Vatanni sevish fani
Yaqinda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tarix fakultetida Samara davlat madaniyat instituti professori, madaniyatshunoslik fanlari doktori Vladimir Ionesovning “Akademik Ahmadali Asqarov va uning madaniy qatlami” nomli kitobi taqdimoti bo'lib o'tdi. Ushbu risola O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, taniqli tarixchi-arxeolog olim, professor Ahmadali Asqarovning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag'ishlangan. Risola arxeologiya, hayot saboqlari, madaniy meros, tarixiy xotira va zamonamiz haqida ustoz bilan qurilgan suhbatlar asosida tuzilgan hamda “Samara ilmiy markazi” (“SNS”) nashriyoti tomonidan chop etilgan.
Tadbirda akademik A.Asqarovning hamkasblari, shogirdlari, tarix va arxeologiya sohasi vakillari, mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda oliy ta'lim muassasalari professorlari ishtirok etib, ushbu kitob va ustoz akademik haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdilar. Dastlab kitob muallifi Vladimir Ionesov risolaning Samara davlat madaniyat institutida o'tkazilgan taqdimoti, kitobning tarkibiy tuzilishi, ustozning kurashlarga boy hayot yo'li, shuningdek, uning O'zbekiston va jahon arxeologiya fani taraqqiyotiga qo'shgan hissasi xususida qisqacha to'xtalib o'tdi:
“Risola to'rt qismdan iborat: ‘Madaniyat tarixi tafakkur maktabi sifatida’; ‘Arxeologiya kasb va hayot yo'li sifatida: fikrlar qazishmasi va ularni anglash’; ‘Qadimgi dehqonchilik madaniyati haqida’; ‘O'zim, fan va olam haqida’. Mana shu to'rt bo'lim orqali ustozning haqiqat uchun kurashlardan iborat mazmunli hayot yo'lini yoritishga harakat qildik. Ahmadali Asqarovich har doim — ham o'tmishda, ham bugungi kunda yashaydigan olimdir. U kishi bugungi kun savollariga tarixdan javob izlaydi va topa oladi. U takrorlanmas, xalqaro miqyosda e'tirof etilgan ulkan olimdir”, — dedi V.Ionesov va risolani nashrga tayyorlashda yaqindan hamkorlik qilgan toshkentlik hamda samarqandlik hamkasblariga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, risola ilovalaridan akademik A.Asqarovning asosiy ilmiy ishlari, monografiya va ilmiy maqolalari ro'yxati hamda turli yillarda olingan tarixiy suratlar o'rin olgan.
“Samarqand arxeologiya instituti tashkil etilishida Ahmadali Asqarovichning ko'rsatgan fidokorona mehnatini alohida e'tirof etishni istardim, — dedi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, tarix fanlari doktori Mirsodiq Ishoqov. — Men ham Samarqandga borib, ustoz bilan yonma-yon o'n yil birga mehnat qildim. O'sha davrda o'zbekistonlik olimlar uchun biroz yangicha, g'ayriodatiy tuyulgan ilmiy ishlarimni himoya qilishimda Ahmadali aka yaqindan ko'maklashdi, menga barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi. Eng muhimi, Ahmadali Asqarovichning hayotiy va ilmiy maktabini o'tadim. Bu maktab bir necha avlod mutaxassislarini, yetuk olimlarni va haqiqiy insonlarni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Bizdan keyin Temur Shirinov va uning safdoshlari yetishib chiqdi. Ijtimoiy arxeologiyaning sotsiologiya tarmog'i bo'lishi zarur. Buning uchun Ahmadali Asqarov tomonidan ulkan ilmiy baza va manba yaratib berilgan. Mamlakatimizning tarixiy-madaniy o'tmishini o'rganishda Turon va Turkiston zaminini yaxlit holda ko'rish, uni sun'iy ravishda parchalamasdan tadqiq etish lozim. Akademik Asqarov bu masalaga aynan shunday yondashganini unutmasligimiz shart”.
Akademik Yahyo G'ulomovni o'ziga ustoz deb bilgan A.Asqarov fan olamiga “Zamonbobo madaniyati”, “Chust madaniyati” singari yodgorliklarni tadqiq etish orqali ulkan yangiliklar olib kirdi. Shuningdek, arxeologik topilmalarning xronologiyasi, madaniy tipologiyasi, ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi hamda etnomadaniy jarayonlarini tahlil qilish vositasida O'rta Osiyoda ilk dehqonchilik va davlatchilik ildizlari shakllanishini yangicha qarashlar asosida qayta baholash zarurligini ilmiy asoslab berdi.
“Ahmadali aka — fidoyi, mehnatkash inson. Ham aqlan, ham jismonan baquvvat bo'lib, barchamizga ibrat timsoli bo'lib kelganlar. ‘Kurashlarda toblangan hayotim’ nomli esdaliklari juda katta ahamiyatga ega. Ko'plab tarixiy davrlarni boshidan kechirgan inson sifatida ulug' kishilarning memuar yozib qoldirishi kelajak avlod uchun beqiyos saboqdir. Ushbu suhbat-dialog tarzida tayyorlangan asar uchun muallifga samimiy tashakkur bildiramiz”, — dedi tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov.
Tadbirda so'zga chiqqanlar akademik A.Asqarovning Sopollitepa, Jarqo'ton, Bo'ston, Kuchuktepa singari ko'plab yodgorliklarda olib borgan arxeologik tadqiqotlari, milliy arxeologiya taraqqiyotiga qo'shgan ulkan hissasi, mohir pedagog sifatida tarix darsliklarini yaratishdagi tashabbuskorligi hamda yuzlab shogirdlarni tarbiyalashdagi jonkuyarligi haqida to'xtalib o'tdilar.
“Men kasbim sirlarini o'rganishda ustozlarim Ya.G'ulomov va M.Gryaznovlardan saboq olgan bo'lsam, rahbarlik va boshqaruv san'atini yana bir ustozim — akademik I.Mo'minov hamda yirik davlat arbobi Sharof Rashidovdan o'rgandim, — dedi ustoz tadbir nihoyasida so'z olib. — O'zbekistonni katta bir oila deb bilaman. Tashqaridan hech kim kelib bizning oilaviy muammolarimizni hal etib bermaydi. Shu bois, ularni shu yerda, o'zimiz hal etishimiz lozim. Qaysi davr bo'lishidan qat'i nazar, hech qachon yurtimiz muammolari xususida salbiy kayfiyatda fikr bildirmaganman. Men mamlakatimiz ichida ham, uning sarhadlaridan tashqarida ham Vatanim haqida hamisha faxr bilan so'z yuritganman. Har bir yurtdoshimiz shunday yo'l tutishi, o'zi kamol topgan muqaddas Vataniga sadoqatli bo'lishi lozim. Men Nizomiy nomidagi mana shu ilm dargohida tahsil oldim, ulg'aydim. Shu bois mazkur jamoaga sadoqat bilan xizmat qilishni, talabalarga sidqidildan ta'lim berishni o'z burchim deb bilaman”.
Tadbir yakunida “Akademik Ahmadali Asqarov va uning madaniy qatlami” risolasini o'zbek tiliga tarjima qilish hamda milliy kitobxonlarimiz hukmiga havola etish bo'yicha kelishib olindi.
Tarixiy xotira saboqlari
(“Akademik Ahmadali Asqarov va uning madaniy qatlami” kitobidan)
* * *
Ustozlarim xotirasi hamisha qalbimda va men ulardan benihoya minnatdorman.
* * *
Haqiqatga intilgan inson har doim kurashchan va jasoratli ruhda bo'ladi.
* * *
O'tmishni anglash zarurati bugungi zamon mohiyatini tushunish va kelajak taraqqiyotini to'g'ri belgilash uchun g'oyat muhimdir.
* * *
Madaniyatlar tarixi — bu shunchaki o'tmishni bilish emas, balki insoniyatning o'z-o'zini anglash vositasidir.
* * *
Tarixiy jarayon — bu mashaqqatli, dramatik va turfa yo'nalishlar mujassam bo'lgan yo'l; bunda birgina tasodifiy voqea ham ko'p narsalarni o'zgartirib yuborishi mumkin.
* * *
Bugungi zamonning ko'plab favqulodda hodisalari ildizi asrlar qa'riga — insoniyatning dastlabki tamaddunlariga borib taqaladi.
* * *
Umuminsoniy qadriyatlar negizi bo'lmish halollik va xolislik yo'qolib borar ekan, insoniyatni istiqbolda nimalar kutayotganini oldindan bashorat qilish tobora mushkullashib boraveradi.
* * *
Tarix tarozisida inson — dunyoni o'zgartirishga qodir faol sub'yektdir, u tashqi kuchlar qo'lidagi ojiz qo'g'irchoq emas.
* * *
Har bir madaniy qatlamning o'z boy tarixi, qahramonlari va muhim voqealari mavjud bo'ladi.
* * *
O'tmish sadosi bugun ham bizni ogohlikka chorlab, bemulohaza qadamlardan asrash uchun bong urib turadi.
* * *
Tarixiy xotira insonni o'z asl qiyofasini yo'qotib qo'yishdan asraydi.
* * *
Madaniyatlar muloqoti jarayon ishtirokchilaridan chinakam mustaqillik va fikr erkinligini talab etadi.
* * *
Arxeologiya merosi milliy taraqqiyotimizning mustahkam va ilmiy asoslangan zaxirasi sifatida qabul qilinishi zarur.
* * *
Arxeologiya o'z akademik erkinligini saqlashi, manbalarning tanqidiy tahliliga hamda xalqaro tadqiqot standartlariga tayanishi shart.
* * *
Arxeologiya o'tmishga boqib, istiqbolga dadil yo'l ochadi.
* * *
Arxeologiya — Vatanni chin yurakdan sevishni o'rgatuvchi fan.
* * *
Arxeologiya meni faqat haqiqatni so'zlashga o'rgatdi.
* * *
Inson qalbida bo'shliq paydo bo'lgan joyda ramzlar va miflar ildiz otishi tabiiy holatdir.
* * *
Qadim ajdodlarimizdan bizga suyanch bo'la oladigan buyuk meros qolgan ekan, har qanday ezgu va ulug'vor ishlarni bemalol amalga oshirish mumkin.
* * *
Men o'z yurtimning asrlar va avlodlar osha umuminsoniy va milliy qadriyatlarga suyangan yorug' kelajagini orzu qilaman.
* * *
O'zbekiston mening yagona Vatanim va mening butun hayotim o'z ona yurtimni teran anglash hamda uni cheksiz mehr bilan sevishga intilishdan iborat bo'ldi.

Humoyun AKBAROV tayyorladi.