Sukutga cho'madi men kabi borliq

Zilolabonu XOLIQOVA

 

Muallif haqida:

Zilolabonu XOLIQOVA — 1987 yili Jizzax shahrida tavallud topgan.

O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti 3-bosqich talabasi.

Bir nechta she'riy to'plamlari nashr etilgan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

 

ShAVKAT RAHMON YoDI

Abadiyat oralab,

Ketib borar yo'lovchi.

Xayolda so'z saralar,

U ruhiyat tilmochi.

 

Chorlar rangin lahzalar,

Ochiq kunlar sog'indi.

O'tkir yurak qirralar,

Uyg'oq tog'lar og'rindi.

 

U bir shoir, faylasuf,

Xalq dardida o'rtangan.

Hayot degan kemada,

O'z xizmatin o'tagan.

 

Uni shaydo aylagan,

Olis yo'l manzarasi.

Unga mehr bog'lagan,

Hatto zamin zarrasi.

O'tkir ko'zi musavvir,

Chizdi o'tmish suvratin.

Qo'zg'aldi birdan tasvir,

Bir qalqdi va oldi tin.

 

Ortga qaytsaydi shoir,

Gullab ketarmidi tosh.

Silkinib yig'laydi yer,

Xira tortgandek quyosh.

 

Tabiat ham azador,

Qopqoradir chechaklar.

Necha dillar yarador,

To'qir unga ertaklar.

 

Visolsiz ishq, bu vatan,

Unga yetmadi shoir.

Umri qisqa xasta tan,

Olamga aytdi, “Xayr!”

 

U boshqa — o'zga dunyo,

Tirikdayin u hamon.

Boshimni silar go'yo,

Mehr-la Shavkat Rahmon.

 

Abadiyat oralab,

Ketib borar yo'lovchi.

Xayolda so'z saralar,

U ruhiyat tilmochi.

 

            JAFOING VAFODIR…

 

Jafoing vafodir menga sevganim,

Mayli, o'ldir, ammo bo'lma dushmanim.

Vilyam ShEKSPIR.

                            1

Sen ogoh emassan zabun holimdan,

O'zingni hamisha tutasan xushvaqt.

Bergan har qiynog'ing o'tar jonimdan,

Butun hayotimdan chekinadi baxt.

Muhabbat aslida bo'lsa ham ertak,

Seni deb talpinib uradi yurak.

 

Yo'lingga mushtoqman ko'zim nigoron,

Hislarim o'lmagan umidim yoniq.

Bilmayman tuyg'ular qolgaymi omon,

Sukutga cho'madi men kabi borliq.

Seni o'zga bilan ko'rganim onim,

Ko'ksimni tark etib ketadi jonim.

Qalbimga o't yoqar har gal nigohing,

Titrayman daraxtda qolgan yaproqday.

Ko'z yosh ham yuvmagay endi gunohim,

Elkamni ezgan yuk aslida tog'day.

Ko'nglingda menga joy yo'q ekan, demak,

Hislarim qo'lingda bo'libdi ermak.

 

Bu hayot yana qay manzilga boshlar,

Yo'l bosib boraman mashaqqat bilan.

“Yor-yor”lar banogoh ko'nglimni g'ashlar,

Yangalar jo'r bo'lib aytishar o'lan.

O'kinib yig'ladim sezmading, biroq,

Qalbim nolasiga solmading quloq.

 

O'zgaga mehringni qilasan tortiq,

Men esa bog'ingda arzimas gulman.

Lek seni jonimdan ko'raman ortiq,

Tutqun qafasingda asira — qulman.

Dunyodan benishon o'tsam hamki men,

Yashaysan to abad she'rlarimda sen.

 

                          2

Bahor kelayotir olam charog'on,

Zaminga ko'klamoy sepini yoyar.

Shabada sochimni tortqilar shu on.

Iliq nafasingni yuzlarim tuyar.

Yashaysan qalbimda jonim begumon,

Yagonam men seni sevaman hamon.

 

Toki bor ekansan hayot munavvar,

Qalbim ham go'zaldir, olam ham go'zal.

Muhabbat men uchun doim mo''tabar,

Yozishga undaydi ash'oru g'azal.

Taqdirdan yana bir bo'lsaydi imkon,

Bizlarni tark etib ketardi hijron.

 

Qalamim tebranar hasrat tuganmas,

Yuragim dardini aylagayman fosh.

Ko'zimda porlagan umid o'lganmas,

Taqdir sinoviga bergayman bardosh.

Iztirob tanimni qurshab olsa ham,

Sen baxti to'kis bo'l, aslo ko'rma g'am.

 

                             3

Yulduzlar eslatar sening ko'zingni,

Ularga termulib quvvat olaman.

Ba'zida qo'msayman shirin so'zingni,

Borliqqa bir zumga quloq solaman.

Azizim, hayotim sog'indim seni,

Nahot osongina unutding meni.

Ko'ksimda bir qushcha jonsarak netay,

Hamon kelishingdan umid uzmaydi.

Sen tomon, talpinib uchishgadir shay,

Tanimni tark etib ketmoq istaydi.

Shuncha yil yo'lingga bo'libman mushtoq,

Endi kel, mehring-la dilga olov yoq!

Sanamlar es-hushing olgani bilan,

Ulardan sadoqat, vafo qidirma.

Nozlari dilga cho'g' solgani bilan,

Zilolang ko'nglini aslo sindirma.

Kun kelar yonimga o'zing qaytasan,

Boshingni ham qilib uzr aytasan.

Dardimni o'zimga o'zim so'ylayman,

Goh qog'oz-qalamdan najot topaman.

Muhabbat qo'shig'in jo'shib kuylayman,

Og'uli sharobin qayta totaman.

Orziqib kutaman visol onini,

Yuragim qidirar najotkorini.

Qilmishing o'ylasam nafratim oshar,

Lek mehrim nafratdan ustunlik qilar.

Es-hushim, hayotim har yerda to'zir,

Yuragim baribir yaxshilik tilar.

Yakka-yu yolg'izman gulshanlar aro,

Baxtimga omon bo'l ko'zlari qaro…

 

* * *

O'z tilin ne kuyga solar olamon,

Millat, ellatlarga bo'lingan bu xalq!

Beshta qit'a kabi sochilib har yon,

O'tmish ummoniga bo'lib ketdi g'arq.

Og'ayni qardoshlar sochilib yotsa,

Qanday dosh berarkin yuragi sog'lar…?!

Tojikcha, qirg'izcha, qozoqcha so'zlab,

Yuragi to'lgancha, TURKISTON yig'lar…

 

                      OG'RIQ

She'rlar yig'lar, shoir ko'ksida,

Bu og'riqqa ko'rsatolmas vaj.

She'rim seni farzandim desam,

Soxta so'zing tizilgan, falaj…

So'zlar yig'lar, shoir zaboni,

Talx tortgandek aljirar bejon.

Qalbimdagi qumrimni yupat,

Bir dard bergin menga Xudojon!..

Bahs aylashar, shomu saharda,

Kukulashib tunda kakkular.

Na bir ma'zmun, na o'tli satr,

Yozilajak soxta   “xokkular”

Ko'ngil mayli, dilroz bo'libdir,

Kechinmalar, adab irfoni.

O'quvchilar she'r o'qir yayrab,

Yod ololmas lekin Qur'onni.

Adabiyot, yig'lar ko'ksimda,

Cho'lponlari yotur kishanda.

Osmon tushib ketgay ustimga,

Abdullolar yurgan gulshanda…

Bisotimda bor mehrim sochib,

Ko'taraman she'rim qadrini,

Zulmat aro g'amgin jilmaygan,

Ko'rdim ustoz Rauf Parfini.

Yo'q, endi men, qilolmam toqat,

Shoirlikdan yurgayman nari.

Suykalgandi kecha o'zgaga,

Endi menla ul ilhom pari…

Jazavada isyonkor ruhim,

Adabiyot tinmadi javrab.

She'rlar oqar daqiqa sayin

To'lg'oq tutgan onadek, yo Rabb!..

Zulmat aro ko'zim qamashar,

Bir nigohki… etadi ta'qib,

Oq devorga yozadi nedir,

Shavkat Rahmon so'zsiz, tutoqib…

Avlodlar ham, almashar bunda,

Asr osha tarix jilmayar…

Bezovta ruh isyonda kunda,

Muhtasham bir dardlar ulg'ayar.

Har daqiqa, tug'ilar shoir,

Har daqiqa, dilroz aytilar.

Shoir, shoir tag'in gullatar

Va tosh otib birdan hayqirar.

Mana shunday, rudapo dunyo,

Mana shunday, xarobdir hislar.

Ongim deydi, nari yur she'rdan,

Qalbim esa keltirar, so'zlar…

Menga qismat bo'ldi shoirlik,

Vujudimni o'rtar dambadam.

Daho sanab o'zimni o'zim,

Misra bitdim, ko'hlik, muhtasham!..

Adabiyot bag'ring keng juda,

Zavol topmas marhamatlaring.

Kundan kunga tug'ilgan bilsang,

Qizg'aldoqdek   Muhammadlaring.

Andishaning oti qo'rqoqmi?

Qarayolmam Erkin Vohidga,

To'rtta so'zni juftlab yozganman,

Va baxsh etdim menga sodiqqa.

She'rlar yig'lar shoir ko'ksida,

Soxtalikka berolmay barham.

Tanqidlarga chap bergan Shoir,

Jo'shib bugun qilmoqda bayram…

 

               ShUKRONA

Munavvar tongiga yetkazdi shukur.

Atrofda nafosat ufurar balqib.

Turkiy dunyosida o'zgacha shukuh,

Quyosh ham chiqadi uyqudan qalqib.

 

Fusunkor bu olam,

O'rik guliday.

Momaqaymoqlardek uchadi fursat.

“Aha-hey” degancha qo'shiqlar aytay,

Bugun men o'zimga beraman ruxsat.

 

Tovlanar dalalar,

Bog'lar,

Sayxonlar.

Dimog'imga urar yomg'ir ifori.

Varrak uchirmakka mushtoq bolalar,

Shamolga intilib yugurar bari…

 

Xayolim to'zg'igan parishon bo'lib,

Intilib yashadim goh halovatga.

Bahorga yetkazdi bu baxtni ko'rib,

Shukrona aytaman buyuk Allohga.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + one =