G'ulom aka

G'ulom Shomurod. Bu nom xalqimizga, ayniqsa, millionlab radiotinglovchilarga, adabiyot muxlislariga yaxshi tanish. G'ulom aka uzoq yillar, aniqrog'i, 1969 yildan 2006 yilgacha O'zbekiston radiosining Buxoro viloyati muxbiri bo'lib ishladi. Xizmat taqozosiga ko'ra, viloyatning shahar va qishloqlarida, mehnat jamoalarida, ilm maskanlarida, mahalla va guzarlarda bo'lib, odamlar turmush tarzi bilan yaqindan tanishdi. Yangiliklardan, yutuqlardan quvondi. Dolzarb mavzudagi xabar va maqolalari, radioocherklari tez-tez efirga uzatildi. Badiiy asarlari adabiy nashrlarda chop etildi. Shu tariqa G'ulom Shomurod shoir va jurnalist sifatida elga tanildi. Samimiy, oqibatli inson, obro'-e'tiborli ustoz sifatida ko'plab shogirdlarga ibrat bo'ldi. Hamkasblaridan, yoshlardan o'zining qimmatli maslahatlarini ayamadi.

Ijodiy safarda bo'lganimda ustoz G'ulom Shomurod bilan qadimiy va hamisha navqiron Buxoroni kezib, hayot va adabiyot haqida uzoq suhbatlashganlarimiz sira esdan chiqmaydi.

— Qachon Buxoroga kelganingizda men xabardor bo'lay. Tag'in mehmonxonada to'xtasangiz, xafa bo'laman, — deb uylariga boshlab borganlar.

Bu ochiq ko'ngil, dilkash, boy hayotiy tajribaga ega inson bilan gurunglashganda, jiddiy chehrali G'ulom akaning hazilga moyilligi, yumorga boy hangomalarini tinglab, “Qaniydi, suhbat tugamasa” deya o'ylaydi kishi. Ustoz bilan tabarruk xonadonlarida, Toshkentda, ishxonada, sanatoriyda dildan gurunglashganmiz. Ijod haqida telefonda muloqot qilganmiz. Studiyada yangi she'rlarini o'qib berganlari, taniqli shoir Tilak Jo'ra haqida yozgan “Sog'inch” essesini “Bedorlik” adabiy eshittirishiga taqdim etganlari xuddi hozirgidek ko'z o'ngimda turibdi.

G'ulom aka g'ayratli, mas'uliyatli radiojurnalistlardan edi.

Buxoro viloyati paxta, pilla va g'alla sotish rejasini birinchilardan bo'lib bajargan paytlarda soha vakillari bilan intervyu uyushtirib, tezkor maxsus eshittirishlar tayyorlab, o'sha kuniyoq efirga uzatganlari va bu ishdan ko'ngillari to'lib, xursandchilik bilan yana Buxoroga, buxoroliklar bag'riga yo'l olganlarini aytmaysizmi?

U kishini yaqindan bilganlar faxr bilan “O'zimizning G'ulom aka!” deya e'zozlashardi. To'g'risi, G'ulom aka bilan tanishganimga, shunday radiojurnalist, chin shoir bilan hamkasb bo'lganimga, dildan suhbatlashganimga shukronalar aytaman! Ustozdan saboq oldim. Odamiyligiga, yashash va ishlash tarziga, oilaparvarligiga, farzandlar tarbiyasiga e'tiborliligiga, kamtarligiga, bir so'z bilan aytganda, ijobiy jihatlariga havas qilganman. Buni o'zlariga ham aytganman.

Bir gal telefonda yangi kitobi chiqayotganini aytdilar. Tabrikladim.

— Yangi kitobdagi she'rlaringizdan radiotinglovchilarga ham yetkazaylik, — dedim.

— Rahmat! Kitob chiqsa, albatta, olib boraman… — dedi u.

Ammo… afsus! Bu G'ulom aka bilan oxirgi gaplashish ekanligini qaydan bilibmiz? G'ulom Shomurodning vafoti haqidagi xabar qalbimni vayron qildi… G'ulom akaning nurli siymosi, ustoz haqida eshitgan va bilganlarimiz kino tasmasidek xayolimizdan o'ta boshladi.

Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi Alali qishlog'ida tavallud topgan G'ulom Shomurod tabiatan ziyrak bo'lganligi bois, bolaligidanoq tevarak-atrofga sinchkovlik bilan boqar, odamlar fe'l-atvorini yaqindan bilishga qiziqardi.

G'ulom aka shunday yozgan edi:

“Otam Shomurod Saidov umr bo'yi dehqonchilik-sabzavotchilik va polizchilik bilan shug'ullanganlar. Onam Muslima Mirafzal Mirhafiz qizi eski yozuvda savodlari yaxshi bo'lib, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab singari mashhur shoirlarning she'rlarini, ko'plab dostonlarni mutolaa qilardilar. Qishda sandal atrofida to'plangan mahallamizdagi ayollarga o'sha kitoblarni o'ziga xos ohangda o'qib berardilar. Mehmonlar onam o'qib bergan turkiy va forsiy asarlarni jon quloqlari bilan tinglashardi. Ularning kitobga nisbatan ishtiyoqini ko'rib, onamga bo'lgan mehrim yanada ortar, u kishi bilan faxrlanardim.

Mirafzal bobom shahardan qishlog'imizga tez-tez kelib turar, bunday chog'larda “Mullo bobo kelibdilar” deb uyimiz mehmonga to'lib ketardi. Bir gal bobom do'stlari — masnaviyxon Hoji Mardon hamda temirchi usta Baqo bilan kelib, bir haftacha mehmon bo'ldilar. Kitobxonlik qizigandan-qizidi. Hoji Mardon she'rlarni yoddan ashuladay cho'zib aytardilar, ulg'ayib, bilsam, u kishi Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma'naviy” kitobini yod bilar ekanlar. O'sha kitobxonliklar bolalik xotiramda o'rnashib qolgan”.

G'ulom Shomurod qalamiga mansub “Shabnam jilvasi”, “Oydinda kezaman”, “Navolarim”, “Vatan vasfi”, “Olam ichra olam”, “Qalbim qatrasi”, “Rangin ruhiyat”, “Zarrin yaproqlar”, “Marvarid donalar”, “Sog'inch sohili”, “Mehr mehvari” deb nomlangan to'plamlar chop etilgan. Shoir nafaqat katta yoshdagilar, balki kichkintoy kitobxonlar uchun ham quvnoq she'rlar yozishdan o'zgacha zavq ola bildi. G'ulom Shomurodning bolalarga bag'ishlangan ijod namunalari “Chaqmoq”, “Ko'klam qo'shig'i”, “Bobo shahrim”, “Usta va Amir”, “Bolajonlar bayrami” nomli she'riy to'plamlardan o'rin olgan.

“She'riyat… Bu tavsifu ta'rifi cheksiz bo'lgan shunday sirli olamki, unga kirdingmi, ixtiyoringni unga ber-u, bu yo'ldan chiqishni sira o'ylama. Yoshmisan, keksamisan, unga sodiq bo'l. Shundagina ko'ngling to'ladi va imkoning darajasida nimalargadir erishasan. Muxbir bo'lib ishlaganim, adoqsiz Qizilqumning dashtlari, qumliklari hamda yashil yaylovlarini kezganlarim, u yerdagi mard va tanti kishilar bilan tanishuvlarim ko'p vaqtni olgan bo'lsa-da, menga ilhom va huzur bag'ishladi. “Sahro sadolari” she'rlar turkumi, “Jabay” nomli dostonim shularning mevasi bo'ldi. Aslida, yozganlarimning hammasi ham hayotimning parchalaridir. Men ko'rganlarimni, kuzatganlarimni, bilganlarimni, quvonchu hasratlarimni yozdim va yozyapman. Aslida, ijodkorning baxti ham shunda bo'lsa kerak…” — degan edi G'ulom Shomurod.

G'ulom Shomurodning “Hurlik qasidasi” nomli she'riy asari asosida tayyorlanib, efirga uzatilgan radiokompozitsiyani O'zbekiston xalq artisti Tesha Mo'minov mahorat bilan o'qigan. Bu radioasar O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Oltin fond”idan o'rin oldi.

Taniqli adib, Davlat mukofoti laureati Omon Muxtor ta'kidlaganidek, “G'ulom Shomurodning she'rlarida ikki holat aniq ko'rinadi: hayotiylik va samimiyat. U havoyi ruhda so'z yuritmaydi, nimaiki yozsa, hayotdan olganini sezamiz, nimaiki yozsa, samimiyatni sezamiz. Shoirning Buxoroga bag'ishlangan she'rlari ko'p. Ularda manzara va kayfiyat aksar uyg'unlashib, ma'lum falsafiy fikrlarni sodda yo'sinda yoritishga yordam beradi”.

Darhaqiqat shunday. O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi G'ulom Shomurod qalamiga mansub she'rlar, g'azallar, dostonlar hamda xotira-esselarda shoir ona Vatanga bo'lgan cheksiz muhabbatni, tabiatga oshuftalikni, sevgi va sadoqatni, odamiylikni, mehr-oqibatni, yaxshilik va ezgulikni samimiyatga yo'g'rilgan nafis misralarda tarannum etdi. Betakror asarlar ustoz G'ulom Shomurod umrining davomiyligidan dalolatdir.

Eng muhimi, G'ulom Shomuroddan yaxshi nom, barakali ijodiy asarlar qoldi. Farzandu nabiralarga mehribon ota va bobo, ko'plarga sadoqatli do'st, shogirdlarga esa mehribon ustoz edi O'ZIMIZNING G'ULOM AKA!

Abdulla AYIZOV,

O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar

uyushmalari a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + 3 =