Qonun ustuvorligi kelajagimiz poydevorini mustahkamlaydi

Ayni paytda butun yurtimiz bo‘ylab bayram shukuhi kezib yuribdi. Yigirma besh yil tarix solnomasi uchun uncha katta vaqt bo‘lmasada, yurtimizda shu yillar mobaynida asrlarga tatigulik ishlar qilindi. Ayniqsa, biz yoshlarga yaratilgan imkoniyatlarni hech bir o‘lchov bilan chamalab bo‘lmaydi. Bilim olish deysizmi, sport bilan shug‘ullanish deysizmi yoki kasb-hunar egallash bo‘ladimi, barchasiga imkoniyatimiz yetarli.

 Bugun yoshlarimizning salohiyatiga dunyo tan bermoqda. Ana shunday vatanda yashayotganimizga, uning bag‘rida yashab, bilim olib, hunar egallayotganimizga shukronalar keltiramiz. Albatta, mukammal bilimimiz, salohiyatimiz bilan  ertangi kunda Prezidentimiz orzu qilgan jamiyatni yaratishda kamarbasta bo‘lamiz. Jonajon O‘zbekistonimiz bugungi darajaga osonlikcha erishgani yo‘q. Bu yo‘lda juda ko‘p qurbonlar, to‘siqlar bo‘ldi. Barchasi mardonavor bosib o‘tildi. Ayniqsa, istiqlolning dastlabki yillarida xalqimizga mustaqillikning mohiyatini tushuntirish va uni huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida katta hajmdagi ishlar bajarilgan. Buni yaxshi anglamaganlar, ayniqsa yoshlar uchun oddiy hol bo‘lishi mumkin. Biroq, mustaqillikka erishish tarixi bilan mukammal tanishgan tengdoshlarimiz istiqlolning mohiyatini, uning uchun kechgan zahmatlardan juda yaxshi xabardor.  

O‘zbekiston suveren demokratik Respublika. Yurtimiz mustaqillikka erishgan yildan boshlab, o‘z ramzlariga va o‘z konstitutsiyasiga ega bo‘ldi. Konstitutsiyamizning har bir moddasi fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, unda aholining farovon turmush kechirishlari uchun ko‘proq sharoitlar yaratilishi ta’kidlangan. Dunyodagi hech bir mamlakatda yurtimizdagidek aholining kuchli ijtimoiy himoyasiga, bandligini ta’minlashga, oilaga jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida e’tibor qaratilmaydi.

Bosh qomusimizda inson va uning huquqlari, eng oliy qadriyat ekanligi o‘z ifodasini topgan. Qonun ustuvor bo‘lgan yurtning kelajagi farovon va yuksak bo‘lishi muqarrar. Inson huquqlari demokratiya va adolat tushunchalari bilan chambarchas bog‘liqdir.

 Bugun izlanuvchan, iqtidorli yoshlarimiz san’at, sport, adabiyot va fan sohalaridagi bellashuvlarda xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelishmoqda. Yuksak aql-idrokli, bilimli va intellektual salohiyatli yoshlari bo‘lgan O‘zbekistonni hech qanday yovuz kuchlar bo‘ysuntira olmaydi. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish kontseptsiyasini hayotga tadbiq etishda ham tengdoshlarimizning ishtiroki muhim ahamiyatga ega. 

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi demokratik huquqiy jamiyat qurishga qaratilgan. Fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishi va unda yoshlarning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli Yurtboshimiz yoshlar bizning kelajagimiz deb doimo ta’kidlaydilar. Huquqiy demokratik jamiyat barpo etish jarayonida vataniga, xalqiga sadoqatli, milliy qadriyatlarni hurmat qiladigan yoshlarni tarbiyalash, ularning mustaqil fikrlashi,  huquqiy siyosiy bilimga ega bo‘lishi davrning talabidir. 

Fuqarolarining aksariyat qismi o‘z haq-huquqini yaxshi biladigan, barcha sohada o‘z fikrini baralla bildira oladigan, ijtimoiy-siyosiy jihatdan faol davlat hech qachon hech kimga qaram bo‘lib qolmaydi. Uning buguni kechagi kunidan yaxshi, ertasi esa bugunidan ham farovon bo‘lishiga aslo shubha yo‘q.

Shuningdek, Konstitutsiyamizda fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki  ham  mustahkamlab qo‘yilgan. Bu fuqarolik jamiyatining asosiy printsipidir. Fuqarolik jamiyatining muhim  shartlaridan yana  biri — fuqarolarning huquqiy madaniyatini  va u orqali ularning jamiyat rivojidagi faolligini oshirishdan iborat.  

Mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda nafaqat davlat tashkilotlari  balki, nodavlat notijorat tashkilotlarning ham o‘rni beqiyos. Har bir ishda, yurtimiz tinchligini ta’minlashda, xalqimiz turmushini yanada yuksaltirishda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, yelkama-elka intilsak, albatta ko‘zlagan marraga yetamiz.

Xulosa qilib aytganda, yurtimizda fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratilgan. Eng asosiysi, fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan yoshlarning  huquqiy bilimi va ijtimoiy faolligi oshgan.

 

Muxlisa BOLBYeKOVA,

Toshkent pedagogika

kolleji o‘quvchisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − nine =