Iste'dod – hayot ziynati
Bir mamlakat podshohining yakka-yu yagona o'g'li bor ekan. Kunlardan bir kun o'ynab yurgan shahzoda fuqaro orasiga kiribdi. U g'arib-g'urabolarni, og'ir turmush tarzini, xoru zor insonlarni va nohaqliklarni ko'rgach, o'zining shohona hayotidan uyalib, gapirmay qo'yibdi. Ayonlar harchand urinmasin, shahzoda sira tilga kirmabdi. Tabiblar davo izlabdi, ko'ngil chigilini yozuvchi sozanda-yu xonandalar bor hunarini ishga solibdi, ammo uning tilidagi tugunni yecholmabdi. Shunda bosh vazir shahzodani keng adirlarga — ovga olib chiqishni maslahat beribdi. Bu chorani ham qo'llab ko'rishibdi.
Shahzoda yo'lda ketayotib, bir bulbulning ovozini eshitib, to'xtabdi va unga quloq tutibdi. Uning xush navolaridan bahramand bo'lib turgan mahal sarbozlardan biri nogahon kamondan o'q uzib, qushni urib yiqitibdi. Bulbul ko'ksiga kamon o'qi sanchilganda, shahzoda oh tortib:
— Agar sayramaganingda, o'lmas eding! — deb yuboribdi.
Shahzodaning tilga kirganini ko'rgan mulozimlar xushxabarni yetkazish uchun shoh huzuriga chopibdi. Shahzodani shoh oldiga olib kelishsa, u yana lom-mim demasmish. Aldab ko'rishibdi, avrab ko'rishibdi, yaxshi gaplar, yomon gaplar aytishibdi, lekin shahzoda jim emish. Shunda shohning qahri kelib, unga tarsaki tortib yuboribdi.
Og'riqdan ko'ziga yosh kelgan shahzoda:
— Gapirganimda shapaloq yemas edim, — degan ekan.
So'zlash ham san'at! Goho bir og'iz so'z aytish shoir va yozuvchilar uchun hayot-mamot masalasiga aylanadi. Umuman olganda, yaxshi ijodkor asari zamonga qarab, jamiyatga qarab, san'atkorona so'zlashdir! Ular asarlari orqali odamlarga haqiqat yo'g'rilgan go'zal xitobnoma taqdim etadilar. Zamon bilan hamnafas, hamqadam, hammaslak, haqiqatgo'y ijodkorlar ko'p. Ularning badiiy asarga ko'chmagan hozirjavobliklari ham talaygina.
* * *
Odil Yoqubov O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rais bo'lib turgan kezlarda Rauf Parfi bilan Dilorom Ishoqova: “Biz turmush qurmoqchimiz, fotiha bering”, deya kirib kelishibdi. Ma'lumki, o'sha paytlar Rauf Parfining tayinli uy-joyi yo'q, ancha qiynalgan davrlari ekan. Dilorom opa esa prokurorning qizi — badavlat xonadon farzandi, erka va tantiq. Rauf Parfi boyvachchaning uyiga bormaydi, Dilorom opa esa kambag'allikda yashay olmaydi. Vaziyatning nozikligini payqagan Odil aka:
— Baliq bilan ko'kdagi qush ham bir-birini sevib qolishi mumkin. Ammo ayting-chi, ular turmush qursa, suvda yashaydimi yo quruqlikda? — debdi.
Yoshlar kula-kula chiqib ketishibdi. Keyinchalik ijaraga uy topishgach, Odil aka ularning to'yiga bosh-qosh bo'lgan ekan.
* * *
U paytlarda so'z erkinligi bo'g'ilgan edi. Bir og'iz ortiqcha gap kishini xonavayron qilardi. Kimningdir tug'ilgan kunida ziyofat qizib, dillar yayragan chog'da Odil Yoqubov Erkin Vohidovga: “Nega yangi asarlar yozmayapsiz, axir siz isyonkor shoirsiz-ku, Erkinjon?” — deb qolibdi. Erkin aka miyig'ida kulib qo'yibdi. Qadah so'zi navbati kelganida esa ohista javob qaytaribdi:
— Bir bezori bor ekan. U ichib olib, to'ylarda to'polon chiqararkan. Bir kishi to'y qilmoqchi bo'lib, o'sha bezorining oldiga boribdi. Uni yaxshilab siylab, egniga zarbof to'n kiygizibdi va to'polon qilmaslik va'dasini olibdi.
To'y boshlanibdi. Hamma janjalkashga qararmish, u esa og'ziga tolqon solganday jim emish. To'y oxirlab borayotgan bo'lsa-da, undan sado chiqmasmish. Odamlarga janjalsiz to'y qiziq tuyulmabdi va:
— Hoy, nega jimsan, zerikib ketdik, kasalmisan, senga nima bo'ldi, qachon to'polon ko'tarasan? — deyishsa, haligi odam:
— Egnimdagi to'nni ko'rmayapsizlarmi? To'y egasi kiydirdi, shuning uchun janjal ko'tarishga uyalib turibman, — degan ekan.
Erkin aka shu hangomani so'zlab bergach, kosa tagidagi nimkosani payqagan davradoshlar gurros kulib yuborishibdi. Shoir hazil-mutoyiba vositasida zamonning qaltisligiga ishora qilgan, nima sababdan isyon ko'tarmayotganiga oydinlik kiritgan edi. Keyin esa: “Bo'ldi, ustoz, bugundan choponimni yechaman”, deya so'zini yakunlagan ekan.
* * *
“Biz so'zning hukmdori emas, balki xizmatkorimiz”, — degan edi Haynrix Hayne.
Haqiqatan ham, so'zga hech kim hukmron bo'la olmaydi. Eng zabardast adiblar ham unga faqat sadoqat bilan xizmat qilishgan. Xoh Navoiy bo'lsin, xoh Firdavsiy, xoh Shota Rustaveli bo'lsin! Kim so'zga qanchalik ixlos bilan xizmat qilsa, uni qanchalik sayqallab, ko'klarga ko'tarsa, so'z ham uni shunchalik baland maqomlarga ko'taradi, asrlar osha ardoqlab olib o'tadi.
Mahmud Koshg'ariy so'zga xizmat qildi: uni to'pladi, sharhladi, sayqal berib, ulkan lug'at xazinasini bunyod etdi. Turkiy xalqlar asrlar davomida bu xazinadan ma'naviy oziq oldi. Go'yo shaharlarni obod etib oquvchi daryolar singari, asrlar qa'ridan jilg'a bo'lib kelgan bu so'zlar bugun ham odamlarni hayot ummoni sari yetaklab bormoqda.
Hazrat Imom Buxoriyning Sarvari olamdan keyingi yuksak maqomga erishishlarining bosh sababi ham shunda: u zot Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so'zlarini — hadislarini jamladilar va bu durdonalar Qur'oni karimdan keyingi eng mo''tabar kitob — “Sahihi Buxoriy”ni vujudga keltirdi. Imom Buxoriy har bir so'zni nihoyatda sinchkovlik, zakiylik va qat'iy talabchanlik bilan yig'ar, bir kalomning sahihligiga ishonch hosil qilish uchun ko'plab sahobalar, tobeinlar, muhaddislar va roviylar rivoyatlarini solishtirib, eng ishonchlisinigina tanlab olardi.
Alisher Navoiy so'z zargari edi. U so'zga dohiyona tafakkur va buyuk qalb bilan xizmat qildi. Bir qancha ilmlarning yetuk bilimdoni ekani, bosh vazir lavozimida ishlagani, uch yuzdan ziyod madrasa-yu masjid, ko'priklar qurdirgani va boshqa behisob ezgu ishlariga qaramay, Navoiy deganda, avvalo, ko'z oldimizga she'riyat sultoni keladi.
Chunki so'zga xizmat qilish yuksak maqomdagi oliy vazifadir! So'zga ehtirom bilan yondashganlar doimo e'zozda bo'ladi va boshqa biron-bir soha egalari bu qadar yuksak ehtiromga musharraf bo'lolmaydi.
Zotan, til millatning jonidir! Til yo'qolsa, millat ham inqirozga yuz tutadi. Odamlar har tomonga sochilib ketib, o'zga millatlar qatlamiga singib yo'q bo'ladi. Tilni asrash — millatni asrash, demakdir. Til mavqeini ko'tarish millat obro'sini ko'tarishdir. Til — so'zning qolipi, tilning nufuzini esa so'z belgilaydi. Tilga xizmat qilish — millatga xizmat qilish deganidir. Na kosib, na zargar, na muhandis yo matematik va na boshqa kasb egalari tilshunos hamda adiblarchalik millatga beqiyos xizmat ko'rsata olmaydi. Deylik, kishi og'ir bemor bo'lsa, unga yangi kiyim-bosh, qimmatbaho poyabzal kiydirganingiz yoki ostiga qimmat mashina qo'yganingiz bilan sog'ayib qolmaydi. Unga tabibning muolajasi, darmon bo'lguvchi malhami kerak. Til millat xastalanganda shifo bo'ladigan, sog'lom chog'ida esa uning bardavomligini ta'minlab, asrlar osha barhayot saqlaydigan shifobaxsh malhamdir, hayotbaxsh ruhdir!
Keltirilajak ushbu mitti hikoya so'z qudrati haqida ixchamgina xulosa beradi:
Bir sayyoh begona bir shaharga kelib, uni kaftda turgandek bor bo'y-basti bilan yaxlit ko'rishni istabdi. Shu bois: “Shahardagi eng baland minora qaerda? Meni o'sha yerga boshlanglar, tepasiga chiqib shaharni tomosha qilay”, debdi. Shunda odamlar uni shaharda yashovchi bir donishmandning huzuriga boshlab kelishibdi: “Bu zot shahar tabiati va odamlari haqida shunday maroq bilan so'zlab beradiki, bir zumda butun shahar manzarasini ko'rgandek bo'lasan”, deyishibdi. Sayyoh donishmand bilan suhbatlashib, uning so'zlaridan nihoyatda qoniqish hosil qilibdi va: “Haqiqatan ham, siz ushbu shahardagi eng baland minora ekansiz”, degan ekan.
* * *
Ancha yillar muqaddam bir guruh ijodkorlar bilan Boysunga borgan edik. Kech kuz, tashqari sovuq, dalalar tap-taqir. O'ydim-chuqur yo'llar eski avtobusning tez yurishiga yo'l qo'ymas, ulovning tinimsiz silkinishi yo'lovchilarning tinka-madorini quritardi. Tashqarida ko'zga tashlanadigan, kishi ko'nglini yozadigan na bir dov-daraxt, na biror diqqatga sazovor manzara ko'rinardi.
Dovrug'i yetti iqlimga ketgan, she'ru dostonlarda, qo'shig'u laparlarda ko'klarga ko'tarib maqtalgan Boysunni intiqib izlagan hamrohlarimizdan biri, nihoyat, og'ir uh tortib:
— Qani Boysun? Mana bu tog'lar giyoh ham unmaydigan oddiy qir-adirlar-ku! Hamma tomonda ko'zga xunuk tashlanib yotgan, odamni bezor qiladigan adirlardan boshqa narsa ko'rinmaydi-ku, Boysun qaerda o'zi? “Boysun zo'r” deb rosa aldashar ekan-da, a? — dedi nolib.
Shunda Azim Suyun shunday dedi:
— Bu joylar nihoyatda go'zal makonlar. Faqat uni ko'ra bilish, qalb ko'zi bilan ilg'ash kerak. Qalb ko'zi ochilmagan odam Vatanni ham chin dildan seva olmaydi. Bu tog'larda betakror go'zallik, o'zgacha sehr va tarovat, ming yillik yuksak viqor hamda salobat bor. Shukur Xolmirzayev, Usmon Azim, Erkin A'zamlar nega buyuk? Chunki ular birinchilardan bo'lib ushbu sirli tabiatni kashf etishdi, uni madh etib, butun olamga tarannum etishdi. Ular ushbu kengliklardagi boshqalar ilg'ay olmagan beg'ubor go'zallikni ko'ra bilishdi. Aslida, bu tarovat mavjud. Ammo ko'pchilikning botin ko'zi ko'r, hayrat tuyg'ulari kishanlangan. Unday kimsalar na Vatanni seva oladi, na onaning qadriga yetadi va na muhabbat taronalariga dildan jo'r bo'la oladi. Boysun bag'rida hayrat va hayajonsiz yurib bo'lmaydi! Chunki Boysun — bu mo''jiza!
Bu so'zlarni eshitib turgan Usmon akaning qaddi ko'z oldimda bir qarich o'sgandek bo'ldi.
Ijod va mehnat
Abdulla Qahhor bir vaqtlar: “Men qilgan mehnatni maymun qilganida, yozuvchi bo'lib ketardi”, degan edi.
Bu nihoyatda kamtarlik bilan aytilgan fikr. To'g'ri, Abdulla Qahhor mashaqqatli mehnat qilgan. U sevgan kasbi bilan zavq-shavq ila, vaqtning qanday o'tganini sezmay, charchoq bilmay shug'ullangan. Biroq undagi ulkan iqtidor ham yozganlariga fayz, shira va chuqur hikmat bag'ishlagan. Natijada kitobxonlar qalbini maftun etgan durdona asarlar dunyoga kelgan.
Uch yuz kilolik toshni hamma ham ko'tara olmaganidek, har kim ham Abdulla Qahhor darajasida asar yarata olmaydi. Chunki hamma ham u kishidek tinimsiz mashq qilish, uzluksiz zahmat chekishga qodir emas, qolaversa, unga yo'ldosh bo'lgan, mushkulini oson qilgan tug'ma iste'dod ham har kimga nasib etavermaydi.
Bu so'zlardan murod shuki, agar sizda ijodga ixlos bo'lsa, mashhur shoir yo taniqli adib bo'lishni ko'zlasangiz, buning zamirida cheksiz mehnat, tinimsiz zahmat va fidoyilik yotganini aslo yoddan chiqarmang. Mehnatga hozirdan belingizni mahkam bog'lang!
Talabalik kezlarimda she'r bitish uchun ilhom kelishini kutib o'tirardim. U qurg'ur esa o'z ixtiyori bilan goh kelar, ko'pincha esa darak bermasdi. Vaqt esa kutib turmas beshafqat oqim ekan: ilhom kutib, bir necha qimmatli yillarimizni behuda o'tkazib yuboribmiz. Keyinchalik anglab yetsam, ilhomni kutib bekor o'tirish erinchoqlik va yalqovlikning bir bahonasi ekan. Ilhomni izlamasangiz, uni qat'iyat bilan chorlamasangiz, har lahzada yoningizda bo'lishini talab etmasangiz, u goh-goh ko'rinish berib, oxir-oqibat butunlay kelmay qo'yarkan. Ilhomni bo'ysundirib, jilovlab olish kerak ekan. Uni o'zingizga qaram qilsangizgina, yozuv stoliga o'tirgan oningizdayoq huzuringizga oshiqaveradi.
Kolumbiyalik bir yozuvchi bisotidagi eng ko'zga ko'ringan buyumi — eski avtomashinasini sotadi-da, pulini ayoliga tutqazadi: “Buni tejab ishlatasan. Endi kamida bir-ikki yil bizga boshqa pul tushmaydi. Ro'zg'or yumushlarini to'liq o'z zimmangga ol”, deydi va devorida kichkinagina tuynugi bor xonaga kirib ketadi. Bu tuynukdan faqat belgilangan vaqtlarda taom uzatilar, tashqi olam bilan har qanday aloqa butkul uzilgan edi. Shu tariqa Gabriel Garsia Markes bir yarim yil davomida to'rt devor ichidan chiqmay, mashhur “Yolg'izlikning yuz yili” romanini yozib tugatdi va keyinchalik Nobel mukofotiga sazovor bo'ldi. O'ylaysizmi, u xonada yolg'iz o'tirganmidi? Yo'q, albatta. Uning qoshida qalbiga olov solib, tafakkuriga nur sochib turgan ilhom parisi bor edi. Shubhasiz, o'sha hujrada bir yarim yil mobaynida og'ir, mashaqqatli mehnat qilindi. Yozuvchiga bu og'ir sinov ustidan g'alaba qozonishda buyuk adib bo'lishga bo'lgan so'nmas ishtiyoqi kuch-quvvat bag'ishladi. Agar odamni bir yarim yil xonaga qamab qo'yish bilan shunday roman yaralib qolganida edi, mahbuslarning barchasi allaqachon romannavisga aylanib ketgan bo'lardi.
Menimcha, katta adabiyotni ko'zlagan har bir ijodkor ana shunday mashaqqatli mehnatga ruhan tayyor bo'lishi shart. “Shuhratning o'zi eshik qoqib keladi, bunchalik zahmat chekish shart emas, katta iqtidor ham talab qilinmaydi”, deb o'ylaganlar qattiq yanglishadi. Chunki mehnat ilhomni chorlaydi, qobiliyatni charxlaydi. Mehnat qanchalik zalvorli bo'lsa, iste'dod ham shunchalik yorqin jilolanadi.
“She'riyat orqali nafaqat baxt, balki dard ham topdim. O'ttiz yildirki, kechalari mijja qoqmayman”, — degan edi O'zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva.
— Hayotda bekorchilik bilan umrguzaronlik qilmaslik kerak. Ishlash kerak, ter to'kish, tinmay ijod qilish kerak, ana undan keyin dunyoni tark etsa arziydi. Maishatbozlik, shuhratga burkanib kayfu safo surish shoirlarning ishi emas, — degan edi O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf. Va u so'zining ustidan chiqdi.
Alisher Navoiy temuriylar zamonida, amir xonadonida tavallud topdi. To'rt yoshida Mirxond, olti yoshida Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashib, ularning duosini oldi. To'qqiz yoshida Mavlono Lutfiy tahsiniga sazovor bo'ldi, o'n sakkiz yoshida esa Abdurahmon Jomiydek buyuk mutafakkir bilan umrbod do'st tutindi. O'ttiz bir yoshida Xuroson o'lkasining vaziri, keyinchalik esa bosh vazir etib tayinlandi.
Hisob-kitob qilgan tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, uning boylik va daromadi bugungi dunyoning eng yirik milliarderlari sarmoyasidan aslo kam bo'lmagan. Biroq shunday cheksiz imkoniyatlarga ega bo'lgan bu buyuk zot bir lahza bo'lsin mehnatdan to'xtamagan. Boshqa ijodkorlar o'nlab yillar davomida bitgan “Xamsa”ni bor-yo'g'i ikki yilda tugatgan. Hayotining so'nggi uch yili ichida o'n yetti jildlik bebaho asarlar merosini yozib qoldirgan. Bunday ulkan samara cheksiz daho va fidokorona mehnatning mahsuli edi!
Hayotda mislsiz yutuqlarga erishgan, buyuk saltanatning eng yorqin siymosi bo'lgan ulug' shoirning quyidagi misralarini o'qiganda, kishi qalbida mehnatga nisbatan cheksiz muhabbat va ehtirom uyg'onadi. Odamzodni hayot azoblaridan qutqaruvchi yagona malham mehnat ekaniga iqror bo'ladi:
Kim ko'rdi ekan jahonda ayo xushluq,
To bir kishi aylagay tamanno xushluq.
Yuz yilda agar bir o'lsa paydo xushluq,
Omodadurur yonida yuz noxushluq.
Bu baytda Navoiy hayotdan noliyotgani yoki shodmon damlarning yanada ko'proq bo'lishini orzu qilayotgani yo'q. Agar hayot faqat rohat-farog'atdan iborat bo'lishi kerak, deb qarasak, kundalik mehnatimiz og'ir yukka aylanadi. Mehnat qilmasak, qobiliyat kurtaklari ochilmay so'nadi. Agar biz turmushni Navoiydek teran anglasak, shodlik onlari kamyob ekanini to'g'ri qabul qilsak, yashash osonlashadi. Mashaqqatli mehnatimiz o'z hosilini berib, yonimizda ana shunday “xush damlar” namoyon bo'lganida, bundan hosil bo'lgan quvonch haqiqiy saodat lahzalari ekanini dildan his etamiz.
Taajjub
Kunlardan bir kun atoqli yozuvchi Tohir Malikning tobi qochib, shifoxonaga borgan ekan. Shifokor uni karavotga yotqizib, boshidan boshlab birma-bir tekshira ketibdi. Boshining o'zidan besh-oltita xastalikni aniqlabdi. Ko'krak sohasidan ham shuncha xastalik topib, o'ta jiddiy va tashvishli qiyofada qorin qismini ko'rishga o'tibdi. O'zida shuncha dard borligini eshitib taajjublangan Tohir akaning toqati toq bo'lib, vahimachi do'xtirga:
— Do'xtir, shuncha xastalikni sanab tashladingiz, axir buncha dard o'likda ham bo'lmaydi-ku! — debdi.
O'z qadringni o'zing bil
Yaqinda bir hamyurtimiz Angliyada doktorlik dissertatsiyasini yoqlab keldi. Besh yildan beri oilasi bilan o'sha yerda istiqomat qilar, Kembrij universitetida ma'ruza o'qir ekan.
— Bundan yigirma yil oldin birov kelib: “Shunday bo'ladi”, desa, “Cho'pchagingni yig'ishtir”, deya uni nari itargan bo'lardik. Zamon aql bovar qilmas darajada tez o'zgarib ketdi-ya! — dedim.
— Men Angliyada turib O'zbekistonni qaytadan kashf etdim, — dedi u. — Qarasam, farzandlarim uyda ham ingliz tilida gaplasha boshlashdi. Shundan so'ng ularga o'zbek tilidagi sara kitoblarni olib borib berdim. Shu bahonada o'zim ham ko'p narsani qayta mutolaa qildim. Bolalarimga, qolaversa, talabalarimga boy adabiyotimiz va yurtimiz tarixi haqida to'lqinlanib so'zlaydigan bo'ldim.
O'zbek xalqi dunyoning eng buyuk va qadimiy millatlaridan biri ekaniga zarracha shubham yo'q. U inglizdan ham, fransuzdan ham, yapondan ham aslo kam emas. Bugun Angliyada ham O'zbekistonni o'z ko'zi bilan ko'rishni orzu qilayotganlar minglab topiladi.
Shuningdek, o'zbek adabiyoti dunyodagi eng bebaho, serjilo adabiyotlardan biridir. Ming afsuski, biz uni yetarlicha bilmaymiz, qadriga yetmaymiz, kam o'qiymiz… Biz o'zimiz ardoqlamagan boylikni o'zgalar qaerdan ham qadrlasin?
“Adabiyot yashasa, millat yashaydi”, degan hikmatli aqida bor. Adabiyot yashasa, til yashaydi, til yashasa, xalq yashaydi, xalq yashasa, or-nomus va g'urur yashaydi, g'urur bo'lgan yurtda esa taraqqiyot bo'ladi. Taraqqiy topgan erkin el esa boshqalarga qaram bo'lishdan o'zini asraydi, o'zgalar chalgan nog'oraga ko'r-ko'rona o'ynab ketmaydi.
Bundan chorak asr muqaddam Yozuvchilar uyushmasida adabiy yig'ilish bo'lsa, davrada rus millatiga mansub atigi birgina kishi o'tirgan taqdirda ham, anjuman to'liq rus tilida olib borilardi. Ba'zida bunday kishi bo'lmasa-da, majlis ruscha davom etardi. Bu hol o'zbek tilining namoyandalari jam bo'lgan eng nufuzli dargohdagi manzara edi. Boshqa muassasalarda majlislarni rus tilida o'tkazish kundalik odatiy qoidaga aylanib bo'lgandi.
Yaxshi eslayman, shunday yig'ilishlardan birida ustoz Said Ahmad minbarga chiqib, dadil ravishda sof o'zbek tilida nutq so'zlab ketganida, butun zal u kishining jasoratiga tahsin aytib, gulduros qarsak chalgan edi (hozir bu haqda bugungi yoshlarga gapirib bersangiz, balki ishonmas ham). So'ngra Said Ahmad aka o'zbek milliy adabiyotining fazilatlari, go'zal qirralari va bu o'ziga xoslik, ayniqsa, yosh qalamkashlar ijodida yorqin namoyon bo'layotgani haqida to'lqinlanib so'zladi. Shunda o'sha paytlarda yosh yozuvchi sanalgan O.O. o'rnidan shartta turib:
Bilasizmi, sizning va siz kabilarning ijodi nega menga yoqmaydi? Chunki sizlar jahon adabiyotidan bexabarsiz. Masalan, Lotin Amerikasi yozuvchisi Xulio Kortasarni o'qiganmisiz? Yo'q! Shunday ekan, bilmagan holda adabiyot haqida va'zxonlik qilib nima qilasiz? Tan oling o'qimaganingizni, asl saviyani hamma ko'rsin! — deb da'vo qildi.
Zaldagilarning nigohi Said Ahmad akaga qadaldi: “Xo'sh, Xulio Kortasarni o'qiganmikan yo yo'qmikan?” degan savol hammaning xayolidan o'tdi. Shunda Said Ahmad aka sira pinak buzmay, sokin va g'ururga to'la ohangda:
— O'qimaganman, o'qimayman ham! Kerak bo'lsa, u meni o'qisin! — dedi dadil. — U kelib o'zbek adabiyotini o'rgansin! Kimni o'qishni men o'zim yaxshi bilaman. O'qisam, Navoiyni o'qiyman, Qodiriyni o'qiyman, Oybekni o'qiyman. O'rgansam, o'z o'zbek xalqimni o'rganaman. Kortasarga esa bekorchi vaqtim bo'lganida ko'z yugurtirishim mumkin, hozir bunga ortiqcha vaqtim yo'q. Sening bu yerda menga betgachoparlik qilishing jahon adabiyotiga bo'lgan muhabbatingdan emas, shunchaki o'zingni ko'rsatib olish istagingdan boshqa narsa emas. Bir qishloqda har ne qilib bo'lsa-da shuhrat qozonishni istagan bir kimsa bo'lgan ekan. U yoqqa chopibdi, bu yoqqa chopibdi — hech kim e'tibor qilmabdi. Oxiri el e'tiborini tortish uchun butun qishloq ahli suv ichadigan muqaddas hovuzga borib tupuribdi. Shu tariqa yomon nom bilan bo'lsa-da mashhur bo'lgan ekan. Uka, bu yerda mening yoqamdan olishing o'sha hovuzga tupurgan nodonning qilmishiga o'xshaydi. Zinhor bunday egri yo'ldan yurma! Men o'zim uchun zarur kitobni tanlab olishni bilaman. Boshqalar ham shunday. Har bir inson, avvalo, o'z milliy adabiyotini, ana undan keyin o'zga xalqlar ijodini o'rganishi kerak! — dedi.
Ochig'i, o'sha kezlarda O.O.ning tarafini olganlar ham oz emasdi. Ko'pchilik o'zbek adabiyotining o'zi bir butun olam ekanini teran anglamas edi. Buni anglashga to'sqinliklar ko'p edi: Vatan va millat qadri toptalgan, milliy o'zlik siqib chiqarilgan tuzumda adabiyotning asl mohiyati ochiq o'rgatilarmidi? Inson o'zi bilmagan, mohiyatini anglamagan qadriyatga qanday qilib mehr qo'ysin, qanday qilib uni jonidan ortiq sevsin?
Hatto zabardast sharqshunos olim Yevgeniy Bertels: “Dunyoda beshta yirik romanchilik maktabi bor edi: rus, ingliz, fransuz, nemis va Amerika romanchilik maktablari. Endilikda ular qatoriga oltinchi — o'zbek romanchilik maktabi qo'shildi. Bu yangi an'anaga Abdulla Qodiriy o'zining “O'tkan kunlar” asari bilan mustahkam poydevor qo'ydi”, deganida ham ko'pchilik bu e'tirofga shubha va istehzo bilan qaragan edi. Akademik Bertels dunyo tanigan ulkan olim, bir qator xalqaro akademiyalarning a'zosi, donishmand tadqiqotchi edi. U asl iste'dod qanday bo'lishini yaxshi bilar va o'z bahosini xolis va sof niyat bilan aytgan edi. Mana, bugungi kunga kelib “O'tkan kunlar”ga havas va ergashish ruhida o'nlab asarlar bitildi. Oradan yuz yil o'tgan bo'lsa-da, bu shoh asar tobora yuksalib, o'z mahobati va buyukligini namoyish etib kelmoqda.
Albatta, badiiy ijod umuminsoniy g'oyalarni tarannum etishi, yozilgan asarlardan jahon xalqlari bahramand bo'lishi tabiiy hol. Biroq dunyoda yagona adabiyot yoki yakkahokim birgina til bo'lishi mumkin emas. Agar shunday bo'lishi iroda qilinganida, Alloh taolo barcha insonlarni bir xil tilda yaratgan bo'lardi, hammaga bitta e'tiqod, yagona Vatan berardi. Lekin Parvardigor Yer yuzidagi insonlarni turli til, irq va elatlarga bo'lib yaratdi hamda har bir insonga o'z Vatani, o'z ona tili va muqaddas qadriyatlarini e'zozlashni amr etdi.
O'z milliy o'zligidan begonalashish o'z adabiyotini mensimaslikdan boshlanadi. 1936 yili Yozuvchilar qurultoyida Akmal Ikromov minbardan turib: “Usmon Nosir — bu bizning Pushkinimiz!” deganida, bu so'zni kimlardir olqishlagan, kimlardir esa xushlamagan ekan. Albatta, har bir iste'dod sohibi takrorlanmas olam, birortasini boshqasi bilan aynan taqqoslab bo'lmaydi. Bu shunchaki ezgu bir qiyos va tilak edi. Biroq shu ondayoq Usmon Nosir ijodiga qarshi tosh otishlar avj olib, shoirning she'rlaridan qusur qidiruvchilar ko'payib ketadi.
Vaqtida “Literaturnaya gazeta”da atoqli adib Chingiz Aytmatovning Odil Yoqubov va uning “Ulug'bek xazinasi” romani haqida qalbni to'lqinlantiruvchi maqolasi chop etilgan edi. Unda, jumladan, shunday e'tirof bor edi: “Men ushbu romanni nihoyatda katta zavq va hayrat bilan o'qib chiqdim. Odil Yoqubovning bu yutug'iga havasim keldi. Ochig'i, men bunday roman yozishga ojizlik qilaman, qo'limdan kelmaydi. Bordi-yu, shunday asar yarata olganimda edi, o'zimni dunyodagi eng baxtiyor inson his etardim”.
Tasavvur qiling: jahon tanigan, so'zini ming o'lchab bir kesadigan buyuk bir adib bizning yozuvchimiz ijodiga yuksak baho berib, samimiy ehtirom bildirmoqda. Ammo achinarlisi shundaki, bu e'tirofni chetdagilar emas, aynan o'zimizning adabiy doiralar, ba'zi qalamkashlar shubha ostiga oldi: “Bu mubolag'a-ku, ortiqcha va noo'rin maqtov bo'libdi!” deya bong urishdi.
Ularning hasad olovini hatto Chingiz Aytmatovning: “Uyg'onish davri ma'rifati Yevropa qit'asiga qanchalik ta'sir o'tkazgan bo'lsa, O'zbekiston zaminidan tarqalgan ilm-ma'rifat ham Markaziy Osiyo xalqlari tarixiga shu qadar kuchli turtki bergan, ularni sivilizatsiya sari yetaklagan”, degan so'zlari ham so'ndira olmadi. Aksincha, adibni yana mubolag'ada ayblab, “buning ortida qandaydir manfaati bo'lsa kerak”, degan shubhaga borishdi.
* * *
Boysun tumani Madaniyat saroyida Shukur Xolmirzayevning yetmish yillik to'yi keng nishonlangan edi. O'zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov tadbirda so'zga chiqib, Shukur aka haqida chuqur mehr-muhabbat bilan gapirdi. So'zlayotganda ko'zlarida yosh yiltiradi. Bir lahza jim bo'lib qoldilar: ovozlari titrar, qalbidagi ichki bir iztirob butun borlig'ini qamrab olgan edi. Nihoyat, u kishi shunday dedilar:
— Shukur Xolmirzayevning badiiy mahorati shu qadar baland ediki, Nobel mukofotiga loyiq ko'rilayotgan ko'plab jahon adiblarining yutuqlaridan oshsa oshadiki, sira kam emas. Biz bu haqiqatni teran anglamog'imiz lozim. Butun jahon adabiyotida Shukur Xolmirzayev kabi noyob iste'dodlar sanoqlidir! Uningdek so'z san'atkorlarining merosi har qanday millat xazinasining gultoji bo'la oladi. Men Shukur Xolmirzayev bilan zamondosh bo'lganimdan, unga do'stu oshno va hammaslak safdosh bo'lganimdan cheksiz faxrlanaman hamda bu tuyg'uni yuragimda bir umr asrab qolaman. Shunday ulug' adibni kamolga yetkazgan Boysun omon bo'lsin, shunday zabardast o'g'loni bor O'zbekiston omon bo'lsin!
Zal gulduros qarsaklarga burkandi.
Albatta, Abdulla aka bu so'zlari orqali Nobel qo'mitasiga e'tiroz bildirayotgani yoki “Nega bu mukofotni bizga bermading?” deya da'vo qilayotgani yo'q edi. U kishi shunchaki Shukur Xolmirzayev ijodi eng oliy e'tiroflarga munosib ekanini ta'kidladilar, xolos. Zero, kimning asl darajasi qanday ekanini mukofotlar emas, vaqt, tarix va xolis kitobxon hal qiladi. Biz Shukur Xolmirzayevni Nobel mukofotini olgan-olmaganidan qat'i nazar, o'z ardoqli adibimiz sifatida sevaveramiz. Shu bois biz uchun Usmon Nosir — Pushkindan, Said Ahmad esa Xulio Kortasardan ko'ra azizroq, sevimliroq va qadrliroqdir! Chunki ular o'z ruhiyatimizga, milliy fe'l-atvorimizga, dunyoqarashimiz va jonu jahonimizga benihoya yaqindir. Shuningdek, biz Chingiz Aytmatovning “Ulug'bek xazinasi”dek asar yozishni chin dildan orzu qilganiga to'la ishonamiz. Chunki bu roman nafaqat Aytmatov, balki dunyoning ko'plab ijodkorlari havas qiladigan shoh asardir!
Boisi bu durdonalar millatimiz ma'naviyatining uzviy bir qismidir. Nonning ushog'i ham non sanalib ardoqlanganidek, har bir vatandoshimiz millat vujudining bir zarrasidir. Ayniqsa, xalq mehrini qozongan, ko'klarga ko'tarilgan bu zabardast ijodkorlar millatimizning timsoliga aylangan ulug' siymolardir!
Muhammad Ismoil.
