Ular 18 ming nafar…
Aslida savob, qilinadigan yaxshilik haqida ko'p gapirilmaydi. Yaratganning o'zi har bir ezgu amal uchun mukofotini beradi. Bu albatta, to'g'ri.
Ammo hayotda yordamga, o'zgalar parvarishiga, e'tiboriga muhtoj insonlar uchun o'z hayotini bag'ishlagan shunday insonlar borki, ular haqida ikki og'iz so'z aytsak, noo'rin bo'lmasa kerak. Qolaversa, Yurtboshimizning tashabbusi bilan tashkil etilgan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi zimmasiga ana shunday ezgu vazifalar ijrosi ham yuklatilganligi bejiz emas.
Xabaringiz bor “Keksalar haftaligi”ga tayyorgarlik ko'rish va uni yuqori saviyada o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 16 sentyabrdagi 158-son bayoni tasdiqlangan edi.
Mazkur hujjat asosida respublikamizda shu yilning 6-10 oktyabr kunlari “Keksalar haftaligi” o'tkazildi. Ushbu haftalik doirasida Agentligimiz tizimidagi tashkilotlar 184 ta tadbir o'tkazdi. Shunda ommaviy axborot vositalarida 107 ta chiqish qilindi. O'tkazilgan tadbirlarda tizim bo'yicha jami 31815 nafar keksa pensioner va nogironligi bo'lgan shaxslar ishtirok etib, homiylar yordami va tashkilotimiz hisobidan jami 1 milliard so'mdan ortiq mablag' sarflandi. 4634 nafar uyida yotib qolgan va o'zgalar parvarishiga muhtoj va yakka-yolg'iz keksalarning holidan xabar olindi. Keksalar va nogironligi bo'lgan muhtoj shaxslar reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta'minlandi.
“Keksalar haftaligi” doirasida o'tkazilgan tadbirlarda muhtojlarga jami 3890 ta protez-ortopediya moslamalari, reabilitatsiya texnik vositalari, sihatgohga yo'llanmalar bepul yetkazib berildi. 4634 nafar yakka-yolg'izlarning uyiga borib holidan xabar olindi. Haftalik kunlarida 85072 nafar yoshi ulug' insonlar tibbiy ko'rikdan o'tkazildi. O'tkazilgan mana shu savobli ishlarda tibbiy-ijtimoiy xizmat xodimlari faol ishtirok etdilar.
Yurtimizda yolg'iz va yolg'iz yashaydigan keksa va nogironligi bo'lgan shaxslarga uyida ijtimoiy-maishiy xizmat ko'rsatish ko'lami kengaytirildi, keksalar va nogironligi bo'lgan shaxslarning reabilitatsiyasi va ijtimoiylashuvi samaradorligi yildan yil oshirilmoqda.
Oramizda taqdir taqozosi yoxud yaqinlarining oqibatsizligi sabab yolg'iz qolganlar topiladi. Ayniqsa, yoshi ulug'lar, nogironligi bo'lgan shaxslar uchun buning yuki juda-juda og'ir. Ijtimoiy xodimlar o'zining samimiy mehri, e'tibori bilan ana shu kemtiklikni ularga sezdirmaslikka, bilintirmaslikka hamisha shay. Kerak bo'lsa, ular orasida o'sha yaqinlaridan ham mehribon, jonkuyar va rahmdil xodimlar talaygina. Ular avvalo, qalb amri bilan shu kasbni tanlaydilar. Ijtimoiy xodimlar – mana shunday kishilar sirasidan.
Hozirgi kunda 18 ming nafarga yaqin yolg'iz va yolg'iz yashaydigan keksa va nogironligi bo'lgan shaxslardan 4 ming nafari yakka-yolg'izlar va 14 mingini yolg'iz yashaydiganlar tashkil etadi. Ularga 2244 nafar ijtimoiy xodimlar tomonidan uyda ijtimoiy-maishiy xizmat ko'rsatib kelinmoqda. O'zini o'zi boshqarish organlari bilan birgalikda 4 ming nafar yolg'iz, o'zgalar parvarishiga muhtoj keksa va nogironligi bo'lgan shaxslarga har oyda bepul 19 turdagi mahsulotlar yetkazib berilmoqda.
Ijtimoiy xodimlar yolg'iz ehtiyojmandlarning uyida ularning xuddiki oila a'zosi kabi ularga g'amxo'rlik ko'rsatadi. Salomatligi uchun qayg'uradilar, hattoki uy yumushlari, bozor-o'charlari uchun yelib-yuguradilar. Mehr-muruvvat hammamizda bor. Faqat uni bu tarzda in'om etish barchaning ham qo'lidan kelavermaydi.
…Joriy yilning 5 noyabr kuni Qo'qon shahridagi “Temiryo'lchilar” madaniyat saroyida “Yilning eng yaxshi ijtimoiy xodimi” kasbiy ko'rik-tanlovining respublika bosqichi bo'lib o'tdi.
“Yilning eng yaxshi ijtimoiy xodimi” ko'rik-tanlovi ishtirokchilari buni so'zda ham, amalda ham isbotlay oldi.
Mazkur tanlov davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 iyundagi tegishli qaroriga asosan har ikki yilda bir marta o'tkaziladi. Maqsad ijtimoiy xodimlarning mehnatini qadrlash, ularning mashaqqatli va fidokorona faoliyatini xalq orasida keng targ'ib qilishdan iborat.
Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida birinchi o'rinni egallagan 14 nafar ijtimoiy xodim kuch sinashdi.
Bellashuv jarayonlari, ko'rik-tanlov shartlari va ijtimoiy xodimlarning sohaga oid bilimi, me'yoriy-huquqiy hujjatlarni bilish darajasi hamda zukkoligi nufuzli hakamlar hay'ati tomonidan munosib baholab borildi. O'z ishida ham, oila va jamiyatda ham faol va tashabbuskor ijtimoiy xodimlarning yuksak hamda mas'uliyatli mehnatlari xususida ijobiy fikrlar bildirildi. Barcha shartlarda faol ishtirok etib, yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilar hamkor tashkilotlarning qimmatbaho va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
Birinchi o'rinni Farg'ona viloyati, Oltiariq tumani ijtimoiy xodimasi Shohida Uzoqova qo'lga kiritdi.
Ikkinchi o'rinni Andijon viloyati, Shahrixon tuman tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sho''basi ijtimoiy xodimasi Dilfuzaxon Karimova, Namangan va Toshkent viloyatining ijtimoiy xodimlari – Namangan viloyat Davlatobod tuman tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo'limi ijtimoiy xodimasi Gulchehra Nizamova, Parkent tumani Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo'limi ijtimoiy xodimasi Matluba Shamshiyevalar faxrli uchinchi o'rinni egallashga muvaffaq bo'lishdi.
Umrini yakka-yolg'iz hamda yolg'iz istiqomat qilayotgan insonlarga xizmat qilishdek oliyjanob ishga bag'ishlagan ijtimoiy xodimlarning sa'y-harakatlari, mehnati va matonati yuksak tahsinga, e'tiborga, e'tirofga, ehtiromga loyiqdir.
Farg'ona viloyati va Farg'ona shahar hokimliklari va O'zbekiston Sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi boshqa bir qancha tashkilotlar ushbu tadbirning o'tkazilishida katta ko'mak berishdi.
B. KARIMOV,
O'zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o'rinbosari