Ko'zgu ortidagi ko'rinish
Biz ko'zguga qaraganimizda o'z aksimizni ko'ramiz, biroq bu aks ham borlig'imizning to'liq ifodasi emas. Ijtimoiy tarmoqlar ham hayotimizga tutib turilgan bir ko'zguga o'xshaydi. Faqat uning ortida qanday haqiqat yashiringanini har doim ham bilavermaymiz. Biz ko'rayotgan manzaralar kimningdir hayotidan olingan lahzalar, puxta tanlangan kadrlar, tahrirlangan tasvirlar va boshqalarga namoyish etish uchun yaratilgan taassurotlardir. Ammo ko'pincha ularni butun bir hayotning aksi sifatida qabul qilamiz.
Bugun kimningdir hashamatli uyini, yana birovning baxtli oilasini, muvaffaqiyatga erishgan yoshlarni yoki dunyo kezayotgan insonlarni kuzatamiz. Ularning hayoti bizga mukammaldek ko'rinadi. O'zimizning kundalik tashvishlarimiz, amalga oshmagan rejalarimiz va oddiy hayotimiz esa shu manzaralar qarshisida qadrsizdek tuyula boshlaydi. Shunday qilib, inson o'z hayotini boshqalarning eng chiroyli lahzalari bilan taqqoslaydi. Biroq bir narsani unutadi: u o'z hayotining barcha sahifalarini biladi, boshqalarning esa faqat ommaga ko'rsatishni istagan sahifalarini ko'radi.
Ana shu taqqoslash inson qalbida norozilik urug'ini qadashi mumkin. Boriga shukur qilolmaslik, erishgan yutuqlarini arzimas sanash, o'zini boshqalardan ortda qolayotgandek his etish bora-bora ruhiy charchoq va tushkunlikka olib keladi. Aslida esa, ekranda ko'rilgan baxt ortida qanday sinovlar, tabassum ortida qanday kechinmalar, muvaffaqiyat ortida esa qancha mehnat va muvaffaqiyatsizliklar borligini bilmaymiz. Balki biz havas qilayotgan inson ham ayni damda o'zi erisha olmagan boshqa bir hayotga havas qilayotgandir.
Ijtimoiy tarmoqlarda faqat baxtli manzaralar emas, qayg'u, mojaro va fojialar ham namoyish etiladi. Ba'zan birgina lavha, uzib olingan jumla yoki kontekstdan ajratilgan tasvir insonlarda noto'g'ri tasavvur uyg'otadi. Shoshilinch xulosa va tekshirilmagan axborot esa haqiqatni anglashga to'sqinlik qiladi. Demak, ko'zimizga yoqimli ko'ringan holat ham, bizni dahshatga solgan manzara ham har doim voqelikni to'liq aks ettiravermaydi.
Ijtimoiy tarmoqlar hayotning o'zi emas, uning namoyish etilgan bir bo'lagidir. Har bir tasvir ortida biz bilmagan sabablar, aytilmagan gaplar va ko'rsatilmagan haqiqatlar bo'lishi mumkin. Shuning uchun ko'rganimizga ishonishdan avval o'ylash, taqqoslashdan avval anglash, xulosa chiqarishdan avval esa haqiqatni izlash muhimdir.
Baxtni boshqalarning ekranidan izlayvergan inson o'z qo'lidagi ne'matlarni ko'rmay qolishi mumkin. Balki, ba'zan ekrandan nigohimizni uzib, o'z hayotimizga diqqat bilan qarashimiz kerakdir. Chunki ko'zgu ortidagi ko'rinish bizni hayratga solishi mumkin, ammo hayotning asl haqiqatini anglash uchun nigohning o'zi emas, tafakkur ham kerak.
Farangiz ABRUYEVA,
jurnalist.
