Diyonatni kuylagan adib

Ba'zi xonadonga oddiy mehmon bo'lib kirmaysiz. Eshikdan qadam qo'yishingiz bilanoq u yerda yashab o'tgan insonning nafasi, nigohi g'oyibona sizga hamroh bo'ladi. Shunda devordagi surat, shkafdagi kitob, yozuv stolida qolgan buyumlar — bir insonning umri, taqdiri, ma'naviy olami haqida so'zlay boshlaydi. Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi Firdavsiy mahallasida joylashgan maskan — o'zbek adabiyotining yorqin namoyandasi, O'zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov yashab ijod qilgan xonadonga borganimda vujudimni ana shunday tuyg'u qamrab oldi.

Sokin hovli. Hammayoq ozoda. Bir qarashda oddiygina mo''jaz hovli. Ammo bu oddiylik ortida bir umrlik mehnat, izlanish, ijod mujassam. Go'yo xonadon egasi hozirgina tashqariga chiqib ketgan-u, eshik ochilishi bilan tanish qadam tovushi eshitiladigandek… Men yurtimiz faxri bo'lgan bu oilaga shunchaki tashrif buyurganim yo'q. Xizmat yuzasidan adibning hayoti va ijodiga bag'ishlangan maqolaga fotolavha tayyorlash maqsadida kelgandim. Ammo orzu-umidlarga to'la bu oilada biroz qolib, xonadon egalarining suhbatiga quloq tutar ekanman, kasbiy vazifam asta-sekin ma'naviy sayohatga aylandi.

Shuni alohida aytish lozimki, insonning taniqli ijodkor bo'lishi bir masala. Millat taqdiriga daxldor so'z aytish esa ham jasorat, ham vatanparvarlikdir. Shundanmi, betakror asarlar muallifi Odil Yoqubovning adabiy merosiga nazar tashlasangiz, butun ijodi zamirida bir ulug' tushuncha — diyonat so'zi turganini chin dildan anglaysiz. U insonni inson qiladigan fazilatlar — halollik, vijdon, adolat, or-nomus, Vatanga sadoqat haqida yozdi. Qahramonlarini hayotning murakkab sinovlari qarshisida qoldirib, ularning qalbidagi haqiqatni izladi. Shu bois adib asarlari oradan yillar o'tsa-da, o'z o'quvchisini yo'qotmayapti. Yoshlik chog'imizda “Er boshiga ish tushsa”, “Diyonat” kabi asarlarni qo'ldan qo'ymay o'qiganmiz. Kitob sahifalaridan tarixni, inson taqdirini, hayotning achchiq haqiqatini anglashga uringanmiz. Ayniqsa, dunyo miqyosida e'tirof etilgan “Ulug'bek xazinasi” romani 60 dan ziyod tilga tarjima qilinganligi o'zbek adabiyoti nufuzini yanada oshirganligi diqqatga sazovordir. Bugun esa o'sha asarlar muallifining el nazari tushgan tabarruk xonadonidaman.

Kecha kitob sahifalari ortidan tanish bo'lgan hassos adib bugun xotira, kitoblar orasida menga yanada ruhan yaqinlashgandek edi. Yozuvchining hayotda hamnafasi bo'lgan Maryam aya Yoqubova — adibning umr yo'ldoshi. Ulug' 90 yoshni qarshilagan onaxonning chehrasida ortda qolgan xotiralar dunyosi aksi bor. U jurnalist sifatida ham, oila bekasi sifatida ham Odil Yoqubovning mashaqqatli va sharafli umr yo'liga guvoh bo'lgan. “Do'stlik” ordeni sohibasi ­Maryam aya bilan suhbatlashar ekanmiz, adib bilan bog'liq xotirayu armonlar bir-bir eshik ochib borayotgandek tuyuldi. Yonimizda adibning o'g'li, professor Murod aka ham otasi haqida to'lqinlanib so'zladi: “Xonadonimiz eshigi padari buzrukvorimizning eng yaqin do'stlari uchun hamisha ochiq edi, – dedi u. – Jahon adabiyoti ustunlaridan biri, otamning do'sti, mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov 2001 yili uyimizga tashrif buyurgandi. Bu tashrifni hanuzgacha oila a'zolarimiz yaxshi xotira bilan eslaydi”.

Bu hayajonli suhbatda men uchun eng ta'sirli jihat – serqirra adib Odil Yoqubovning yozuvchilik faoliyati bilan birga oddiy inson qiyofasi edi. Albatta, katta adabiyot o'z-o'zidan paydo bo'lmaydi.Uning ortida bedor tunlar, qalb iztirobi, jamiyat va inson taqdiri haqidagi og'riqli o'ylar, ba'zan esa butun bir davrga qarshi turishga majbur qiladigan vijdon amri bor.

1989 yil 16 iyun. Moskva.

O'sha kunni eslamasdan, yozuvchi Odil Yoqubov shaxsiyati haqida to'liq atroflicha gapirish qiyin. Gap shundaki, o'shanda u O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining birinchi kotibi (1987-1991) sifatida Moskvadagi baland minbardan turib paxta yakkahokimligi, xalqimiz hayotiga yetkazgan og'ir zarbalari, o'zbek xotin-qizlarining erta tongdan kun bo'yi zahar sepilgan paxta dalalaridagi qora mehnatining mudhish oqibatlari, kosasi bir umrga oqarmayotgan xalqning inqirozi, ayanchli iztirobi haqida ochiq-oydin gapirdi. Ma'ruza so'ngida respublikani paxta zug'umidan qutqarish favqulodda komissiyasini tuzishni talab qildi. Bu shunchaki baland minbardan turib aytilgan siyosiy bayonot emasdi. Bu — xalq dardini yurakdan o'tkazgan adibning jasorati, hashamatli bino zalini titratgan paxta siyosatiga qarshi keskin ovozi edi. O'sha qattol davrda haqiqatni ochiq aytish oson emasdi. Ayniqsa, yuqoridan belgilangan qoliplar, qo'rquv va tengsizlik hukm surgan bir sharoitda. Yozuvchi mushohadasining dadilligi va jur'ati har kimga ham xush kelavermasligi bugungi kunda hammaga ayon. Ammo millat dardida yongan ijodkor Odil Yoqubov sukutni emas, oshkora haqiqatni tanladi. U xalqning moddiy va ma'naviy ayanchli ahvolidan qayg'urdi. Millat qayg'usi, oddiy odamning og'rig'ini o'zining shaxsiy dardi deb bilardi.

Bilamizki, yetuk adib uchun qalam ijodiy ish quroli emas, balki vijdon oldidagi mas'uliyat hamdir. Shu bois qahramonimizning har bir asarida inson taqdiriga daxldor bir savol bor: vijdonimiz oldida qanday yashayapmiz? Haqiqat qarshisida o'zimizni qanday tutyapmiz? Bu savollar bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotmay, dolzarbligicha turibdi. Yozuvchi va publitsist Odil Yoqubovning mashaqqatli ijodiy yo'liga nazar tashlar ekanmiz, “Diyonat” so'zi xayolimda qayta-qayta jaranglayveradi. Diyonat — insonning o'zligi, haqiqatdan chekinmaslik, xalq dardini o'z dardingdek his qilish. Adib butun ijodi bilan bir umr ana shu pok tuyg'uni himoya qildi. Shuning uchun ham uning qahramonlari oddiy adabiy obraz bo'lib qolmadi. Ular o'quvchini o'zi bilan suhbatlashishga majbur etadi. Kitobni yopganingizdan keyin ham ularning taqdiri, tanlovi xayolingizda yashayveradi. Aslida, haqiqiy adabiyotning har qanday kitobxon qalbini uyg'otadigan ezgulikka yetaklovchi badiiy kuchi ham shunda.

Kezi kelganda shuni aytish joizki, joriy yilda milliy adabiyotimizning yorqin yulduzi Odil Yoqubov tavalludiga 100 yil to'ldi. Shu bois Davlatimiz rahbarining qarori bilan yurtimizda adibning hayoti va ijodini o'rganish, asarlarini keng targ'ib etish, uning boy adabiy merosini yosh avlodga yetkazishga alohida e'tibor qaratilmoqda.Bu — bir adib yubileyini nishonlashdan ko'ra kengroq ma'no-mazmun kasb etadi. So'z san'atkori Odil Yoqubov merosi — bir davr adabiyotining tarixigina emas. Unda xalqning kechmishi, insonning ruhiy olami, adolat va haqiqatga intilish, milliy o'zlik va ma'naviy mas'uliyat masalalari mujassam. Shu ma'noda adibning asarlari yana qo'lma-qo'l o'qilayotgani, yangi avlod kitobxoni uning qahramonlari bilan qayta tanishayotgani bejiz emas. Chunki oniy vaqt lahzalari haqiqiy so'zning qadrini kamaytirmaydi. Aksincha, uni toblaydi, kelgusi avlod yo'lini nurday yoritib, mudroq qalblarni uyg'otadi.

Xonadondan chiqish oldidan yana bir bor atrofga nazar tashladim. Sirli sukunat. Hovlidagi rang-barang gullar tarovati ko'ngilga zavq bag'ishlaydi… Shunda bir haqiqatni chin dildan his qildim: inson bu dunyodan ketadi, ammo uning ezgu amali, xalqqa qilgan xizmati, ma'naviy olami yashayveradi.

Darhaqiqat, o'zbek xalqining yuragidan chuqur joy egallagan O'zbekiston xalq yozuvchisi va jamoat arbobi Odil Yoqubov bugun oramizda yo'q. Ammo adibning haq so'zi, badiiy asari, kurashchan qahramonlari barhayot.

Sultonboy DEHQONOV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 3 =