Najot qushlari (O'zbek harbiy uchuvchilari huzurida)
Havo hujumidan mudofaa qo'shinlari va Harbiy havo kuchlari qo'mondonligiga qarashli Chirchiq shahridagi harbiy aerodromning kuzatuv nuqtasida harbiy samolyotlarimiz va harbiy vertolyotlarimizning samoga ko'tarilishi, ayniqsa, ularning aerodromga qaytishlari, qo'nishlarini kuzatib zavqlarga to'lib turibmiz.
Bu shunchaki tomosha emas. Ko'rib turganimiz ertak, afsona emas. Bu haqiqat. Bu mo''jiza. Yuraging shunday yorug' hislarga to'ladiki, ta'riflashga so'z ojiz. Mana, O'zbekiston osmonining lochinlari, po'lat qalqonlarimiz, kumush qanotlarimiz.
Bizning g'ururlarimiz, bizning iftixorlarimiz.
Bizning ishonchlarimiz.
Harbiy aerodrom — qo'nimgoh.
Bu yerda yuraging mana shu maydon qadar kengayadi, go'yo harbiy uchuvchilarimizga qo'shilib samoga ko'tarilasan. Yuragingga osmon joylashadi. Boshing bulutlarga tegadi.
Bu holatni kuzatish, g'ururlanish, iftixorga to'lish kerak. Ha, men ana shunday — hayajon kishisiman.
Ha, men shoiraman. Yurtimni naqadar qudratli kuchlar qo'riqlab turganini his etar ekanman ko'zimdan sevinch yoshlari quyilib kelaveradi.
Ana osmonni larzaga solib harbiy samolyotlar uchib kelayapti, ular qo'nish maydonchasida maxsus harbiy qonun-qoidalar bilan kutib olinadi. Ularning harbiycha raport berishlari, hisobot topshirishlari, dadilliklari kishiga ayricha zavq bag'ishlaydi.
Men olamdagi eng tinch, eng baxtiyor yurtning farog'atini kimlar qo'riqlayotganini ko'rib turibman. Ulardan vatanga muhabbat, jasorat, harorat ufurib turibdi.
Birdan taskin topasan. Ishonch va xotirjamlik vujudingni qamrab oladi.
Favqulodda ro'y beradigan har qanday murakkab ob- havo sharoitlarida ham harbiy samolyot va harbiy vertolyotlarni mohirona boshqarayotgan O'zbekiston farzandlari: uchuvchilar, bort mexaniklari bilan suhbatlashish uchun kelgan yozuvchi ekanimni hisobga olib, meni Ispaniya davlatidan keltirilgan, qora marvariddek yaltirab turgan harbiy transport samolyoti bortiga taklif etishdi. Birinchi suhbatdoshim harbiy uchuvchi, samolyot komandiri, mayor Javlon Muhiddinov bo'ldi. Jizzax Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti hamda Rossiya Harbiy havo kuchlari Krasnodar filialini tugatgan, ona tilimizdan tashqari rus va ingliz tillarida bemalol so'zlasha oladigan bu yigitning siymosida men milliy armiyamiz saflarida po'lat qalqondek turgan ming-minglab harbiy qasamyodiga, Prezidentiga, xalqiga sodiq, mard o'g'lonlarimizning qiyofasini ko'rdim. Nihoyatda og'ir-bosiq bu yigit bolaligidan uchuvchi bo'lishni orzu qilganligi, hatto tushlariga samolyotlar kirganini gapirib berdi. Voyaga yetib, “Temur tuzuklari” asarini o'qigach, harbiy bo'lishni, harbiy bo'lganda ham harbiy uchuvchi bo'lishni ahd qilib qo'ygan ekan. Farzandining orzu-niyatlaridan xabar topgan otasi Valisher aka, onasi Lola opalar unga oq yo'l tilashdi. Ota va onaning roziligi Javlonga qanot bag'ishladi. U tanlagan yo'l mas'uliyatli va sharafli yo'l bo'ldi. “Men omadli harbiy uchuvchiman. Muhtaram Prezidentimiz, Qurolli kuchlar Oliy Bosh qo'mondoni Shavkat Mirziyoyevning rahbarligida armiyamiz modernizatsiya va diversifikatsiya qilindi, biz boshqarayotgan samolyotlar kabi zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta'minlanmoqda. Harbiy havo kuchlari va quriqlikdagi qo'shinlar texnikasining doimiy jangovar shayligini saqlash maqsadida yonilg'i moylash mahsulotlari bilan ta'minlash uchun o'zimizning Buxoro va Farg'ona neftni qayta ishlash zavodlari bilan shartnomalar orqali TS – 1 hamda Jet-1 rusumli aviakerosin va boshqa bir qancha turdagi moylash mahsulotlari sotib olinmoqda. Bizning liboslarimizga ham barcha havas bilan qaramoqda. Oilalarimizni ijtimoiy himoyalash va qo'llab-quvvatlash davlat siyosatining e'tibor markazida turibdi”, dedi u.
Yana bir suhbatdoshim uchuvchi, katta leytenant Abrorjon Xusinov. Jizzax Oliy aviatsiya bilim yurtini tugatgan bu o'ktam yigit, 2016 yildan buyon samolyotni mustaqil boshqarib keladi. Abrorjon bolaligidan yengilmas lashkarboshilar, uchuvchilarga bag'ishlangan filmlarni ko'rishga, shu mavzudagi kitoblarni o'qishga qiziqqanligini esladi. Otasi Muzaffar aka, onasi Muhabbat opalar uning aviasiyaga bo'lgan mehri va intilishini qo'llab-quvvatladilar. Kuchli jismoniy tayyorgarlik, ilmga chanqoqlik, bardoshlilik, harbiy uchuvchilik kasbiga ishtiyoq uni kamolot sari yetakladi. “Bolaligimda otam menga “Kasb tanlasang shunday kasbni tanlaginki, u odamlarga har lahza kerak bo'lsin”, degan edilar. Mening harbiy uchuvchilik kasbim xuddi shunday zarur kasb. Bu kasbni tanlaganimdan baxtiyorman”.
Zamonaviy harbiy uchuvchi uchun zarur bilim va ko'nikmalarga ega Abrorjondek o'g'lonlar Harbiy havo kuchlarimizning porloq kelajagi.
Uchuvchi, komandir yordamchisi, leytenant Albert Turdiyev va bort mexanigi, katta serjant Bahromjon Bozorovlar bilan ham dildan suhbatlashdik.
Albert otasi polkovnik Alisher Turdiyev va onasi Irina opalar boshdan uning tarbiyasida qattiqqo'l bo'lganini eslaydi. Ayniqsa, o'smir yoshida uni bir soat ham bekorchi bo'lishga, ko'chada bolalar bilan koptok tepishga, har xil ko'ngilochar davralarga borishga ruxsat bermas ekanlar.
Ilm olishga qiziqish bora-bora Albertning o'zida ham besamar vaqt o'tkazishga imkon qoldirmadi. U ertalab o'qishga, so'ngra sport zaliga va kutubxonaga chopar edi. U Jizzax Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga o'qishga kirganida o'rtoqlari o'zidan ham kuchli tayyorgarlik bilan kelganini ko'rdi. Harbiy uchuvchilikning hamma talablariga javob beradigan bu shunqor yigitning fikr doirasi kengligi, siyosiy yetukligi ko'zlaridan ko'rinib turibdi. Men uning parvozlariga omadlar tiladim.
Bort mexanigi Bahromjon Bozorov nihoyatda ochiq ko'ngil ekan. Uning ekipajda obro'si balandligi ko'zga tashlanib turardi. Tartib-intizomli, odobli, o'z kasbining ustasi. Tinmay izlanadigan Bahromjon ham harbiy xizmat uchun tug'ilgan lochinlardan. Havo sovuq, yog'ayotgan yomg'ir asta-sekin qorga aylana boshladi. Harbiy aerodromda esa hayot jo'sh uradi. Uchuvchilarning mardonavor qiyofalarini ko'rib, qish ekanligi, sovuq ekanligi xayolingdan chiqadi. Ularning har biri bir olam. Suhbatlari ham bir-biriga o'xshamaydi. Ammo ularning hammasi mendan bir narsani iltimos qilishdi. U ham bo'lsa, albatta, ustozlarining ism-familiyalarini qayd etib, ularga shogirdlari ehtiromini matbuot orqali izhor etish. Shunday yigitlarning iltimosini yerda qoldirib bo'larmidi?!
Mana ularning ustozlari: Rustam Nasriddinov, Baxtiyor Ahmedov, Arslonbek Sultonov, Aziz Hamroyev, Aziz Shojalilov, Fazliddin Ahmadillayev, Marlen Abibullayevlar.
Rahmat sizlarga aziz ustozlar! Yovqur, o'tkir farosatli, bir so'zli mardlar uchun rahmat! Vatan osmonining po'lat qalqonlarining qalbidagi vatanparvarlik deb atalgan muqaddas tuyg'u uchun rahmat!
* * *
Ha, havo hujumidan mudofaa qo'shinlari va Harbiy havo kuchlari qo'mondonligiga qarashli Chirchiq aerodromidaman. Yomg'ir yog'ib turibdi. Murakkab ob-havo sharoiti. Ammo bu aerodromda uchish bir lahza tingan emas. Qo'nish yo'lkalari bo'ylab ohista to'xtagan vertolyotdan tushib kelayotgan yigitlarni ko'rib diling yayraydi. Garchi atrofda qishning sovuq yomg'iri tinmaydi. Harbiy liboslari o'zlariga yarashgan, chaqqon, xatti-harakatlaridan o't chaqnab turgan harbiy vertolyotchilarimiz qiyofasidan atrofga, nafaqat atrofga butun olamga issiq harorat tarqalib turgandek go'yo. Ekipaj a'zolari va vertolyotga qarab mahliyo bo'lib turganimda yonimga hozirgina to'xtagan vertolyot komandiri Farhod Sharipovni boshlab kelishdi. Farhod hech shoshilmasdan gap boshladi. “Biz eng zamonaviy harbiy vertolyotlarda uchamiz. Men boshqarayotgan vertolyot Fransiyadan keltirilgan. “AIRBUS HEUTCOPTERS” kompaniyasi texnik mutaxassisi, instruktor Solinyak Terri bizni bu mo''jizaviy “qush”ning sir-asrorlari bilan tanishtirdi. Sinovlar, saboqlar ingliz tilida olib boriladi. Solinyak Terri fransuz, men o'zbek darslar ingliz tilida qiziq bo'lar ekan. Ekipajimiz a'zolari ikki oy mobaynida vertolyotning har bir detalini, nimaga xizmat qilishini o'rganib oldik”.
Eng zamonaviy bu harbiy vertolyot bizning iqlim sharoitimizga mos. Yozning jaziramasiyu qishning ayozlari bunga pisand emas.
“Noqulay ob-havo sharoitida ham uchaverasizlarmi?” — so'rayman xavotir bilan. Albatta murakkab ob-havoda vertolyotlarga uchishga ruxsat berilmaydi. Shunday bo'lsada, biz doimo shay holatda turamiz”, deydi u.
Farhod Sharipov ham Jizzax Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini tugatgan. U ustozlari: podpolkovnik Mixail Son va podpolkovnik Abdusattor Mavlonbekovlarning shogirdi ekanidan g'ururlanadi. Uning uchun ustoz — yengilmas qoya.
“Ustozim podpolkovnik Mixail Sonning har qanday murakkab holatlarda to'g'ri xulosa chiqara olishi, bizga ham aniq ko'rsatmalar berishini hurmat qilaman. Ha, yerdagi gap osmonga to'g'ri kelmaydi. Shunday kunlar, shunday uchishlar bo'ladiki, bir-biriga hech ham o'xshamaydi. Goho murakkab sharoitlardan bilim, mahorat, farosat, tajriba va Allohning karami bilan chiqib ketiladi. Bizda har bir lahza g'animat. Vertolyotlarimiz davlatimizni, aviatsiyamizning bebaho mulki hisoblanadi. Bunday zamonaviy transportga ega bo'lish faqat qudratli davlatlarga nasib etadi”, deya ta'kidlaydi Farhod Sharipov.
* * *
Harbiy aerodromdan qaytishim oldidan havoga ko'tarilayotgan harbiy samolyot va vertolyotlarimiz — najot qushlarimizning ortidan mamnun kuzatib qoldim va o'g'lonlari harbiy uchuvchi bo'lgan onalar kabi duolar qildim: O'g'lim! Sen samodasan ammo oyog'ing yerda, men esa yerdaman yuragim esa doimo sen bilan birga. Yer bilan osmonni onalarning iltijolari, duolari bog'lab turadi.
O'g'lim! Mening yoshim o'tib qolgan, ammo bilginki men doimo sen bilan faxrlanaman! Sen harbiy uchuvchi bo'lib “najot qushi” ni boshqarayotgan kuningdan mening ko'ksimda tog' o'sib chiqdi.
Sen Vatan posbonisan. Mening keksalik farog'atim, oilang, farzandlaringning tinch va farovon hayotda yashashi uchun suv va havodek zarursan. Hayoting millionlar hayoti uchun mas'uldir. Doimo hushyor bo'l! Allohning panohida bo'l!
Zulfiya MO'MINOVA,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi