EHTIYOT BO‘LING, CHOH BOR

Diniy aqidaparastlik, mutassiblikning ildiz otishi va jamiyat taraqqiyotiga zid jaholat g‘oyalarining paydo bo‘lishiga qarshi ilmiy asosda kurashish bugun har bir ziyoli, ongli fuqaroning muhim vazifasiga aylandi. Xususan, tajribali ulamolar, dinshunos va islomshunos mutaxassislar oldidagi muhim vazifa “XXI asr vabosi” deya baholanayotgan diniy ekstremizmning paydo bo‘lishi, ekstremistik tashkilotlar, ularning faoliyati, xavfi va uning oldini olish chora-tadbirlarini chuqur o‘rganish hisoblanadi.

Insoniyat xavfsizligiga daxl qiladigan jinoiy harakatlar ichida diniy ekstremizm va terrorizm o‘zining salbiy ta’siriga ko‘ra tinch­likni buzuvchi eng og‘ir harakatlarga kiradi. Ayniqsa, globallashuv jarayonlari jadal rivojlanayotgan davrda bu kabi illatlar barcha xalq­larga qator musibatlar olib keldi. Dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar, ayrim mamlakatlarda avj olgan irqchilik, millatchilik, diniy ekstremizm ko‘rinishidagi jinoyatlarning insoniyatni xavotirga soladigan jihati shundaki, dastlabki bosqichda ularni ommaviy tarzda anglab yetish murakkablashib, vaqt o‘tishi bilan ta’sir kuchi kengayib, ommaviy tus olib, tahdid darajasiga ko‘tarilmoqda.

Diniy ekstremistik tashkilotlarning asosiy faoliyat uslublari: eks­tremistik ruhdagi adabiyot, elektron disk va mobil telefon xotira kartalarida video va audiomateriallarni tarqatish, xufiya guruh (jamoat, halqa)lar tuzish, yashirin diniy «hujralar»ning faoliyatini yo‘lga qo‘yish respublikadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni keskin qoralash, davlat va diniy idora vakillarini obro‘sizlantirishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirish, terrorchilik harakatlarini sodir etishdan iborat.

Globallashuv jarayonlarida turli g‘oyalar kurashi, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar tobora avj olayotgani sir emas. Bunday sharoitda ayrim yoshlar voqea-hodisalar ummonida adashib, ularni baholashda aqlga emas, hissiyotga berilish oqibatida noto‘g‘ri xulosa chiqarib qo‘yish holati ham yo‘q emas. Ayrim kishilar terrorchilik yo‘liga kirib qolishlarini moddiy qiyinchilik, oiladagi yetishmovchilik, ishsizlik, kam ta’minlanganlik, alamzadalik, siyosatdan norozilik kabi ijtimoiy holatlar bilan bog‘lashga urinadilar. Aslida esa ekstremistlar insonlarning ma’naviy-ruhiy olamiga xos xususiyatlaridan ustalik bilan foydalanayotganlarini ko‘rish mumkin.

Binobarin, ma’naviy qadriyatlarimizga tahdid solayotgan ushbu muammolarni hal etishda, avvalo, o‘sib kelayotgan yosh avlodda bunday tajovuzlarga qarshi immunitetni shakl­­lantirish, barkamol shaxs­ni tarbiyalashning ma’naviy-ma’rifiy yo‘llari hamda usullarini takomillashtirish va amaliyotga joriy etish muhim omil sanaladi.

 Ijtimoiy tarmoqlarning jamiyat uchun xavfli tomonlarini ang­lab yetgan qator mamlakatlar salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqib, amalga tatbiq etib kelmoqda. Biroq, shunga qaramasdan, buzg‘unchi kuchlar mamlakat hududida internet va boshqa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklab qo‘yilgan holatda ham o‘zaro aloqani ta’minlashning yangi usul va vositalarini ishlab chiqishmoqda.

Yoshlarning turli oqimlarga kirib qolishlarining yana bir sababi ularning diniy ilmlarni egallashga bo‘lgan qiziqishlari va intilishlari hamda ishonuvchanliklaridir. Ekstremistlar buni yaxshi bilgan holda, yosh­larga go‘yoki sof islomni o‘rgatamiz deb, o‘zlarining soxta, buzg‘unchi maqsadga yo‘naltirilgan g‘oya­larini tiqishtirmoqdalar.

Shu bilan birga, dinshunos, islomshunos va psixolog mutaxassislar tomonidan yoshlarni diniy ekstremistik oqim nayranglariga aldanib qo­lishlariga quyidagi omillar sabab bo‘layotganligi ta’kidlanadi:

Maksimalizm balosi. Ekstre­mistlar ba’zi yoshlarni birdaniga hamma narsa boylik, shon-shuhrat, martabaga osongina ega bo‘lishga, qahramon sifatida tanilishga, go‘yoki sharafli ishni bajarayotganliklariga ishontirishlari;

ekstremistlar o‘zlariga a’zo bo‘lganlarga individual tarzda yondashishlari va ularning boshqa narsa bilan chalg‘ib qolishlariga umuman imkon bermasliklari;

o‘z g‘oyalarini targ‘ib etishda, e’tibordan chetda yurgan, hayotda ko‘p narsaga erishmagan, o‘z iqtidorini yuzaga chiqarishga intilmagan, o‘zini go‘yoki kamsitilgan deb hisoblovchi kishilarni o‘zlariga jalb qilishlari;

diniy ko‘ringan, aslida oqim g‘oyalarini aks ettiruvchi broshyura va kitob­larni turli yo‘llar bilan bepul tarqatib, mustaqil fikri umuman shakl­lanmagan, befarq va loqayd kishilarni yo‘ldan urishga harakat qilishlari;

ayollardagi tez hissiyotga beriluvchanlik, ta’sirchanlik, ishonuvchanlik, rahmdillik, qiziquvchanlik kabi tuyg‘ulardan o‘zlariga jalb qilish yo‘lida foydalanishlari;

ruhan ezilgan, yaqin kishisidan ajralib qolgan, hayot zarbasiga uchragan, bedavo dardga chalingan ayollar yoki yoshlarni aqlan va jismonan kuchsizliklaridan foydalanib, ularga jismoniy zulm o‘tkazish, kaltaklash yoki narkotik moddalariga qaram qilib o‘z maqsadlari yo‘lida qo‘g‘irchoqqa aylantirishlari;

ekstremistlar o‘zlarini “beg‘araz yordam”, “g‘amxo‘rlik” ko‘rsatuvchi kishilar sifatida ko‘rsatishga harakat qilib, buning uchun ehtiyojmand oilalarni, turli kasalxonalarni, mehribonlik uylarini topib, “xayriya tadbirlari”ni o‘tkazib ularning ishonchiga kirishga harakat qilishlari.

Inson rivojlanishiga tahdid solib turadigan terrorizm va ekstremizmning xususiyatlaridan biri uning ishtirokchilari Vatan tuyg‘usi, vatanparvalik, milliy g‘urur kabi tushunchalardan uzoqda bo‘ladilar. Ular uchun qarindosh-urug‘chilik udumlari, oila qadriyatlari va millat an’analari begonadir. Shuning uchun nafaqat begonalarni, balki o‘z oilasini ham pisand qilmaydilar, vaziyat taqozo etsa oila a’zolarini ham o‘z g‘ayriinsoniy maqsadlarga erishish yo‘lida qurbon qiladilar. Bir so‘z bilan aytganda, zombilashgan manqurtga aylangan, odam  qiyofasida bo‘lgan, ammo faqat hayvoniy xirslari mavjud bo‘lgan mafkuraviy nosog‘lom terrorist va ekstremistlar xalq tinchligiga, yoshlar mafkurasiga xavf tug‘diruvchi katta kuchga aylanadilar. Shunday ekan, barchamizning oldimizda  asosiy vazifa – ommaga, ayniqsa yoshlarga dunyoda sodir bo‘layotgan  noxush  voqealarning asl sabablarini to‘g‘ri tahlil  qilib tushuntirib berish, diniy ekstremizm va xalqaro miqyosda avj olgan terrorizmga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirishdan iboratdir.

Din haqidagi mantiqiy asoslangan bilimlarni shakllantirish, yoshlarda dinga nisbatan sog‘lom munosabatni hosil qilish, ularni turli ekstremistik guruhlarga a’zo bo‘lishlarini oldini olish, umuman yoshlar orasida mutaassiblikni keltirib chiqaruvchi ijtimoiy omillarga qarshi kurash – bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblanadi.

 

Saidjasur

SAIDQODIROV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + fourteen =