YOSH AVLOD SALOMATLIGINI TA’MINLASHNING MUHIM OMILI

Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol qilib tarbiyalash borasida keng ko‘lamli sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun yaratilgan barcha shart-sharoitlar o‘zining ijobiy samaralarini berayapti. 

Bugun Namanganni sport sohasida ham o‘ziga xos yutuq va tajribalar viloyati deyishga asos bor. Zero, mazkur hududda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga alohida e’tibor berilmoqda. Bu borada, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish, xususan, qizlarimizni sportga jalb etish, ular o‘rtasida sportni ommalashtirishga ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralayotir.

Hozirgi vaqtda viloyatda qizlarni ommaviy sportga jalb etish ko‘rsatkichi 47,5 foizga yetdi. Zamonaviy sport inshootlari barpo etilayotgani, ayol murabbiylar tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratilayotgani yuksak natijalarning bosh omili bo‘lmoqda. Qizlarimizni sportga qiziqtirish, ular o‘rtasida sportni ommalashtirish borasida ayol murabbiylar tayyorlashga alohida ahamiyat qaratilib, qarorlar qabul qilinishi o‘zining yorqin samaralarini bermoqda.

Prezidentimiz O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining joriy yil 11 fevralda bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ham qiz bolalarni tarbiyalash, ularni sportga oshno qilish orqali bo‘lajak sog‘lom onalarni tarbiyalash masalasiga e’tiborni qaratib, qizlarimizning sportda erishayotgan yutuqlariga munosib baho berdilar. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, haqiqatan ham qizlar suzishda o‘g‘il bolalar bilan teng bo‘lishi kerak. Mana, Namanganni olaylik. Kim o‘ylagan ediki, Namanganning vaterpolochi qizlari dunyoni hayratga soladi deb!? Bu biz uchun tarixiy voqea. Sport orqali biz o‘zimizning yangi tariximizni yaratayapmiz.

Yurtboshimiz faxrlanib tilga olgan sportchi qizlar Namangan shahridagi 23-bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchilari bo‘lib, ular “Yoshlik” suv sporti majmuasida mahorat sirlarini qunt bilan o‘rganayotir. Erta tongdan basseyn shug‘ullanuvchilar bilan gavjum bo‘ladi. Mukammal jihozlangan sport maktabida suv polosi bilan bir qatorda suzish, sinxron suzish, suvga sakrash, eshkak eshish slalomi kabi yo‘nalishlarda ham sektsiyalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Sport muassasasida shug‘ullanayotganlar bir necha bor murabbiylar ishonchini oqlashdi. Ayni chog‘da chempionlik unvonini himoya qilish, o‘tgan yilga nisbatan yana ham kuchli tarkibni olib kelishi aniq bo‘lgan xorijlik tengdoshlari bilan tengma-teng bahs olib borish vazifasi yosh sportchilarning zimmasiga katta mas’uliyatni yuklaydi. Har tomonlama chiniqqan bu sportchilar basseynda ham, undan tashqarida ham professionallarga monand harakat qilayotgani e’tiborga loyiq. 

Bunday yuqori ko‘rsatkichlar o‘z-o‘zidan ro‘yobga chiqmaydi, albatta. Bugungi kunda viloyatda 20 ta suzish havzasi mavjud bo‘lib, shundan 3 tasi yopiq va 17 tasi ochiq inshootlarni tashkil etadi. Mazkur suzish havzalarining 9 tasi qishloq joylarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda suv sporti turlari dasturidan o‘rin olgan suv polosi, suzish, suvga sakrash, sinxron suzish bo‘yicha 20 ta sektsiya va bo‘limlar tashkil etilgan bo‘lib, 34 nafar murabbiy 560 nafar qizlarga sport saboqlarini qunt bilan o‘rgatmoqda.

Viloyatda 2016 yilda ham suv sport turlarini yanada rivojlantirish, chekka qishloqlarda yoshlarni, ayniqsa, qizlarni suv sportiga yanada ko‘proq jalb qilish maqsadida Chust tumanida yopiq suzish havzasi qurish ishlariga kirishilmoqda.

Bunday sa’y-harakatlar yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib kamol topishi, o‘g‘il-qizlarimizning xalqaro maydonlarda katta g‘alabalarni qo‘lga kiritishlari hamda O‘zbekiston yoshlari, jumladan, namanganlik qizlarning hech kimdan kam emasligini yana bir karra isbotlaydi.

 Muhammadjon MAQSUDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majisi Senati a’zosi

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − five =