OFTOB

 

Urushdan keyingi yillar edi, – deya so‘ylardi momom. – Ko‘p odamlar janggohlardan yarador bo‘lib qaytgan. Qimmatchilik. Onam bir parcha non topish uchun daladan beri kelmaydi. Otam qo‘ltiqtayoqda qadam bosadi. Kechasi bilan janggohlarda birga bo‘lgan do‘stlarini chaqirib, bosinqirab chiqadi. Urushda o‘ng oyog‘idan ayrilib qaytganlari xayolidan ko‘tarilib, telbalarcha, u yoq-buyoqlarini paypaslab ko‘radi. Uyqudan ko‘zlarini ochganida esa “xayriyat-e, bu tush ekan”, deb tashqariga otiladi. Bog‘ etagiga tushib, onasidan xafa bo‘lgan boladay o‘pkasini tutolmay piqillab yig‘laydi. Shunday paytlarda u kishiga tasalli berishga hech kimning yuragi dovlamasdi. Hukumat otamni hamma bayramlarda yo‘qlab turgan bo‘lsa, hech birimiz ko‘ngillariga botadigan ish qilmasak, nega buncha siqilarkan, deb ko‘p o‘ylardim. Keyin bilsam, badbaxt urush tufayli ishga yaroqsiz bo‘lib qolganidan, jo‘jabirday jonni boqish mushtipar onam bo‘yniga tushganidan azob chekar ekan. Barcha ojizliklari, zaifliklarini yopish uchun ustachilik qilib, butun ovulning hojatini chiqarardi. O‘roqni chap tizzasiga qo‘yib peshlar, pichoq sopini esa o‘zlari yasardi. Faqat ketmonga dasta solishga biroz qiynalardi. Xuddi birov “qo‘y, bu ish qo‘ling-dan kelmaydi”, deb mayib-majruhligini yuziga solayotganday qasdma-qasdiga ishlardi. 

 

– Sening xizmatkoring bo‘lganim menga shohlikdan avlo, – deb bir hovuch tuproqni ko‘zlariga surtardi.   

– Bu nima deganingiz, ota?! Qanday qilib oddiy tuproq har nedan ortiq bo‘lishi mumkin?

– Ona tuproqda Vatan nafasi ufurib turibdi. Qadamlaringni ohista bos, oyoqlaring ostida ota-bobolarimizning xoki yotibdi. Ularni bezovta qilish gunoh. 

Tashlandiq yerni obod qilish uchun Jo‘ra akamni ishga solardi.  

–  Ko‘chatni qo‘lingga ol. Ehtiyot bo‘l, ildizidagi loy ko‘chmasin.

Akam otam aytganiday qilardi.

– Endi qo‘lning yarim bo‘g‘inigacha chuqurcha qaz.

Qazardi.

– Suv quy.

Quyardi.

– Ko‘chatni ustiga tuproq tortib, go‘ngdan sep.

Shu yerga kelganda, akamning tajangligi tutardi.  

– Nima, dunyoga faqat daraxt ekish uchun kelganmanmi?! Bo‘ldi, boshqa ekmayman…

– Qaerga ketayapsan? Ko‘chat atrofini yumshatmasa, taqron yerda qovjirab qoladi. Qani, ishingni oxirigacha yetkaz. Ketmonni jonliroq ursang-chi?! Bog‘-rog‘ ko‘kartirib, rohatini ko‘rish oson emas! Pulemyot otgandan daraxt ekkan ming marta yaxshi-ku!  

Otam ko‘chatlarni o‘zgacha mehr bilan to‘g‘rilab chiqardilar. Mehnatdan ezilgan qo‘llariga qarab, nega buncha o‘zlariga zulm qilayotganiga hech aqlim yetmasdi. Endi bilsam, hayotda bizning chiniqishimiz uchun shunday qilgan ekanlar. Qishlog‘imizdagi yuzlab erkaklar urushda qirilib ketgan, ariq qazib suv chiqarish, qo‘riq ochish, osmon-osmon xirmon  ko‘tarishday og‘ir ishlar ham ayollar zimmasiga tushgandi. Xuddi otam aytganidek, sening xizmatkoring bo‘lganim menga har nedan avlo, ona tuprog‘im, deb hech kim tinim bilmasdi. Bizning xonadonda ham yo‘qchilik o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi. Qora non yeymiz. Onam ikki oyda zo‘rg‘a bir marta xo‘roz go‘shtidan solib palov qiladi. Qolgan kunlari esa quruq xo‘rdadan nariga o‘tmaymiz. Bug‘doy kepagini ham tishimiz tagida saqlaymiz. Otam har kuni  urushga  olib ketilgan ukalarini qaytishga umid bog‘lab, derazadan ko‘z uzmaydi. 

– Dadajon, sizni maktabdan so‘rab kelishibdi. Dushman qo‘shinlarini qanday tor-mor qilganingiz haqida bolalarga gapirib berarkansiz, – derdim qahramon jangchining qizi bo‘lganimdan g‘ururlanib.

– Men ko‘proq harbiy mashqlar bilan ovora bo‘lganman. Urush tugaganiga ancha bo‘ldi. Janggoh ortida xizmat qilganlarga borishsin.

– Ularga haqiqiy qahramon kerak emish…

– O‘, zo‘r-ku, o‘sha kim ekan?

– Jang maydonida uch-to‘rt joyidan yaralangan qahramon siz bo‘lasiz!

– Kim deysan?

– Ko‘kragida orden, medallari yarqirab turgan mening veteran dadam-da!

– Nima deyapsan, o‘zi? Qanaqa “qahramon!”. Odam bolalarining bir-birlarini  o‘qqa tutib, mayib-majruh qilishlarining nimasi qahramonlik? Vatanparvar bo‘lganim uchun bomba tagida qolib ketganimni gapiraymi? Yoki kutilmaganda oyog‘imdan ayrilganimnimi? Urush insoniyat uchun katta yo‘qotish, qizim. Avval oq poshsho ota-bobom boshiga katta o‘lpon solib, omborimizdagi bug‘doygacha tortib oldi. Keyin qizillarga kimdir qishlog‘imizda bosmachi borligini aytib, temir yo‘l ustidan yoshu qarini birday to‘pga tuttirgandi! O‘shanda o‘z kuniga o‘zi qovurilib yotgan xalq ichidan qanday bosmachi chiqsin. Odam ham o‘z Vataniga munofiqlik qiladimi, deydigan odam shartta otilardi. Urush maydonida qolib ketgan minglab og‘alarimning ohu faryodlari hamon qulog‘im ostida. Yoshlarga medaldorlarga havas qilishni emas, Vatanni asrashni o‘rgatish kerak. Sadoqat nimaligini bilishsin! Tinchlikning qadriga yetsin, –  ko‘zlariga yosh olardi. Eshik ortida esa soddadil bolalarning yana g‘ala-g‘ovuri eshitilardi.

– Buva, okop qanday kavlanadi? – deb biri savol bersa, uzoq sukunatdan keyin boshqasi o‘zicha javob berardi.

– O‘zimizning yerto‘laga o‘xshasa kerak-ov!   

– Dushman ham odammi yoki biror maxluqmikan?! 

– Iblis bo‘lsa-chi?  

– Ola-a!

– Buni faqat Hazratqul ota o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan. Ustoz, nega u kishi biz bilan gaplashmayapti? 

– Nima desam ekan… Him… Dushman ertakdagi qirq boshli ajdardan kuchli, iblisdan battar emish. G‘or ichida yotgan bu maxluq yer yuziga chiqsa, qanchalab odamlar kuli ko‘kka sovurilarmish. Buni faqat bahodirlar yenga olarmish, – derdi muallima noqulay vaziyatdan chiqish uchun. 

– Haqiqiy jangchilarga o‘q uzish oppa-oson bo‘lsa kerak. Mana bunday paq-paq… – yana biri ruchkasini do‘stining ko‘kragiga miltiqday o‘qtardi.

– Bas-e! Sizlar urushni o‘yin, deb bilyapsizlar. Nima, Hazratqul otani baxtli yashashga haqqi yo‘qmidi? Ko‘kragidagi nishonlarga emas, qalbidagi jarohatga qarang. Siz bilan bizni tinch yashashimiz uchun o‘z jonidan kechdi. U endi qo‘ltiqtayoqsiz yurolmaydi. Tushunyapsizlarmi, badbaxt urush tufayli bir umrga nogiron bo‘lib qolgan. Iltimos, o‘rinsiz savol bilan qalbini og‘ritib qo‘ymanglar. Yuringlar, boshqasinikiga boramiz, – bolalar chuqur o‘yga cho‘mib, O‘rin bobonikiga yo‘l olishardi. Otam esa miyig‘ida kulib:

– Omon bo‘lgurlar-e, ularga odamlarning qo‘liga qurol olib, bir-birlarini otishi ahmoqgarchilikdan boshqa narsa emasligini qanday tushuntirib bo‘larkan?! Vatanlar o‘ziga tinch bo‘lsa, bu dunyodan hech kim norizo bo‘lib ketmasdi, – deya ichida chuqur xo‘rsinib qo‘yardi.  

– Qizim, – derdilar ba’zan hayotdan noliganimda. – Taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Ko‘p narsa menga bog‘liq bo‘lganda, urushdan omon qaytgan bo‘lardim. Eh-he, yorug‘ o‘y-niyatlarim qancha edi. Qashqadaryoning suvi loyqa bo‘lsayam, ko‘zimga obizamzamday ko‘rinadi. Chunki o‘z uyimdaman. Bir tanobgina bo‘lsa ham yerimiz bor. Ikki sigir, to‘rtta uloq, o‘nta tovuq, deganday, qora qozonimiz qaynab turibdi. Bundan ortiq baxt bormi?!

– Kun tig‘ida mashoq terishni o‘zi bo‘lmayapti. Hali makkajo‘xorining so‘tasini sitish ham o‘zimga qolgan. Bu ketishda, arpa nonga ham zor bo‘ladiganga o‘xshaymiz, – jig‘ibiyron bo‘lib atrofga termulardim.

– Hozir hamma donni objuvozda yanchib, kun kechiryapti. Bu ham Allohning bir sinovi-da! Noshukr odam ko‘rnamak bo‘ladi. Nima bo‘lgandayam, vatan – vatan! Ona tuproqdan ranjish gunoh, – deya  yelkamga qoqib qo‘yardi padari buzrukvorim.

Onamning ishi esa bomdod nomozidan keyin boshlanardi. Tuyqusdan “Allohga shukr…” degan siniqqina ovozidan uyg‘onib ketardim. Joynamozni bir chetga qo‘yib, ro‘zg‘or ishlari bilan ovora bo‘lardi. Tong qorong‘isida xamir qoriy boshlar, tashqaridagi sarjinlangan o‘tinlarni yelkasiga ortib, tandirxonaga olib kelardi. Issiq non hidi tarqab ulgurmasdan og‘ilxonaga yugurar, sog‘ib olingan sutni bo‘yrali savat tagiga qo‘yib, dalaga shoshardi. Kun bo‘yi idishdagi sut qaymoq bog‘lab yotardi. 

– Onajon, sizga biror yordamim kerakmi, – deb ortidan yarim yo‘lgacha ergashdim.

– Yo‘q, hammasi joyida. Otangdan ehtiyot bo‘linglar, – onamdan shundan boshqa gapni eshitmaganman.  

Mehribonim bir kun dalaga bormasa, brigadir dodlab yuborardi. Bitta bizning oilamiz emas, butun qishloq ahli uydan-dalaga, daladan-uyga va yana dalaga qatnagani-qatnagan edi. Yo‘l-yo‘lakay bir-birlariga chalg‘ini oldingmi, ketmon xayoling-dan ko‘tarilmadimi, deb faqat ish qurollari haqida suhbatlashib borardi.     

– Sho‘rlik, bugun ham tergan paxtasini yuz kiloga yetkazaman, deb jonini jabborga berib yotgandir. Uyimizda esa bir ko‘rpalik uvada ham yo‘q, – derdilar dadam bunday xo‘rliklarga chidolmay. Paxtani biz terardik, kiyganimiz satin edi. Shuncha yil pilla boqib, haligacha bitta shoyi ro‘mol o‘ramaganimga alam qiladi. 

– To‘xta, – deya yostiqning ostidan pul olib berardi dadam onamga.

– Bunga o‘zingga ul-bul narsa xarid qilarsan!

– A…?!

– Ro‘molmi, ko‘ylakmi, deyapman.

– Shuncha tashvishlar turganda, nima deyapsiz?

– Ro‘zg‘orning kami bitarmidi?! Yana o‘zing bilasan!..

Onam umri davomida otamning ruxsatisiz biror ishga qo‘l urganini eslolmayman. Qo‘rqqanidan emas, azbaroyi hurmat qilganlaridan ishlab topgan pullarigacha qo‘llariga keltirib berardi. U kishi olamdan o‘tganlaridan keyin o‘zlariga kelishi qiyin bo‘ldi. Bir umr yig‘lab o‘tdilar. Gohida qattiq koyiganlarini ham sog‘inib eslardi. Ular sevishib turmush qurishgandi. Men toza muhabbatlarining mevasi bo‘laman. Mana shu ilohiy tuyg‘u eng og‘ir damlarda ham ikkalasiga dalda bo‘ldi. Dadamning jasadini shu yerda, huv, anovi, daryo etagidagi adir qo‘ynida qo‘yganmiz. Qabr toshlarida “Ular vatan uchun qurbon bo‘lganlar”, deb yozib qo‘yilgan. Keyinchalik onam ham shu tuproqda bandalikni bajo keltirdi. Otajonim yonida dafn etilgan. Mening ham beshigimni tebratgan Vatan –  Qashqadaryo bo‘ladi. Tirigim ham, o‘ligim ham shu yerda qoladi. Ha, mehribonlarim mangu panoh topgan o‘sha daryo etagidagi adir qo‘ynida. O‘sha tomonga qarasam, onajonimning oftob yuzi ko‘rinadi. 

– Qizalog‘im, – derdilar yig‘idan qizargan ko‘zlarimga boqib volidai muhtaramam. – Endi tuproq ta’mini bildingmi?

– Ha, sho‘rxok va taxir. Xuddi peshona teri, yo‘q, ko‘z yoshiga o‘xshaydi.

– Bilib qo‘y, hayotda busiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi.

Ko‘z yoshlarim selga aylangan kechalarim ko‘p bo‘lgan. Baxtni esa peshona terim bilan topdim.

– Onajon, nega bunday qilayapsiz? Kimdan kam joyim bor? Nimam kam. Shuncha ko‘rgiliklarimiz kammidi, – deb Xudoning zorini qilganman.

– O‘zi yomon yigitga o‘xshamaydi. Jonini oq yuvib, oq taragan Vatanga baxshida etgan qahramonga turmushga chiqayapsan. Endi bo‘yog‘iga chidaysan, – deb sovchilarni umidvor qilib yuborgandi. To‘yim kuni telejkadan ellik qop azotni tushirib, kuyovning uyiga ot aravada borganman. Turmush o‘rtog‘imni chimildiqda ko‘rib, yashab ketganman. Avvaliga bor-yo‘g‘i afg‘on urushiga qatnashgan bo‘lsa, nima qilibdi, deb o‘ylagandim. Endi bilsam, dunyodan noming o‘chgur urushning katta-kichigi bo‘lmas ekan. Qay holatda bo‘lmasin, filday odamlarni ham mayib-majruh qilib qo‘yarkan. Otajonim aytganiday, tuproqdan achchiqlanib bo‘lmasa!    

– Azizam, – derdi gohida mahzun yuzimga qarashga botinolmay turmush o‘rtog‘im. – Urushga ko‘ngilliklar qatorida o‘z ixtiyorim bilan ketganman. Vatanim ishonchini qozonmoqchi edim. Bunday bo‘lishi xayolimga kelmagan. O‘qlarning vizillab uchishidan yuragim bezillab ketgan. Ertaga nima bo‘lishini bilmasdik. O‘liklar oralab do‘stlarimizni izlardik, boshqalar ham bizdan xavotirda. Ko‘kragimdagi nishonlarda ularning ham haqqi bor. Hozir ham Vatan xizmatida bo‘lish men uchun har nedan avlo. Eng og‘ir damlarda meni tashlab ketmaganing uchun rahmat! Sendek qizni tarbiyalagan ota-onangga ham. 

O‘zlari esa umrimning yarimida tashlab ketdilar. O‘sha qadrdon daryo etagidagi adir bag‘riga. Agar dunyoda tinchlik hokim bo‘lganida, u kishi hozirgacha bolalarim boshida omon yurgan bo‘larmidi, deb o‘ylab qolaman. Boshi ochiq ayol bo‘lganim uchun ovulimizdan ko‘p sovchilar chiqdi. Boshqa turmushga chiqmadim. Hamon ko‘z o‘ngimda o‘sha mag‘rur qiyofa, ma’yus qarab turgan ko‘zlar, halol-pokiza bir qalb egasi va… har nimadan avlo, ona tuprog‘im!..

Kechki maktabdan qaytayotganda, kolxoz raisi qizimning otasi bo‘lishini istayotganini aytib, ikki dona qoraqum shokoladi beribdi. Uni yuziga qanday tarsaki tushirib yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim.

– Hoy, bobong kimligini bilasanmi? O‘sha nomard otangni nogironligini doim yuziga solib kelgan. Unga ro‘yixushlik bermaganim uchun sen orqali ko‘nglimga yo‘l topmoqchi bo‘lyapti. Dadangga xayolimda ham xiyonat qilishga haqqim yo‘q. U kishi vatan uchun qurbon bo‘lganlar. 

– Meni kechiring! Shokoladni umrimda ko‘rmagandim. Uni bir martagina totgim keldi. Ko‘nglingizga og‘ir botishini bilmagandim, – deya qo‘lidagi shirinliklarni oqar suvga otib yuborgandi qizim. 

O‘shanda qoraqum shokoladi otliqqa ham topilmas, faqat kolxoz raislarining uyida bo‘lardi. Bu shokolad shu qadar mashhur bo‘lib ketgandiki, uni yeyish butun bolalarning ushalmas orzusiga aylangandi…  

Adiba UMIROVA 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 − 1 =