SLENG — INTERNET SHEVASIMI?

yoxud uning adabiy til me’yorlariga ta’siri xususida

Ijtimoiy tarmoqlar mavzusi so‘nggi paytda matbuotda tez-tez tilga olinayotgan, muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo‘lib qoldi. Bu bejiz emas,albatta. Chunki mazkur tushunchaning mazmun-mohiyati, ahamiyati bilan umuman qiziqmaydigan, biroq bir vaqtning o‘zida ularning bir yoki bir nechtasining “asiriga” aylangan, virtual olamda maqsadsiz “tentirab” yurganlar soni oramizda kam emas. Vaholanki, ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy tomonlari bilan birga salbiy, odob-axloq, estetik qarashlarimizni ostin-ustun qilib yuboradigan, milliyligimizga zid jihatlari ham borligini inkor etib bo‘lmaydi. Bu tarmoqni boshqarish mumkinmi? Yoshlarni ularning domiga tushib qolishdan qanday asrash kerak? Ulardan foydalanishning me’yori bormi? Shu va shunga o‘xshash savollarga javob topish maqsadida OAV sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan veb-sayt mutaxassisi — “Kun.uz” saytining bosh muharriri — Eldor Asanov bilan suhbatlashdik.

 — Bugungi kunda yoshlarni ohanrabodek o‘ziga tortayotgan, ularning asosiy vaqtlariga egalik qilayotgan ijtimoiy tarmoqlarga shu ishga yaqinroq mutaxassis sifatida sizning munosa­ba­tingiz qanday?

— Bugun ijtimoiy tarmoqlarsiz hayotini tasavvur qila olmaydiganlar juda ko‘p. Asosiy qismi yoshlar, internetga kirdingmi, demak, uning nafi tegishi, undan nimanidir o‘rganish kerak. Lekin bu fikrni yuz foiz to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Ko‘pchilik foydalanuvchilar faqat “chat” uchun internetdan foydalanamiz deyishadi. Ba’zi yoshlarga real hayotdagi muomala  kamlik qiladi, ayrimlari esa hayotda juda kamgap, kamsuqum, lekin  internetda do‘stlari bilan bemalol suhbatlashadi, gurunglashadi. Yana kimlardir ijtimoiy tarmoqlarni hordiq chiqarish vositasi deb ham biladi.

Ko‘pchilik bunday tarmoqlarni elektron OAV bilan adashtiradi. Unday emas. Ijtimoiy tarmoqlar OAV darajasiga yetishi uchun yuridik maqomga ega bo‘lishi kerak. Aks holda, u har qancha axborot tarqatmasin, erkin axborot manbai bo‘lib qolaveradi. Bir qator davlatlarda ijtimoiy tarmoqlar OAV sifatida e’tirof etildi. Albatta, bizning yurtimizda ham ijtimoiy tarmoqlarga OAV maqomi berilishi ehtimoldan xoli emas. Buning uchun hali ayt­ganimizdek, huquqiy asoslarga ega bo‘lishi kerak. Buning yaxshi tomoni shundaki, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda har bir shaxsda mas’uliyat hissi ortadi, axborot almashish me’yor va qoidalariga amal qilinadi. Har bir uzatilgan axborotga javobgarlik hissi kuchayadi.

“Sifat tezlikdan ustun turishi kerak”, degan oltin qoida bor. Lekin har doim ham bu qoidaga amal qilavermaymiz. Ochig‘i, “Kun.uz” saytida ham bu holat tez-tez uchrab turadi. Albatta, saytlar o‘rtasida raqobat kuchli. Biror xabar yoki yangilikni boshqa saytlardan oldin berishga harakat qilamiz. Shunday hollarda ba’zi xatolarni ilg‘amay qolamiz. Bu muammo ham sekin-asta o‘z yechimini topadi, deb o‘ylayman. Chet el axborot manbalarini kuzatganda shunga amin bo‘lamizki, ularda tezkorlik va sifat doim teng. Buni ikki xil — ya’ni, jurnalistlar katta tajribaga ega yoki ularda texnik imkoniyatlar yuqori, deya baholashimiz mumkin. Musahhih ham tajribali bo‘lishi kerak. Bitta materialni o‘n besh-yigirma daqiqa tahrir qilish imkoni yo‘q bizda, vaqt juda tig‘iz, tezkorlik — bosh mezon. Biz ham ushbu oltin qoidaga amal qilgan holda ish yuritish harakatidamiz. Jamoamiz vakillarining har birini o‘zbek tilining jonkuyarlari, deya olaman. Albatta, tajriba ortgani sari ba’zi juz’iy xato va kamchiliklar o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘lib boradi. Tezkorlikka berilib, sifatni unutmaslik kerak. Uslubiy xatolardan qochishga harakat qilamiz. Turli xil xatolar sabab yoshlar savod darajasining tushib ketishi, qolaversa, saytlar auditoriya oldida o‘z hurmatini yo‘qotib qo‘yishi ham mumkin.

Hozir dunyoda so‘zlashuv tili adabiy til soyasida qolmasligi kerak, degan  tendentsiya o‘z isbotini topmoqda. So‘zlashuv tili bu — tilning asosiy qismi, har doim rivojlanib, boyib boradigan tirik shaklidir. U xalqning turmushini, ruhiyatini o‘zida aks ettiradi. Shunday ekan, adabiy til uni siqib chiqarmasligi kerak, so‘zlashuv tili qo‘llanadigan sohalarni qoldirish kerak, deb o‘ylayman. Bu bilan ijtimoiy tarmoqlarda yozganda hech qanday qoida va me’yorlarga amal qilish shart emas, demoqchimasman. Masalan, o‘zim hamma o‘qiydigan “post” qoldirsam, albatta sof adabiy tilda yozaman, lekin chat ichidagi suhbatda erkinroq bo‘lishga harakat qilaman. Til me’yorlariga amal qilish suhbat mavzusiga ham bog‘liq, agar suhbat adabiyot yoki san’atga, ilm-fanga taalluqli bo‘lsa, shubhasiz, fikrim adabiy tilda ifodalangani ma’qul.

— Hamonki, ijtimoiy tarmoqlarga muloqotning zamonaviy shakli va ma’naviyatni boyitishga xizmat qiluvchi vositalardan biri sifatida qaralar ekan, ulardagi til, uslub masalasida biror-bir me’yor ishlab chiqilishi kerak, deb hisoblaysizmi?

Keling, bu savolga javob berishdan avval, ijtimoiy tarmoq nima, nima uchun ulardan foydalanasiz, degan savollarga javob topaylik. Bilamizki, ko‘pchilik “ijtimoiy tarmoqlar shunchaki muloqot vositasi, do‘stlar, yaqinlar bilan suhbatlashishga mo‘ljallangan virtual olam”, deb javob beradi. Ijtimoiy tarmoqlarning kelib chiqishi, texnik asosi va maqsadi jihatdan hozirgi holatda aynan ma’naviyatni boyitishga xizmat qiladi, deya olmaymiz. Ularning birlamchi vazifasi aloqani ta’minlab berish, lekin ayni paytda ixtisoslashgan ijtimoiy tarmoqlar ham ko‘p. Ma’naviyatga, adabiyotga, sportga yoki san’atga mo‘ljallangan ijtimoiy tarmoqlar yoki ularning ichida guruhlar tashkil qilishimiz  va o‘sha yerda qiziquvchilarni to‘plab, turli  g‘oyalar shakllanishiga erishishimiz mumkin. Shunda hozir siz aytgan muammo hal bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlarning foydalanuvchilari cheksiz, auditoriyasi turlicha. Shunday ekan, me’yor belgilash biroz mushkul.  Bunda biz ularning ixtisosligini nazardan qochirmasligimiz zarur. Bu muammo ko‘proq yoshlarda uchramoqda. 15-20 yosh atrofida bo‘lgan foydalanuvchilar “sh”ni — “w”, “o‘”ni — “6”, “ch”ni — “4” shaklida, ismlarni kichik harflarda yozishni normal holat deb baholashayotgani kishini tashvishga soladi.  Eng achinarlisi, o‘zbek alifbosidagi atigi 6 ta, va ularsiz nutqni ifodalab bo‘lmaydigan unli tovushlarni tushirib yozishmoqda. “nma qvos?” (nima qilayapsiz?) “q6ysezchi?” (qo‘ysangiz-chi?) “kemismi?” (kelmaysizmi?) kabi. Yoshlar orasida o‘ziga xos yozma til ham shakllanib qolgan, masalan, harflar orqali o‘z kayfiyatini ifoda qilishadi. “BoRmaymaaaN” kabi. Tilimizda g‘alati ifodalar shakllanib bormoqda. Bu chet tilshunosligida sleng deyiladi. Hozirda “Internet slengi” degan ibora qo‘llanmoqda, ya’ni internetning o‘ziga xos shevasi. Har bir tilda bor bu tushuncha. Lekin qiziq tomoni rus, ingliz tilidagi sleng o‘zbek tilidagi qadar “qo‘rqinchli” holatda emas. Ulardagi bu jarayonlar olimlar tomonidan kuzatilganmi, boshqarilganmi — buni bilmayman. Ammo bizda  tanqid kuchli. Jurnalistlar, yozuvchilar yoshlarni ayovsiz tanqidga olmasdan, jarayonda qatnashib, ular bilan suhbatlashishsa, internet tilini shakllantirishga ilmiy asosda yondashishsa, yaxshi bo‘lardi. Axir, o‘z shevasida gapirayotgan xorazmlik yoki buxorolik yurtdoshimizni tanqid qilmaymiz-ku. Qolaversa, tilshunoslikda jonli tilni, shevalarni o‘rganadigan maxsus bo‘lim bor. Shunday ekan, virtual olam tilini o‘rganish ham ilmiy yondashuvni talab etadi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda mualliflik huquqi bilan bog‘liq muammolar — ko‘chirib bosishda (rerayt) havola qilmaslik, shaxs sha’niga tegish kabi holatlar ko‘p uchraydi. Hatto siz faoliyat olib boradigan saytga nisbatan ham shunday ayblovlar qo‘yiladi. Bunday vaziyatlarda internet uchun axloq kodeksi qabul qilish zarur deb hisoblaysizmi?

Ko‘pchilik uchun me’yor belgilash to‘g‘ri. Lekin tarmoq foydalanuvchilari orasida  jamiyatning turli, rang-barang qatlam vakillari borligini ham unutmasligimiz kerak. Buni qonunchilik darajasiga olib chiqish biroz murakkab masala menimcha, lekin jamoatchilikning o‘zi faollik ko‘rsatib, aynan mana shunday qoidalarga amal qiladigan “Ziyo.net”, “Muloqot.uz” kabi tarmoqlarda axloq, me’yorlarni joriy qilishimiz mumkin. Shunaqa holatlar bo‘ladiki, foydalanuvchilarning yozganlaridan, ishlatgan mentalitetimizga xos bo‘lmagan so‘zlarni o‘qib, odam nima deyishingni bilmaysan. Shuni taklif qilishim mumkinki, internetdan foydalanuvchilarning o‘zlari bunday yozuvlarni o‘qimaslik singari turli boykot usullarini elon qilsa bo‘ladi. Bu kabi tashabbuslar ham muammoning oldini oluvchi omillardan biridir. Yana ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining yoshiga qarab a’zo bo‘lish belgilanishini xohlardim.

 

Niginabonu HABIBULLAYEVA,

O‘zDJTU talabasi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − eleven =