Yashil iqtisodiyot sari tashlangan qadamlar

barqaror kelajak uchun mustahkam poydevor vazifasini o'taydi
Bugungi kunda energetika sohasi istalgan mamlakat taraqqiyotining asosini tashkil etadi. Iqtisodiyotni rivojlantirish, aholining qulay hayot kechirishi, ta'lim, tibbiy xizmat, ijtimoiy ta'minot, kommunal xo'jalikning mo''tadil faoliyati uchun imkoniyatlar aynan shu sohada yaratiladi. Ammo bugun sohani bozor iqtisodiyoti yo'liga o'tkazmay turib, ulkan energetika infratuzilmasini ishchan holatda saqlab turish, boz ustiga, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmlarini oshirish mushkul. Faqatgina elektr stansiyalar, elektr tarmoqlari va energetika infratuzilmasining o'zga muqobillarini qurish va ishlatish borasida eng zamonaviy yutuqlarni qo'llabgina qo'yilgan maqsadlarga erishish mumkin. Bozor qonunlari asosida energetikani rivojlantirish raqobat uchun shart-sharoit yaratadi, bu esa nafaqat vositalar, balki zamonaviy tajriba va texnologiyalar sohibi bo'lmish eng malakali muhandislarni loyihalarni amalga oshirishga jalb etishga imkon beradi. Shu asnoda yana o'n yillarcha dolzarb ahamiyat kasb etuvchi uskuna va uslubiyatlarni O'zbekiston energetikasiga olib kirish mumkin.
Shu yil 30 yanvardagi “O'zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi Prezident Farmoni bilan 2025 yilgi Davlat dasturi qabul qilindi.
Davlat dasturida yil nomidan kelib chiqib, ekologik masalalarga alohida ustuvorlik berilgan. Beshta yo'nalishdan iborat maqsadlar yashillik siyosati bilan uyg'un va hamohangdir. Bu bejiz emas. Chunki bugun turli ekologik muammolar insoniyatni tashvishga solayotgan eng muhim masalaga aylandi. Atrof-muhitni asrash, yashil maydonlarni kengaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, chiqindilarni qayta ishlash tizimini rivojlantirish, suv resurslarini samarali boshqarish kabi masalalar eng dolzarb yo'nalishlar sirasiga kiradi.
Bu borada 2025 yilgi Davlat dasturida qator maqsad-vazifalar o'z aksini topgan. 2025 yilda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish, iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish borasida:
— Parij bitimining talablaridan kelib chiqib, O'zbekistonning uglerod neytralligiga erishishining uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilishi;
— iqlim o'zgarishiga moslashish, “yashil texnologiya”lar transfertini inobatga olgan holda global miqyosda mamlakatimizning kelgusi yilda issiqxona gazlarini qisqartirish bo'yicha Milliy miqyosda belgilangan hissasi (NDC) e'lon qilinishi;
— metan emissiyasini qisqartirish majburiyati doirasida tabiiy gaz, chiqindilar va chorvachilik sohalarida metan emissiyasining bazaviy holati aniqlanishi;
— umumiy quvvati 4,5 GVt bo'lgan yirik quyosh va shamol elektr stansiyasini ishga tushirish, quvvati 785 megavatt bo'lgan quyosh panellarini o'rnatish, quvvati 225 megavatt bo'lgan gidroelektr stansiyalarini barpo etish orqali jami qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi elektr energiyasi ishlab chiqarishda 26 foizga va jami generatsiya quvvatlari tarkibidagi ulushi 40 foizga yetkazilishi;
— yangi quriladigan bino-inshootlar va uy-joylar energiya samaradorligidan kelib chiqib, “Yashil bino” sertifikati joriy etilishi qayd etib o'tilgan.
Bir so'z bilan aytganda, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” Davlat dasturi yashillikni kengaytirish, resurs tejamkorligini ta'minlash, iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish hamda aholining yashash sifatini yaxshilash va iqtisodiy o'sishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga o'tishda muhim dasturilamal hujjat bo'ladi, huquqiy asos vazifasini o'taydi.
Shuningdek, 2025 yil 30 may kuni Ostona shahrida bo'lib o'tgan “Markaziy Osiyo — Italiya” sammiti mintaqamiz va Yevropa davlatlari o'rtasidagi ko'p tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim siyosiy va iqtisodiy voqea bo'ldi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, ayniqsa, investitsiya, texnologiyalar, “yashil” iqtisodiyot, qayta tiklanuvchi energetika, ta'lim va madaniy hamkorlik sohalarini qamrab olgani dolzarb va strategik ahamiyatga ega.
Farg'ona davlat texnika universiteti jamoasi mazkur yo'nalishlarda amalga oshiriladigan islohotlar va xalqaro tashabbuslarni to'liq qo'llab-quvvatlaydi. Ayniqsa, energiya samaradorligini oshirish, suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish, vodorod texnologiyalarini rivojlantirish va Italiyaning yetakchi muhandislik kompaniyalari bilan hamkorlik qilish bo'yicha belgilangan rejalar oliy ta'lim muassasalariga katta mas'uliyat yuklaydi. Hozirgi kunda universitetimiz olimlari tomonidan ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi energetik qurilmalarni rivojlantirish ustida keng ko'lamli ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, energiya tejamkorlik va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ilmiy laboratoriyasi faoliyati yo'lga qo'yildi. Farg'ona vodiysi oliy ta'lim muassasalariaro ilmiy laboratoriyasiga 750 ming dollar qiymatidagi 84 xil jihoz keltirildi. Bu yerda energiya tejamkor va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo'yicha ilmiy ishlanmalarni tajribadan o'tkazish va namoyish qilish uchun maydoni 400 kvadrat metr bo'lgan hamda metrologik o'lchov asboblari bilan jihozlangan geliopoligon faoliyat ko'rsatmoqda. Universitetda qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari ixtisosligi bo'yicha tayanch doktorantura mavjud bo'lib, ilmiy kengash faoliyat yuritmoqda. Ushbu sohada bir qator ishlab chiqarish korxonalari hamda Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika, Materialshunoslik hamda Ion plazma va Lazer texnologiyalar institutlarida ilmiy-amaliy izlanishlar olib borilmoqda.
So'nggi yillarda universitetda 19 ta ilmiy-tadqiqot loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ularning 4 tasi davlat ilmiy-texnik dasturi, 4 tasi startap, 2 tasi Yevropa Ittifoqi loyihasi, 9 tasi “Bo'lajak olim” tanlovi doirasida hayotga tatbiq etiladi. Joriy yilda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 14 ta loyiha moliyalashtiriladi. Ushbu loyihalarning aksariyati qayta tiklanuvchi energiya manbalarining istiqbolli yo'nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan.
Xususan, elektr energiyasi sarfisiz yer maydonlarini sug'orish, quyosh energiyasi asosida sovitish, samarador quyosh havo isitkichi, “aqlli soyabon”, avtomatlashtirilgan mikro GES singari dolzarb mavzulardagi ilmiy ishlanmalar hayotga joriy etilyapti. Dastlabki qadam sifatida “aqlli soyabon” yoki quyosh-havo isitkichi loyihalarini keltirish mumkin. “Aqlli soyabon”lar quyosh panellari bilan jihozlanib, unda dam olish paytida telefonni zaryadlash va bepul xizmatidan foydalanish imkoni bor. Tungi paytlari esa, atrofni yoritishga xizmat qiladi. Yangi loyiha viloyat hokimligi tomonidan moliyalashtirilib, ayni kunda uni viloyat teatr-konsert saroyi atrofiga o'rnatish ishlari olib borilmoqda.
Janubiy Farg'ona kanali o'zanida soatiga 300 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo'lgan gidroelektrostansiya qurish ishlari poyoniga yetdi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi aholi va ishlab chiqarish tarmoqlarini arzon hamda sifatli elektr manbai bilan ta'minlash imkoniyatini beradi.
Quva tumanidagi “Bahor” fermer xo'jaligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha elektr tarmoqlari yetib bormagan hududlarda ham ekinlarni sug'orish, hosildorlikni oshirishda yaxshi samara bermoqda. Bundan tashqari, Quvasoy shahridan oqib o'tgan Isfayramsoyda uyurmali mikro GESlar qurish loyihasi taklif etilmoqda. Bu usul suv miqdori kam bo'lgan o'zanlarda ham arzon va ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.
Umuman, Farg'ona viloyatida muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarish orqali iste'molchilarning elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyojini qondirish borasida katta imkoniyatlar mavjud. Birgina “Sirdaryo-So'x” irrigatsiya tarmoqlari o'zanining o'zida 200 dan ortiq muqobil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi mikro GESlar qurish mumkin. Bundan tashqari, o'tgan asrning elliginchi yillariga qadar ishlab kelgan “Qudash”, “Vodil”, “Boltako'l”, “Quva” GESlari faoliyatini tiklash orqali ham muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarsa bo'ladi. O'zbekiston tumanidagi “Qudash” gidroelektrostansiyasi faoliyati takomillashtirilib, 200 kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiquvchi yangi qurilmani ishga tushirish borasida ish olib boryapmiz.
Olimlarning amaliy izlanishlari tufayli hayotga tatbiq etilayotgan ilmiy ishlanmalar ko'lami keng. Bunga baliqchilik, fermer xo'jaliklari va tomorqa issiqxonalari uchun quyosh panelli stansiyalarni tayyorlash yo'lga qo'yilayotganini misol qilib ko'rsatish mumkin. Muqobil energiya ishlab chiqaruvi yangi loyihalar samaradorligini oshirish va qo'llab-quvvatlashda Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi “Yoshlar innovatsiya markazi”ning amaliy yordami qo'l kelmoqda. Ayni kunda markaz tashabbusi bilan o'nlab istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish ustida ish olib borilyapti.
Bugungi islohotlar faqat professor-o'qituvchilar doirasidagina emas, balki yosh avlod — talabalar safida ham amaliy ifodasini topmoqda. Universitetimiz talabalari texnologiya va muqobil energiya sohasida yangiliklar yaratishga intilayotganlari quvonarli holdir.
Jumladan, talabamiz Sanjarbek Yunusaliyev tomonidan ishlab chiqilgan “Quyoshdan uch tomonlama muqobil energiya oluvchi moslama” — yoshlarning texnik tafakkuri, ijodiy yondashuvi va amaliyotga yo'naltirilgan bilimlarini namoyon etuvchi yorqin misoldir. Talabalarimiz ana shunday innovatsion g'oyalar bilan mamlakatimizning energetika, ekologiya va texnologik xavfsizlik sohalarida barqaror rivojlanishiga o'z hissasini qo'shmoqda. Bu — davlatimiz tomonidan ilgari surilgan “Yashil kelajak” konsepsiyasi bilan hamohang ravishda yoshlar intellektiga tayanilgan kelajak qurilishi yo'lida muhim qadamlardan biridir.
Bugungi kunda dunyo miqyosida barqaror taraqqiyot, ekologik xavfsizlik va energiya mustaqilligi global kun tartibining eng dolzarb yo'nalishlariga aylangan. O'zbekiston ham bu borada qat'iy siyosiy irodaga va aniq strategik maqsadlarga ega davlat sifatida muqobil energiya manbalariga asoslangan yangi energetika siyosatini shakllantirmoqda. Aytish joizki, iqtisodiyot tarmoqlari samaradorligini oshirishda qayta tiklanuvchi, ekologik toza energiya manbalariga o'tish — nafaqat zarurat, balki zamon talabi. Shu ma'noda, muqobil energiya ishlab chiqarishga yo'naltirilgan milliy va xalqaro loyihalar mamlakatimizni arzon, sifatli va barqaror elektr energiyasi bilan ta'minlashda muhim omilga aylanmoqda.
Yurtimizning tabiiy-iqlimiy sharoitlari bu borada ulkan ustunliklarni taqdim etadi. Yilning deyarli 300 kuni quyoshli sanaladigan O'zbekiston hududi quyosh energiyasi bo'yicha salohiyatli davlatlar qatoriga kiradi. Ilmiy hisob-kitoblarga ko'ra, mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalar asosida quyosh stansiyalarini barpo etish orqali yiliga 600 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin.
Bu ko'rsatkich hozirgi ehtiyojimizdan 8 barobar ko'pdir.
Yashil iqtisodiyot bugungi global muammolarga javob beruvchi, kelajak avlodlar uchun barqaror va farovon hayotni ta'minlashga xizmat qiluvchi eng dolzarb yondashuvlardan biridir. Atrof-muhitni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqtisodiy o'sish o'rtasida muvozanat yaratish — bu faqat ekologik emas, balki ijtimoiy va iqtisodiy adolatni ta'minlash yo'lidagi muhim qadamdir.
Universitetimiz ushbu strategik yo'nalishda ilmiy izlanishlar, ta'lim dasturlari va amaliy tashabbuslari orqali faol ishtirok etadi. Talabalarimiz va professor-o'qituvchilarimizning ekologik savodxonligini oshirish, innovatsion yechimlar ishlab chiqish va yashil tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash orqali biz barqaror kelajak sari ishonch bilan odimlamoqdamiz. Zero, yashil iqtisodiyot sari tashlangan har bir qadam — bu insoniyatning baxtli va barqaror kelajagiga qo'yilgan mustahkam poydevordir.
O'ktam SALOMOV,
Farg'ona davlat texnika
universiteti rektori,
texnika fanlari doktori.