QON BOSIMINI TUSHIRISHNING YANGI USULI
Bu yangilik qon bosimi oshib turuvchilar uchun foydali. Turli dori vositalarini qabul qilaverib, joniga tekkanlar tadqiqotchi olimlarni alqashi aniq. Britaniyada mo‘jazgina moslama ustida klinik sinov o‘tkazildi. Bu qanday moslama deysizmi? Aynan siz izlagan, qon bosimini tushiradigan moslama-da!
Kaliforniyaning ROX Medical kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur chip kanselyariya skrepkasiga o‘xshaydi. Tibbiyotga oid Lancet jurnalida yozilishicha, bu sinovda 83 nafar bemor qatnashgan va ularning barchasi qon bosimi tez orada pasayganini his qilgan. «Kapler» (coupler) nomini olgan ushbu moslama sonning yuqori qismi muskullariga, arteriya va vena qon tomirlari orasiga suqib qo‘yib tekshiriladi. Shifokorlar dori vositalarini qabul qila olmaydigan bemorlar uchun bu moslama juda qulay bo‘lganini ta’kidlashmoqda. Londondagi Kvin Meri universitetida ham gipertoniya bilan og‘rigan, dori vositalari ta’sir etmagan 42 nafar bemor ishtirokida kapler sinovdan o‘tkazildi. So‘ng bu natijalar odatdagi davolash usulini davom ettirayotgan 35 nafar bemor ahvoli bilan qiyoslab ko‘rildi. Kaplerdan foydalangan bemorlarda kasallik belgilari ancha kamaygani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, ushbu moslamaning nojo‘ya ta’sirlari ham aniqlandi: uni qabul qilgan bemorlarning 29 foizi son sohasida shish paydo bo‘lgani ko‘zga tashlandi. Britaniyaning gipertoniya jamiyati prezidenti professor Tom Makdonald yangi moslama davolash jarayonini keskin o‘zgartirib yuborishi mumkinligini ta’kidlab shunday deydi: “Ayni paytda biz ushbu moslama davlat sog‘liqni saqlash tizimiga moliyalashtirilmasdan oldin qat’iy talablar asosida yana qayta sinov o‘tkazishimiz zarur. Chunki kaplerni hozircha muammolardan xoli, deb bo‘lmaydi”.
IBTIDOIY ODAMNING YANGICHA KO‘RINISHI TOPILDI
Ibtidoiy odamlar haqida nimalar bilasiz? Dastlabki ajdodlarimiz maymunlar bo‘lgan deysizmi? Yo‘g‘-ye, bu eski, yanglish qarash ekani allaqachon ma’lum bo‘lgan-ku! Har holda ularning bugungi odamlarga o‘xshamaydigan jihatlari ko‘p bo‘lgan ko‘rinadi…
Yaponiya, Tayvan, Avstraliya universitetlari e’lon qilgan yangilikka e’tibor bering: Sharqiy Osiyo hududida yashagan ibtidoiy odamning yangi ko‘rinishini isbotlovchi qoldiqlar topilgan. Yaponiya ommaviy axborot vositalari uni “Penxu odam” deb nomlangani haqida yozadi. Chunki qadimiy odamning jag‘ suyagi Tayvanning g‘arbiy sohilidagi Penxu oroli hududida baliqchilar to‘riga ilinib chiqqan. Dastlab bu topilma qaysi millat odamiga tegishli ekanini o‘ylab, olimlarning boshi qotdi. Qaysi xalq ajdodi bo‘lmasin, bu ibtidoiy odam jag‘i ancha katta va tishlari saqlanib qolgan.
– Biz uni dastlab Osiyo yoki Afrikada yashagan qadimgi odamlar ajdodi, deb o‘ylagandik, – deydi Tokio universiteti tadqiqotchilaridan biri Yesuke Kayfu. – Pekin va Yavan ibtidoiy odamlaridagi turli xil ko‘rinishga qiyoslab ko‘rilganda, mazkur topilma bugungi odamlarning ajdodi emas, degan to‘xtamga kelinadi.
Bu bilan Osiyo hududida qadimgi odamlarga tegishli shu kabi qoldiqlar to‘rtinchi bor topilishi. Bundan esa olimlar turli qarashlarga ega o‘zoq o‘tmish vakillari uchun ushbu hudud o‘z vaqtida raqobat, kurashlar maydoni bo‘lgan ekan, deya xulosa chiqardilar.
Internet materiallari asosida X.Axmadjonova tayyorladi.