O'zbekistonim
Muallif haqida:
Shone'mat Shomahmudov 1948 yili Toshkentda tug'ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini 1972 yili tugatgan.
Uzoq yillar O'zbekiston milliy teleradokompaniyasi kinoko'rsatuvlar tahririyatida rejissyor yordamchisi va boshqa vazifalarda faoliyat yuritgan. O'zbekiston radiosida turli mas'ul vazifalarda mehnat qilgan. She'rlari radio, gazeta va jurnallarda e'lon qilingan, qo'shiq bo'lgan.
“Hajnoma” deb nomlangan she'riy kitobi chop etilgan.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.
O'ZBEKISTONIM
Zilol suvlaringni to'yganman ichib,
Baxmal qirlaringni yotganman quchib.
Ulug'vor tog'larda ko'nglimni ochib,
Toshlardan-toshlarga yurganman uchib,
Jonajon diyorim – O'zbekistonim!
Quyosh ham chiqadi shoshib tog'lardan,
Benasib qolmay deb xushvaqt chog'lardan.
Gul atri ufurar chaman bog'lardan,
Zarrin nur taralar ol yonoqlardan,
Jonajon diyorim – O'zbekistonim!
Farg'ona vodiyda – bobodehqonlar,
Qarshi vohasida – Sohibqironlar.
Xorazm elida lazgi – larzonlar,
Gullagan Surxonda saxiy bog'bonlar,
Jonajon diyorim – O'zbekistonim!
Samarqand, Buxoro obidaga kon,
Ne-ne allomaga bo'lgandir makon.
Minglab mehmonlarni chorlar Registon,
Seni ko'rmaganlar ko'nglida armon,
Jonajon diyorim – O'zbekistonim!
KITOB
“Ma'rifat kaliti”dir oqilu dono kitob,
Odam dilin yoritar, o'qisa bo'lib oftob.
Har varag'i “zar” erur, nasihatlarga serob,
Ma'nosin chaqa bilsang, o'rgatar senga odob.
Tolibi ilm bo'lsang, kitob – senga bir dengiz,
G'avvos bo'lib undan sen javohir axtar hargiz.
Kitob – katta bir ummon, tengi yo'g'-u u cheksiz,
Ilm o'rgansang undan, odam bo'larsan keksiz!
Yurtim tarixidan bir ochsa agar kitob so'z,
Iskandar, Chingiz, Doro, arablarga tutar yuz.
Xalqim ko'rgan kunlardan yurak xunu yoshli ko'z,
Mashaqqatli yillarda topgan elim rizqu ro'z.
Qancha mumtoz kitoblar bo'lar senga g'azalxon,
Qalblarga nur bag'ishlab, o'rgatar senga Qur'on.
Sevgi, mehru vafodan yurakka berar farmon,
Kitobni ko'p o'qisang, tiling bo'lg'usi biyron.
Kitoblarda bitilgan o'tmishdan ming afsona,
Ma'rifatga g'arq bo'lgan dillar bo'lar koshona.
Kitoblardan ko'p bilmas har bir ota-yu ona,
Piri komil, muallim, ustoz, bitmas xazina!
Shone'mat ShOMAHMUDOV
