Mehnat va ijod mushtarak. Zomin tumanida ochilgan yangi sanatoriydan reportaj

Yurtimizning jannatmonand go‘shalaridan biri — Zominga bormagan, uni ko‘rmagan odam ehtimol topilar. Ammo u yerning betakror tabiati, go‘zal manzaralari, shifobaxsh chashmalari, betimsol bog‘lari-yu tog‘lari, samimiy va mehnatkash odamlari haqida eshitmagan kishi yo‘q bo‘lsa kerak. Darhaqiqat, ana shu go‘zal maskanda o‘tgan hafta Navoiy kon-metallurgiya kombinatining sanatoriysi ishga tushirildi. Ushbu oromgohning ochilishida poytaxtimizdan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining bir guruh a’zolari, davlat va jamoat arboblari tashrif buyurdi. 

 

Avvalo, buyuk davlat va jamoat arbobi, atoqli adib Sharof Rashidovning Jizzax viloyatining markazida qad rostlagan haykali poyiga, ulug‘ ijodkorlar Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim xotirasiga qo‘yilgan haykallar poyiga gulchambarlar qo‘yilib, hurmat bajo keltirildi. 

Shundan so‘ng, o‘zining toza havosi va go‘zal tabiati bilan mashhur Zomin tog‘lari bag‘rida — O‘riklisoy qishlog‘ida qad rostlagan sihatgoh tomon yo‘l olindi. 150 o‘rinli sanatoriyning 50 o‘rni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari uchun ajratilgan. Yangi koshonada Navoiy kon-metallurgiya kombinati ishchi-xizmatchilari bilan birga mamlakatimizning yozuvchi va shoirlari hamda ularning oila a’zolari maroqli dam olishi, davolanishi va ijod qilishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Sanatoriy qurilishida milliy hamda zamonaviy me’morchilik an’analari o‘z ifodasini topganini alohida qayd etmoq darkor. Binoning tashqi devorlari zamonaviy energiya tejamkor qurilish materiallari bilan qoplangan. Mutaxassislarning fikricha, bunday binokorlik ashyolari imoratning qishda issiq, yozda salqin bo‘lishini ta’minlaydi. Ushbu muhtasham bino bir yarim yilda qurib bitkazildi. Sanatoriy zamonaviy mebellar, tibbiy uskunalar va sport anjomlari, tezkor aloqa-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan. Isitish tizimlarini o‘rnatishda yangi innovatsion usullar qo‘llanilgan. Oynavand liftlarda atrofdagi go‘zal manzarani bemalol tamosha qilish mumkin.

Sanatoriyning musaffo havosi, ultrabinafsha nurlari dam oluvchilarning sog‘lig‘ini tiklashi, ayniqsa, bronxial astma, yuqori nafas yo‘llari, markaziy asab va tayanch harakat tizimlari kasalliklarini samarali davolash imkonini beradi. Shifo  maskanida konchilar va ijodkorlar uchun badiiy va ijodiy kechalar o‘tkazishga mo‘ljallangan 180 o‘rinli amfiteatr, shuningdek, majlislar zali, kutubxona, oshxona, sport maydonchalari, zamonaviy tibbiy-diagnostika uskunalari bilan jihozlangan fizioterapiya, kislorod terapiyasi, uqalash, ignaterapiya, elektr yorug‘lik muolajasi xonasi kabi barcha sharoitlar mavjud. Tibbiy muolaja va majlislar zalining tomida joylashgan bog‘ ko‘pchilikni hayratga solishi tabiiy. Undagi manzarali daraxtlar va gullar, kichik me’moriy shakllar, o‘ziga xos landshaft jozibasi shoir va yozuvchilarimizga yilning to‘rt faslida ham ilhom bag‘ishlashi tayin.

Sanatoriyning ochilish marosimida Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, O‘zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov hayajonini yashira olmadi:

— Men bugun betakror Zomin tumaniga yo‘l olar ekanman, bundan yigirma yil oldingi voqealarni bir-bir xayolimdan o‘tkazdim, — dedi u. 

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Jizzax viloyatida rahbar bo‘lib ishlagan kezlari adiblarni har yili go‘zal tog‘lar bag‘riga chorlab, “Zomin seminari” degan an’anaviy uchrashuvlarni tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan edilar. 

Men o‘sha g‘oyaning tug‘ilishi va undan ko‘zlangan ulkan ezgu niyatning hayotda naqadar chiroyli ifodasini topganini xayolimdan o‘tkazdim. Axir, atoqli shoir Abdulla Oripov boshchiligida bu yerda o‘tgan dilkash davralar, mushoiralar, yangi asarlar muhokamalari, mahorat saboqlarini unutib bo‘lar ekanmi! 

Bugungi tadbirimizda ham muhtaram Prezidentimizning yana bir ulug‘ niyatining ijobatini ko‘rib, quvonib turibman. Bu Yurtboshimizning O‘zbekiston ijodkorlariga muhtasham sovg‘asi — yangi sihatgohning ochilishidir. 

Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Zominning mo‘’jizakor tog‘lari bag‘rida betakror va g‘oyat go‘zal sanatoriy qisqa fursatlarda qurib, foydalanishga topshirildi. 

Bu mamlakatimiz rahbari tomonidan 2017 yil 3 avgust kuni yurtimizning ijod ahli bilan bo‘lgan tarixiy uchrashuvida aytilgan ulug‘ niyatlarning amaldagi ijobatidir. O‘sha uchrashuvda Prezidentimiz Zomin va Parkent tumanlarining so‘lim go‘shalarida ijodkor ziyolilar uchun zamonaviy ijod maskanlari qurilishi rejalashtirilganini ta’kidlagan edilar. “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor, — degan edi Shavkat Mirziyoev. — Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz ham albatta bo‘ladi”. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov mamlakatimizda davlatimiz rahbari g‘amxo‘rligida ijod ahli uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotganini alohida ta’kidladi. Foydalanishga topshirilayotgan yangi sihatgoh ana shunday g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir ko‘rinishidir. Bu imkoniyat go‘zal Zomin bag‘rida adabiyotimizning oltin fondini boyitadigan asarlar yaratilishiga xizmat qiladi. Zero, konchilar va ijodkorlar faoliyatida mushtaraklik bor.  Konchilar zamin qa’ridan oltinu dur undirsalar, qalam ahli insonlar qalbidagi inju-kechinmalarni she’ru dostonlarda, qissayu romanlar, sahna asarlarida ifodalaydilar. 

Tadbir so‘nggida kombinat mehnat faxriylari tantanali tarzda sanatoriy lentasini qirqadilar. Zarafshon qurilish boshqarmasi boshlig‘i Ali Eshonqulov bayram qatnashchilarining olqishlari ostida “NKMK” sanatoriysi bosh shifokori Odiljon Mamajonovga sanatoriyning ramziy kalitini topshiradi. Ezgulik va quvonchu shodliklar ifodasi sifatida musaffo Zomin osmoniga sharlar uchiriladi… 

Sanatoriyni bunyod etishda alohida jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilar, texnik va muhandislarga minnatdorlik so‘zlari yangraydi. Ulardan bir guruhiga qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi. Zarafshon qurilish boshqarmasi Navoiy qurilish-montaj boshqarmasi boshlig‘i O.Faxirov, uchastka boshlig‘i Sh.Iskanov, duradgor K.Pirboev, betonchi F.Abdullaev, ekskavatorchi O.Rayhonov shular jumlasidandir. 

Sihatgohning foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirlar sanatoriyning majlislar zalida davom etdi. “Farhod” madaniyat saroyi badiiy jamoalari o‘zlarining kuy, qo‘shiq va raqslari bilan tadbirga shukuh bag‘ishladilar. Diltortar kontsert she’rxonlikka ulanib ketadi. Mushoirani O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid boshlab berdi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, O‘zbekiston xalq shoirlari Enaxon Siddiqova, Anvar Obidjon, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi, taniqli shoir Sa’dulla Hakim, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenesbay Karimov, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori  Ruxsora Abdullaeva va boshqa ijodkorlarning she’rlari tadbir ishtirokchilari va dam oluvchilarni nazm gulshanining sehrli olamiga olib kirdi. She’riyatning jozibasi, ta’sir kuchi shundaki, ko‘pchilik vaqt o‘tganligini ham sezmay qoldi…

Zominning qorli tog‘lari, quyuq archazorlariga — O‘riklisoyga Ramazonning xayrli oqshomi sepini yoyadi. Iftorlik dasturxoni yozildi. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining dastlabki yo‘llanmalarini olgan adiblar yangi sanatoriyda ijod zavqi bilan dam olishga kirishdi. 

O‘z muxbirimiz.   

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 2 =