Raqobat bozoriga marhamat

Dunyo mamlakatlari tovar bozori va birja faoliyatida elektron tizimga, ya’ni onlayn savdoga o‘tib ulgurdi. Endilikda, tadbirkorlar hech qancha mablag‘ sarflamay, dunyoning istalgan hududida mahsulotini reklama qilish va sotish imkoniga ega, shuningdek, istalgan mahsulotni dallol (broker)lar aralashuvisiz arzonroq narxda sotib olish va saralab olish uchun qulay sharoit mavjud.

 

Mazkur jarayonda xaridorlar va yetkazib beruvchilarni  faqatgina bir muammo qiynamoqda, ya’ni mahsulotni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, sifatli yo sifatsizligini aniqlashning iloji bo‘lmayapti. 

Yurtimizda ham bevosita ishlab chiqaruvchilar va xaridorlarni elektron savdo platformalarida jamlab, kafolatlangan oldi-sotdi xizmatlarini ko‘rsatuvchi O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi samarali faoliyat olib borayotir. “Harakatlar strategiyasi” davlat dasturining uchinchi — “iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish” yo‘nalishida ko‘rsatilgan chora-tadbirlarning amaliyotda tatbiq etilayotgani tuzilma faoliyatida isbotini topmoqda. 

Prezidentimizning tovar bozorlari va birja faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan 2018 yil 16 yanvardagi “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 17 yanvardagi “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xomashyo turi bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori natijasida O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida ichki va tashqi bozorga sotilayotgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmi oshdi, tadbirkorlarning tovar resurslaridan foydalanish imkoniyati sezilarli darajada kengayib, sotuvchi va yetkazib beruvchilar o‘rtasida sof raqobat kuchaydi. 

Birja tomonidan yangi innovatsion loyihalarning amalga oshirilayotgani va sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining kirib kelayotgani barcha savdo platformalari, shu jumladan, 2011 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan elektron davlat xaridlari tizimi jadal sur’atda  rivojlanmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tovar xomashyo birjasida 22,4 trln. so‘mlik shartnomalar tuzilgan. Bu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan 2,2 barobar oshganligini, ro‘yxatga olingan yangi savdo ishtirokchilarining soni 4 barobarga, mijozlarning soni 33,5 mingtaga yetganini inobatga olsak, sohada olib borilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar o‘z samarasini berayotganiga guvoh bo‘lamiz.

Ayni kunlarda to‘rtta savdo platformasi, ya’ni birja, ko‘rgazma-yarmarka savdolari, avtoraqamlar hamda davlat xaridlari platformalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Aytish mumkinki, mazkur platformalarga talab ortib bormoqda. Masalan, onlayn auktsion orqali “avtoraqam.uzex.uz” veb-saytida 75,8 milliard so‘mlik 13 ming ikki yuzta avtomobil raqamlari sotilganining o‘ziyoq so‘zimizning isbotidir. Albatta, davlat raqami belgilarining ikkinchi va uchinchi toifalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda boshlang‘ich narxlarining pasaytirilgani sotuv darajasining keskin oshishiga sabab bo‘ldi.   

— Savdoda tadbirkorlarning faol ishtirok etayotgani birjada tovar aylanmasining dinamik o‘sishiga xizmat qiladi. Xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida tuzilgan shartnomalar hajmi o‘tgan yildagiga nisbatan 61 foizga o‘sdi, — deydi Respublika tovar-xomashyo birjasi yetakchi mutaxassisi Murod Zokirov. — Jumladan, tadbirkorlar birja orqali 8,4 trillion so‘mlik tovar resurslarini xarid qilishgan bo‘lsa, 3 trillion so‘mlik o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni sotishga muvaffaq bo‘lishdi.

Davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, mazkur jarayonda tadbirkorlar o‘rtasida sof raqobat muhitini shakllantirishda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani, unga muvofiq, O‘zRTXBning davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali — “xarid.uz” ishga tushirilgani yilning muhim voqealaridan biri bo‘ldi. 2018 yil 27 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risidagi” qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida esa davlat xaridlari bo‘yicha elektron auktsion o‘tkazish muddati 10 kundan 5 kungacha, tanlov o‘tkazilishi haqidagi e’lonni joylashtirish muddati 30 kundan 10 kungacha qisqartirildi.  

— Bilasizmi, “xarid.uz” portali mamlakatimizdagi davlat xaridlari bo‘yicha yagona axborot manbai hisoblanadi. Portal orqali umumiy qiymati 917,6 milliard so‘mlik 309 mingdan ortiq shartnoma imzolandi, — deydi Elektron tijorat va xaridlarni tashkillashtirish bo‘limi mutaxassisi Shohsanam Ametova. — Shuningdek, byudjet va korporativ byurtmachilarining 161,1 milliard so‘mlik mablag‘lari iqtisod qilindi. 

Ayni kunlarda xorij mamlakatlaridan tsement, ko‘mir, yog‘och, asbest hamda qurilish oynalari imtiyozli ravishda import qilinayotgan bo‘lsa, mamlakatimizdan polietilin, paxta tolasi, rangli metall, neft singari tovarlar xorijga eksport qilinmoqda. 

Aytish joizki, O‘zRTXB xalqaro birjalar va xorijiy hamkorlar bilan aloqalarini kengaytirdi. Xususan, zamonaviy birja savdolarini tashkil etish uchun tajriba almashish maqsadida Qozog‘istonning “YeST”, Qirg‘iziston fond birjasi hamda Belarussiya universal tovar birjasi bilan hamkorlik bitimlari imzolandi. Moskva, Sankt-Peterburg xalqaro tovar-xomashyo hamda Turkiya fond birjasi bilan biznes aloqalari o‘rnatildi. 

Istiqbolda Respublika tovar-xomashyo birjasi oldida elektron tijorat sohasida xorijiy sheriklar bilan aloqalarni rivojlantirish, mijozlarni elektron savdoga kengroq jalb etish, yangi birja xizmat turlarini joriy etish, shuningdek, kadrlar malakasini oshirish vazifalari turibdi.  

 

Go‘zal MALIKOVA

“Hurriyat” muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − one =