OAV VA HUDUDIY DASTURLAR IJROSI

Xo‘sh, mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan dasturlar joylarda qanday amalga oshirilmoqda? Ularning ijrosi ustidan jamoat nazorati nechog‘li yo‘lga qo‘yilgan? Dasturlarning ommaviy axborot vositalarida yoritilishi-chi? Bundan ko‘ngil to‘lyaptimi?

Samarqandda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, uning hududiy bo‘limi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan «Hududiy das­turlar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni» mavzusida o‘tkazilgan seminarda shu kabi savollarga javob izlandi.

 Ta’kidlash lozimki, hududiy dasturlar xalq ehtiyojidan kelib chiqqan holda ishlab chiqiladi va taraqqiyotimizning ke­yingi bosqichini belgilab beradi. O‘zbek taraqqiyot modelining asosiy printsipi ham bos­qichma-bosqich dasturlar tuzishda va ularni ijro etishda aks etadi. Shu jihatdan ushbu masala o‘ta dolzarbdir.

Tadbirda ishtirok etgan Oliy Majlis Senati a’zosi, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari N.Rabbimova,  O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari, “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri O‘ktam Mirzayorov, “Xalq so‘zi” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Shuhrat Jabborov, O‘zbekiston Jurna­listlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Farmon Toshev, “Nuroniy” jam­g‘armasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi Hasan Normurodov hamda viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari masalaning ana shu jihatiga e’tibor qaratdilar.

Seminar ishtirokchilari mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan xalqchil siyosat hamda Vazirlar Mahkamasi, mahalliy hokimliklar tomonidan ishlab chiqilayotgan turli sohalarga doir Davlat va hududiy dasturlarning ijrosi jamiyatda va odamlar hayotida jiddiy ijobiy o‘zgarishlarga omil bo‘layotgani, bu yutuqlarga erishishda, shubhasiz, ommaviy axborot vositalarining ham o‘ziga xos hissasi borligi haqida to‘xtalib o‘tdi. Matbuotning bugungi kundagi sifat bosqichining asosiy belgisi bu — uning jamoatchilik bilan munosabati ekanini, aniqroq qilib aytganda, nashrning ko‘pchilik tomonidan o‘qilishiga emas, balki qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyatga ega ekanini alohida e’tirof etdilar.

— Har yili may, iyun oylarida biz mahalla oqsoqoli, tarmoq idoralari va deputatlardan navbatdagi yil dasturi uchun takliflar olamiz, — dedi viloyat hokimining o‘rinbosari N.Rabbimova. — Bu takliflar davlat dasturi yo‘nalishlariga moslashtiriladi, ekspertiza qilinadi, mablag‘ining manbasi aniqlanadi, keltiradigan samarasi baholanadi. Tegishli xulosasi olingandan so‘ng bu dasturlar viloyat va tuman hokimlari tomonidan tasdiqlanadi hamda ijrochi tashkilotlar imzolashadi. Bu dasturlarning ommaviy axborot vositalarida muntazam berib borilishi esa aholiga bu borada aniq ma’lumot berishda, hududlarda amalga oshiriladigan o‘zgarishlarda, qo‘shimcha ish o‘rinlari ochilishida, odamlarda o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan yangi sohalar bo‘yicha tushuncha shakllanishida, ularda shijoatni oshirib, yaratuvchanlik ishtiyoqini kuchaytirishda aks etadi. Bir so‘z bilan aytganda, das­turlardan aholini xabardor etishda davlat idoralari ham, aholi ham, OAV ham manfaatdordir.

— Har qanday nashrning mav­qei uning sahifalarida e’lon qilinayotgan materiallarning salmog‘i, fikri, mavzuning dolzarbligi va jurnalistning mahorati bilan bevosita bog‘liq, — deydi Sh.Jabborov. — Demoqchimizki, dasturlar ijrosini yoritishda har bir gazetaning o‘z uslubi, yo‘nalishi bor. Bu borada “Zarafshon” gazetasi sahifalarida bosilayotgan maqolalar o‘zining ijobiy natijasini berayotgani bilan ahamiyatli. Tahririyatda orttirilgan tajribani bosh­qa omma­viy axborot vositalarida keng qo‘llash yaxshi samara beradi.

Ushbu fikrni “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi H.Normurodov qo‘llab-quvvatladi.

— Men “Zarafshon”ning yarim asrlik hamrohiman, ya’ni ellik ikki yildirki, gazetaga muntazam obuna bo‘laman va sevib o‘qiyman, — dedi otaxon. – Sir emas, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga xizmat qiluvchi davlat va hududiy dasturlar hamda ularda belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishi jarayonlarini gazeta sahifalarida muntazam yoritilishi belgilangan. Shu maqsadda “Zarafshon”da «Davlat dasturlari – «Zarafshon» nigohida», «Dastur ijrosiga kim mas’ul?», «Hududiy dasturlar qanday bajarilayapti?» kabi ruknlar ostida berib borilayotgan maqolalar ko‘pchilikning ko‘nglidagi gap bo‘lmoqda. Eng muhimi, dasturlar ijrosi haqida tuman (shahar) hokimlari, viloyat va tuman Kengashlari deputatlari gazeta orqali hisobot bermoqda. Bu esa gazetaning davlat va xalq o‘rtasidagi ko‘prik ekanidan yaqqol dalolat.

Gapimiz quruq bo‘lmasin, masalan, gazetaning 2015 yilning – avgust 101-sonida Jomboy tumani hokimi H.Bo‘riev o‘zining «Hududiy dasturlar — taraqqiyot omili» maqolasi bilan, 2015 yil 23 iyun, –1-sonida 5-Sartepa saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati Akbar Shukurov «Dasturlar ijrosi yurt farovonligiga» maqolasi bilan chiqish qilishgan. Bu kabi maqolalarni gazetaning boshqa sonlarida e’lon qilingan «Qishloq sanoati: imkoniyat-ku bor. Harakat-chi?», «Dasturga kiritilgan korxona haligacha faoliyat boshlamadi. Nega?», «Kecha bo‘sh turgan ob’ekt bugun zamonaviy texnologiya bilan ta’minlanib, iqtisodiyotga foyda keltirmoqda» sarlavhali chiqishlar orqali ham o‘qish mumkin.

Tadbir bahs-munozara, savol-javoblarga boy bo‘ldi.

Seminar davomida “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi asosida tayyorlanib, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan chop etilgan «Ijod – ko‘ngil taskini» kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

 Akram HAYDAROV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × three =