43 ming nav, 43 ming ne’mat, 43 ming mo`jiza

So‘nggi yillarda jahon miqyosida oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masalalardan biriga aylandi. Bu esa o‘z navbatida ilmiy tadqiqot institutlari zimmasiga ozuqa ishlab chiqarishda ilg‘or texnologiyalarni kashf etish hamda serhosil navlar yaratish vazifasini yukladi. Bugun yurtimizda bu yo‘nalishda ko‘plab muassasalar faoliyat yuritmoqda. Shulardan biri O‘zbekiston o‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot institutidir.

 

1924 yilda asos solingan institut bazasida 100 dan ortiq qishloq xo‘jaligi ekinlarining 43 mingdan ziyod nav-namunalari saqlanmoqda. Ulardan uch mingdan ortig‘i meva va uzum navlaridir. Ilm dargohining asosiy maqsadi yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan navlarni aslicha saqlash, ulardan istiqbolli navlarni ko‘paytirish hamda selektsiya ishlarida unumli foydalanish, yaratilayotgan yangiliklarning samaradorligini oshirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilishdir.

Institutda sabzavot, poliz, rezavor va noan’anaviy ekinlar hamda mevalarning yangi navlarini yaratish, xorijdan yangi navlarni olib kelib ko‘paytirish ishlari jadal olib borilmoqda. Bu haqda muassasa ilmiy xodimi Hamidulla Hasanov quyidagilarni gapirib berdi: 

– Bugungi kunda poliz va mevalarning tezpishar, bozorgir va sanoatbop navlariga talab yuqori. Biroq azaldan yurtimizda saqlanib kelinayotgan bir-biridan mazali navlar yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. Shuning uchun olimlarimiz respublikamiz bo‘ylab barcha foydali o‘simliklarning navlarini yig‘ib, institut kollektsiyasida saqlaydi. Kelgusida ulardan yangi navlar yaratiladi. Yillar o‘tib, bu navlarga ehtiyoj yanada ortishi mumkin. Bunda mazkur kollektsiya ish beradi. Agar bu jarayonni qovun misolida oladigan bo‘lsak, bugungi kunda uning institutimizda 300 dan ortiq navi bor. Lekin, e’tibor bersak, bozorlarimizda 3-4 xil qovun sotiladi, xolos. Bir paytlar ota-bobolarimiz ekib kelgan bo‘rikalla, xo‘jabilmas, ko‘k-kalavash kabi qovunlarni uchratmaymiz. Vaqti kelib, ularga yana talab bo‘lishi tayin.

Oziq-ovqat ekinlarining yangi navlarini yaratishga jiddiy e’tibor qaratayapmiz. Masalan, moshning serhosil navi yaratildi. Mosh yotib o‘suvchi o‘simlik bo‘lgani uchun u to‘liq qo‘l mehnatini talab qiladi. Shuning uchun ham tadqiqotchilarimiz uning har tomonlama qulay hamda serdaromad bo‘lgan 4 ta yangi navini yaratishdi. Bu jarayonda xorijdan keltirilgan navlar ish berdi. Ularning asosiy xususiyatlari shundan iboratki, poyasining balandligi 70-80 santimetr bo‘lib, bu agrotexnik tadbir o‘tkazishda  juda qulay. Hosil esa oddiy moshlarnikiga o‘xshab pishgandan so‘ng ochilib ketmaydi. Uni kombaynda yig‘ishtirib olish imkoniyati bor. Uning 70-90 kunda pishadigan navlari bo‘lib, bug‘doy o‘rimidan so‘ng ham eksa bo‘ladi. Bir gektar yerga 10 kilogrammgacha urug‘ sepib, 30 tsentnerdan hosil olish mumkin.

Ayni paytda yurtimizda o‘simlik yog‘ini yanada ko‘proq ishlab chiqarish muhim masalalardan biridir. Buning uchun serhosil kungaboqar nav-larini ekish zarurati bor. Aksariyat maydonlarimizda Serbiyadan keltirilgan kungaboqar navlari ekilardi. Tadqiqotchilarimizning  serhosil kungaboqarning navini yaratish ishlari ijobiy yakunlandi. Dilbar nomli yangi nav yaratishdi. Uning yog‘lilik darajasi 56 foiz bo‘lib, 80-85 kunda pishadi. Gektaridan 26-28 tsentner hosil olish mumkin. Bu navni amaliyotga joriy etish ishlari davom etmoqda.

Keyingi yillarda barcha o‘simliklarda turli kasallikka chalinish holatlari kuzatilmoqda. Masalan, ayni pishiqchilik davrida pomidor fuzarios kasalligiga uchraydi.  Buning yechimini topish maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda pomidorning 500 dan ortiq navlari keltirildi. Ular turli tajribalar orqali o‘rganilib, yangi 4 ta kasallikka bardoshli navlar yaratildi. Ularni ko‘paytirish va aholiga taqdim etish ishlari olib borilayotir.

H.Hasanovning aytishicha, institut tomonidan noan’anaviy ekinlarni ko‘paytirish va undan foydalanish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilmoqda. Jumladan, steva o‘simligini olaylik. U qandli diabet kasalligida o‘ta foydali. Tarkibida uglevod moddasi yo‘q. Lekin shakardan 300 marotaba shirin. Uni qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishda qo‘llasa bo‘ladi. Ayni damda farmsanoat korxonalari bundan unumli foydalanmoqda. Noan’anaviy o‘simliklardan yana biri Tafikambiri o‘simligidir. Uning alohida xususiyatlari shundaki, ildiz tugunchalarida ioni moddasi ko‘p, kasalliklarga darmon hisoblanadi. Hozir bu o‘simlikning fayz baraka va mo‘’jiza nomli ikki turi rayonlashtirilib, ko‘paytirish ishlari olib borilmoqda. Uning poyasi chorva mollari uchun foydali, tana qismini qog‘oz ishlab chiqarishda qo‘llasa bo‘ladi. Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, bu o‘simlikdan tayyorlanayotgan qog‘ozlar daraxtdan olinadiganidan tezroq tayyor bo‘ladi. Ya’ni texnik jarayon yarmiga qisqaradi va nisbatan sifatli ham deyishimiz mumkin. 

Bugungi kunda institut IKARDA, ASIRO, IPIGRI, SIMMIT kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Shulardan biri Koreyaning KOPY Uzbekistan markazi bo‘lib, ular bilan hamkorlikda bir qancha loyi-halar amalga oshirilmoqda.  Bu haqda markaz direktori doktor An Xi Sung shunday deydi:

– Biz o‘zbekistonlik hamkorlar bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yangi istiqbolli navlarni yaratish borasida ko‘plab loyi-halarni amalga oshirib kelmoqdamiz. Ayniqsa, yurtingizda g‘allachilik va paxtachilikning yuqori hosildorligini saqlagan holda intensiv bog‘larni barpo etishga katta e’tibor qaratilgani ayni muddao bo‘layotir.  Chunki bu yo‘nalishda bizda katta tajriba to‘plangan. Hamkorlarimiz bilan turli ekinlar bo‘yicha tajriba almashib, kerakli tavsiyalarni beryapmiz.

Institut genofondida Frantsiya, Italiya, Germaniya, AQSh, Avstriya, Gruziya, Moldova, Ozarbayjon va boshqa ko‘plab xorijiy davlatlardan keltirilgan 1600 dan ortiq uzum navlaridan iborat jahon kollektsiyasi bo‘lib, institut olimlari mavjud navlarning biologik xususiyatlari, hosildorligi, mahalliy sharoitga moslashuvchanligi va boshqa xususiyatlarini o‘rganib, ular orasidan qimmatli xo‘jalik belgilari bilan bugungi kun talablariga to‘liq javob beradigan navlarini aniqlashdi. Shuningdek, “O‘zuzumvinosanoat” xolding kompaniyasining buyurtmasiga binoan ichki va tashqi bozorlar talabidan kelib chiqib jahon kollektsiyasiyadan 36 ta mahalliy va xorijiy navlarni ko‘paytirish va ishlab chiqarishga keng joriy qilish uchun maydonlar tashkil qilish buyurtmasi berildi. Bu institutning salohiyati yanada ortib borayotganidan dalolat beradi. 

So‘zimiz yakunida institutga tegishli bir ajoyib voqeani keltirishni ma’qul topdik. O‘tgan yili institut bilan tanishish maqsadida  frantsiyalik olimlar tashrif buyuribdi. Ular muassasada 1600 dan ortiq uzum navlari borligini ko‘rib, hayratdan yoqa ushlashibdi. Shundan so‘ng ular qadimgi, ayni damda o‘zlarida saqlanib qolmagan Alfons Lavale navini so‘rashibdi. Bu nav ham institutda saqlanayotgan ekan. Qarashsaki, uzum pishib yetilgan. Buni ko‘rib, ko‘zlarida yosh qalqibdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu nav bir paytlar frantsuz uzum sanoatining oyoqqa turishiga sabab bo‘lgan ekan. 

 

Bobur MUHAMMADIYeV,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + 8 =