Gazeta o'qimaydigan… kelajak

Telegramda blog yuritaman. Kanalim obunachilari, asosan, yoshlar. Yaqinda ijtimoiy so'rovnoma o'tkazdim. Unda 85 kishi ishtirok etdi. O'rtaga savol tashladim:

“Bosma nashrlarni o'qib borasizmi?”

 77 kishi “yo'q” deya javob beribdi. To'g'risi, xafa bo'ldim…

2016 yil, may. Gazeta va jurnallar arxivini yaratish maqsadida maktabimiz kutubxonasida “Matbuot” burchagi tashkil etilgandi. Bir-biridan nufuzli gazetalarni ko'rib, ko'zimiz quvnardi.

“Dono-Word”, “Bilimdon”, “G'uncha”, “Gulxan” jurnallari, “The Globus”, “Sog'lom avlod”, “Bulbulcha” gazetalarini zavq-shavq-la o'qirdik. Navbatdagi soni qachon kelishini kutubxona mudirasidan so'rardik. Odatdagidek, “keyingi hafta”, degan javobni olardik. Umuman, maktab o'quvchilari gazeta va jurnallarga befarq emasdi. Ayniqsa, “Gulxan”ning bozori chaqqon. Ikki kun avval pochtalon Sharif amakining bir quchoq bolalar nashrlarini ko'tarib kelganini ko'rgandim. Bugun esa bu jurnallardan asar ham yo'q…

2026 yil, may. Oradan o'n yil o'tibdi. Maktabdaman. Muhit ham, manzara ham o'sha-o'sha. Qadrdon maskanim — kutubxona tomon yo'l olaman. Xayriyat, “Matbuot” burchagi saqlanib qolgan ekan. Ammo… ikki-uch dona gazeta turibdi, xolos. Masalan, “Xalq so'zi”ning yanvar oyida chop etilgan sonlari taxlangan.

Ehtimol, o'quvchilar qo'lidadir qolganlari, deya yaxshi gumonda bo'lishga harakat qilaman. Ma'lum bo'lishicha, kutubxonaga endilikda faqat bir nomdagi nashr yetkazib berilayotgan ekan. Esiz…

Ochig'i, tengdoshlarimiz nega “yo'q” deya javob berganining boisini surishtirib o'tirmadim. Ayonki, “Internet bor-ku”, deya so'z qotishadi. Bir xil, “qolip” fikrlarni bildirishadi.

Ha, baxtimizga, yaxshiyamki, “internet bor”. Bahonamiz tayyor!

O'ylab ko'ring-a, ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning bir bo'lagiga aylanmaganida, qay yo'sinda yo'riq tutardik?

Hayratdaman. Axir har bir ommaviy axborot vositasining jamiyatda o'z o'rni bor-ku! “O'rgimchak to'ri”ning ommalashib ketganini matbuotdan uzoqlashishimizga sabab sifatida ko'rsatish qanchalik to'g'ri?

Internet — tezkor axborot manbai. Inkor qilmoqdan yiroqmiz. Ammo gazeta va jurnallar insonni fikr yuritishga, mushohada qilishga undaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda-chi? Darhaqiqat, aksar insonlar sarlavhani o'qish bilan kifoyalanmoqda.

Shunday ekan, kalavaning uchi internetning keng quloch yozganida emas, balki mutolaa madaniyatining susayib ketganligiga borib taqalar. Nima dedingiz?

Ulug'bek ShAROBIDDINOV,

O'zbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 4 =