NIYATLAR IJOBATI — EL BAXT-SAODATI

22 iyun kuni poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz»da O‘zbekiston va Xitoy hamkorligining yirik va istiqbolli loyihasi — Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li hamda Qamchiq tunnelining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ishtirok etdi.

 

Ayni kunlarda Vatanimiz tarixida yangi sahifa ochilgan sana — istiqlolning chorak asrlik bayrami shodiyonalarini zo‘r tantana bilan nishonlashga jiddiy taraddud ko‘rib turibmiz. Prezidentimiz Islom Karimovning yaqinda e’lon qilingan «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida aytilganidek, mamlakatimiz mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan eng muhim strategik dasturlarda g‘alla hamda yoqilg‘i-energetika mustaqilligi bilan bir qatorda transport — kommunikatsiya mustaqilligini ta’minlashga alohida urg‘u beriladi. 

Darhaqiqat, «mustaqillik» so‘zi g‘oyatda ko‘p qirrali, purma’nodir. Har jihatdan mustaqil bo‘lmay turib, qo‘yilgan katta maqsadlarga erishish xomxayol. Aytaylik, mustaqil davlatning o‘z yo‘li bo‘lmasa, u davlat o‘zini tom ma’noda mus-taqil his eta oladimi? Sobiq tuzum davrida yo‘llar, kommunikatsiya tizimlarining turli davlatlar hududlaridan o‘tgani o‘z suverenitetini qo‘lga kiritgan mamlakatimizga birmuncha qiyinchilik tug‘dirdi. Farg‘ona vodiysi yoki Surxondaryo viloyati hamda Qoraqalpog‘istondan poytaxtga poezdda kelish ancha mushkullashdi. Qo‘shni davlatlardan o‘tishda chegara va bojxona tekshiruvlari, poezd-larning necha soatlab to‘xtab qolishi yo‘lovchilar uchun azob-uqubatga aylandi. Bu biz, katta avlod vakillarining yaxshi esimizda turibdi. 

Mamlakat ravnaqini ta’minlashning bosh omillaridan biri avvalambor infratuzilmalarni, xususan, yo‘l-transport va kommunikatsiya tizimlarini tubdan yangilash, chekka viloyatlarni markaz bilan bevosita bog‘lashdan iborat edi. Tarmoqning asosiy tarkibiy qismi sanalgan temir yo‘l transportini kuchaytirish ayniqsa, muhim edi. Sohada tub islohotlarni o‘tkazmay turib, taraqqiyotni yuksaltirish, xalq farovonligini ta’minlash mumkin emasdi. Mana bugun, oradan yigirma besh yil o‘tib  olib borilgan islohotlar, beqiyos bunyodkorliklardan, ezgu niyatlarimiz ijobatidan g‘ururlanib turibmiz.  

Xizmat safari yuzasidan o‘tgan yili vodiy taraflarga yo‘lim tushib qoldi. «Neksiya»da Angrendan yuqoriga ko‘tarilib borar ekanmiz, bundan uch yilcha avval boshlangan vodiy bilan mamlakatimiz poytaxtini bog‘lovchi temir yo‘l qurilishi deyarli nihoyalanib borayotganiga ko‘zim tushdi. Shu orada hamrohlar bilan suhbatimiz qo‘r olib, yurtimizdagi o‘zgarishlar, bunyodkorliklar borasida yayrab gaplashib ketayotgandik:

— Mana, temir yo‘l ham qariyb bitib qolibdi, dedim go‘yo sheriklarga yangilikni tezroq yetkazishga shoshilib.  

— Endi, uka, bugungi o‘zgarishlarning sadag‘asi ketsak arziydi, — dedi o‘zini Rustamjon deb tanishtirgan o‘rta yoshlardagi kishi. — Vodiyning qaysi bir shahri yoki tumaniga yo‘lingiz tushsa katta qurilishlar, o‘zgarishlarning guvohi bo‘lasiz. Uzoqqa bormay o‘zimizning Andijonni oling, keyingi yillarda shahar qiyofasi tubdan o‘zgarib ketdi. Pastqam, ko‘rimsiz uylar deyarli qolmadi, zamonaviy, ko‘rkam binolarni ko‘rib aqlingiz shoshadi. To‘g‘risi, bir-ikki oy oldin borgan joyingizga yana bir aylanib kelsangiz, adashib ketishingiz hech gapmas. Farg‘ona, Namangan, Qo‘qon, boringki, vodiyning boshqa shaharlaridagi o‘zgarishlar ham bundan kam emas. Lekin-chi, Qamchiq dovonidan o‘tgan temir yo‘limiz ishga tushsa bormi, vodiyimiz bundan-da, obod, bundan-da, go‘zallashadi, elatdoshlarimizning turmush tarzi, hayoti ham farovonlashadi. Ha, gapimga ishanavuring.

— Ishonish ham gapmi, fikringizni yuz foiz tasdiqlayman, — deya hazil aralash javob beraman suhbatdoshimga.  

— Bundan yigirma yilcha oldingi ba’zi noxush holatlar hech esimdan chiqmaydi, so‘zida davom etadi hamrohim. — Toshkent — Andijon poezdiga chiqqan qancha-qancha yurtdoshlarimiz qo‘shni davlat hududidagi tekshir-tekshirlardan tinkasi qurib, rosa diqqat bo‘lardi. Yaxshiyamki, o‘shanda dovon yo‘li ishga tushib ketib, mushkullarimiz ancha yengillashgan edi. Yaratganga behad shukr, vaqti-soati kelib bunday temir yo‘llar qurilishining ham guvohi bo‘ldik.   

Rustamjon akaning vodiyliklarga xos sodda va beg‘ubor lutfi hammamizning ko‘nglimizni charog‘on etdi. Xuddiki, erta-indin zamonaviy vagonlarga o‘tirib, oltin vodiyga boradigandek his etdik o‘zimizni.

O‘sha suhbatimizdan beri oradan hali bir yil ham o‘tgani yo‘q. Mustaqilligimizning 25 yilligi, qolaversa, ShHTning katta anjumani arafasida An-gren — Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li ishga tushdi.  

Bu haqda gap ochilganda albatta, hazrat Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostoni esga tushadi. Alloma Far-hodning tog‘ni teshish voqeasini quyidagicha tasvirlagandi:

Kesib har teshasi qilg‘och xaroshi,

Falak pili yukidek pora toshi.

 

Chu metin zarbidin aylab siteza,

Qatiq xoroni aylab reza-reza.

 

Aningdek teshadin sekrib ushoq tosh

Ki, hozir bir yig‘ochdin qochurub bosh.

 

Uchub yetkanda zarbi dasti oning

Ki borib o‘n yig‘och farrasti oning. 

Ne baxtki, mustaqillik sharofati bilan buyuk bobomiz besh yuz yil aytgan gaplari ro‘yobini bugungi avlodlar amalga oshirganining shohidi bo‘lib turibmiz. Zero, ushbu bunyodkorlikka hissa qo‘shgan har bir ishchini Farhodga qiyos etgulik. «O‘zbekiston temir yo‘llari» aktsiyadorlik jamiyati va Xitoyning «Shina Railway Tunnel Group» kompaniyasi hamkorligida bunyod etilgan Qamchiq dovonidagi 19,2 kilometrli tunnel qurilishi ishlarining murakkabligi borasida dunyoda sakkizinchi, uzunligi jihatidan o‘n uchinchi o‘rinda turar ekan. MDH mamlakatlari orasida esa u yagona hisoblanadi. Mahobatli tunnel qurilishiga jami 455 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi. 

Shu o‘rinda biroz ortga nazar tashlasak. Mustaqillikning ilk yillarida dastlab Xorazmda Amudaryo uzra avtomobil va temir yo‘l qatnovi uchun mo‘ljallangan zamonaviy ko‘prik hamda Qizilqum sahrosini qoq o‘rtasidan kesib o‘tgan Navoiy — Uchquduq — Sulton Uvaystog‘ — Nukus temir yo‘li bunyod etildi. Buni haqli ravishda istiqlolning ilk g‘alabalaridan biri deya olamiz. Oradan ko‘p fursat o‘tmay «Asr qurilishi» deya nom olgan 223 kilometrlik «Toshguzar — Boysun — Qumqo‘rg‘on» yangi temir yo‘l liniyasi istiqlol solnomasining zarhal sahifalaridan joy oldi. Xayrli ishning sharofati katta bo‘lar ekan, bu yo‘llar birinchidan hamyurtlarimizning uzog‘ini yaqin qildi. Temir yo‘l borgan hududlarda yangi-yangi infratuzilmalar, eng asosiysi, qanchadan-qancha yangi ish o‘rinlari, zavod va korxonalar barpo etildi. 

Temir yo‘lchilarimiz mehnati, katta sa’y-harakati bilan yaqin yillarda barpo etilgan 1 ming 200 kilometrdan ziyod temir yo‘l tarmog‘i bugun Vatanimiz va xalqimizga xizmat qilayotir. Aytish kerakki, istiqlol yillarida 3 ming 800 kilometrlik temir yo‘l modernizatsiya qilinib, qaytadan ishga tushirildi. Qariyb 1100 kilometrlik temir yo‘l magis-trallari elektrlashtirildi. Ayni kunda Vatanimiz temir yo‘llarining umumiy uzunligi 6 ming 500 kilometrga yetkazilib, u bamisoli tanadagi qon tomirlari kabi O‘zbekistonning barcha hududlarini to‘la-to‘kis qamrab olgan. 

Raqamlar tili bilan aytsak, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aktsiyadorlik jamiyati tashkil topganidan buyon yuklarni tashish hajmi 1,5 baravarga, yo‘lovchi tashish esa 1,3 baravarga o‘sibdi. Masalan, 2015 yilda temir yo‘l orqali qariyb 82 million tonna yuk tashilgan bo‘lsa, 20,1 million yo‘lovchi o‘z manzillariga eson-omon yetkazib qo‘yilgan. Bugungi kunda «O‘zbekiston temir yo‘llari» transmintaqaviy transport koridorlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida xalqaro temir yo‘llar tashuvi tizimida munosib o‘rin egallab turibdi. 

Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li qurilishida ishtirok etgan kishilarning mehnatini esa haqli ravishda qahramonlik deya olamiz. Xitoylik hamkorimiz «China Railway Tunnel Group» kompaniyasining mingdan ziyod ishchi-muhandislari, shuningdek, uch mingdan ziyod temir yo‘lchilarimiz va uch yuzdan ortiq elektr montajchilarimizning 32 oy mobaynidagi mehnatiga tasannolar aytsak arziydi. Tunneldan tashqari, bu yerda 43 million kubometr tuproq, 16,3 million kub metr burg‘ulash, portlatish ishlari bajarildi. Qurilish jarayonida 285 ta sun’iy inshoot va suv o‘tkazish quvurlari, jami uzunligi 2,1 kilometrlik 15 ta temir yo‘l ko‘prigi va 6 ta yo‘l o‘tkazgich barpo etildi. Hududda 4 ta stantsiya, 4 raz’ezd, va 2 ta vokzal bunyod etildi. Albatta, yuqoridagi raqamlarni tahlil qilsak, ishning miqyosi yanada aniqlashadi. Qolaversa, jami qiymati 1 milliard 635 million dollarlik loyiha doirasida temir yo‘lchilar istiqomat qilishlari uchun o‘nlab zamonaviy turarjoy binolari barpo etildi. 

Xomcho‘tlarga ko‘ra, mazkur temir yo‘l tarmog‘i joriy yilning o‘zida 600 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Qurilish davrida 4 ming kishi ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, temir yo‘ldan doimiy foydalanila boshlangach, yana 1,5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Farg‘ona vodiysidagi uch azamat viloyatning har tomonlama yuksak salohiyatini hamma yaxshi biladi. Endilikda vodiy korxonalarda tayyorlanayotgan turli-tuman sanoat va qurilish materiallarini boshqa viloyatlarga yetkazish osonlashadi. Saxovatli bu zaminda yetishtirilgan shirin-sharbat uzum va meva-chevalar, sabzavot va poliz mahsulotlarining ta’rifi dunyoga ketgan. Endilikda mirishkorlar yetishtirgan noz-ne’matlar Vatanimizning boshqa hududlaridagi yurtdoshlarimiz dasturxonini yanada ko‘proq bezashi aniq. O‘zimizdan ortgan mahsulotlarni Yevropayu Osiyo davlatlariga eksport qilish hajmi ham ko‘payadi. 

…Dastlabki poezd Qamchiq tunnelini — Sardaladan to Chodak qishlog‘igacha bo‘lgan yo‘lni 16 daqiqada bosib o‘tdi.

— Dengiz sathidan 2 ming 200 metr balandlikdagi Qamchiqdan o‘tgan Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki butun mamlakatimiz xalqini, shular qatorida meni ham juda quvontirdi, — deydi xo‘jaobodlik tanishim Rahmon aka Mahmudov. — U vodiyni mamlakatimizning bosh-qa hududlari bilan mustahkam kamar singari bog‘ladi. Yo‘llar hamisha taraqqiyot garovi bo‘lgan. Shuningdek, bu yo‘l ham iqtisodiy taraqqiyot belgisi hisoblangan qurilish va sanoat, transport va aloqa xizmatlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya sohalari ravnaqida, umuman, hududdagi hayot sur’atlarining yanada jadallashuvida muhim ahamiyat kasb etadi. 

Jahonning rivojlangan mamlakatlari ham endilikda temir yo‘llarimiz yuksak texnologiyalarga asoslangan, eng zamonaviy transport tizimiga, mamlakatimizning qudratli po‘lat kamariga aylanganini baralla e’tirof etishmoqda. Shunday qutlug‘ tantana va ayyomlar arafasida temir yo‘llarimiz va sohaning zahmatkash insonlari mustaqil O‘zbekistonimiz iqtisodiyoti ravnaqiga, salohiyati, kuch-qudratining yanada oshishiga xizmat qilishdan aslo tolmasinlar, deya tilak bildiramiz. Zero, yo‘llarning yo‘llarga, yurtlarning yurtlarga bog‘lanishi bag‘rikeng va pok niyatli xalqimiz dilidagi asl muddaodir. 

 

Abdumajid AZIMOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four − three =