifatni jahon andozalariga moslashtirish yo'lidagi ulkan qadam bo'ldi. Universitetning milliy reytingda TOP-5, texnika yo'nalishi bo'yicha esa TOP-3 qatoridan joy olishi ham ushbu izchil islohotlarning amaliy samarasidir. “Times Higher Education Sustainability Impact Rankings 2026” natijalariga ko'ra, muassasamizning 401-600-o'rinlar oralig'iga kirgani xalqaro nufuzimiz oshib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Oldimizda turgan vazifa erishilgan marralar bilan cheklanib qolish emas. Asosiy maqsad — izlanishlarni yanada aniq natijadorlikka yo'naltirish, har bir ilmiy tashabbusning iqtisodiy samaradorligini oshirish va mukammal innovatsion ekotizimni mustahkamlashdan iborat. Buning uchun, avvalo, ilmiy tadqiqotlarni hududiy sanoat korxonalarining real muammolariga moslashtirish, startaplarni akseleratsiya va tijoratlashtirish bosqichlariga olib chiqish, yosh olimlarni global loyihalarga jalb etish hamda zamonaviy laboratoriyalardan to'liq quvvat bilan foydalanish talab etiladi. 13 ta spin-off korxonasi faoliyati va ularning davlat reestriga kiritilishi bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.
Yangi Axborot-resurs markazi binosining foydalanishga topshirilish arafasida turgani ham muhim yangilikdir. Zamonaviy elektron va bosma resurslardan foydalanish imkoniyati tadqiqotchilar uchun yanada qulay intellektual muhit yaratadi. Olimpiya shaharchasining tashkil etilishi esa universitet infratuzilmasi nafaqat ilmiy-ta'limiy, balki talabalar salomatligi va jismoniy kamolotiga ham xizmat qilayotganidan darak beradi. Ilm-fan va innovatsiya — davr taraqqiyotining asosiy dvigatelidir. Oliygohning haqiqiy salohiyati faqatgina quruq raqamlarda emas, balki ular zamirida shakllanayotgan yangi bilimlar, texnologiyalar, innovatsion mahsulotlar hamda yuqori malakali inson kapitalida aks etadi.
Universitetda yaratilayotgan bugungi muhit jamoamizga katta imkoniyatlar bilan birga ulkan mas'uliyat ham yuklaydi. 206 ta loyihaning respublika tanloviga taqdim etilgani, 16 tasi akseleratsiyaga, 6 tasi final bosqichiga chiqqani, umumiy qiymati 9, 6 milliard so'mlik 6 ta davlat ilmiy loyihasi, Erasmus+ va “GIZ” dasturlari doirasidagi grantlar, 5 ta xalqaro qo'shma tadqiqot loyihasi, 162 nafar talabaning nufuzli tanlovlardagi sovrinli o'rinlari, 13 ta spin-off korxona va ularning reestrga kiritilishi, shuningdek, Sun'iy intellekt laboratoriyasining ishga tushirilishi — ilm-fanni ishlab chiqarish bilan chambarchas bog'lash yo'lida mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladi.
Endigi vazifa — mavjud salohiyatni yagona, uzluksiz zanjirga birlashtirishdir. Ya'ni: ilmiy g'oya — loyihaga, loyiha — texnologiyaga, texnologiya — innovatsion mahsulotga, mahsulot esa real iqtisodiy va ijtimoiy samaraga aylanishi shart. Ana shundagina oliygoh shunchaki ta'lim maskani emas, balki hudud va mamlakat iqtisodiyotiga aniq yechimlar taklif etuvchi haqiqiy innovatsion markazga aylanadi. Zero, bugungi faoliyatimizning bosh mezoni — bajarilgan ishlar soni emas, balki yaratilgan bilim va texnologiyalarning jamiyat, sanoat hamda inson hayotiga qo'shayotgan real nafi bilan belgilanadi.
Shohruh DAVLATOV,
Farg'ona davlat texnika universitetining
ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori.
