Zarmitan o'g'loni
Mustaqilligimizning o'ttiz yilligi oldidan yurtimiz ravnaqi, mustaqilligimizning mustahkamlanishiga munosib hissa qo'shayotgan turli soha vakillari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar. Ular orasida o'zining 28 yillik mehnati bilan jamoasi orasida alohida hurmatga ega “Zarmitan” koni lahimchisi Shavkat Tursunov ham bor. U “Do'stlik” ordeniga munosib topildi.
Og'ir va xavfli kasb egalari sanaladigan shaxtyorlar yer ostida belgilangan talablar asosida maxsus texnika jihozlari yordamida mehnat qilishadi. Janubiy kon boshqarmasining “Zarmitan” konida bir oila a'zolaridek, ahillik bilan mehnat qilayotgan kon ishida muhim ahamiyat kasb etuvchi rudani qazib oluvchi konchilar, elektrchilangarlar, texnikalarga xizmat ko'rsatuvchilar, mashinistlar va boyliklar sari yo'l ochuvchi lahimchilar tanlagan kasblari og'ir bo'lishiga qaramay, shu sohada faoliyat olib borayotganliklaridan doimo faxrlanishadi. Sababi, yerning 500-600 metr chuqurligiga tushish va ishlash hamma uchun ham emas. Barcha narsaning o'z qonun-qoidalari bo'lgani kabi shaxtada ishlaydigan kishi ham har jihatdan, jismonan va ruhan sog'lom, shuningdek, irodali, chuqur bilim va matonat egasi bo'lmog'i lozim.
Qahramonimiz xonadonida bo'lganimizda, nevaralarini erkalab, ularga ertaklar aytayotganiga guvoh bo'ldik. Beg'ubor bolalik damlarida unga bobosi ham nabirasi konchilik kasbini egallashini niyat qilgan bo'lsa, ajabmas.
…Qo'shrabotning “Buloq” qishlog'i o'zining so'lim tabiati, qir-adirlar bo'ylab turna qator yoyilib yotgan hovlilari, ularda istiqomat qilayotgan bag'rikeng insonlari bilan fayziyob go'shaga aylangan. Dehqonchiligu chorvachilikning hadisini olgan buloqliklarning qaysi bir xonadoniga tashrif buyurmang nekbinlik, shukronalikni tuyasiz.
1971 yilning 15 fevralida ushbu ko'hna qishloqning Kubay Tursunov xonadonida yettinchi farzand dunyoga keldi. Ota-onasi yaxshi niyatlar bilan Zarmitanning shonu shavkatini mashhur qilsin deb unga Shavkat ismini qo'yadilar.
Har qanday mehnatga munosib rag'bat bo'lishi unda bolalikdanoq shakllandi. Otasi qishloqda traktorchi sifatida ishlab yurgan kezlarda qishloq xo'jaligini rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun uni qo'l soat bilan taqdirlashdi. Bu e'tibordan ruhlangan xonadon egalari uchun o'sha kun bayramga aylandi. Shunda qahramonimizda voyaga yetib, bir kasbning muqim egasi bo'lish, mehnati qadrlanib, yuksak mukofotlarga sazovor bo'lishga ishtiyoq uyg'onadi. Maktabni a'lo baholarda tamomlagach, undagi istak va xohish konchi bo'lishga yetakladi. O'sha paytda undagi intiluvchanlik va tirishqoqlikni ko'rgan tajribali kon lahimchilari Fozil Qayumov va Karomat Nurmonovlar ustozlik qilishdi, kasb sir-asrorlarini o'rgatishdi.
– Shavkat Kubayevich oddiy lahimchi sifatida katta jamoamiz orasida katta obro'-e'tibor qozondi, o'nlab shogirdlarni tarbiya qildi, – deydi “Zarmitan” koni boshlig'i Tolliboy Yuldashev. – Konda bugungi kunda 1700 nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qilayotgan bo'lsa, ularning barchasi Shavkat akani yaxshi taniydi, hurmat qiladi.
Konda asosiy yer osti kon ishlari mexanizatsiyalashtirilgan bo'lib, bu yerda Germaniya, Shvetsiya, Rossiya va Finlyandiyada ishlab chiqarilgan yuqori quvvatga ega texnikalardan unumli foydalanilmoqda. Shavkat Tursunov faoliyat ko'rsatayotgan uchastkada ma'dan qazib olish rejasini bajarishda katta mas'uliyat bilan yondashib kelinyapti. Shu bois 2014 yilda Janubiy kon boshqarmasi tomonidan o'tkazilgan tanlovda qahramonimiz “Ilg'or lahimchi” nominatsiyasi g'olibi deb topilib, faxrli birinchi o'rin berilgan edi.
U ma'dan qazib olish reja topshiriqlarini bajarishda bor kuch-g'ayratini sarflab, rejani 124 foizgacha oshirib uddalamoqda. Ustoz-shogird amaliyotini keng targ'ib etgan holda, bugungi kunga qadar institut, kasb-hunar kollejlarini tamomlagan 40 nafarga yaqin yosh mutaxassisga murabbiylik qilmoqda. Boy kasbiy tajribasini yoshlarga o'rgatib, ularni o'z kasbining mutaxassisi darajasiga yetkazdi.
Ish faoliyatidan tashqari u o'zi yashab turgan mahallada ham hurmat va e'tiborga ega, mahalladagi tashkiliy, ma'naviy-ma'rifiy ishlarda, mahalla yig'inlari, obodonlashtirish tadbirlarida faol qatnashib turadi. To'rt nafar farzandini o'qitdi, qizlarini turmushga chiqardi. Ikki o'g'li oliy ta'lim dargohlarida tahsil olmoqda.
Malakali mutaxassis, jonkuyar maslahatchi, talabchan xodim sifatida o'nlab shogirdlari hozirda muhim ishlab chiqarish ob'yektlarida samarali faoliyat yuritmoqda. Xolmurod Bo'ronov, Habib Ko'bayev, Akmal Xudoyqulov, Aktam Yo'ldoshev, O'ktam Jiyanov kabi kon lahimchilari katta tajribaga ega mutaxassislarga aylanishgan. O'ziga yuklatilgan vazifalarni sharaf bilan uddalayotganligi uchun Shavkat Tursunov Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbariyati tomonidan “Konchilik shuhrati” ko'krak nishoni to'liq kavaleri hisoblanadi. U endilikda muhim bayram sanalarida, el orasida bo'lganida, “Do'stlik” ordeni ko'ksini bezab turadi.
Azamat ZARIPOV.
Muallif olgan suratlar.
