BAXTI BUTUN BOLALAR
“G‘uncha” jurnalining o‘sha paytdagi bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli bolalar yozuvchisi Yayra opa Sa’dullaeva mustaqil O‘zbekistonimizning ilk mukofoti — “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan birinchilardan bo‘lib taqdirlandi.
— Bilasizlarmi, men bu yuksak mukofot bilan taqdirlanganimdan bir quvonsam, davlatimizning shunday nomdagi mukofotni ta’sis etganidan o‘n bora quvondim. Negaki, Yurtboshimizning, hukumatimizning yosh avlod tarbiyasiga bergan bunday katta e’tibori ertamiz egalari bo‘lgan farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasi hamisha davlat e’tiborida bo‘lishidan, o‘g‘il-qizlarimizning komil insonlar bo‘lib voyaga yetishishlari uchun yaratilajak cheksiz imkoniyatlardan berilgan mujdadir, — degan edilar Yayra opa.
Darhaqiqat, istiqlol yillarida aholisining yarmini yoshlar tashkil qilgan mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlod tarbiyasi umummilliy harakatga, davlat miqyosidagi vazifaga aylandi. Prezident tashabbusi bilan yillarning Inson manfaatlari, Oila, Ayollar, Sog‘lom avlod, Onalar va bolalar, Mehr va muruvvat, Sihat-salomatlik, Ijtimoiy himoya, Yoshlar, Barkamol avlod, Mustahkam oila, Sog‘lom bola yili deb nomlanishi zamirida ana shu onalar va bolalarning har tomonlama sog‘lom bo‘lishidek ezgu niyat mujassam. Farzandlar salomatligi davlatimizning doimiy e’tiborida. Zero, mamlakatimizning istiqboli ertamiz egalari bo‘lgan yigit-qizlarimizning ta’lim-tarbiyasiga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Mahalla faoli sifatida ayrim yurtdoshlarimizning qizlarini biror kasb-korli bo‘lmasdan darhol turmushga berib yuborishlari kabi muammolarga ko‘p duch kelganman. Mahalladoshlarimizdan biri kollejning 2-bosqichida o‘qiydigan qizini uzatmoqchi ekan. To‘y kunini belgilash uchun mahalla oqsoqoliga uchrabdi. Biz unga kollej o‘quvchisini uzatish mumkin emasligini, bu qonunga zidligini, qiz hali turmush qurishga jismonan ham tayyor emasligini tushuntirdik. Biroq u tushunishni istamadi. Nima emish, 85 yoshli onasi nabirasining to‘yini ko‘rish orzusida emish. Onaxonning orzusi yaxshi. Biroq hali 18 yoshga to‘lmagan qiz nega endi orzu qurboni bo‘lishi kerak? Hali o‘zi qo‘g‘irchoqlardan yiroqlashmagan qiz qanday qilib ertaga farzand dunyoga keltiradi-yu, uni qanday qilib parvarishlaydi? “Ota-onasi bag‘rida erkalanib yurgan, hali oq-qorani yaxshi ajrata olmaydigan qiz qaynota-qaynona, ovsinlar bilan til topishib keta oladimi? Keyin ona bo‘lishning mas’uliyati-chi?”, — deb so‘rayman shoshqaloq otadan. U esa xotirjamlik bilan, kuyov tomon aytibdi: ikki-uch yil farzandli bo‘lishmas emish, dedi. Ammo men bu gapga ishonmadim. Chunki bu o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydigan gap. To‘y o‘tishi bilan qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ kelinning bo‘yida bo‘lgan-bo‘lmaganini surishtirishga tushadi. 2-3 yil uyoqda tursin, olti oy o‘tar-o‘tmas kelinni aybdor sanab, shifokorma-shifokor sudrashadi. Keyin yangi oilada notinchlik boshlanadi.
— Kuyov tomonga ayting, faqat o‘qishni tugatgachgina qizingizni uzatasiz, — dedim qat’iy qilib. Siz qizingizni faqat kuyovga uzatish uchun voyaga yetkazmagansiz-ku! U avval bir kasb egasi bo‘lsin, hayotdan o‘rnini topsin. To‘y bo‘lish qochmas.
— Qiz bola o‘qib shahar olib berarmidi, eri boqib oladi. Ayol kishining birinchi vazifasi yaxshi ona bo‘lish. Qiz meniki, uni qachon uzatish, kimga uzatish mening ixtiyorimda, — dedi qaysarlik bilan.
— Qizingiz shahar olib bermasin. Lekin yurt koriga yarovchi sog‘lom bola tug‘ib bersin. Sog‘lom bolani sog‘lom ona dunyoga keltiradi. Qolaversa, qiz faqat sizniki emas. Uni siz bilan baravar kamolga yetkazayotgan, uning taqdiriga beparvo bo‘lmagan vatanning ham farzandi. Qizingiz tug‘ish jarayonida nogiron bo‘lib qolsa, nafaqat eri, ba’zan ota-onalari ham voz kechadi. Ammo vatan voz kechmaydi. Parvarishini zimmasiga oladi. Bunday hollar bo‘lgan, — dedim qat’iy.
Xullas, to‘y mahalla faollarining qonuniy talabi bilan qoldirildi. Qiz kollejni tugatdi. Davlatdan kredit olib, tikuv ustaxonasi ochdi. Yaxshi bir xonadonga kelin bo‘lib tushdi. Darvoqe, qizning buvisi ham to‘yda ishtirok etdi. Orzusiga yetdi.
Afsuski, voqea har doim ham shunday ijobiy hal bo‘lavermaydi-da. Kunlarning birida bir qo‘shnim “Jaloliddin Manguberdi haqida kitobingiz bo‘lsa berib turing, o‘g‘lim insho yozar ekan. Boyadan beri Manguberdini bilasizmi, deb boshimni qotirvordi. Nima, mening Manguberdidan boshqa tashvishim yo‘qmi, dedim”, deb qoldi.
— Ie, o‘g‘lingizga Jaloliddin deb ism qo‘ygansizu, nahotki, uning adashi — millat qahramonini tanimasangiz? — deya hayratimni izhor qildim uning qo‘liga kerakli qo‘llanmalarni tutqazarkanman.
— O‘g‘limning otini men emas, qaynotam qo‘ygan, — dedi u beparvolik bilan.
Oradan bir hafta o‘tgach, qo‘shnim kitoblarni qaytarib olib chiqdi.
— Xo‘sh, endi bildingizmi Manguberdining kimligini? O‘g‘lingiz insho yozdimi?
— Manguberdi hayotini men emas, o‘g‘lim o‘qidi. Inshoni “yaxshi” bahoga yozibdi, — dedi u xursand bo‘lib.
— Agar siz ham o‘qiganingizda besh olardi, — dedim tagdor qilib.
Ha, sog‘lom bola — sog‘lom oila, sog‘lom muhit mevasi. Sog‘lom ona va bola yilida sog‘lom avlodni tarbiyalash butun jamiyatning, shu yurtda yashaydigan har bir insonning asosiy ishi, insoniy burchiga aylangani shubhasiz. Zero, sog‘lom bola — sog‘lom kelajak demakdir.
Muhabbat HAMIDOVA