Qo‘lga qalam olganda…

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimiz yo‘llagan bayram tabrigi, har doimgidek, qalam ahlini o‘z faoliyatimizga tanqidiy nazar tashlashga, oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida o‘ylashga da’vat etdi. Matbuot ma’naviyat sohasi odamlarining faoliyat maydoni bo‘lib, tabrikda aytilganidek, “Ma’naviyatni asrash — insonni, avvalo, yosh avlodimizni, kelajagimizni asrash demakdir”.

 

Biz ezgu so‘z, ezgu amal yo‘lida qo‘limizga qalam olar ekanmiz, ongu shuurimizni ana shu mas’uliyat bir lahza ham tark etmasligi kerak.

Yurtimizda qanchadan-qancha gazetalar chiqadi. Bu nashrlarning barcha sahifalaridagi satrlar gazetxon e’tiboriga taqdim etiladi. Kim qo‘liga qalam olmasin, shu yozganlarimni gazetxon o‘qisa, o‘z tafakkur chig‘irig‘idan o‘tkazsa, deb niyat qiladi.

Amalda ham hamisha shunday bo‘layaptimi? To‘g‘ri, ikki karra ikki to‘rt bo‘lgani qanday ayon bo‘lsa, maqola o‘qish uchun yozilishi shunday haqiqat. Lekin nega ayrim gazetalarni qisqa muddatda ko‘zdan kechirib o‘zimizga hech narsa ololmaymiz. Joylarda nomiga, shunchaki o‘tkazilgan tadbirlarning o‘zi qanday quruq bo‘lsa, ular haqidagi xabarlar ham shiradan, ya’ni ma’no-mazmundan xoli.

Shu haqda o‘ylar ekanman, Prezidentimizning jurnalistlar bilan uchrashganlarida aytgan gaplari o‘qtin-o‘qtin xayolimga kelaveradi. Yurtboshimiz uqtirgan edilarki, baraka topkur, qo‘lga qalam olib yozishga urinar ekansiz, nima muhim gap ayt-moqchiman, shu fikrimdan elga nima naf, degan savollarga javob bering. Barchaga ma’lum, oddiy haqiqatlarni takrorlab gazetxonning vaqtini olmang.

Aslida bu talab har bir ijodkor uchun asosiy mezon bo‘lishi kerak. Albatta, birov qiziqib o‘qimaydigan “poxol” maqolalarni ham niyati yo‘q, deb bo‘lmaydi. Bittasi tijorat maqsadida berilib, maqtalayotgan korxona yoki muassasaning ko‘nglini xotirjam qilsa, boshqa biri o‘sha nashr sahifasini to‘ldirishi mumkin.

Tomoshabinning teatrlarga munosabatini ko‘z oldimizga keltiraylik. Jiddiy, tragik sahna asarlariga ko‘pchilik kirmaydi, yengil-elpi, kulgili tomoshalar gavjum. Nima qilish kerak? Jiddiy, o‘ylantiradigan mavzudagi asarlarni qiziqarli, maroqli shakllarda taqdim etish maqsadga muvofiq. To‘g‘ri, gazetaning to‘rt betini ham latifa, hajviyalarga to‘ldirib bo‘lmaydi. Lekin siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy mavzulardagi bitiklarni ham gazetxon diqqatini jalb qiladigan ko‘rinishlarda taqdim etsa bo‘ladi.

“Toshkent haqiqati” gazetasi joriy yil bahorida poytaxt viloyatining Bo‘ka tumani atamasi bilan bog‘liq qiziq bahsni boshlab berdi. Ma’naviyat targ‘ibotchisi Shuhrat Nasimovning “Bo‘kadan kuyov qiling” (16 aprel) sarlav-hali maqolasida “Bo‘ka” atamasining etimologiyasiga oid turli muqobil fikrlar keltiriladi. Bir afsonada hududdagi o‘n beshta qal’aga ayol kishi hokimlik qilgani, shunga ko‘ra, beka so‘zi bo‘kaga aylangani aytiladi. Muallif O‘zbekiston Milliy Entsiklopediyasida Bo‘ka — turkiycha zo‘r, kuchli degan ma’nolarni anglatishini ham dalil sifatida keltiradi. Qadimiy So‘g‘dda eng kuchli Bo‘ka sharafiga har yili bayram qilingan. Eng zo‘r bo‘ka (pahlavon) uchun noz-ne’matlar bilan bezatilgan maxsus dasturxon tuzalgan.

Gazetaning 27 aprel sonida Bo‘ka tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi U.Jo‘raev gazeta ko‘targan mavzuga o‘z fikrlarini bildirgan. Qishloq o‘qituvchisining aytishicha, 1985 yil “Til va adabiyot ta’limi” jurnalida (3-, 4-son) Bo‘ka atamasiga quyidagicha izoh berilgan: “Bo‘ka” so‘zining botir, jangchi, “polvon” ma’nolari bo‘lsa-da, qishloqning nomi urug‘ nomidan olingan.

Avvalo, viloyat ziyolilarining o‘zlari yashayotgan zamin tarixi, nomlanishi bilan shu qadar qiziqib bahs yuritganlari, bular mahalliy matbuotda keng yoritilishi e’tiborga sazovordir. Chunki haqiqat bahslarda oydinlashadi. Tahririyat ushbu mavzu atrofida yana qiziqarli ma’lumotlar bo‘lsa, kelgusida ham yoritishga qaror qilganini bayon etadi.

Shunday sanalar bo‘ladiki, ularda e’lon qilingan masalalarga bir vaqtning o‘zida barcha davriy nashrlar murojaat qilishadi. Natijada ko‘plab ommaviy axborot vositalarida bir-biriga ikki tomchi suvdek o‘xshash maqolalar paydo bo‘ladi. “Adolat” gazetasi esa har bir mavzuda o‘z so‘zini aytishga intilib “Butunjahon Yer kuni” sanasi nishonlangan so‘nggi sonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraktsiyasi a’zosi Alisher Mahmatmurodovga so‘z beribdi. Deputatning “Yer munosabatlarining huquqiy asoslari” sarlavhali maqolasida Yer sayyorasidagi global muammolar lo‘nda, ravon tilda tushuntirib berilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, bugun ona sayyoramizda 1,5 milliard gektar yerga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekiladi. Manbalarga ko‘ra, dunyoda har yili 6-7 million gektar yer ekin ekishga yaroqsiz holga keladi. Xo‘sh, bunday ahvolda yil sayin ko‘payib borayotgan aholining oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyojini qondirish uchun qanday yo‘l tutish kerak?! Tuproq unumdorligini tubdan yaxshilash, hosildorlik ko‘rsatkichini bir necha barobar oshirish — vaziyatdan chiqishning asosiy yo‘lidir.

Bu masala O‘zbekistonda qanday hal qilinayotgani maqola muallifining diqqat-e’tiborida ekanligi ayon bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi vaqtda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida intensiv foydalaniladigan yerlar, asosan, sug‘oriladigan maydonlar 4,28 million gektarga teng. Chin ma’noda, “Oltin fond” nomini olgan bu yerlarning samaradorligini oshirish davlatimiz, parlamentimiz tomonidan bevosita qanday tadbirlar joriy etilayotgani maqolada ta’sirli shakllarda bayon etiladi, e’tiborli takliflar bildiriladi.

Xalqimizda “Ham ziyorat, ham tijorat” degan maqol bor. “Ma’nolar maxzani” kitobida bu naql shunday izohlanadi: “Asosiy boshqa bir maqsadda borilgan joyda bir yo‘la yana boshqa bir ishni ham bitirsalar yo shunday qilish niyatida bo‘lsalar, buni yuqoridagi maqol bilan ifoda etadilar”. Shu ma’noda, gazetalar sahifasida berilayotgan tijorat maqolalarni turlicha talqin qilishadi. Ikki hamkasbning suhbatiga e’tibor qiling:

— Tahririyatga mablag‘ tushiradi, deb tijorat maqolalar berish shartmi?

— Hozir bozor munosabatlari tarkib topmoqda. Tijorat maqola bermasak, kim daromadimizni ko‘paytirib beradi…

Bu bahsga gazetxonning o‘zi yakun yasasa maqsadga muvofiq bo‘lur edi.

Yana shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, har qanday mavzuni ham o‘quvchi e’tiboriga “gulqog‘ozga o‘ragan qand”dek qilib yetkazsa bo‘ladi. Buning uchun ijodkorda mahorat va jindak mas’uliyat ham bo‘lishi kerak.

 

Shuhrat JABBOROV

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + fifteen =