TARAQQIYOTNING QO‘SH QANOTI

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 2015 yil 5 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda “Asosiy vazifamiz — jamiyatimizni isloh etish va demokratlashtirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat” mavzusidagi ma’ruzasida hammamiz cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ularini tortiq etadigan quyidagi ma’lumotni keltirib o‘tdi.

 AQShdagi, Gellap instituti nomli ijtimoiy fikrni o‘rganish markazi tomonidan «Qonuniy tartiblarga itoat qilish indeksi» degan mavzuda 2015 yilda o‘tkazilgan va e’lon qilingan so‘rovnomada, «Siz o‘zingiz yashayotgan shahar yoki tumandagi mahalliy politsiyaga ishonasizmi?», «Siz o‘zingiz yashayotgan shahar yoki tumanda kechasi xavf-xatardan qo‘rqmasdan yolg‘iz yura olasizmi?»,  «Oxirgi o‘n ikki oyda siz va oila a’zolaringizning pul va mol-mulki o‘g‘irlangan holat sodir bo‘lganmi?» mazmunidagi 3 ta savol natijalariga ko‘ra, O‘ZBEKISTON dunyodagi 141 ta davlat orasida 2-o‘rinni egallagan.

Tabiiyki, bunday yuksak natijaga erishish uchun jamiyat a’zolarining yuksak ma’naviyatli va ma’rifatli insonlar bo‘lishi talab etiladi. Darhaqiqat, O‘zbekiston taraqqiyoti strategiyasini belgilovchi muhim yo‘nalishlardan biri ma’naviy va ma’rifiy sohadagi islohotlar hisoblanadi.

O‘zbekiston mustaqilligining ilk yili, mamlakatimizda “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilingani yaxshi esimizda. Davlat rahbarimiz, 1991 yil 1 oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy bog‘ida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi munosabati bilan barpo etilgan muhtasham haykalning ochilish marosimida nutq so‘zlab quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “O‘z tarixi va ajdodlarini siylagan xalqning kelajagi albatta porloq bo‘ladi. Ishonamizki, O‘zbekistonimiz tez orada dunyo hamdo‘stligi o‘rtasida o‘ziga munosib o‘rinni egallaydi, inshoollo. Ana o‘shanda ham Alisher Navoiyning qutlug‘ nomi bizga madadkor bo‘ladi.”  

Davlat mustaqilligining birinchi yilidan boshlab, g‘oyaviy va ma’naviy jihatdan barkamol insonni tarbiyalash bosh vazifa sifatida o‘rtaga qo‘yildi. Shu maqsaddan kelib chiqqan holda, ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi qayta tiklandi. 1996 yilda YuNYeSKO shafeligida mamlakatimizda va jahon miqyosida Sohibqiron Amir Temur bobomizning 660 yillik tavalludi kuni katta tantana bilan nishonlandi.

1999 yil 3 sentyabr kuni “Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni qabul qilindi. Unda mamlakat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirish jarayonida aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirib borishda yuksak ma’naviyat va ma’rifatli, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur egallagan, demokratik tamoyillar hamda fuqarolik jamiyati asoslarini har tomonlama o‘zlashtirgan, shaxsiy va umummilliy manfaatlarni o‘zaro uyg‘un ko‘ra oladigan erkin shaxs va ongli avlod tarbiyasining o‘ta muhimligi hamda ma’naviy-ma’rifiy islohotlar davlat siyosatining asosiy, ustuvor yo‘nalishi ekanligi belgilandi.

 Ulug‘ ajdodlarimizning ma’naviy merosini tiklash, ularning asarlarini nashr etish va kelgusi avlodlarga yetkazish, tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash, muqaddas qadamjolarni obod qilish, ularga ehtirom ko‘rsatish ma’naviy islohotlarning muhim yo‘nalishi, insonning ma’naviyatini shakl­lantiradigan asosiy mezon.

Ko‘hna Xorazm zaminida paydo bo‘lgan va bashariyatga “ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal” g‘oyasini yoygan “Avesto” bizgacha yetib kelganligi, istiqlol yillarida uning sharafiga bunyod­ etilgan “Avesto” majmuasi millionlab vatandoshlarimizni insoniy, ezgu g‘oyalarga chorlab turadi. Bugungi kunda Xorazm viloyatida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari. Urganchning qoq markazidan oqib o‘tuvchi Shovot kanali bo‘ylarida barpo etilgan bog‘-rog‘larni ma’naviyatning manzaralari deysiz. Hakim at-Termiziy maqbarasi atrofidagi obodonchilik ishlarini ko‘rib hayratingiz oshadi. Mardlik va halollik, jasurlik va el-yurtga sadoqatni targ‘ib qiluvchi, xalq og‘zaki ijodining noyob durdonasi hisoblangan “Alpomish” dostoni yaratilganining 1000 yilligi munosabati bilan Termizda salobatli “Alpomish” yodgorligining bunyod etilganligi ma’naviyatga qaratilayotgan e’tiborning namunasidir. Vatanimizning turli joylarida qad rostlagan shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur, beqiyos ilmi bilan bashariyat ahlini lol etgan buyuk olimlarimiz Ahmad al-Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek bobolarimizning viqorli haykallari bugungi avlod qalbini g‘ururlantirib turadi.

Bir paytlar Temuriylar saltanatining poytaxti bo‘lgan, bugun moviy gumbazlari millionlab sayyohlarni o‘ziga maftun etayotgan  Samarqand Rim bilan bir qatorda “Abadiy shahar” degan nom bilan dunyoda shuhrat qozondi. Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan Samarqandda keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Xususan, Registon, Amir Temur, Ruhobod maqbaralari, Shohi Zinda yodgorligi, Hazrati Xizr va Bibixonim masjidlari, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi rekons­truktsiya qilindi. Ular atrofida ko‘rkam bog‘ va xiyobonlar yaratildi.

Huquqiy demokratik davlat, ochiq va kuchli fuqarolik jamiyatini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining samarali faoliyatisiz tasavvur etish qiyin. Fuqarolar, davlat va jamiyat boshqaruvida mana shu institutlar orqali faol ishtirok etmoqda. Jamiyatning huquqiy madaniyati nechog‘li yuqori bo‘lsa, qonunlarga itoatkorlik shunchalar yuksak darajaga erishadi.

Prezidentimiz 2015 yil 5 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda bu muhim masala haqida yana bir bor to‘xtalib, quyidagi fikrlarini bildirib o‘tdi: “…biz bugun hech kimdan kam bo‘lmaydigan demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini qurayotgan ekanmiz, hech shub­hasiz, Konstitutsiyamizning eng muhim printsiplaridan biri, “o‘zbek modeli” deb nom olgan yangi jamiyat barpo etishning 5 printsipidan biri bo‘lmish qonun ustuvorligi va qonunchilikka rioya qilish printsiplari amalda qanday o‘rin tutayotgani haqida gaplashib olsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman”.

Ayniqsa, bugungi murakkab va tahlikali, insoniyat deyarli har kuni noxush va tashvishli voqealar girdobida qolayotgan jahonning turli mintaqa va hududlarida qarama-qarshilik va ziddiyatlar, qonli mojarolar, xalqaro terrorizm, eks­tremizm, narkotrafik kabi tahdidlar hamda xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan, millatchilik, shovinizm singari taraqqiyotga to‘g‘anoq bo‘ladigan ofatlar maydonga chiqayotgan bir paytda insonlarning ma’naviy va ma’rifiy dunyoqarashi cheksiz ahamiyatga ega. Butun insoniyatni tashvishga solayotgan bunday murakkab bir sharoitda, O‘zbekistonda dunyodagi sanoqli davlatlar qatorida, mustaqil taraqqiyot yillarida iqtisodiyot qariyb olti barobar, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlar to‘qqiz barobardan ziyod o‘sdi.

 

Aslon ESHMO`MINOV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × one =