Kim aybdor?..

Hayotda qiziq-qiziq voqealarga duch kelib qolasan kishi. Ularning ba’zisia asta-asta esdan chiqib ketadi, ba’zilarini esa ming urinsang ham unutolmaysan: o‘ylaysan, sababini qidirasan, topolmay xunob bo‘lasan. Oxiri ko‘nikasan: balki o‘zi shunday bo‘lishi kerakdir? Ammo ko‘nglingning bir chetida yana “nega, nima uchun?” degan savol javobini kutib yotadi.

  Hamma narsaga ko‘nikib ketaverish ham ko‘p chatoq narsa ekan. Mana, sizga bir hayotiy misol. Oyog‘im paylari, suyaklari qishda goh-nogoh qaqshab og‘riydi. Bu bir vaqtlar qorda oyoqyalang yurganimdan qolgan asorat bo‘lsa kerak. Bolalik-da: boshqalar oldida maqtanmoqchi bo‘lganmanmi mendan sovuq o‘tmaydi, men yogman deb? Keyin oyoqlarim sovuqni sezmaydigan bo‘lib qoldi. Soyning narigi betidagi maktabgacha qor kechib yalangoyoq boradigan bo‘ldim. Demak, o‘shanda oyoqlar sovuqqa ko‘nikkan. — Bu arzu dodimni eshitgan do‘xtir qum vannasiga buyurdi.

Ancha-muncha xarajat qilib, bir iloj qilib deng mashhur o‘sha siz bilgan sanatoriyga yo‘llanma topdim…

Saratonning oxirgi oyi bo‘lsa-da, kunning harorati baland, qum ustiga qo‘yilgan choynak bemalol vaqirlab qaynaydigan payt. Tushdan keyin meni belimgacha qumga ko‘mishdi. Boshimda soyabon. Badan olov ichida. O‘ng oyog‘imning to‘pig‘i kuya boshladi, keyin boldirimga issiq bir narsa sanchilaverdi. Birov qoraoqsoqdan qutulaman deb oyoqlarini qumga ko‘mgani, uni qum ichida yotgan ilon chaqqani shu payt esimga tushib badanim vajillab ketdi. “Ey, oyog‘imni ochinglar-ey, nima bo‘layapti? Kuya­yapman?”

Shuyerdagi sanatoriy xizmatchilari e’tibor berishmadi: “O‘zi shunday bo‘ladi, aka. Sabr qiling”. Sabr qildim. Ammo bo‘lmadi. Olov etimga kirib borayotganga o‘xshardi: “Voh, kuyaman! Voy, onajon!”. Ular ustimdan kulishdi: “Qarang, shuncha kishi qum ichida indamay yotibdi-ku!” Men turib ketish niyatidan qayt­dim: darhaqiqat, shuncha odam yotibdi-yu miq etishmay — g‘ing deyishmasdan.

Tishimni tishimga bosdim… Og‘riq sekin-sekin pasaya boshladi. O‘zi shunday bo‘lsa kerak-da — o‘yladim. Aslida esa etim, qarshilik ko‘rsatmay, unga singib borayotgan qum olovi og‘riqlariga ko‘nika boshlagandi. Keyin hech qanday og‘riq sezilmay qoldi. Nima bo‘lganini bilmayman — mizg‘ibman.

“Turing, aka, vaqt bo‘ldi” degan ovoz uyg‘otib yubordi. Bu meni ko‘mgan xizmatchi yigitning tovushi edi. U boshim ustida qo‘lida qum soatni ushlab turardi. Joyimdan ba’zo‘r qo‘zg‘aldim, bir azob bilan oyoqqa turdim, dovdirab-dovdirab kiyinib oldim. Qaradim: o‘ng oyog‘im to‘pig‘idan to tizzagacha xuddi anorday qizarib ketgandi…

Kechasi bilan oyoq zirqirab uyqu bermadi. Ertalab ko‘rsam, tovonim atrofida katta-kichik pufakchalar paydo bo‘libdi. Binoning ikkinchi qavatidan lift yordamida pastga tushib, muolaja xonasiga bordim. Bo‘ynidan ko‘kragiga tushib turgan beyjikda “Yulduz” deb yozib qo‘yilgan hamshira oyog‘imdagi pufaklarni maxsus ignachalar bilan teshib, suvini oqizib, spirtli paxta bilan artib oldi-da, qandaydir hidsiz “Levomekol” malhamidan surtib bog‘ladi. Shunda sal oyog‘im orom topganday bo‘ldi.

Oyog‘imning kuyishiga kim aybdor? — so‘radim Yulduzdan. — Bir siz emas shunday bo‘lgan, javob berdi kulimsirab xushmuomala hamshira.

Kushetkada yotib osma ukol olayotgan o‘rta yoshlardagi kishi yotgan joyi­dan: «Ayb­dor o‘zingiz», — dedi jiddiy ohangda. Unga qarab jilmayib qo‘ydim. Darvoqe, haqiqatan ham o‘zim aybdorda. Mening hamma narsaga ko‘nikib ketaverishim…

Bir kuni kechqurun sanatoriyning ikki xodimi — ayollar biz turgan xonaga kirib kelishdi. Bu xona ularga kerak bo‘lib qolibdi:

— Tog‘a, nozik mehmonlar kelayapti. Siz turgan xona — lyuks. Sizni boshqa joyga o‘tkazaylik. Rozi bo‘ling, — dedi ulardan biri.

— Lyuks xona bu sanatoriyda bittami?

— Boshqa shunday xonalar ham bor. Hammasi band. Siz intelligent odam, o‘qituvchisiz. Shuning uchun vaziyatni faqat siz to‘g‘ri tushunasiz, deb oldingizga keldik.

— Endi bir-ikki kun qolganda bizni ko‘chirib nima qilasiz?

— Bir-ikki kun yana qo‘shib beramiz.

— Hojati yo‘q.

Shu dam I.Buninning “Sanfrantsiskolik janob” hikoyasi esimga keldi. “Atlantida” paroxodida dunyo bo‘ylab sayohatga chiqqan janobning qizi bilan xotinini lyuks kayutadan bechorahol odamlar kayutasiga o‘tkazishgani… Mijozlar bilmasin, deb sodir bo‘lgan fojiani yashirishgani…

O‘zimni birmuncha kamsitilganday his qildim. “Dunyo, mehring qani?” Axir, men ham necha yillardan buyon biror kun o‘zimni o‘ylamay elim deb, yurtim deb mehnat qilib kelayopman-ku. Huzurini esa temir seyflar ko‘rib yotibdi…

— “Nozik mehmonlaringiz”dan biz kam bo‘lib qoldikmi? Bizlar to‘lagan pulning qiymati ularnikidan pastmi?

— Tog‘ajon, gap pulda emas. Aytdim-ku, nozik mehmonlar deb… Tushuning.

Tushunishga harakat qildim. Bo‘lmadi. Kechasi yuklarni ko‘tarib ikkinchi qavatdan to‘rtinchi qavatga chiqib, allaqanday nozik mehmon uchun o‘zimni, yovga bormay yarador oyog‘imni bezovta qilgim kelmadi.

— Menga qarang, singlim, boshlig‘ingizga ayting 209–xonada yashaydigan mijoz rozi bo‘lmadi, deng. Men ham uncha “tushunadigan” odam emasman. Nega endi yashab turgan xonamni kimgadir bo‘shatib berishim kerak? “Nozik mehmon”ning menga nima daxli bor?

— Hamrohingiz rozi bo‘ldilar?

O‘ylab qoldim. Bir “xo‘p” degim keldi. Ammo birovdan yana “o‘zingiz aybdor” degan dakki eshitishni istamadim. Ko‘nglim bo‘shligi uchun o‘zimdan xafa bo‘ldim.

— Rozi bo‘lsa, u kishini ko‘chiravering, meni bezovta qilmang. Agar boshqa iloji bo‘lmasa, qolgan kunlarning “hisob-kitobini” qilib, mening sog‘lig‘imgayetkazilgan zarar jarimasini o‘zlaringdan qo‘shib to‘langlar-da, ertaga menga javob beringlar. Men uyimga borib, kuygan oyog‘imni davolay.

Ular chiqib ketishdi. Ertalab boshliq yordamchisi keldi. Unga ham javob kechagiday bo‘ldi.

Endi men har narsaga ko‘nikib ketaverish odatidan voz kechayotganga o‘xshardim. Balki o‘sha qumga ko‘mishganida kuyayotganimni sezganim zahot, “o‘zi shunday bo‘lsa kerak-da” demay, joyimdan turganimda, balki bugungi azobli og‘riqlar bo‘lmasmidi?..

O‘ylamay-netmay har kimga ishonib, har narsaga ko‘nikib ketaverishdek zabunlik, pushaymonliklar keltiruvchi holat bormikin olamda? Shunchalik ham sodda bo‘ladimi odam degan?!

 Bozor Ilyos al-Amin.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + 15 =