MUSIQA QALBDA MEHR UYG‘OTADI

Bugun mamlakatimizda boshqa sohalar qatorida, san’atimiz ravnaqiga ham katta e’tibor  qaratilmoqda. Mustaqillik yillarida qad rostlagan yuzlab musiqa va san’at maktablari barkamol avlodni kamolga yetishi uchun zamin bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbarining «Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarorning qabul qilinishi madaniy hayotimizda chinakam yangilanishlarni boshlab berdi.

 Umumiy o‘rta ta’lim bilan uzviy holda erkin ijod bilan shug‘ullanayotgan o‘quvchilarning ongi, dunyoqarashi butunlay yangi, istagan xalqaro musiqa tanlovida ishtirok etish imkoniyatiga ega. Yosh iqtidorlarni tarbiyalash va rag‘batlantirish uchun tashkil etilgan turli xil nufuzli ko‘rik-tanlovlar, xalqaro miqyosidagi festivallar ko‘plab san’atkorlarni butun dunyoga tanitmoqda. Jahonni hayratga solgan ashulalarimiz milliy bayramlar — Navro‘z, Mustaqillik, ulkan tarixiy sanalarga bag‘ishlangan tantanalarga fayzu tarovat bag‘ishlab turibdi.

O‘tgan davrda mazkur tizimda amalga oshirilgan ishlarga bir nazar tashlasak, yurtimizdagi 248 ta bolalar musiqa va san’at maktablarida ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilganiga guvoh bo‘lamiz. Shundan, 136 tasi yangi qurilib, 142 tasi kapital ta’mirdan chiqarilgan. Ularning barchasi zamonaviy musiqa cholg‘ulari, ovoz kuchaytirgich, mebel va uskunalar bilan jihozlangan.

O‘zbekiston RespublikasiPrezidentining 2015 yil 20 noyabrdagi “Bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi” to‘g‘risidagi qarori qabul qilingani barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lidagi sa’y-harakatlarning izchil davomi bo‘ldi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad bolalar musiqa va san’at maktablarini qurish, hududiy jihatdan maqbul joylashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning umumiy o‘rta ta’limi va ularni har tomonlama ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning bir-biriga bog‘langan yaxlit tizimini shakllantirish, bolalarning musiqa va tasviriy san’at sohalarini puxta o‘rganishlari uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat. Bu ezgu ishlar “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi bilan uyg‘unlikda olib borilayotgani bejiz emas. Dunyodagi hech bir ona o‘z farzandini jaholat botqog‘iga botishini istamaydi. Yoshligidan imonli bo‘lishi uchun qo‘liga kitob tutadi. To‘g‘ri, badiiy asarlardan olingan zavqni hech so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Lekin san’at ham hayotni sevishga, bunyodkorlikka, ezgu ishlar qilishga da’vat etadi. Bilim va nafosatni o‘zida uyg‘unlashtirgan insongina, yuksak fazilatlar egasi bo‘ladi. Xo‘sh, bugun bolalarimiz qanday qo‘shiqlarni tinglayapti? Bu ularning kamolotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Ularning qulog‘i yengil-elpi taronalarga o‘rganib qolmasdan, milliy va umumbashariy qadriyatlarimizga ehtirom tuyg‘ularini madh etuvchi qo‘shiqlar tinglashni o‘rgatish bolalar tabiatiga xos taronalarni kuylatish maqsadga muvofiqdir. Xususan, Davlat dasturida bolalar musiqa va san’at maktablari tizimini kengaytirib, barcha tuman, shahar va qishloqlarda o‘quvchilarning milliy musiqiy merosimiz bilan birga, jahon mumtoz kompozitorlari va rassomlarining ijodini o‘rganishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani ayni muddaodir. Demak, jamiyatimizda yangi ma’naviy sog‘lom ijodiy muhitni vujudga keltirish, san’at maktablarining qamrov quvvatini kengaytirish, yosh iste’dodlarni yuzaga chiqishi uchun amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami yanada kengayadi.

— Bolaligimdan san’atga mehrim bo‘lakcha. Cho‘pga simni bog‘lab, o‘zimcha kuy chalib yurardim. Otam buni ko‘rib, dutor olib berganlar, — deydi Respublika xalq ijodiyoti markazi direktori Azamat Haydarov. — Maktabda ham qaysi o‘qituvchining darsi kam bo‘lsa, musiqadan kirardi. Ko‘pincha jismoniy tarbiya va mehnat muallimlari doskaga notaning rasmini chizib, bu musiqaning kaliti, deyishdan nariga o‘tmasdi. Farobiy, Ibn Sino bobolarimizning musiqiy risolalari bilan tanishib, o‘zbek san’ati necha ming yillik tarixga ega ekaniga amin bo‘ldim. Bugun buyuk ajdodlarimiz orzu qilgan kunlarga biz yetdik. Yurtimizdagi barcha musiqa va san’at maktablariga dunyo havas qiladigan darajada bo‘lishiga katta e’tibor berilayotgani bejiz emas. Bola savod chiqarishni alifbodan boshlagani kabi musiqani san’at maktablaridan o‘rganadi. Ota-onalar qanday qilib bo‘lsa ham farzandlarini bunga jalb etishi kerak. San’atni sevadigan bolalar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha vatanimiz shon-shuhratini dunyoga taratadigan iste’dodlar yetishib chiqadi. Hech bo‘lmaganda, o‘g‘il bolalar qarta o‘ynash, tamaki chekish, bir-birlariga behayo so‘zlarni aytishdan tiyiladi. Asosiy vaqtlarini har xil kompyuter o‘yinlariga sarflamaydi. Raqs mashg‘ulotlariga qatnashgan qizlarning qaddi-qomati raso bo‘ladi.

Yurtboshimiz yurtimiz tinchligini mustahkamlash, turmushimiz farovonligi yo‘lida ko‘plab sanoat korxonalarini ishga tushirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimidagi bir qancha muammolarni hal etish bilan birga, musiqa va san’at maktablarini qurish va takomillashtirish ishlariga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratayotganlarining o‘zi katta jasorat. Kelajakda musiqa darsliklariga folklor asarlarini ham kiritish niyatimiz bor. Boysun, Buxoro, Shahrisabz, Xiva kabi ko‘plab vohalarning qadimiy ijod namunalari YuNYeSKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga olingani qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi. Bunga dorbozlik san’atini ham kiritish uchun muhim xujjatlarni taqdim qilganmiz. Bu ma’naviy boyliklar xalqimizning tarixi, o‘tmishi, orzu-umidlari, milliy qadriyatlarini o‘zida ifoda etgan.

Chinakam san’at asarlaridan bahra olib yashash — o‘zlikni anglash demakdir. Yangi dasturda bolalar musiqa va san’at maktablarida mavjud 72 nomdagi o‘quv dasturlarni malakali mutaxassislar va amaliyotchi o‘qituvchilarni jalb qilgan holda xorijiy tajribalar, ilg‘or o‘quv pedagogik texnologiyalar asosida takomillashtirish ishlariga keng o‘rin berilgani sog‘lom avlodni tarbiyalashda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Endi musiqa bilan shug‘ullanishni istagan bolani o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlasak, qobiliyatini yuzaga chiqishiga ko‘maklashgan bo‘lamiz. U o‘zining bor kuchini yaxshi qo‘shiqlar yaratishga sarflaydi. Qalbida mehr-shafqat tuyg‘ulari uyg‘onib, insonga, go‘zallikka, hayotga o‘zgacha nigoh bilan qaraydi. Boshqacha aytganda, san’atni sevgan kishidan yomonlik chiqmaydi. San’atkor bo‘lish uchun xudo bergan iste’dod kerak. Lekin bola har xil yo‘llarga kirib ketgandan ko‘ra, biror musiqa asbobini chalishni o‘rgangani yaxshi emasmi? Boshqa kasbni tanlaganda ham do‘stlari bilan biror qo‘shiqni jo‘rlikda xirgoyi qilgani — qanday yaxshi.

Bugun o‘zbek oilalarida pianino, skripka chaluvchi bolalar ko‘payib bormoqda. Xonadonlarda lapar, yalla, o‘lanlar bilan birga, Bax, Shopen, Betxoven, Motsart, Chaykovskiy kabi jahon klassik kompozitorlarining mashhur asarlari yangrayotgani quvonarli hol. Yoshlarning ijodiy salohiyatini yanada keng ochish uchun beqiyos imkoniyatlar mavjud. Yaxshi kuy-qo‘shiqlar orqali o‘ziga xos ma’naviy qadriyatlarimizni ham ular qalbiga singdirish darkor. Shunda “ommaviy madaniyat” ta’siriga berilmasdan, o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yib yashaydi. Har qanday sharoitda ham, to‘g‘ri yo‘lni tanlay oladi. Mamlakatni hech bir soha musiqa va sportchalik dunyoga tanita olmaydi, degan ibora esa ta’lim tizimining boshlang‘ich bosqichidan poydevor vazifasini o‘tamoqda. Albatta, adabiyot, tibbiyot va boshqa sohalar ham sog‘lom avlodni tarbiyalashga beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. Lekin san’at va sportni ommalashtirish orqali bolalarning qalbida tezroq ezgu ishlarga rag‘bat uyg‘otish mumkin. Buyuk ajdodlarimizning madaniy merosiga tayanib, musiqa va san’at ta’lim tizimida tub o‘zgarishlarni boshlab yuborilgani ma’naviyatimiz uchun g‘oyat muhim dastur ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

 Adiba UMIROVA,

«Hurriyat» muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 1 =