Izchil taraqqiyotning ishonchli kafolati
Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan globalizm asrida xavfsizlik va barqarorlik masalalari bashariyat ahli uchun tobora ustuvor va dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Taassufki, XXI asrning ikkinchi o‘n yilligiga kelib, jahon hamjamiyati tinch va osoyishta, bir-biri bilan ahil-inoqlikda yashash o‘rniga, aksincha, yildan-yilga ziddiyatlar kuchayib, ayni kunda ko‘pgina mintaqalarda nizo va mojarolar davom etmoqda. Hatto ayrim mamlakatlar boshqa birlariga ommaviy qirg‘in qurollarini ishga solish bilan po‘pisa qilishgacha borib yetayotir. Albatta, bunday sharoitda muammolarning oqilona yechimini topishda va izchil taraqqiyotni ta’minlashda yaqinda mamlakatimizda sammiti bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining jahondagi ta’siri va obro‘si yanada yuksalib borayapti.
Aytish kerakki, a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, terrorizm, diniy eks-tremizm va separatizmga qarshi kurashish, ShHT faoliyatini kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik masalalari sammit majlisining asosiy mavzulari sifatida ko‘rildi.
Zero, o‘n besh yil muqaddam Shanxay shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston imzolagan deklaratsiya asosida ish boshlagan ShHTning asosiy maqsad va vazifalari avvalo, o‘zaro do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar, energetika, transport hamda boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, o‘zi qamragan mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashdan iboratdir. Har qanday xal-qaro tashkilotning nufuzi unga xalqaro hamjamiyat tomonidan berilayotgan e’tibor hamda faoliyatning samaradorligi bilan o‘lchanishi shubhasiz. O‘tgan qisqa fursatda ShHTning ana shunday tashkilotga aylanib ulgurganini bugungi kunda dunyo ahli ko‘rib turibdi. Shu o‘rinda tashkilotning asoschilaridan biri, yirik iqtisodiy va geosiyosiy salohiyatga ega davlat sifatida O‘zbekiston uning faoliyatida alohida mavqega ega ekanini ta’kidlash joiz.
Mamlakatimiz 2015 yil 11 iyuldan e’tiboran tashkilotga uchinchi marotaba raislik qilib kelmoqda. Har galgidek bu davr mobaynida ham O‘zbekiston ko‘plab tashabbus va takliflarni ilgari surdi. Bir so‘z bilan aytganda, a’zo davlatlar bilan birgalikda ShHT doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro aloqalar muvofiqlashuvini yaxshilash, tashkilotning xalqaro maydondagi rolini yanada kuchaytirish yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi raisligida o‘tgan mazkur anjumanda davlat rahbarlari tomonidan ShHTning 15 yillik faoliyatining asosiy natijalari ko‘rib chiqildi. Unda tashkilotning nufuzli tuzilma sifatida xalqaro maydonda mustahkam o‘rin egallagani alohida ta’kidlandi. Xalqaro terrorizm, ekstremizm va uning ko‘rinishlari bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlariga birdek xavf solayotgani bois, majlis ishtirokchilari ushbu tahdidlarga faqat hamkorlikda, jahon hamjamiyati sa’y-harakatlarini birlashtirgan holda qarshi kurashish mumkinligini qayd etdilar. Majlis ishtirokchilari tomonidan ta’kidlanishicha, ShHT Xartiyasi qoidalari va boshqa hujjatlariga muvofiq, terrorizm, separatizm va ekstremizmga, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi, qurol-yarog‘, o‘q-dori va portlovchi moddalar bilan noqonuniy savdoga, ommaviy qirg‘in qurollari va ularni yetkazib berish vositalari tar-qalishiga qarshi birgalikda kurashish bundan keyin ham ShHT doirasidagi o‘zaro hamkorlikning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolaveradi.
Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari — Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf o‘ani, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Mo‘g‘uliston Prezidenti Saxiagiyn Elbegdorj, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Zarif, sammit mehmoni — Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham ishtirok etdi.
Aytish mumkinki, Toshkent sammitining muhim voqeasi Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining ShHT ga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi bo‘ldi. Muzokaralar yakunida ShHT o‘n besh yilligining Toshkent deklaratsiyasi, ShHTning 2025 yilgacha rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2016 — 2020 yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror, ShHTga a’zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligini rivojlantirish dasturi va boshqa hujjatlar imzolandi.
Hech shubha yo‘qki, Toshkent sammiti ShHT faoliyati samaradorligini oshirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida muhim kelishuvlarga erishilgan sammit sifatida tashkilot tarixidan munosib o‘rin oladi.
Ayni kunlarda Toshkent sammitining ahamiyati va uning yakunlari to‘g‘risida nufuzli xalqaro ekspertlar va tahlilchilar o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirishmoqda.
Jumladan, Strategik hamda xalqaro tadqiqotlar markazi (AQSh) ning Yevrosiyo va Rossiya bo‘yicha dasturlar direktori o‘rinbosari Jeffri Mankoffning mulohazasiga ko‘ra, Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan iborat va hademay Hindiston va Pokiston kabi davlatlarni ham o‘z safiga oladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘ta yirik xalqaro tuzilmadir. Uning noyobligi shundaki, tashkilot, birinchidan, ham iqtisodiy, ham xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanadi, ikkinchidan esa qarorlar qabul qilinishda konsensus mexanizmiga ega. Bu esa tuzilmaga a’zo mamlakatlar yondashuvlarining xilma-xilligidan qat’i nazar, birgalikda amalga oshriladigan ishlar natijasining samarali bo‘lishiga imkon yaratadi.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari tadqiqotlari bo‘yicha Qirollik Birlashgan xizmatlari instituti direktori (Buyuk Britaniya) Rafaello Pantuchchining hisoblashicha, ShHT katta istiqbolga ega tashkilot bo‘lib unga xalqaro maydonda yetuk tizim, global hamda mintaqa miyosida barqarorlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlashning ishchan organi sifatida katta umidlar bog‘lanmoqda.
ShHTning 15 yillik faoliyati davomida mamlakatimiz unda uchinchi marta raislik qilishdek mas’uliyatli missiyani o‘z zimasiga oldi. Bu davrlarnig har birida O‘zbekiston tomonidan keyinchalik hayotda o‘z amaliy ijobatini topgan muhim va dolzarb ahamiyatga molik tashabbuslar igari surildi. Respublika joriy yilgi raisligi davomida ShHTga a’zo davlatlarning umumiy manfaatlariga javob beradigan, o‘zaro hamkorlikning rivojlanishiga, uning davomiyligi hamda izchil mustahkamlanishi tamoyillariga qat’iy rioya qilish barobarida, tashkilotning jahondagi obro‘-e’tibori og‘ishmay o‘sib borishini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirdi.
— Ushbu sammit intihosi bilan tashkilot tuzilganligining 15 yilligiga to‘g‘ri kelgan O‘zbekiston raisligi nihoyasiga yetdi, — deydi R.Pantuchchi. — Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston hamisha birlashma raisligi vazifasiga mas’uliyat bilan yondashgan va samarali ravishda uning uddasidan chiqqan. Mutlaqo ayonki, navbatdagi faxriy missiya doirasida ham respublika keng ko‘lamli ishlarni amalga oshiradi.
A.ABDULLAYeV,
Ommaviy axborot
vositalari materiallari asosida tayyorlandi.