Sajdagoh kabi Muqaddas

Vatan haqida shunchaki yozish anchayin mushkul. Ko‘ngilda Vatan tuyg‘usi shakl­lanmay turib, Vatanni his qilib bo‘lmaydi. Ba’zida o‘zga yurtlarda yumush vajidan yurgan odam Vatan qadrini kengroq biladi deyishadi. Aslida, Vatanning ichida turib ham Vatanda uni chin dildan sevib yashagan odam ham yurt qadr-qimmatini tugal anglay oladi.

 Faqat… Vatan haqida yozishning yana bir mushkulligi shundaki, ko‘pincha odam o‘zi dildan suyadiganini alqashga, ta’riflashga munosib so‘z topolmay qoladi. Shu bois, Vatanni sevishni, uni ardoqlashni ovozsiz, sassiz, avvalo amalda, qilinayotgan ezgu ishlarda ko‘rgim keladi…

Axir, biz ota-onamizni biron manfaat kutmay sevamiz-ku! Vatanni ham ana shunday sevishimiz, ardoqlashimiz kerak.

“Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmaysan” — betakror maqol. Ko‘pincha Hazrati Boburning:

O‘z yurtni qo‘yub hind sori yuzlandim,

Yo rab, netay bu ne yuz qarolig‘ bo‘ldi…

Ha, ushbu satrlar yodimga tushadi.

Bobur Hazratlari o‘z tug‘ilib o‘sgan vatanidan o‘zga yurtlarga ketishga majbur bo‘ldi. Shoh va shoirning qalbidagi armon bu. Mana shu ikki satrning o‘zida shoirning qalbini o‘rtagan dard, ya’ni Vatan sog‘inchini ilg‘aymiz. Shoir shohlik libosida o‘zga yurtda yaratuvchanlik va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirsa-da, alal oqibat bari vatanning bir tilim qovuniga arzimas ekanligiga iqror bo‘ladi…

Bolaligim buvimning yonida o‘tdi. Buvim so‘fi azon aytmasidan xamir qorib qo‘yardi. Non yopguncha hovlini supurardi. Ozoda va pazanda ayol edilar. Quyosh olamni yoritganda tandirdan nonlar uzardi. Menga kichkina kulcha berar, men uni ariq suviga botirib rohatlanibyerdim. Hovlidan rayhon isi ufurib turardi. Buvimning uyi — mening vatanim edi.

Vatan degani shu bir siqim tuproq, deya bolalarga xos fikrlardim. Keyinchalik ana shu bir siqim tuproqda hikmat ko‘pligini, buvimning hovlisiga hech narsani almashib bo‘lmasligini angladim…

Bugun ona yurt haqida yoza turib, o‘sha damlarni esga olayapman. Beixtiyor o‘yga tolaman, O‘zbekiston atalmish ota makonim shu — mening vatanim!

Biz, tug‘ilib o‘sgan, bizni ulg‘aytirgan vatanimizga xiyonat qilishga zarracha haqqimiz yo‘q!

Vatan ostonadan boshlanishini men o‘z bolaligim kechgan ajib kunlarda kashf etdim.

Yana o‘ylasam, Vatanni bizga sevishni va ardoqlashni o‘rgatadigan atrofimizdagi mehridaryo odamlar ekan! Inson bolasi bir umr mehrga tashna. Hadeganda ko‘zga ko‘rinmas rishta yaxshi insonlar bilan yonma-yon yashashga, mehnat qilishga, qaynoq va jo‘shqin hayot sari talpinishga chorlayveradi…

Vatan ozodligi — davlat Mustaqilligidir. Istiqlol bizga nasib etgan eng buyuk ne’mat — bu Vatanimiz mustaqilligi. Ana shu buyuk ne’matni qo‘lga kiritish, el-ulusni o‘zyerida erkin yashashini ta’minlash yo‘lida kurashgan ota-bobolarimizning maqsadi ham Vatanni ozod ko‘rish bo‘lgan.

Mustaqillik — bu o‘z oring, shonu shavkating, erking, ona tiling, milliy tarixing, o‘z diningni, o‘zligingning qaytarilishidir! Bu balandparvoz, shunchaki tilda takrorlanadigan so‘zlar emas. Bu shu yurtda tug‘ilib o‘sgan, shu yurtning noniniyeb, suvini ichgan har bir insonning ongu shuurida kechadigan, ham qalban, ham aqlan mushohadaga chorlaydigan bir da’vatdir!

Zotan, Istiqlol — bizning o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilashimiz, bugun va ertaga ulkan ishlar qilishimizga keng yo‘l ochdi. Erkimiz, dinimiz, tariximizni qaytarib berdi. Biz o‘z fikrimizni erkin ayta oladigan ozod insonga aylandik. Ming shukr, so‘nggi 3 yil davomida yurtimizda ro‘yobga chiqarilayotgan ulkan bunyodkorliklar, yangilanishlar har birimizning hayotimizni, o‘y-fikrlarimizni o‘zgartirib yubordi. Biz chinakam kelajagi yuksak, porloq Vatan uchun mehnat qilishni o‘rgandik.

O‘zgarishlar — hamma jab­hada. Har bir viloyat, shahar, tuman va mahallalarda obod­lik uchun kurashmoqda, harakat qilinmoqda. Vatanimizda ulkan bunyodkorliklar ro‘yobga chiqarilmoqda. Bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi ham. Hech kim kelib bizga yaxshi sharoitni ham yaratib bermaydi. Shu bois, mamlakatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ulug‘, savobli amallarda har bir yurt­doshimiz o‘z hissasini qo‘shishi kerak.

Vatanni sevish, shu xalqqa xizmat qilish, uning yanada obod bo‘lishiga hissa qo‘shmoqlikdadir.

O‘quvchi — yaxshi o‘qisin, talabalar berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, yaxshi inson va munosib kadr bo‘libyetishsin, dehqonu chorvador mehrini o‘z ishida ayamasin, shunda unum va barokat bo‘ladi. Olimu fuzalolarimiz esa ilmu fanda, madaniyat ma’rifatda buyuk bobolarimizdan ulgu olib shu yurt uchun jonfidolik qilsalar, katta-kichik rahbarlar Yurtboshimiz qo‘yayotgan vazifalarni vijdonan ado etsa, bizga kim havas qilmaydi?!

Ehtimol, bu fikr-mulohazalarimda hech bir yangi gap yo‘qdir, ammo mening nazarimda vatanni sevish hamisha shunday oddiy, lekin oson ish emas. Biroq eng ulug‘ saodat shudir.

Matluba TYEMUR qizi,

“O‘zbekkontsert” davlat muassasasi xodimi,

Respublika “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × five =