AHOLI DAM OLISH MASKANLARIDA AHVOL QANDAY?

Madaniyat istilohi bugun har qachongidan ko‘proq, turfa ma’nolarda kundalik hayotimizda, tele va radio chiqishlarda, matbuotda tilga olinmoqda. Boisi, bugun biz shunday davrda yashayapmizki, o‘z madaniyatimizni, milliy o‘zligimizni har qanday yot g‘oya va mafkuradan yuksak ma’naviyatga tayangan holda himoya qilishimiz g‘oyat muhim. Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda “Kamolot” YOIH hamkorlikda o‘tkazgan “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda Madaniyat va aholi dam olish markazlarining o‘rni” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjumanda ham ayni mulohazalar qayta-qayta tilga olindi. 

Professor Baxtiyor Sayfullayev o‘z nut­qida madaniyat va aholi dam olish maskanlarini malakali kadrlar bilan ta’minlash masalalariga to‘xtalar ekan, keyingi yillarda sohada jiddiy o‘zgarishlar qilinganini, xususan, ikki institut negizida yangi – O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining tashkil topgani sohada malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qamrab olishga qaratilganini ta’kidladi. Shuningdek, “Madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini tashkil etish va boshqarish” yo‘nalishining ochilgani aynan madaniyat va aholi dam olish markazlari tizimini rivojlantirishda qo‘l keladi.

Tadbir davomida joylarda madaniyat va aholi dam olish maskanlarining faoliyatiga bag‘ishlangan videomaterial yig‘ilganlarga namo­yish etildi.

Taassufki, ushbu videoma’lumotlarni tomosha qi­lish asnosida, peshtoqiga “Madaniyat va aholi dam olish maskani” deb insho etilgan g‘arib va xaroba ahvoldagi imoratni ko‘rib, g‘alati alpozga tushasiz. Yana bu holatlar chekka-chekka joylarda, tumanlarda emas, poytaxtimizda ekaniga nima deysiz?

Mirobod, Bektemir, Uchtepa, Chilonzor tumanlaridagi ayrim dam olish maskanlarining holati judayam achinarli. Yunusoboddagi 20-sonli Madaniyat va aholi dam olish maskanida esa hatto elektr tarmoqlari ochiq, xavf­li bir holatda yerda sochilib yotibdi. Viloyatlardagi ahvol namoyish etilganda, rosti vaziyat bundan-da battarroq bo‘lsa kerak, degan xayol kelgan edi. Ammo Samar­qand, Xorazm, Toshkent viloyatlaridagi muassasalarning holati nisbatan yaxshi ekani ko‘rindi.

Namangan viloyati, Chortoq tumanidagi Alixon madaniyat uyi esa allaqachon g‘arib ahvolga tushib, uning faqat asosiy tomosha zaliga kirish qismi bilyardxona sifatida “faoliyat” ko‘rsatayotganini ko‘rishingiz mumkin.

Markaz rahbari Azamat Haydarov ta’kidlaganidek, dam olish uyining maqsadi bunday bemaqsad o‘yinbozlik, faqat shaxsiy foyda olishni ko‘zlab pulli xizmatlarni yo‘lga qo‘yish emas, aksincha, davlat berayotgan imtiyoz va yordamlardan foydalanib turli to‘garaklar, badiiy jamoalar tashkil qi­lish, yoshlarning qiziqish va intilishlariga rag‘bat uyg‘otishdir. Afsuski, mana shu pallada yetarli salohiyatga ega bo‘lmagan kadrlarning madaniyat va aholi dam olish muassasasiga mustahkam o‘rnashib olgani, ishga qabul qilish jarayonida tanish-bilishchilik kabi illatlarning hali-hamon mavjudligi ishni to‘g‘ri tashkil qilishga, rivojlanishga to‘sqinlik qilayotir.

Anjumanga sohaning viloyatlardagi barcha mutasaddilari ham taklif etilgan bo‘lib, ulardan ish jarayonida uchrayotgan to‘siqlarni bartaraf etish haqida so‘zlab berish so‘raldi. Afsuski, so‘zga chiqqan mehmonlar aniq amaliy taklif va muammodan chiqish yo‘llari haqida gapirish o‘rniga, kamchiliklarni albatta bartaraf etish haqi­dagi iliq-issiq gap-so‘zdan nari o‘tolmadi. Anjuman ishida tashkilotchilar mana shunday vaziyatlarni oldini olish borasidagi eng muhim vazifa – kadrlar masalasiga e’tibor qaratishdi. Joriy yilgi bitiruvchilar viloyatlar kesimida mana shunday muassasalarga, Madaniyat va sport ishlari vazirligi taqdimiga binoan ishga joylashsa, rahbarlik sohaning haqiqiy egalari – mutaxassislari qo‘liga o‘tsa, madaniyat va aholi dam olish maskanlari o‘z mavqyei nomiga yarasha xizmat ko‘rsatishi ta’kidlandi. Shu asosda bitiruvchi kurs talabalarining fikrlari bilan qiziqdik:

– Videotasvirlarni ko‘­rib, tezroq ish boshlashni, o‘zim tug‘ilib o‘sgan hududdagi madaniyat va aholi dam olish maskani faoliyatini jonlantirishni o‘ylayapman, – deydi farg‘onalik talaba Izzatjon Valiyev. – Institutda to‘rt yil o‘qidim, ustozlarimdan ko‘p narsa o‘rgandim. Endi ana o‘sha bilimlarni sarflashga, yurtdoshlarim koriga yarashga tayyorman.

Bu yigitning yonib turgan ko‘zlari, ishtiyoqini ko‘rib, bir muddat avvalroq gazetamizda e’lon qilingan “Madadga muhtoj madaniyat uyi” nomli tanqidiy maqola yodga tushdi. E’tiborlisi, ushbu maqola aynan Izzatjon tug‘ilib o‘sgan hudud – Rishton tumanidagi Avazboy madaniyat va aholi dam olish uyining nochor ahvoli haqida edi…

Ayni paytda 2018 yilga qadar zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining qarori asosida dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, sohada islohotlar boshlanmoqda. Endilikda 1777 ta madaniyat uylari va klublar negizida 894 ta zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ayni paytga qadar nochor va qarovsiz holatda turgan madaniyat uylarini davlat o‘z qaramog‘iga olib, joriy va kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirilish boshlab yuborilgan – jami 41 ta markaz to‘liq qayta ta’mirdan chiqdi. Ammo jarayon to‘liq izga tushishi uchun, yana boyagi muammo bartaraf etilishi – mahalliy hokimiyat vakillari bilan madaniyat va ma’rifat ishlariga kamarbasta mutasaddilar o‘rtasida doimiy aloqalar bo‘lib turishi, rahbar hududdagi madaniy ishlarga alohida qiziqish, e’tibor ko‘rsatishi lozim. 

 Behzod QOBULOV,

“Hurriyat” muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + two =