KASABA UYUSHMALARI — MEHNATKASHLARNING HAMKORI VA TAYANCHI

Yurtimizda inson manfaatlari yo‘lida izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar barcha jabhalarda bo‘y ko‘rsatmoqda. Bunday muvaffaqiyatlar esa xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlab, shaxdam qadamlar bilan olg‘a intilayotgan har bir kishida faxr-iftixor hissini uyg‘otayotir.

 Mamlakatni modernizatsiya qilish, adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” g‘oyasini hayotga izchil tatbiq etish borasidagi islohotlar natijasida, nodavlat notijorat tashkilotlar, jumladan, kasaba uyushmalariga ham barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Bundan unumli foydalangan holda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mehnatkashlar manfaati yo‘lida keng ko‘lamli ezgu ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Xususan, mamlakatimiz kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida salmoqli natijalarga erishib kelyapti. Olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari soni ham ortib bormoqdaki, bu ularda mehnat qilayotgan xodimlarning ham jamoa shartnomalarida belgilangan qator imtiyoz va kafolatlardan foydalanish imkonini bermoqda.

Biz tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan jamoatchilikni kengroq tanishtirish maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi Tanzila NORBOEVA bilan suhbatlashdik.

– So‘nggi yillarda kasaba uyushmalari aholini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash, korxona, tashkilot va muassasalarda jamoa shartnomalarining to‘liq amal qilishi hamda ijtimoiy sheriklikni yanada kuchaytirish borasida salmoqli natijalarga erishmoqda. Shu xususda gazetxonlarimizga kengroq ma’lumot bersangiz.  

– Istiqlol yillarida Davlatimiz rahbari tomonidan inson manfaatlarini ko‘zlagan holda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yildan-yilga xalqimiz turmush darajasi va sifati ortib bormoqda. Shu bois ham jahon hamjamiyatining yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohot hamda yangilanishlarga bo‘lgan qiziqishi va e’tibori tobora kuchaymoqda.

Bu jarayonda mamlakatimizda davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan samarali ijtimoiy muloqot va ijtimoiy sheriklik muhim ahamiyatga egadir. Zero, mazkur mexanizm ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida yuksak natijalarga erishish imkoniyatini kengaytirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida imzolangan Bosh kelishuv, respublikamizda amal qilayotgan 95 ta tarmoq kelishuvi, 14 ta hududiy kelishuvdan kelib chiqqan holda bugungi kunda bevosita korxona, tashkilot va muassasalarda 122 ming 619  ta jamoa shartnomasi amal qilmoqda. Ya’ni respublikamizda kasaba uyushma a’zolari mehnatidan foydalanuvchi yuridik shaxslarni jamoa-shartnomaviy munosabatlar bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 99,3  foizni tashkil etmoqda. Ushbu ko‘rsatkich dunyo miqyosida ham yuqori hisoblanadi.

Bugungi kunda Jamoa shartnomalariga bandlik kafolatlari, ish vaqti va dam olish vaqti, mehnatga haq to‘lash, kafolatli to‘lovlar va kompensatsiya to‘lovlari, mehnatni muhofaza qilish, ijtimoiy imtiyoz va kafolatlar, madaniy-ma’rifiy, jismoniy tarbiya, sog‘lomlashtirish va sport ishlari, ayollar mehnatini tartibga solish, ayollar va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul shaxslarga beriladigan qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar, yoshlar uchun qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar, mehnat nizolarini hal etish kabi me’yorlar kiritilgan.

Natijada xodimlar qonunchilikda ko‘zda tutilgan imtiyoz va kafolatlardan tashqari qo‘shimcha imtiyoz va qulayliklarga ega bo‘lib borayotir. Xususan, jamoa shartnomalarida xodimlar uchun uzaytirilgan asosiy va qo‘shimcha ta’tillar o‘rnatilgan. Har yili jamoa shartnomalari orqali 59 mingdan ortiq korxonada 15 ish kunidan ko‘p miqdordagi asosiy uzaytirilgan ta’tillar o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu imtiyozdan qariyb 3  million nafar xodim foydalanmokda.

Bundan tashqari har yili yanvar – aprel oylarida jamoa shartnomalari yakunini muhokama etish va yangisini qabul qilish jarayoni amalga oshiriladi. Muhokamalar jarayonida ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘z majburiyatlarining amalga oshirilishi yuzasidan mehnat jamoasi oldida hisobot beradilar. Bu jarayonda albatta mehnat jamoasi vakillari ham o‘z taklif va mulohazalarini bildiradilar. Yangi qabul qilinayotgan jamoa shartnomalariga Prezidentimizning qaror va farmonlari, ijtimoiy yo‘naltirilgan Davlat dasturlari, korxonaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, xodimlar takliflari, ular o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalaridan kelib chiqqan holda qo‘shimcha qulayliklar kiritiladi.

– Demak, xodimlar bugun mazkur lokal hujjatlar orqali qo‘shimcha daromad olish imkoniga ham ega ekanlar-da?

– Albatta, chunki keyingi yillarda jamoa shartnomalari – xodimlar daromadlarini oshirish manbaiga aylandi. Xususan, korxona, tashkilot va muassasalarda o‘rta hisobda bir xodimga oylik maoshdan tashqari jamoa shartnomasi orqali sarflangan mablag‘ miqdori bundan 3-4 yil avval o‘rtacha 500 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2015 yil davomida 1,5 million so‘mdan 7,5 million so‘mgacha oshirildi. Ayrim yirik korxonalarda esa bundan ham yuqori ko‘rsatkichlarni ko‘rishimiz mumkin. Masalan, “Ohangarontsement” aktsiyadorlik jamiyatida mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari uchun o‘tgan yili har bir xodimga oylik maoshdan tashqari jamoa shartnomalari orqali qariyb 20 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Albatta bunday korxonalar sonining ortib borayotgani barchani quvontiradi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda turli sohalardagi iqtisodiy o‘sishlar ko‘plab korxonalarda mehnatga haq to‘lash bo‘yicha tarif setkalarining razryad koeffitsientlari ko‘tarilishiga olib keldi. Shuningdek, mamlakatimiz korxona va tashkilotlarida amal qilayotgan jamoa shartnomalarining deyarli 83,4  foiziga ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishdan oldin kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligini albatta olish lozimligi to‘g‘risidagi band kiritilgan. Bu o‘z navbatida ishchilarning har tomonlama himoyalashda qo‘l kelmoqda.

– Keyingi yillarda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan boshlang‘ich tashkilotlarga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni avvallari jamoa shartnomalari barcha tarmoq korxonalari uchun bir xil tarzda ishlab chiqilib, quyi bo‘g‘inda faoliyat ko‘rsatayotgan faollar uchun qiyinchiliklar tug‘dirar edi. Bugun esa korxona, tashkilot va muassasalar uchun har bir tarmoqning o‘ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini e’tiborga olgan holda jamoa shartnomalarining alohida-alohida namunaviy maketlari ishlab chiqilib, tavsiya etib kelinmoqda.

– Juda to‘g‘ri. Bugungi kunda mulkchilik shakli turlicha bo‘lgan korxona, tashkilot va muassasalarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan davlat tashkilotlari, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari, kichik korxonalar, fermer xo‘jaliklari, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun o‘z yo‘nalishlari, xususiyatlari, imkoniyatlari va normativ hujjatlar bazasidan kelib chiqqan holda jamoa shartnomalari maketlari namunalari alohida-alohida ishlab chiqilib, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlariga tavsiya etilmoqda. Natijada bugun jamoa shartnomalari orqali xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, mehnatini muhofaza qilish, bandlikka ko‘maklashish, xodimlar daromadlari va turmushi darajasini oshirish, ijtimoiy kafolatlar berish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan bir qatorda mehnatkashlar va ularning oila a’zolari ma’naviyatini yuksaltirish hamda sog‘lomlashtirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalari doimiy e’tiborimizda bo‘lib kelmoqda. Shuningdek, nafaqat mehnatkashlar, balki ularning oila a’zolari, oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari, korxona, tashkilot va muassasalarga ishga qabul qilingan yoshlarning mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomadan o‘tkazilishi, jamoa shartnomasida ko‘zda tutilgan imtiyozlardan foydalanishi ta’minlanmoqda. Shu bilan bir qatorda yosh mutaxassislarga kasb mahoratini o‘rgatish uchun biriktirilgan ustozlarni rag‘batlantirish, kasbiy tanlovlar o‘tkazish, oliy va o‘rta-maxsus ta’lim maskanlarining iqtidorli talabalari uchun kasaba uyushma stipendiyalari ham joriy etilgan. Bu rag‘batlar yosh va mehnatkashlarning ishga bo‘lgan munosabatini yanada kuchaytirmoqda.  

– Yana bir muhim yo‘nalish, bugun jamoa shartnomalarida xotin-qizlar va yoshlar, keksa avlod vakillarining ham manfaatlariga, ularning ijtimoiy himoyasiga e’tibor kuchayganining guvohi bo‘lmoqdamiz.

– Bu ayni dolzarb masalalardan biri desam, xato qilmagan bo‘laman. Chunki, mamlakatimiz ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat ekanligi, keksalar, xotin-qizlar va yoshlar masalasi ustuvor ekanligidan kelib chiqqan holda biz jamoa shartnomalariga xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlari himoyasini kuchaytirishga oid yangi bo‘limlar kiritdik. Natijada mazkur lokal hujjatlar orqali ular uchun yaratilayotgan imtiyozlar ko‘lami yanada kengayishiga erishildi.

Birgina 2015  yilda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ijtimoiy sherikligida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 278  ming nafardan ziyod aholiga qariyb 128,1  milliard so‘mlik ijtimoiy ko‘mak berildi. Shu jumladan, 2  ming 460  ta yosh oilaga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar, shuningdek, uy-joy qurilishi uchun 48,7  milliard so‘m miqdorida foizsiz ssudalar berildi. 2 yoshdan 3 yoshgacha farzandlari bo‘lgan 7 ming nafardan ortiq yosh onalarga moddiy yordam ko‘rsatildi. Nodavlat mulk shaklidagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan 6 ming 240 nafar bolali ayollarning oylik maoshi saqlangan holda ish haftasi 1 soatga qisqartirildi. Ayollar uchun qo‘shimcha ta’tillar olish, ish beruvchilar hisobidan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari kunini uzaytirish, 2 yoshdan 3 yoshgacha bola parvarishi ta’tilida bo‘lgan onalarga moddiy yordam olish kabi imkoniyatlar yaratilmoqda.

Bundan tashqari 2 ming 416 nafar ayol uchun homiladorlik va tug‘ish ta’tillari kuni uzaytirildi. 1  ming 77  nafar yosh xodimga safarbarlik zahirasidagi harbiy xizmatga chaqirilishi munosabati bilan 2,8  milliard so‘m miqdoridagi foizsiz ssudalar ajratildi. 3  mingdan ortiq korxonalarda 13  ming nafardan ziyod yosh xodimlarni boshqa kasbga o‘rgatish hamda malakasini oshirish ishlari tashkil qilindi. Oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 1  ming 805  nafar talabaning to‘lov-shartnoma pullarini qisman qoplash uchun 5  milliard 74  million so‘m yo‘naltirildi.

Shuningdek, jamoa shartnomalariga keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadiga qaratilgan tadbirlar kiritildi. Xususan, o‘tgan 2015  yil davomida respublika bo‘yicha jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 91 ming 610 nafar keksalarga 35 milliard 400 million 929 ming so‘mlik ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatildi. Shu jumladan, 12804 korxonada 43 ming 567 nafar keksalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, dori-darmonlar olib berish, uy-joyini ta’mirlash, kommunal xizmatlariga haq to‘lash va boshqa tarzda ko‘mak berish maqsadida 7 milliard 742 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi. 18 ming 225 nafar keksa yoshdagi mehnat faxriylari kasaba uyushma sanatoriylarida bepul sog‘lomlashtirildi. 18 ming 225 nafar kishiga pensiyaga chiqishi oldidan bir yo‘la moddiy yordam ko‘rsatilib, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 52 ming 310 nafar ishlamaydigan pensioner (korxonalarning sobiq xodimlari)ga qariyb 15 milliard so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Masalan, “Kvarts” AJ jamoa shartnomasi orqali korxonada ishlab pensiyaga chiqqan xodimlarning holidan xabar olish, ular og‘irini yengil qilish, ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish ishlari amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy himoyatalab, yakka-yolg‘iz yashovchi keksalarga ijtimoiy yordam sifatida uch mahal issiq ovqat tashkil etilgan va ular har bir bayram arafasida kasaba uyushma faollari tomonidan moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanmoqda.

– Xodimlar mehnatini muhofaza qilish sohasida nimalarni e’tirof etish mumkin?

– Ishlab chiqarishda shikastlanish va kasb kasalliklarining oldini olish masalasi kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois bu borada tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, mehnatda jarohatlanish va kasb kasalliklarining oldini olish, mehnat xavfsizligi darajasini yuksaltirish, ish joylarining sanitar-gigiena holatini yaxshilash, xodimlarni maishiy xonalar, profilaktik oziq-ovqatlar bilan ta’minlash ishlari bajarilayotir. Bundan tashqari xodimlarni mehnat muhofazasi qoidalariga o‘qitish, maxsus kiyim-bosh, poyabzal, shaxsiy himoya vositalari, yuvish va zararsizlantirish vositalari bilan ta’minlash, muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ish o‘rinlarini shahodatlash, imtiyoz va kompensatsiyalar o‘rnatish masalalari kasaba uyushmalari va ish beruvchilarining doimiy diqqat markazidadir. Natijada bugungi kunda korxona va tashkilotlarda mehnatda jarohatlanish holatlari va kasb kasalliklarining oldini olish masalasi eng ustuvor vazifalardan biriga aylandi.

Bevosita mehnat jamoalarida noxush holatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan sabablarni bartaraf etish ishlari sifati va samaradorligini oshirish maqsadida davlat nazorati va tekshiruvi organlari bilan hamkorlikda mehnat muhofazasi va sharoitlari, sanoat va ekologik xavfsizlik ahvolini tekshirib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda jamoa shartnomalariga mehnat muhofazasi bo‘yicha kiritilgan chora-tadbirlar 2011  yilga nisbatan qariyb 84  foizga ortdi va deyarli 560  mingtani tashkil qildi. Ularni amalga oshirish uchun sarflangan mablag‘ miqdori ham 1,5  barobarga ko‘paydi. Korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan 40 ming nafardan ortiq mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar sa’y-harakati natijasida, har yili xodimlarning 80-85  foizi dastlabki va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishiga erishilmoqda. Bu esa ish beruvchi uchun ham, xodim uchun ham o‘ta foydali bo‘lmoqda.

Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan Mehnat vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda «Mehnat sharoitlari va muhofazasini yaxshilash bo‘yicha 2015—2016  yillarga mo‘ljallangan harakatlar dasturi» imzolangani ham ayni muddao bo‘ldi. Mazkur harakat dasturi ijrosini ta’minlash hamda monitoring qilib borish maqsadida Federatsiya kengashi qoshida tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat idoralararo ishchi guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Mehnat muhofazasi masalasiga e’tibor kuchaytirilishi natijasida bugungi kunda ishlab chiqarish korxonalarida xodimning hayoti va sog‘lig‘i ustuvorligi ta’minlanmoqda. Shuningdek, mazkur tadbirlarning amalga oshirilishi bo‘yicha ish beruvchilar va ularning tegishli yuqori boshqaruv organlari mas’uliyati oshirilib, ular tarkibida kasaba uyushma vakillarining ishtiroki to‘liq ta’minlanmoqda.

– Iqtisodiyotimizda tobora ulushi ortib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarida mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarga ham to‘xtalsangiz.

– Xususiy sektor korxonalari, ya’ni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini jamoa-shartnomaviy munosabatlar bilan qamrab olish masalasi Kasaba uyushmalari Federatsiyasi oldida turgan eng asosiy maqsadlardan biri. Shu bois ham bu borada tizimli ishlar qilinmoqda. Jumladan, sa’y-harakatlar natijasida oxirgi 5 yil ichida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarida ishlayotgan 500 ming nafar xodim jamoa-shartnomaviy munosabatlar bilan qamrab olindi. Ya’ni, ular mehnat qilayotgan xo‘jalik sub’ektlari kasaba uyushmalariga jalb etilib, jamoa shartnomasi tuzildi va mazkur lokal hujjat orqali ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari ta’minlanmoqda.

Shu o‘rnida ta’kidlash zarurki, joriy yilning 30—31 mart kunlari mamlakatimizga tashrif buyurgan Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi Bosh kotibi Sharon Barrou ham O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi samarali ijtimoiy muloqot va ijtimoiy sheriklikni boshqa mamlakatlarga namuna bo‘lishga loyiq, deya alohida e’tirof etdi.

– Bugungi kunda yangi ish o‘rinlari yaratish dolzarb vazifalardan sanaladi. Shuni inobatga olsak, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, bu borada qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

– Albatta bugungi kunda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda yangi ish o‘rinlari yaratishga harakat qilib kelayotir. Xususan, bandlik bo‘yicha respublika hamda hududiy dasturlarga muvofiq joylarda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari haqqoniyligi bo‘yicha kasaba uyushmalari tomonidan jamoatchilik nazorati olib borilmoqda. Bu sohada yo‘lga qo‘yilgan aniq tizim orqali o‘tgan 5 yil davomida 178  ming 300 dan ziyod yangi ish o‘rinlarining haqqoniyligi o‘rganildi. Shuningdek, mazkur ish o‘rinlariga ishga qabul qilingan xodimlar bilan mehnat munosabatlarining rasmiylashtirilishi, ularga qulay va bexatar mehnat sharoiti yaratib berilishi ta’minlandi. 2012 yildan buyon esa kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining ish joyida qo‘nimliligi ta’minlanishi ustidan doimiy jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yilib, o‘tgan davrda 710  ming 700 nafardan ortiq bitiruvchilarning ish joylarida qo‘nimliligi yuzasidan jamoatchilik nazorati olib borildi. Bundan tashqari, 158  ming 455  nafar kasanachining jamoa shartnomalarida ko‘zda tutilgan imtiyoz va qulayliklardan foydalanishlarini ta’minlash maqsadida korxona va tashkilotlarda imzolanayotgan lokal hujjatlar kasanachilarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoyalashga yo‘naltirilgan me’yorlar bilan boyitildi.

So‘nggi uch yil davomida kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqarish va aholiga xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilayotganini ham ta’kidlash joiz. O‘zbekiston kasaba uyushmalarining aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashish bilan birga, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ularda kollej bitiruvchilari va xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida olib borayotgan ishlari bugungi kunda yanada rivojlantirilmoqda. Xususan, mamlakatimiz Mustaqilligining 25 yilligi nishonlanadigan yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan respublikamizning har bir tuman va shaharida 25 tadan yangi ish o‘rinlarini yaratish tashabbusi ilgari surildi. Bu borada maxsus tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, amaliy ishlar olib borilmoqda. Ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur tashabbus natijasida respublikamiz hududlarida qariyb 5 mingta ish o‘rni yaratilib, ularda kasb-hunar kollej bitiruvchilarini jalb etish rejalashtirilgan.

– Ma’lumki, kasaba uyushmalari mehnatkashlar va ularning oila a’zolari salomatligini mustahkamlash borasida ham keng ko‘lamli ishlar olib bormoqda. Aynan shu yo‘nalishlarda yana qanday yangi loyihalar bajarilishi ko‘zda tutilgan?

– So‘nggi yillarda xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish borasidagi ishlar sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. Sanatoriylarga yo‘llanmalar berish muddati 5 yildan 2 yilga, yo‘llanmalarning dam oluvchilar tomonidan to‘lanadigan qisman qiymati 50 foizdan 45 foizga tushirildi. Shuningdek, xodimlarning oila a’zolari uchun ham bir qator qulaylik va imtiyozlar yaratildi. Xususan, xodim uchun kasaba uyushma byudjeti hisobidan ajratilgan imtiyozli yo‘llanmadan uning yaqin qarindoshlari – otasi yoki onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlari foydalanishi uchun imkoniyat yaratildi.

Boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarining moliyaviy imkoniyatlarining kengaytirilishi xodimlar va ularning oila a’zolari uchun yo‘llanmalar ajratish ko‘lami oshishiga omil bo‘lmoqda. Natijada, imtiyozli yo‘llanmalar asosida sanatoriy va dam olish uylarida sog‘lomlashtirilganlar 2011 yildagi 89 ming nafardan 2015 yilda 107 ming nafarga yetdi. Mehnatkashlar farzandlarini sog‘lomlashtirish ishlari sifati va ko‘lami ham oshirildi. 2011 – 2015 yillarda barcha turdagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida qariyb 1 million 430 ming nafar bola dam oldirilib, ularning 280  ming nafardan ortig‘i imtiyozli va bepul yo‘llanmalar asosida sog‘lomlashtirildi.

Sanatoriy va dam olish uylarida ham katta ishlar bo‘lyapti, davolashning yangi usullari joriy etilyapti, bu masalada chet eldagi turdosh muassasalarning tajribasini o‘rganish yo‘lga qo‘yildi. So‘nggi 5 yilda tizimda yangi sanatoriylar qurish, mavjudlarini rekonstruktsiya qilish, ularda zamon talablariga javob beradigan sharoitlarni yaratish borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, tizimdagi sog‘lomlashtirish muassasalarida zamon talablariga javob beradigan sharoitlar yaratish, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash, moddiy-texnik negizini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, o‘tgan yillarda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Jizzax viloyatining Yangiobod tumanida 50 o‘rinli yangi “Havotog‘ gulshani” sanatoriysi qurildi. Farg‘ona viloyatidagi “Ahmad al-Farg‘oniy” dam olish maskanida zamonaviy kemping va yangi oshxona binolari foydalanishga topshirildi. “Botanika”, “Turon”, “Oq tosh”, “Chortoq”, “Kosonsoy”, “Sitorai Mohi Xosa”, “Xonqa”, “Chimyon” kabi sanatoriylarda keng ko‘lamdagi qurilish-rekonstruktsiya ishlari amalga oshirilib, ularda yaratilgan sharoitlar, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yanada oshirildi. Bugungi kunda “Termiz marvaridi” sanatoriysini rekonstruktsiya qilish maqsadida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.  Bu qurilish, bunyodkorlik ishlarning barchasi mehnatkashlarning sog‘lig‘i va maroqli dam olishi uchun qilinayotganini unutmaslik kerak. Ular faqat bu imtiyozlardan foydalana bilishi lozim.

Sog‘lomlashtirish yo‘nalishlaridan yana biri bu bolajonlarning yozgi ta’tillarini tashkillashtirish ishlaridir. Bu borada, ya’ni o‘quvchilarning yozgi ta’tillarida maroqli dam olishlari uchun kasaba uyushmalari tomonidan har yili jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Yildan-yilga oromgohlar soni ortib, ularning sharoitlari zamonaviy ko‘rinishga keltirilmoqda. Bundan tashqari ko‘plab, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga bepul qo‘llanmalar ajratilmoqda. 

Kasaba uyushmalarining tashabbusi bilan 2012 yildan boshlab har yili amalga oshirib kelinayotgan “Bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish oromgohlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha manzilli dastur”larga muvofiq so‘nggi 3 yilda 10 ga yaqin yangi oromgoh qurildi, mavjudlari rekonstruktsiya qilindi, kapital ta’mirlandi, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari ko‘rildi. Xususan, respublikadagi qator bolalar oromgohlari, shu jumladan, kasaba uyushmalari tizimidagi “Norin”, “Chorchinor”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Xonjiza” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida katta ko‘lamdagi qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, mavjud o‘rinlar 4  ming 856  taga ko‘paydi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz‚ tizimdagi islohotlar, bajarilayotgan ishlarni ko‘rib, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek “Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan tamoyilning amaldagi isbotini ko‘ramiz.

 Suhbatdosh: Bobur MUHAMMADIYEV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × one =