Sun'iy intellekt: Inqilobmi yoxud inqiroz?

Shiddatli raqamlashuv ta'sirida hayotimiz tobora o'zgarib bormoqda. Raqamli texnologiyalar allaqachon kundalik turmush tarzimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Telefon, noutbuk, planshet, aqlli soat, aqlli uzuk, aqlli ko'zoynak deysizmi, ular kabi texnogadjetlarning sanab adog'iga yetish qiyin. Mana, endi ular qatoriga sun'iy intellektning turli dasturlari, chat-botlari ham qo'shilib, ko'pchilikni o'ziga ohanrabodek chorlamoqda.

Shubhasiz, neyrotarmoqlarga asoslangan sun'iy intellektning imkoniyatlari cheksiz. U har qanday vaziyatda insonga qimmatli maslahatlar bera oladi, zarur bilimlarni ulashishdan charchamaydi. Kerak bo'lsa, u shaxsiy shifokoringiz, ruhshunosingiz, ustozingiz sifatida sizga ko'mak beradi. Uning, ayniqsa, ta'lim bobidagi imkoniyatlari nihoyatda cheksiz bo'lib, bu sohada inqilobiy o'zgarishlarga sabab bo'lishi mumkin.

Sun'iy intellektni beminnat xususiy repetitorga ham qiyoslash o'rinlidir. Istalgan vaqtda u bilan birgalikda soatlab shug'ullanib, bilimlarni boyitsa bo'ladi. Uni ta'limda qo'llash orqali shaxsiylashtirilgan, har bir o'quvchiga individual yondashadigan ta'lim dasturlariga ega bo'lish ham muammo emas. Negaki, sun'iy intellekt o'quvchilarning o'ziga xos ehtiyoj va imkoniyatlarini inobatga olgan holda, ular uchun shaxsiy o'quv dasturlarini yaratish imkoniga ega. Shuningdek, o'quvchilarning bilimini baholashni avtomatlashtirish (bu esa o'qituvchining vaqtini sezilarli tejaydi), o'zlashtirishini bashorat qilishda ham uning beminnat yordamidan foydalansa bo'ladi. Sun'iy intellekt asosida ishlovchi ilova va dasturlar orqali istalgan tilni xohlagan vaqtingizda o'rgana olasiz.

Sun'iy intellekt “tarjimai holi”ga bag'ishlab yozgan kitobida o'zining ta'lim sohasidagi roliga ancha yuqori baho beradi: “Men maktabda o'qituvchiga ta'limni tashkil qilishda yaqindan yordam beraman. Biz birgalikda har bir o'quvchining qiziqishlari, qobiliyati va o'zlashtirish darajasini inobatga olgan holda individual rejalar tuzamiz. Men o'qituvchini foydali materiallar bilan ham ta'minlayman, o'quvchilarni yangi yutuqlarga ilhomlantiradigan interaktiv topshiriq va mashqlarni ishlab chiqaman”.

Bugungi kunda ta'limda sun'iy idrok (SI) vositalaridan foydalanish ko'rsatkichlari ortib bormoqda. YuNESKO ma'lumotlariga ko'ra, yuqori daromadli mamlakatlarda o'rta maktab o'quvchilarining uchdan ikki qismidan ko'prog'i uyga vazifalarni bajarish uchun generativ SI vositalaridan foydalanmoqda.

Sun'iy idrokning ta'lim sohasida yaratadigan imkoniyatlari haqida uzoq gapirish mumkin. Shunisi aniqki, undan to'g'ri foydalanish har qanday ustoz va talaba uchun cheksiz imkoniyatlar eshigini ochadi. Ammo ayni paytda ta'limda undan, asosan, “ishni bitirish uchun” foydalanish holatlari kuzatilmoqda. Talabalar hamisha uddaburonligi va ishning ko'zini bilishi bilan ajralib turadi. Nazorat ishlari-yu imtihonlardan “eson-omon o'tish” yo'llarini topishda ularga yetadigani yo'q. Zamonaviy texnologiyalar, telefon, internet kabi topilmalar so'nggi yillarda ularning ishini ancha “engillashtirgani” hech kimga sir emas. Sun'iy intellekt esa bu borada ular uchun tom ma'noda inqilobiy yangilik bo'ldi, desak adashmaymiz. Chunki u har qanday savolga bir necha soniyada javob topib, insho va kurs ishlarini ham beminnat yozib berayapti.

Muammo shundaki, bugun aksariyat tolibi ilmlar sun'iy intellektdan “falon mavzudagi ilmiy adabiyotlarni topib ber, men ularni o'qib-o'rganmoqchiman” deb so'ramaydi, balki “falon mavzuda insho, tahlil, kurs ishi yozib ber” deb talab qilishga odatlangan. Istalgan professor-o'qituvchidan: “Bugun talabalar sun'iy intellektdan qanday foydalanayapti?” deb so'rasangiz, asosan, salbiy mazmundagi javobni eshitasiz. Aksariyat pedagoglar oxirgi paytlarda nazorat, kurs va diplom ishlari mavhum, jonsiz matnlar hisobiga g'ayritabiiy ravishda semirganini ta'kidlashmoqda. Zotan, sun'iy intellekt vositasida yozilgan akademik matn nuqsonlarini payqash qiyin emas. Texnologiyaning bunday suiiste'mol qilinishi natijasida ta'limda jiddiy ahamiyatga ega bo'lgan akademik matnning qadri tushib ketmoqda.

Binobarin, matn — eng muhim axborot manbaidir. Aynan matn ilm-fan rivojining asosiy omili hisoblanib, kishiga o'qib-o'rganish, bilimlarni egallash imkonini yaratadi. Texnologik vositalar bilim olishning an'anaviy yo'llarini qanchalik o'zgartirmasin, matn — har qanday ilmning asosi bo'lib qolaveradi.

Hozirgi paytda birinchi galda kattaroq hajmli matnlarga jiddiy tahdid paydo bo'lgan. Ta'lim jarayonlarida buning ta'siri yaqqol sezilmoqda. Yalqov talaba va o'quvchilar o'zlariga berilgan dars vazifalarini shunchaki sun'iy intellekt chat-botlarining zimmasiga yuklab qo'ymoqda. Afsuski, ular mavzuni konspekt qilish, ilmiy adabiyotlarni o'qib, qimmatli bilimlarni egallash va dunyoqarashini shakllantirishni xayoliga ham keltirmaydi.

Zamonaviy o'quvchi bugun istalgan paytda, istalgan mavzuda sun'iy intellektga vazifa berib, bir zumda uning natijasini qabul qilib olmoqda. Albatta, buning yaxshi tomonlari ham bor, lekin oqibatda yoshlar o'zlarining eng asosiy vazifasi — o'qish, mustaqil izlanib, bilim olishdan yiroqlashib bormoqda. Uyga vazifani “ChatGPT” boti zimmasiga yuklab, o'zi yoqtirgan mashg'ulot bilan shug'ullanish yoki internetda vaqt o'tkazish kimga ham yoqmaydi deysiz!

Qizig'i, bundan atigi besh-o'n yil ilgari “Google” dasturining yordami bilan diplom olishni eplagan uddaburon talabalar o'rnini endilikda “ChatGPT erkatoyi” bo'lgan texnokrat talabalar egalladi. Ta'limda o'ta muhim bo'lgan akademik matnlar allaqachon sun'iy intellektning o'ljasiga aylandi. Professor-o'qituvchilarning elektron pochtasiga yuboriladigan aksariyat nazorat vazifalaridan tortib, kurs va bitiruv-malakaviy ishlarigacha sun'iy intellekt yordamida tayyorlanmoqda. Ziyrak o'quvchi bunday matnlar bilan tanishganida sun'iy intellektning “dastxat”ini darhol payqaydi. Hissiz, bir xil qolipli gaplar, mantiqiy chalkashliklar bilan to'la gap qurilmalari, lotin va kirill alifbosidagi harflar aralashib ketgan olaquroq matnlar “men sun'iy ong mahsuliman” deb baralla aytib turadi.

Ta'limda sun'iy intellekt aldash xavfini oshiradi. Uddaburon o'quvchi va talabalar doim ilg'or vositalardan foydalanish orqali akademik halollik choralarini chetlab o'tishga intiladi. Masalan, sun'iy intellektga asoslangan plagiatni aniqlash nazorat tizimini odamning yozish uslubiga taqlid qiladigan ilg'orroq dasturlar yordamida aylanib o'tish mumkin. Ta'lim muassasalari buning oldini olish uchun o'zlarining dastur va vositalarini doimiy ravishda yangilab borishiga to'g'ri keladi.

O'quv jarayonida sun'iy intellektga haddan tashqari ko'p murojaat qilish o'quvchining kognitiv xususiyatlari va tanqidiy fikrlash qobiliyatining shakllanishiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Insonning o'zligini belgilaydigan fikrlash ko'nikmasining neyrotarmoqqa topshirilishi oxir-oqibat qimmatga tushishi aniq. Olimlarning aniqlashicha, sun'iy idrok texnologiyasi odamlarning fikr yuritishiga salbiy ta'sir ko'rsatish bilan birga, biron ishning qay darajada to'g'ri bajarilganini baholashiga ham xalaqit beradi.

Sun'iy idrok vositalari individual o'rganish va ma'lumotlarni samarali topishga imkon bersa-da, uning ta'lim sohasidagi kamchiliklarini ham nazardan qochirmaslik zarur. Undan to'g'ri foydalanilganda u yoshlarning bilim olishini osonlashtiradi. Ilm olish igna bilan quduq qazishdek har doim mashaqqatli bo'lgan. Bilim olish o'rniga barcha vazifani to'liq “avtomat” zimmasiga yuklab qo'yish esa insofdan emas. Buning oldini olish uchun ta'lim jarayonlarida sun'iy intellektni yoshlarning tanqidiy fikrlashi va kognitiv xususiyatlarini rivojlantirishga mo'ljallangan mashg'ulotlar bilan muvozanatlashtirgan holda qo'llash kerak. Bunda tanqidiy fikrlash mashqlarini o'z ichiga olgan va o'quvchilarni sun'iy intellekt vositalariga passiv tayanishdan ko'ra, darslarni chuqur o'rganishga undaydigan sharoitlarni yaratish talab etiladi.

Yuqorida aytganimizdek, sun'iy idrok turli sohalarda, ayniqsa, ta'lim tizimida ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Biroq so'nggi vaqtlarda sun'iy ong talabalar o'rtasida maqsadga yetishning, imtihonlardan manipulyatsiya orqali o'tishning qulay vositasiga aylanib qolayotgani anchinarlidir. Oqibatda akademik halollik, o'z ustida ishlash, o'qib-izlanish kabi sifatlar jiddiy xavf ostida qolmoqda. Ahvol shu tarzda davom etadigan bo'lsa, yaqin kelajakda universitetlarda akademik matnlarning qadri butkul yo'qolib ketishi mumkin. Ta'limda ijobiy ma'noda inqilob qilishi kutilgan sun'iy intellekt oxir-oqibatda uning inqiroziga olib kelishi mumkinligidan ham ko'z yumib bo'lmaydi.

Voqealar rivoji bunday xatarli tus olmasligi uchun har bir oliy o'quv yurti va ta'lim muassasasi o'zlarining neyrotarmoqqa qarshi turuvchi nazorat dasturi hamda tizimli choralarni ishlab chiqishi kerak bo'ladi. Shunda ham vaziyat o'nglanmasa, matnli nazorat ishlarini og'zaki imtihonlar bilan almashtirishdek keskin choralarni ham qo'llashi mumkin. Nima bo'lganda ham ta'lim sifatini saqlash uchun ortiqcha vaqt va sarf-xarajatlarga sabab bo'ladigan choralarga ham qo'l urilishini istisno qilib bo'lmaydi.

Bir so'z bilan aytganda, faqatgina haqqoniy bilimlar jamiyat rivojiga hissa qo'shadi. Sun'iy intellekt yordamida o'zini oqilu dono qilib ko'rsatish bilan maqsadga erishib bo'lmaydi. Chat-botlar orqali diplom olgan talabadan ham kelajakda tayinli natija kutish befoyda. Shunday ekan, yoshlar sun'iy intellektdan foydalanib ilmni suiiste'mol qilish o'rniga, vaqt borida o'zining ustida qunt bilan ishlashi zarur. Erta-bir kun mehnat bozorida ish beruvchidan “Siz “ChatGPT”siz bir varaq ham qoralay olmas ekansiz”, degan ta'nani eshitganida esa kech bo'ladi.

Avazbek ShERMATOV,

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + 11 =