IZLAGAN IMKON TOPMOQDA


Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan  “Mehnat va aholini ijtimoiy  muhofaza qilish, ish bilan ta’minlash va mehnat muhofazasi borasida amalga oshirilgan ishlar” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda vazirlik va uning hududiy bo‘limlari tomonidan 2015 yilda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, 2016 yilgi rejalar xususida so‘z bordi.

 Bandlikni tahlil qilish va mehnat bozorini tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Erkin Avezovning aytishicha, o‘tgan yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi  bandligini ta’minlash dasturi doirasida mehnat bozorida band bo‘lmagan aholiga, ya’ni ishsizlar, kollej bitiruvchilari, muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslar, nogironlar, oilaviy sharoitiga ko‘ra ishlamaydigan ayollar ish bilan ta’minlanishi yuzasidan qator ishlar qilindi. Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi doirasida 990,4 ming ish o‘rni yaratildi. Jumladan, yangi ob’ektlarning ishga tushirilishi, ishlab turgan korxonalarni qayta jihozlash va kengaytirish natijasida 265,3 ming nafar yurtdoshimiz ishli bo‘ldi. Ular bugun sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis sohalari, qishloq xo‘jaligida band.

Bugun iqtisodiyotimizda kichik korxona va mikrofirmalarning alohida o‘rni bor. Ko‘plab yurtdoshlarimiz shu sohada mehnat qilmoqda. Jumladan, 103,8 ming nafar kishi yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini olib bormoqda. Shuningdek, dehqon va fermer xo‘jaliklarida oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlotlarini ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilishi natijasida 128,9 ming kishi ish bilan ta’minlandi.

2015 yil davomida 193 ta tuman bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlariga ish so‘rab murojaat qilgan 284,1 ming nafar yurtdoshimiz ishga joylashgan.

Mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish uchun fuqarolarni muayyan kasb va hunarga tayyorlash ham muhim hisoblanadi. Shu maqsadda 7,3 ming nafar ishsiz fuqaro iqtisodiyotda talab qilinayotgan mutaxassisliklar bo‘yicha kasbga tayyorlandi. Ular tikuvchilik, to‘quvchilik, elektriklik, payvandchilik, bo‘yoqchilik, suvoqchilik, kompyuter operatorligi singari kasblar bo‘yicha o‘qitildi. 2,4 ming ishsiz “Ustoz-shogird” usulida milliy hunarmandchilikning gilam to‘qish, ganchkorlik, teridan, daraxtdan va temirdan badiiy mahsulotlar tayyorlash, milliy qandolatchilik va boshqa turli kasb va hunarlar bo‘yicha o‘qitilib, ishga joylashtirildi. Korxonalar bilan hamkorlikda sakkiz ming nafar ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga, xususan, obodonlashtirish, avtomobil yo‘llari va infratuzilma ob’ektlarini qurish va ta’mirlash ishlariga jalb etildi.

Albatta, o‘tgan davr mobaynida ko‘zlangan barcha ishlarga erishildi, deb bo‘lmaydi. Chunonchi, oldinda qilinadigan ishlar talaygina. 2016 yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash Dasturiga ko‘ra 992,7 mingta ish o‘rinlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Dastur ijrosini ta’minlashda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalaniladi. Ya’ni ish qidirayotgan yurtdoshlarimiz respublika bo‘yicha vakant ish o‘rinlari yagona elektron bazasi mehnat.uz saytiga kirib, o‘zlariga mos ishlarni topish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Anjuman davomida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Davlat mehnat huquq inspektsiyasi boshlig‘i Botir Shahriyorov o‘tgan yil davomida inspektsiya xodimlari olib borgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Uning aytishicha, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashi tomonidan tasdiqlangan reja asosida davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda huquq tartibot idoralari bilan hamkorlikda jami 5,8 mingdan ortiq tekshiruvlar o‘tkazilgan. Aniqlangan holatlar bo‘yicha 4 mingga yaqin ariza va shikoyatlar ko‘rib chiqilgan.

Jumladan, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanmasligi bo‘yicha 1134 ta, noqonuniy ravishda mehnat shartnomasini bekor qilish masalasida 679 ta, kvota va bo‘sh o‘rinlari to‘g‘risida tegishli axborotlarni taqdim etmagan holatlar bo‘yicha 1450 ta, bo‘sh ish o‘rinlarini yashirishga doir 1295 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ish beruvchi – mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar qo‘llash orqali 2200 ga yaqin yurtdoshimizning buzilgan huquqlari tiklandi. 1700 dan ortiq ishchilarga 10,5 milliard so‘m miqdorida ish haqi to‘latib berildi. 

 

Malika AHMYEDOVA,

«Hurriyat» muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × five =