KITOB BU – 7 KUN, 7MO‘’JIZA

Zamonaviy texnika va texnologiyalarning taraqqiy etishi tufayli ko‘plab sohalar tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Ayniqsa, mobil telefonlarning so‘nggi rusumlari ko‘plab vazifalarni o‘zida jamlab, gazeta, televidenie, hatto kitob o‘rnini bosayotir. Bularning barchasi, albatta insonga qulaylik yaratishga xizmat qiladi. Biroq elektron kitoblar oddiy kitob o‘rnini bosa oladimi?

 Bu borada soatlab bahs yuritish mumkin. Qo‘lingizdagi mitti apparatga butun boshli kutubxonani sig‘dirish imkoniyati bor. Ammo ular insonda kitobchalik his-tuyg‘u uyg‘ota olarmikan? Buni faqat qo‘lga olib o‘qilgan kitob orqa­li his etasiz. Texnika qancha taraqqiy etmasin, kitoblarning ahamiyati bir on ham susaymayotganiga sabab shu bo‘lsa ajabmas. 

Bugun yurtimiz kitob do‘konlari, kutubxonalar, turli kitob ko‘rgazmalarida yoshu qari odamlar gavjumligini ko‘rib dilingiz yorishadi. Bu aholining kitob mutolaasiga qiziqishi ortib, ma’naviyati  yuksalib borayotganiga ishoradir.

Keyingi yillarda nashr etilayotgan kitoblarning poligrafik sifati va dizayni mamlakatimizda noshirlik va matbaa sanoati izchil rivojlanayotganidan hamda  kitobxonlik madaniyatining yuksalayotganidan dalolat beradi. Albatta, bunda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining munosib hissasi bor. Tizimdagi nashriyot, matbaa korxonalarida modernizatsiya ishlarining jadallashgani, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini oshirish va diversifikatsiya masalalariga alohida urg‘u berilishi natijasida bugungi kunda chop etilayotgan kitoblar saviyasi, adadi, ularni o‘quvchilarga yetkazib berish tartibi butunlay yangilandi. Viloyatlarda faoliyat yuritayotgan matbaa korxonalari butkul zamonaviylashtirildi.

Bundan tashqari, yurtimizda ishbilarmonlik muhitining yaratilgani ham noshirlik ishlarining tez sur’atlarda rivojlanishiga omil bo‘layotir. Bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarimiz ham halol raqobat ruhida ish olib borib, bir-biridan qolishmaydigan kitoblarni nashr etishyapti. Bu esa o‘quvchilarning tanlash imkoniyatini yaxshilab, sifatli va arzon mahsulot xarid qilishiga zamin yaratmoqda. Sohaning yanada taraqqiy etishida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan respublikamiz nashriyotlari o‘rtasida qariyb yetti yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan «Yilning eng yaxshi kitobi» ko‘rik-tanlovining ham o‘z o‘rni bor. Unda «Ijtimoiy – siyosiy adabiyot», «Vatan tarixi», «O‘zbek va jahon mumtoz adabiyoti», «Bolalar va o‘smirlar adabiyoti», «ART kitob», «Ma’naviy – ma’rifiy adabiyotlar», «Ilmiy fundamental asarlar, entsiklopedik nashrlar» kabi yo‘nalishlar bor. Tanlovda 1,2,3 o‘rinlarga munosib topilgan nashriyotlar diplomlar va turli tuman sov­rinlarni qo‘lga kiritishmoqda. Bu esa soha xodimlarini yanada ishtiyoq bilan ishlashga undaydi.

Respublikamiz aholisi, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy va intellektual ehtiyojlarini qondirishda kitobning o‘rni va ahamiyatini yanada kengaytirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ijodkorlar va o‘quvchilar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazida hamda Toshkent shahridagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida «Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor» shio­ri ostida respublika «Kitob bayrami» o‘tkazib kelmoqda.

Sayil tarzida tashkil etiladigan bayram tadbirlarida adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyo­siy hamda entsiklopedik yo‘nalishdagi kitoblarning taqdimotlari, «Namunaviy kitob do‘koni» respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi hamda taniqli adib va shoirlar bilan uchrashuvlar, sovrinli viktorinalar, san’at ustalarining kontsertlari bo‘lib o‘tadi. Bu an’ana kitobxonlar sonining ortishiga, kitobga bo‘lgan mehrning kuchayishiga zamin yaratmoqda.

Bolajonlarning bo‘sh vaqtlari va hordiq onlarini ko‘ngilli o‘tkazishda badiiy asarlar namunalarining o‘rni beqiyos. Quvnoq she’r, hikoya, ertak, rivoyat va tez aytishlar ularga olam-olam zavq, hayrat bag‘ishlashi bilan birga, dunyoqarashlarini boyitadi, zehnlarini charxlaydi. Ona Vatanga, insonlarga mehrlarini oshiradi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi hamda qator hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazlarida o‘tkazib kelinayotgan «Bolalar kitobi» respublika festivali bolalar adabiyotlarining ko‘payishiga va ularning rang-barang mavzularda bo‘lishiga zamin yaratmoqda. Unda bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan noshirlar, matbaachilar, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar ishtirok etmoqda. Bu esa  talaba-yoshlar, o‘quvchilar va ota-onalarning festivalga qiziqishini yanada oshirayotir. O‘tgan yilgi «Bolalar kitobi» II respublika festivalida oltmishdan ortiq nashriyot va matbaa korxonalari boqqa o‘rnatilgan ko‘rgazma stendlari orqali o‘z kitob va bosma mahsulotlarini namo­yish etdi. Festival doirasida bolajonlar uchun «Eng yaxshi yosh kitobxon», «Kitobxon oila», «Mening birinchi kitobcham», «Atrof-olam muhofazasi – salomatlik garovi», «Mo‘’jiza emasdir falakda oftob, mo‘’jiza aslida beminnat kitob», «Kitob – eng yaxshi sovg‘a» mavzularida intellektual musobaqalar, viktorinalar va ijodiy tanlovlar o‘tkazilmoqda. Bu esa yoshlarning kitobga bo‘lgan mehrini yanada oshiradi, albatta.

Festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad ham mustaqillik yillarida adabiyot, madaniyat va noshirlik sohalarida qo‘lga kiritilgan yutuq va marralarimizning ma’no-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, o‘sib kelayotgan avlodning intellektual rivojlangan va ma’nan barkamol qilib voyaga yetkazishda kitobning o‘rni va ahamiyatini yanada kengaytirish, yoshlarning milliy adabiyotga qiziqishini, kitobga hurmatini oshirish hamda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yanada shakllantirib borish, bolalarga mo‘ljallangan ijtimoiy-badiiy yetuk adabiyotlar salmog‘ini ko‘paytirish hamda bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan nashriyotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdir.

Kuni kecha agentlik tasarrufidagi “Kitob olami” savdo majmuasida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunining 24 yilligi munosabati harbiy xizmatchilarning farzandlariga qiziqarli tomosha va o‘yinlar uyushtirildi. Bolajonlar turli ertak qahramonlari bilan uchrashdilar, she’r, tez aytish va qo‘shiqlar kuylashib, ko‘ngilochar o‘yinlar o‘ynashdi. Shuningdek, yangi chop etilgan  bolalar kitoblari bilan tanishishib, bir olam zavq olishdi.

– Bolalarim bilan kitob xarid qilishga kelib,  kutilmaganda bayram ustidan chiqib qoldik, – deydi tadbir ishtirokchisi Furqat Gabitov. – Bunday shodiyonalar har bir bolaning joni dili. Hozir qaerga bormaylik  ana shunday quvonchli lahzalarning guvohi bo‘layotirmiz. Bir tomonda yangi yil, bir tomonda Vatan himoyachilari kuni. Albatta buning zamirida tinchlik degan ne’mat yotibdi. Mana shu Vatan himoyachilari bor ekan, ko‘nglimiz xotirjam, yurtimiz tinch. Osoyishtalik hukmron bo‘lgan elga bayramlar ham yarashadi-da. Shunday xursandchilikni tashkil qilgan barcha tashkilotchilarga minnatdorligimni bildiraman.

Bu tilakka biz ham qo‘shi­la­miz. “Kitob bu — mo‘’jiza” deb nomlangan bu tadbir haftaning yetti kunida ham siz azizlarga, farzandlaringizga muntazir.

 

Bobur MuHammadiev,

“Hurriyat”  muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 4 =