Har bir so‘zning o‘z o‘rni bor yoxud hamma “tashrif” ham tashrif emas

Til, uning sofligi mavzuiga oid bahs-munozaraga guvoh bo‘lsam, atoqli tarjimon va adib Kibriyo Qahhorovaning til muammolari haqidagi suhbatlari beixtiyor yodimga keladi. 1995 yil respublika radiosining rahbarlaridan biri, Kibriyo opa deyarli har kuni qo‘ng‘iroq qilib, diktorlarning shevasi, jurnalistlarning bayon uslubi haqida o‘zining tanqidiy fikrlarini bildirayotganini aytib, uning ishtirokida eshittirishlar tayyorlashimni buyurdi.

 

 Shu bahona Abdulla Qahhor uy-muzeyiga yo‘l olib, Kibriyo opaning nutq, tarjima san’ati, adabiyot haqidagi mazmunli suhbatiga muyassar bo‘ldim. Eshittirish “So‘z sehri” rukni ostida efirga berildi. Opaning bu tahliliy chiqishlaridan so‘ng radiojurnalistlar o‘z dasturlarini tayyorlashda Kibriyo opaning bildirgan fikr-mulohazalarini inobatga olishadigan bo‘ldi.

Ushbu suhbat asnosida katta adabiy maktabning sinovlaridan o‘tgan tilchi opamiz ayrim qalamkashlar, jurnalistlar har bir so‘z (atama)ning kelib chiqishini bilmasdan, uning mohiyatini anglamasdan ishlatilishi oqibatida yozilgan materiallarining tili “qashshoq”lashib ketayotgani, ba’zida so‘zni noo‘rin qo‘llanilgani bois kulgili vaziyat yuzaga kelayotganini ta’kidladi.

Albatta, istiqlol tufayli o‘zbek tili tarixdagi maqomini topib, tobora go‘zallashib, har xil bemavrid, begona so‘zlardan forig‘ bo‘lish bilan birga, chiroyli kalima va iboralar bilan boyib kelayotgani quvonarli holdir. O‘tgan asr 80-yillarining oxirlarida “ekspress” so‘zining “tezyurar” deb yoki “ippodrom” o‘rniga “otchopar” atamasi ishlatilganiga ba’zilar ajablangan edi. Iqtisodiy-siyosiy sohada turli baynalmilal so‘zlarning o‘rniga tabiatan o‘zbekcha atamalar qo‘llanila boshlangani to‘g‘risida ham talaygina misollar keltirish mumkin.

Ma’lumki, tilning rivoji, uning qo‘llanish “maydoni”ning kengayib borishida jurnalistika, ommaviy axborot vositalarining o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi.

Ish taqozosi bilan respublika miqyosida chop etilayotgan barcha gazeta va jurnallarni varaqlashga to‘g‘ri keladi. Bu jarayonda tili ravon, mantiq nuqtai nazaridan puxta, ta’sirchan mazmundagi maqolalarga ko‘p duch kelamiz. Ularni zavq bilan mutolaa qilamiz. Maqolada ishlatilgan so‘zlar va jumlalar o‘quvchi “tishi”ga tegmaydi. Bunday maqolalarni bir nafasda o‘qish mumkin.

“Sholi kurmaksiz bo‘lmaydi” deganlaridek, ayrim davriy nashrlarda chop etilayotgan maqolalarning sarlavhasini o‘qib ham hafsalamiz pir bo‘ladi. Respublika miqyosida tarqatiladigan nodavlat nashrlardan birida Mustaqillik bayrami arafasida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Moskva shahrida o‘zbek palovi kunlari tashkil etilgani munosabati bilan e’lon qilingan xabarda “Palovxonlik kunlari” deb sarlavha qo‘yilganiga nima deysiz? “Navoiyxonlik”, “kitobxonlik” deyish mumkin, lekin tanovvul qilinadigan narsaga “…xonlik”ni ishlatish mantiqsizlik-ku!

Televidenie, radio va bosma nashrlarda aksariyat jurnalistlarimiz “biz falonchi akaning uyiga tashrif buyurdik” deyishadi. Aslida “tashrif” so‘zi (ya’ni qadami bilan sharofat keltiruvchi, ulug‘lovchi ma’noda) odatan mehmonga, oliymaqom shaxslarga nisbatan qo‘llanishi kerak. Nazarimizda, ayrim jurnalistlarimiz hamma “tashrif” ham tashrif emasligini (masalan, tekshiruvchilar) bilmaydilar. Yoki “Xirmonimiz sarbaland” (“Qishloq hayoti” gazetasidan) deb sarlavha qo‘yilishiga nima deysiz? “Sarbaland” so‘zi (“sar” — ya’ni bosh) boshi egilmagan, g‘ururli insonga nisbatan qo‘llanishi kerak. “o‘ururi sarbaland yigitlar” (“Vatanparvar”, 2016, 1 aprel) o‘rniga “o‘ururi baland yigitlar” desak bo‘ladi-ku. Fortepiano chaluvchi sozandaga nisbatan “yakkaxon kontserti” iborasini ishlatish (“Jamiyat”, 2016, 15 aprel) ham noo‘rin. Zero, “yakkaxon” atamasi qo‘shiqchi yoki xonandaga nisbatan qo‘llanadi. “Toshkent haqiqati” gazetasining joriy yil 18 fevral sonida “Ohorli nigohlar kashfiyoti” sarlavhasiga duch keldik. Qalamkash hamkasbimiz “ohor” so‘zini ishlatishdan oldin izohli lug‘atlarga murojaat qilsa, yomon bo‘lmasdi. 

Shu mazmundagi noo‘rin iboralar sirasi teleradio jurnalistlarimizda  ham ko‘p uchraydi. Jumladan, “Kulgi xandalar” (holbuki, “kulgi”ning o‘zi “xanda”ni anglatadi), “Qadrdon qo‘shiqlar” (“qadrdon”ning ma’nosi yaqin kishining qadriga yetadigan, uning qadri-qiymatini qadrlaydigan shaxs), “nuqtapardoz” (aslida “nuktapardoz”, ya’ni so‘zga ramz va ishoralar bilan jilo beruvchi shoirga nisbatan, Bobur tavallud kuniga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlardan birida) kabilarni misol keltirish mumkin. OAVda har bir so‘zning kelib chiqishi (etimologiyasi)ni bilmasdan istifoda qilish xatodir. Atoqli san’atkor rahmatli Faxriddin Umarovning xonadonida o‘zbek tilidagi lug‘atlardan tashqari, fors, arab tillaridagi lug‘atlar bo‘lgan ekan. U kishi she’ru g‘azallarda har bir so‘zning ma’nosini anglamasdan qo‘shiqda ishlatmasdi. Agar lug‘atdan topmasa, tilshunos olimlarga murojaat qilarkan. Bugungi qo‘shiqlardan birida “Sevgi xirmoni”, “Ey nuqtadonim” degani nima bildiradi? Yoki “talabgir xonandalar”, “darsliklarning yangi avlodi”… Nufuzli gazetalardan biridagi maqolada nuroniy oqsoqol nevarasiga nisbatan “bu zang‘ar kitobni yaxshi ko‘radi” deydi. “Zang‘ar” so‘zining mag‘zini chaqib ko‘ring-chi? Bu haqoratli so‘z-ku! Nahotki, maqola yozayotgan hamkasbimiz mazkur so‘zning ma’nosini yaxshi tushunmasa? Shuningdek, “Nuroniy” gazetasining 15 yanvar sonidagi “Hayot bilan yuzma-yuz” essesining sarlavhasi e’tiborimni tortdi. Bunda so‘zlar o‘z o‘rnida ishlatilgan emas.

Qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan gazetalardan birida mart oyining boshida “Naysonda maysa parvarishi” deb nomlangan maqola chop etilgan. Sharq taqvimiga ko‘ra nayson oyi hozirgi taqvimning qaysi oyining nomi ekanligidan muallif bexabar shekilli?..

Bundan tashqari kuz faslida nishonlanadigan bayramni “Mehrjon” deymiz. To‘g‘ri, arab tilidagi manbalarda sentyabr oyining 21-sanasidan boshlanadigan hosil bayrami, tabiat o‘z mehrini insonlarga bag‘ishlangan kunlar “mehrjon” deb ko‘rsatilgan. Aslida bu bayram “Mehrgon”, ya’ni “mehr ayyomi”dir. Arab tilida “g” harfi bo‘lmaganligi sababli ayrim kitoblarda “mehrjon” shaklida qayd etilgan. 

 Til — tirik organizm, u doim harakatda. Buyuk va aqliraso insonga berilgan bu ne’matga yaxshi, lazzatli ozuqa berish kerak. Uning tozaligi, musaffoligi, shirinligiyu shakarligi, eng avvalo, biz ijodkorlarga bog‘liq. Bunday mas’uliyat qonuniy nuqtai nazardan ham mustahkamlangan. “Davlat tili haqida”gi qonunning 7-moddasida ham o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etilishi shartligi qayd etilgan. 

Shoqahhor SALIMOV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − seventeen =