Ilm, tafakkur bilan yangi uyg'onish sari

Dunyoni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash, avloddan-avlodga mukammal yetkazish, odam zotining zimmasidagi   mas'uliyat. Bunda Yaratgan Egamning bizga bergan buyuk inoyati – ilm-zakovat, fahm-farosat, odamiylik burchi muhim ahamiyat kasb etadi. Tarix shohidki, ilm yo'lini tutgan davlatlar gullab-yashnagan, muammolar aql-id­rok bilan hal etilgan. Inson tafakkuri olis yulduzlargacha yetib borgan.

 

Islomiy manbalarda Kasir ibn Qaysdan qilingan quyidagi rivoyat keltiriladi: “Men Rasululloh (s.a.v)dan quyidagilarni eshitdim: “Kim ilm talab qilish yo'lini tutsa, Alloh unga jannat yo'lini oson qilib qo'yadi. Olimga osmondagi va yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig'for aytadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o'xshaydi. Olimlar nabiylarning merosxo'rlaridir. Nabiylar o'zlaridan dinor ham, dirham ham meros qoldirishmagan. Ular ilm­­ni meros qoldirishgan. Kim o'shani olsa, ulug' nasibani olibdi”.

Payg'ambarimiz sahobalaridan Abu Zarr rivoyat qilgan hadisda bunday de­yiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Olimning majlisida hozir bo'lish ming rakat namozdan, mingta kasalni borib ko'rishdan, mingta janozada ishtirok etishdan afzaldir”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, Qur'on tilovatidan ham yaxshiroqmi?”, deb so'rashdi. Payg'ambarimiz (s.a.v.) “Ilm bo'lmasa, Qur'on tilovati foyda beradimi?”, dedilar”.

Ilm xosiyati haqida ko'p ulug' fikrlar aytilgan. Mustaqilligining 30 yilligini nishonlashga hozirlik ko'rayotgan yurtimiz ma'naviy-ma'rifiy hayotida yuz berayotgan salmoqli o'zgarishlar xususida gap ketganda, shubhasiz, O'zbekistonning ilmiy tafakkur olamiga qaytayotgani birinchi   galda tilga olinadi.

 

Chunki, ilm shunday ulug' kuchki, uning qurbi yetmaydigan biror muammo yo'q. Ilmning al-zakovat chirog'i bilan yoritilgan yo'l insoniyatni hidoyatga, tinchlik-totuvlikka yo'naltiradi. Shu boisdan ham davlatimiz rahbarining BMT minbarida turib, “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish to'g'risidagi taklifi, 2020 yilga “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berilishi, “Milliy tiklanishdan – milliy taraqqiyot sari”, degan qutlug' maqsad hayotimizga, ong-shuurimizga yangicha shukuh baxsh etdi. O'zbekistonning dunyo hamjamiyati oldidagi ma'naviy nufuzi oshdi: biz ilm-fan taraqqiyotiga, yangi zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanishga, raqamli iqtisodiyotni yo'lga qo'yishga, yangicha dunyoqarashga ega yangi kadrlarni tayyorlashga, bir so'z bilan aytganda, ilm-ma'rifat yo'lini tutib, odamlarning turfa xil talab va ehtiyojlarini   qondirish, jamiyatning barcha a'zolari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, o'z hayotlaridan rozi bo'lib yashashlariga erishishni o'zimiz uchun bosh maqsad qilib belgiladik.

To'rt yil tarixan qisqa muddat. Ammo uning har kuni, har bir soati boy mazmun-mohiyatga, amaliy natijaga egaligiga shohidmiz. Ichki va tashqi siyosatda inson manfaati bilan bog'liq yangi sahifalar ochildi, yetakchi xorijiy davlatlar, birinchi navbatda, qondosh va jondosh qo'shni mamlakatlar bilan ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalari yo'lga qo'­yildi.

O'zbekiston rahbarining yaxshi qo'shnichilik, o'zaro ishonch va hurmat-ehtiromga asoslangan siyosati mintaqa ijtimoiy-ma'naviy hayotiga ham ta'sir ko'rsatdi. Davlat-jamiyat-shaxs munosabatlari ochiqlandi. Har bir kishida, ayniqsa, yoshlarda islohotlarga daxldorlik tuyg'usi paydo bo'ldi,   tashabbuskorlik, yetakchilik kayfiyati yuzaga keldi. Aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash tizimi muttasil ravishda takomillashayotgani, yosh oilalar har jihatdan qo'llab-quvvatlanayotgani, muhtoj va nogironlarga uy-joy berilayotgani dunyo miqyosida olganda ham yangilikdir.

O'zbekiston bugun davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo'lidan bormoqda. Bu bejiz emas, albatta. Chunki, milliy taraqqiyotga erishishning boshqa samarali yo'li yo'q. Zamon shiddat bilan rivojlanib borar ekan, bunday sharoitda jamiyatga yangi fikr, yangi g'oya, yangi innovatsion siyosat, yangi yetuk kadrlar zarur bo'ladi. Busiz ko'zlangan marralarga yetib bo'lmaydi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponiya va boshqa davlatlar ayni shu yo'lga o'tib, qisqa vaqt ichida mamlakat iqtisodiyotini qayta yo'lga qo'ya olganlar.

Yillar bir-biridan   farq qiladi. Xuddi shunday, bugungi dunyo ham kechagi emas. Har bir davlat o'z manfaati uchun kurashadi, bu kurashda   tabiiy boyliklar tasarrufini qo'lga kiritish, o'zga xalqlarning turmush tarzini “zamonaviylashtirish”, olomon madaniyatini targ'ib qilish orqali yoshlarni befarqlik va bundan kelib chiqadigan xudbinlik kasaliga mubtalo qilish maqsadi yotadi. Mafkuraviy xuruj ko'rinmas ofat yanglig' xalq, millat hayotiga kirib keladi, yoshlar ongida ildiz otadi, odob-axloq qoidalarini yemiradi, ong-shuurda xiyonat va sotqinlikka mayl uyg'otadi. Bu xurujlarga ilmiy tafakkur, mustahkam imon-e'tiqod bilangina qarshi turish mumkin.

Bugun jamiyatimizda tafakkur uyg'oqligi mavjud, ilm eshiklari ochiq, desak mubolag'a bo'lmaydi. Uyg'oqlik   davlat va jamiyatni harakatda, demakki, rivojlanishda ushlab turadi, taraqqiyot yo'llarini ochadi. Fikr mudray bosh­lasa, jamiyat mudroqlik, e'tiborsizlik kasaliga mubtalo bo'ladi.   Abu Homid G'azzoliyning quyidagi fikriga e'tibor bering: “Sunnatda bir soat fikr qilish bir yillik nafl ibodatidan yaxshidir. Fikr – nur kaliti, fahmlash ibtidosi. U ilmlarni ovlaydigan to'rdir…”.

Ilmlarni egallashdagi sustkashlik, beparvolik xususida ko'p va xo'b yozilgan. Jumladan, taniqli mutafakkir   Ismoil Gasprinskiy “Tarjimon” gazetining 1883 yil 15-sonida e'lon qilingan “Mehnat va taraqqiyot” nomli maqolasida quyidagi satrlarni kuyunib yozgan edi: “Muallimlik (bizda) qadrsiz, sharafsiz. Maktablar nochor. Madrasalar nochor. Londonga boring-da, birinchi duch kelgan maktabga kiring: 10-12 yoshlik bolalarning fikr-qarashlari qanaqa? Bizdagi qirq yoshlik kishilardek fikrlaydilar. Bir necha til o'rganadilar, yetti-sakkiz fan o'qiydilar… Maktabda ilm o'rgatiladi. Ko'chaga chiqsangiz, oddiy odamlar huquq va falsafa, ijtimoiyot va siyosat haqida shunday fikrlaydilarki, hayron qolasiz. Kutubxonalarda xilma-xil tillarda millionlab kitoblar… Fabrika-zavodlarga kirgudek bo'lsak, unda ko'rganlarimiz biz uchun oxirzamonning naqd o'zi: besh yuz yillik eman qalinligidagi ma'danni yog'day kesadilar, ming pudlik temir cho'kich uni   dazmollab, inja (nafis) tunukaga aylantiradi. Inglizlar bunga mehnat va bilim tufayli erishdilar…”.

E'tibor qilish kerakki, G'arb olami bunday darajaga “Sharqdan shovlab oqqan shon” (Cho'lpon) tufayli, ya'ni ulug' ajdodlarimizning ilmiy merosi tufayli erishdi. Shunday bo'ldiki, hayotimizda, turmush tarzimizda va ayniqsa, tarbiya ishida mavjud bo'lgan noqisliklar, fe'l-atvorimizdagi nuqsonlar, beparvolik, tanballik, mahalliychilik kayfiyatlari xususida gap ochilsa, ko'plar bularning hammasiga bugungi “alg'ov-dalg'ov zamon aybdor” deb keldik. Aslida-chi? Bu savolga shoir Tavallo o'z vaqtida g'oyat o'rinli javob bergan:

 

Teskari demang, zamon,

                    bizning yurishlar teskari,

Eldin ibrat olmayin,

                    bizda turishlar teskari.

Yo'q demang, bizda muharrir,

                              shoir, ey, ahboblar,

“Oy yuzungdan, voy ko'zungdan”

                             deb yozishlar teskari.

O'zgalar tong otmayin

                           maktabga yuzlanganida,

Tushgacha uyg'onmayin bizda

                                 yotushlar teskari…

 

Tarixning bu saboqlarini unutish mumkin emas. Bugungi murakkab sharoitda har bir davlat o'zi ko'zlagan   maqsad sari intilar ekan, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishga harakat qilmog'i lozim. Bugungi kunlarimizning yorqin voqealaridan biri davlatimiz rahbarining ilm-fan rivojiga g'oyat keng mahsuliy e'tibori desak, chin haqiqatni aytgan bo'lamiz. Falaj ahvolga tushib qolgan Fanlar akademiyasi tomirlariga qayta jon kirgani ko'z o'ngimizda sodir bo'ldi, akademiya tarkibida yangi ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Mamlakatimiz oliy o'quv yurtlarining soni bir yuz o'ttizdan oshdi, nufuzli xorijiy o'quv yurtlarining filiallari O'zbekistonda faoliyat bosh­ladi, kechki va sirtqi bo'limlar tiklandi. Malakali shogirdlar yetishtirgan olimlarga e'tibor kuchaydi, “Ustoz-shogird” an'analari qayta yo'lga qo'yildi. Oliy o'quv yurtlari rahbarlariga ma'lum mustaqillik berildi. Eng muhimi, “kvota” degan to'siq bekor qilindi. Faqat futbolda emas, ilmiy yo'nalishda ham o'ziga xos “seleksiya” bilan shug'ullanish, iqtidorli yoshlarni imtiyoz asosida, tegishli yo'nalishlarda katta natijalarga erishganlarni imtihonsiz o'qishga qabul qilish tajribasi sinovdan muvaffaqiyatli o'tdi. Ta'lim sohasini tubdan isloh qilish, yangi professional ta'lim tizimiga o'tish jarayoni boshlandi. Bu jarayon ushbu sohada ishlaydigan xodimlarning malakasini oshirish, ilg'or dunyo­viy tajribalar bilan qurollantirishni, bir so'z bilan aytganda, ta'limga ya'ni strategiya nuqtai nazaridan yondashishni talab etadi. Shu bois mamlakatimizda ishga tushirilgan innovatsion ishlab chiqarish quvvatlariga yangicha fikr­laydigan, keng qamrovli bilim va amaliy tajribaga ega mutaxassislar jalb etilmoqda. Misrlik taniqli olim Ahmad Sa'd Damanhuriyning fikricha, Samarqandda imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ochilishi sog'lom aql va to'g'ri naqlni o'zida mujassam etgan haqiqiy salafi solihlarning aqidasini o'rganish va targ'ib qilish bugun dunyo­­da o'ta xavfli tus olgan ekstremizm va terrorizmga qarshi samarali kurashish imkoniyatini beradi. Ko'p­lab kuzatuvchilar O'zbekis­ton rahbarining ta'lim sohasidagi islohotlari mamlakat ilmiy hayotida   katta sifat o'zgarishlari yuz berishi mumkinligini ta'kidlamoqdalar.

Albatta, “Rim bir kunda qurilmagan” deganlaridek, bu borada hali muammolar ham kam emas. Ammo inson hamisha yaxshi kunlarga umid qilib yashaydi. Hayoti, turmush tarzi o'zgargani sari ko'nglida yangi-yangi orzu-umidlar paydo bo'ladi. Bundan ming, ikki ming yil avval ham shunday bo'lgan. Bugun hayotning barcha sohalari mislsiz darajada rivojlangan, inson oyog'i Oygacha, tafakkuri boshqa galaktikalargacha yetib borgan sharoitda ham yanada yaxshiroq yashash umidi   so'ngani yo'q va so'nmaydi ham. Olimlarning fikricha, ilmu ma'rifat, aqlu idrokda donishmandlik darajasiga yetgan va bu yorug' olamda kamida yuz yil yashagan kishi o'z imkoniyatlarining atigi bir necha foizidan foydalangan bo'lar ekan, xolos. Shunday ekan, “Harakatda barakat”, degan naql yodimizdan chiqmasligi kerak.

To'rt yil har jihatdan olganda ham bir zumlik vaqt. Ammo uning har kuni, har bir soatida o'ziga xos mazmun-mohiyat mavjud. Shu qisqa muddat ichida O'zbekiston yangi ijtimoiy-ma'naviy qiyofaga ega bo'ldi. Hech qachon ortga qayt­maydigan yo'li, maqsad-muddaosi, yaqin kelajakka mo'ljallangan Harakatlar strategiyasi shakllandi. Mamlakatimiz madhiyasida e'tirof etilganidek, xalqimizning ulug' qudrati jo'sh urdi, tashabbuskorlik, ishbilarmonlik umumxalq harakatiga aylandi. Bularning barchasi mamlakatimiz o'zining ilm-fan sohasidagi dunyoviy shon-shuhratli yillariga dadil qaytayotganidan dalolat beradi. Bu qaytish, chindan ham, yangi Uyg'onish bo'ladi.

Ahmadjon Meliboyev,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + three =