TARBIYANING MA’RIFIY ASOSLARI
Bugungi kunda yoshlarni har tomonlama yetuk, barkamol yigit-qizlar qilib tarbiyalashning nechog‘li muhim ekanligini takrorlashga hojat bo‘lmasa kerak. Zero, ertaga qanday yashashimiz, mamlakatimiz, millatimizning dunyo hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori, salohiyati qay darajada bo‘lishi, o‘g‘il-qizlarimizga qadriyatlarni qadrlashni, e’zozlashni, qanday yashash va ishlash, jamiyatda o‘zini qanday tutish, qaysi maqsadlarni ko‘zlab harakat qilishni o‘rgatishimizga bog‘liq ekanini hammamiz yaxshi bilamiz.
Keling, ochiqchasiga tan olaylik, o‘g‘limiz, qizimiz, bizdan yoshi ancha kichik singlimiz yoki ukamiz biror muammo, masala yuzasidan o‘z fikrini aytayotganida, biz doim ham ularning so‘zlarini oxirigacha tinglaymizmi? So‘zimni rad etishga, “Yo‘q, eshitamiz!” deyishga shoshilmang. Ochig‘ini aytganda, biz ularga darrov tayyor, ba’zan o‘zimiz ham oxirigacha ishonmaydigan fikrni singdirishga, kerak bo‘lsa, uni yodlatishga urinamiz. Bir-ikki marotaba shunday qarshilikka duch kelgan o‘smir yoki qiz keyin o‘z fikrini aytmaslikka, eng yomoni esa bu masala yuzasidan bosh qotirmaslikka o‘rgana boshlaydi. Ya’ni unda “Kattalar bu haqda allaqachon bir xulosaga kelgan-ku, men nima qilaman aralashib, baribir gapimni kim ham eshitardi” degan fikr paydo bo‘ladi. U asta-sekin befarqu loqayd, eng jo‘n masalalarni yechishda ham kattalaru boshliqlarning og‘ziga qaraydigan odamga aylanib qoladi. Vaqti kelib, o‘zi o‘sha kattalar o‘rnida qolganida biror ish yuzasidan to‘g‘ri qaror qabul qilolmay qiynaladi.
Shuning uchun qanchalik band bo‘lmaylik, fikrimizning to‘g‘riligiga nechog‘lik ishonmaylik, yoshlarning fikrini tinglashga, e’tibor berishga o‘rganaylik. Mayli, uning fikri noto‘g‘ri, boshqacha bo‘lsin. Bundan qo‘rqish yoki ajablanish emas, balki bolaga, o‘smir yoki qizga mushohada jarayonida qaysi qismda xatoga yo‘l qo‘ygani, nima uchun uning xulosasi noto‘g‘ri chiqqanini ko‘rsatib berish doimo lozim.
Bitta misol. Bir yigit kechqurun otasining uyiga kelsa, akasi kelinoyisi bilan beton qorishmasini tashishyapti ekan. U kelinoyisidan choy olib kelishni iltimos qiladi. Akasining “Ana choynakda turibdi-ku. Quyib ichaver!” degan gapiga “Yo‘q! Men issig‘idan ichmoqchiman!” deb aytgach, ayol oshxonaga kirib ketganida “Kelinoyimni bunaqa og‘ir ishlarga jalb qilmang!” deb akasiga tanbeh beradi. Akasining oilada ayol ham, erkak ham bir xil huquq va majburiyatga ega, degan e’tiroziga esa “Ayting-chi, siz ham ayollar ishini necha marta qildingiz? Bolalaringizni qachon beshikka belagansiz? Sigirni necha marta sog‘gansiz?” deb bergan savollaridan keyin aka haqiqatan ham ayoliga nisbatan adolatsizlik qilganini tushunib yetadi. Bu voqeada uka akasiga uning noto‘g‘ri xulosa chiqarishida “Oilada ayol va erkak teng, ya’ni hamma ishni baravariga qilish kerak” degan fikrida xudbinlik borligini isbotlab bermaganida, u ukasining haqligini tan olishi qiyin bo‘lardi.
Farzandlarimizga hayotiy pozitsiyani to‘g‘ri tanlashda donishmandlar bisoti, milliy qadriyatlarimiz, mashhur kishilar, davlat va jamoat arboblari, jumladan, Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asaridan misollar va iqtiboslar keltirish juda o‘rinli va samarali bo‘ladi. Shuningdek, o‘g‘il-qizlarimizga ma’naviyat mezonlarini singdirayotgan tarixiy misollarni keltirishning ahamiyati juda kattadir.
Yoshlarni haqiqatni aytishga va eshitishga o‘rgatish nihoyatda muhim. Bunda ularda printsipiallik pozitsiyasi shakllanadi. Bu jarayonda badiiy asarlar, xalq maqollari, folklordan foydalanish yaxshi natija beradi.
Kamtarlik fazilatini singdirishda ham jonli ibrat katta rol o‘ynaydi. Lekin uni ko‘proq keltirsak samarasi yaxshiroq bo‘lishi bor gap.
Bir so‘z bilan aytganda, yoshlarni ma’rifatli, ma’naviyati yuksak, barkamol insonlar qilib tarbiyalash uchun imkoniyatlarimiz ko‘p. Gap ulardan foydalana bilishda.
R.ISMOILOV, Bo‘stonliq qishloq xo‘jaligi va
tadbirkorlik kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi