IMLO — XUSUSIY MASALA EMAS!

 

O‘zini anglagan har bir xalq, avvalo, o‘z tarixiga, ona tili va adabiyotiga e’tibor bilan qaraydi. Ayniqsa, ona tili va uning yozuvi masalalari doimiy diqqatida bo‘ladi. Shu ma’noda o‘zbek xalqi ham o‘z milliy yozuvini yaratish hamda uni amalda qo‘llash borasida doimiy tarzda g‘amxo‘rlik qilib kelmoqda. Aslida, hozirgi adabiy til imlo qoidalarimizga qadar juda ko‘p bosqichlar bosib o‘tilgan. XX asrning boshlaridan boshlab ma’rifatparvar bobolarimizning sa’y-harakatlari bilan o‘zbek tili tarixida ilk marta imlo qoidalari yaratilib, takomillasha borgan.

 

Ayni paytda ta’kidlash joizki, imlo masalasi o‘ta murakkab, munozarali masalalardan biri bo‘lib kelgan. O‘zbek tilining shevaga boyligi hamda hududiy munosabatlar natijasida ma’lum bir buyum yoki tushuncha turlicha nomlanib, o‘ziga xos talaffuzga egaligi bilan boshqa tillardan ajralib turadi. Natijada, hozirga qadar ham o‘zbek shevalari orasidagi fonetik, leksik va grammatik farqlar saqlanib qolmoqda. Bu esa o‘sha so‘zlarning imlosiga ham ta’sir ko‘rsatayotir.

Sevimli gazetamiz “Hurriyat”ning o‘zbek imlosi masalalariga jiddiy e’tibor qaratayotgani har qancha tahsinga sazovor. Jumladan, gazeta muxlislarining ham o‘zbek imlosi  muammolariga befarq emasligi kishini quvontiradi. Binobarin, navoiylik Ulug‘bek Karimovdan kelgan savollar hozirgi o‘zbek imlosining dolzarb amaliy muammolarini qamrab olgan. Biz bu savollarga imkon darajasida javob berishga harakat qildik.

“Orzu, mavzu, qayg‘u, manba kabi so‘zlarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda, qanday yoziladi? Bir gazeta “orzuyim” deb yozsa, boshqasida “orzum” shaklida berilyapti. “Mavzuida”mi, “mavzusida”, “manbai”mi, “manbasi”.

Nazarimda, mazkur savoldagi misol keltirilgan so‘zlar imlosi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 1995 yil 24 avgustda tasdiqlangan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”da aniq va ravshan ko‘rsatib o‘tilgan: 

35. 3) a) ko‘pchilik so‘zlarga egalik qo‘shimchalari – m, -ing, -si, -miz, -si (yoki -lari) shaklida tovush orttirmay qo‘shiladi: bobom, bobong, bobosi; bobomiz, bobongiz, bobosi (yoki bobolari); orzum, orzung, orzusi; orzumiz, orzungiz, orzusi kabi.

Ko‘rinadiki, rasmiy tasdiqlangan qoidalarga amal qilinsa orzum shaklida yozilishi kerak. Ayni shu taxlitda yozish til amaliyoti uchun juda qulay hisoblanadi. Buning yorqin isboti sifatida Abdulla Oripovning quyidagi to‘rtligini keltirish mumkin:

Orzum shul: 

o‘chmasin yongan chirog‘ing,

Yulduzday nur sochsin 

chashming, qarog‘ing.

Magar chinor bo‘lsang 

chinorday yasha,

Bevaqt uzilmasin 

biror yaprog‘ing.

Mavzu so‘ziga egalik qo‘shimchasi qo‘shiladigan holatlar ham “Asosiy qoidalar”da aniq ko‘rsatib berilgan: 35. 3) b) parvo, obro‘, mavqe, avzo so‘zlariga I, II shaxs qo‘shimchalari qo‘shilganda bir y tovushi qo‘shib aytiladi va shunday yoziladi: parvoyim, parvoying, parvoyimiz, parvoyingiz; obro‘yim, obro‘ying, obro‘yimiz, obro‘yingiz kabi; III shaxs egalik qo‘shimchasi parvo, avzo, obro‘, mavqe so‘zlariga -yi shaklida, xudo, mavzu so‘zlariga esa – si shaklida qo‘shiladi: avzoyi, mavzusi kabi (dohiy kabi y undoshi bilan tugagan so‘zga ham 3 shaxsda –si qo‘shiladi: dohiysi kabi).

O‘sha gazetxonning yana bir savoli quyidagicha: Ish haqi, chet el so‘zlari lug‘atlarda qo‘shib yozilgan, buning boisi nimada?

Aslida, imlo lug‘atlari rasman tasdiqlangan qoidalar asosida tuzilib, ma’lum bir so‘zning to‘g‘ri va yagona shaklini ko‘rsatib beradi. Savolda keltirilgan misollar: ish haqi va chet el orfogrammalari hozirga qadar ajratib yozib kelingan va ayni shu tarzda yozuvda ommalashgan. Lekin nima sababdandir keyingi yillarda nashr etilgan lug‘atlar (O‘zbek tilining imlo lug‘ati. — T.: Akademnashr, 2013; O‘zbek tilining imlo lug‘ati. — T.: Akademnashr, 2013)da mazkur so‘zlar qo‘shib yozilgan. Xo‘sh, ushbu so‘zlar imlosining qay biri to‘g‘ri? Buni kundalik yozuv amaliyotidan kelib chiqqan holda belgilash mumkin. Masalan, ish haqi “maosh” ma’nosida qo‘llanadigan so‘z birikmasi bo‘lib, hozirga qadar birikma tarkibidagi har ikki so‘z o‘zining ma’lum bir mustaqilligini saqlab qolgan. Olaylik, tomosha, tomorqa, ko‘zoynak kabi so‘zlardek yagona urg‘uga va yaxlit talaffuzga ega emas. Shunday ekan, mazkur so‘zni ish haqi (ish haqi) shaklida yozish va talaffuz etish maqsadga muvofiqdir. Shu o‘rinda o‘zbek lotin alifbosidagi ishhaqi — ishhaqi orfogrammasining o‘qilishidagi qiyinchilikni ham hisobga olish zarur. Chunki so‘z o‘rtasidagi harf — hning yonma-yon kelishi o‘qish jarayonida noqulaylik tug‘dirib, o‘qish texnikasini murakkablashtiradi. Demak, ish haqi — ish haqi shaklida ajratib yozish amaliy jihatdan o‘zini to‘liq oqlaydi. 

Endi chet el so‘zi haqida. 1976 yilda “Fan” nashriyotida chop etilgan, hozirga qadar kirillcha yozuvimiz uchun asos bo‘lib kelayotgan “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”da ushbu so‘z ajratib yozilib, chet el shaklida tavsiya qilingan. Yozuv amaliyotida ham ayni shu shaklda qo‘llanadi. Biroq 2013 yilda nashr etilgan imlo lug‘atlarida chetel — chetel shakllarida tavsiya etilgan. Ayni shu orfogrammalarni to‘g‘ri, amaliy jihatdan foydali deb bo‘ladimi? Bizningcha, chet el so‘zini chetel –chetel shaklida yozish oxir-oqibat quyidagi chalkashliklarga olib boradi. Avvalo, mazkur so‘zni talaffuz etish qiyinlashadi, chunki chet el birikmasidagi har bir so‘z, ya’ni chet ham, el ham o‘z mantiqiy urg‘usiga ega bo‘lgan leksema sanaladi. Agar ular qo‘shib yoziladigan bo‘lsa, o‘sha muvozanat buziladi. Boshqa tomondan olib qaraladigan bo‘lsa, lotincha shakl: chetelda bo‘g‘in tuzilishi ham o‘zgarib ketishi mumkin: che-tel. Ko‘rinadiki, hozirga qadar xalq jonli talaffuziga mos so‘z o‘z shakli va aytilishini butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin. Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, chet el — chet el shaklidagi yozuvlar mantiqiy nuqtai nazardan ham, yozuv amaliyoti jihatidan ham to‘g‘ri bo‘ladi.

Kuyinchak gazetxondan kelgan yana bir savolga e’tiborni qarataylik. Unda oxirgi harfi “g‘” undoshi bilan tugagan so‘zlarga jo‘nalish kelishigi “ga” tarzida qo‘shiladi deyiladi hozirgi imlo qoidalarida. Masalan, “tog‘ga”, “bog‘ga”. Azaldan “toqqa”, “boqqa” shaklida yozilgan va shunday talaffuz qilib kelingan. Bu o‘zgarishlarning sababi nima? Qaysi shaklda yozish to‘g‘ri o‘zi?

Juda o‘rinli savol. Men bir o‘qituvchi sifatida ayni shu muammoga tez-tez duch kelaman. Xo‘sh, ulardan qaysi biri to‘g‘ri va nima uchun? Agar “Asosiy qoidalar”ga murojaat qilinadigan bo‘lsa, ahvol quyidagicha: 36. 3) v) qolgan barcha hollarda, so‘z qanday tovush bilan tugashidan va qo‘shimchalarning bosh tovushi k yoki q aytilishidan qat’i nazar, g yoziladi: bargga, pedagogga, bug‘ga, sog‘ga, og‘gan, sig‘guncha kabi.

Xalqimizda “Yetti o‘lchab, bir kes” degan maqol bor. Bunday purhikmat so‘zlarga hamma joyda, jumladan, imlo masalasida ham qat’iy amal qilishimiz zarur. Balki chuqur o‘ylanmasdan, ehtimol, sub’ektiv yondashuv oqibatida ushbu kichik qoidaning o‘zbek lotin imlosida qo‘llanishi belgilab qo‘yildiki, natijada toqqa emas, tog‘ga deb yozishga to‘g‘ri keladi. Vaholanki, aksariyat hollarda bu taxlitda gapirilmaydi, ayrim shevalardagina bog‘ga, tog‘ga tarzida qo‘llanishi mumkin. 

Aslida, har qanday imlo qoidasi, yuqorida qayd qilinganidek, adabiy til me’yorlari asosida hamda jonli talaffuzga mos tarzda yaratiladi. Lekin yuqoridagi imlo qoidasiga amal qilinadigan bo‘lsa, ko‘pgina so‘zlar talaffuzida o‘zgarish yuzaga keladi. Masalan, quyidagi she’riy parchada ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarga e’tibor bering:

Toshga yomg‘ir kor qilurmi 

muttasil yoqqan bilan,

Davlatingiz kam bo‘lurmi 

bir qiyo boqqan bilan.

Endi o‘sha ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarni imlo qoidalariga moslab yozadigan bo‘lsak: boqgan, yoqgan kabi shakllar va tushunarsiz talaffuz yuzaga kelishi ko‘rinib turibdi.

Quyidagi misol ham bizning fikrimizni quvvatlaydi:

Mana senga olam-olam gul,

Etagingga siqqanicha ol.

Biz ayni shu o‘rinda sig‘ganicha ol deb ayta olamizmi? Tabiiyki, jonli o‘zbek talaffuzi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Shunday ekan, yoqqan, boqqan, siqqanicha so‘zlari qatorida boqqa, toqqa shaklida yozish ham mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.

Ko‘rinadiki, imlo masalasiga befarq qarab bo‘lmaydi. Imlo — xususiy masala emas, balki ijtimoiy muammolardan biridir. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Prezidentimizning 2016 yil 13 maydagi farmonida yangidan tashkil qilinayotgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining asosiy vazifalaridan biri — “O‘zbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini to‘la aks ettiradigan mukammal akademik va o‘quv grammatikalarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash, turli mavzu va yo‘nalishlar bo‘yicha lug‘at va qomuslar, risola va darsliklar yaratish” ekanligi belgilab qo‘yilgan.

 

Ravshan JOMONOV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − two =