TARIX O‘RGATADI, OGOH ETADI

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak” risolasini o‘qib

Zamonaviy axborot texnologiyalari rivoji olamni kaftimizga qo‘ndirib qo‘ydi. Ulug‘ bobomiz Mir Alisher Navoiy tasavvurida yaralgan chinakam “Oynai jahon” qarshisida turib, tobora dunyoda kechayotgan voqea hodisalarining bevosita guvohiga aylanib boryapmiz. Bir kun dunyobexabar bo‘lsak, zamondan ortda qolyapmiz. Dunyodan taralayotgan xabarlar esa ayanchli, xavotirli. Kishi ko‘ngliga tahlika solgani-solgan. Yer bilan yakson bo‘lgan Suriya, zamini qon bilan sug‘orilgan Iroq, tutday to‘kilib borayotgan Yevropa, qariyb yarim asrdan buyon tinchlik istab yurak-bag‘ri qon bo‘lgan qo‘shnimiz afg‘on xalqi…

 

Ta’biringiz joiz bo‘lsa, o‘tgan o‘n yillar davomida bu mintaqalardan biron-bir xushxabar tarqalmagan. Nega? Ular tinchgina yashashni istashmayaptimi? Yoki, nega tinch yashashni eplay olishmayapti?

Bularning bariga dunyoni bo‘lib olish, boyliklariga ega chiqib, xalqini qullikda saqlash kabi maqsadlarda tarqatilayotgan axborot xurujlari sabab.

Hammasi niyatga bog‘liq.

Lisonimizda “niyating – yo‘ldoshing bo‘lsin” degan ibora bor. Uni kim, qachon, qaysi alloma bobomiz aytgan bo‘lsa ham xalqimizning ko‘nglidagini ifodalagan. Endi bu yaxshi tilak vaqt sinovlaridan o‘tib, qadriyatimizga aylandi. Bu kabi ibratli kalomlar, aytishlaricha, Yaratganning irodasi bilan ulug‘larning avval diliga, so‘ngra tiliga solinir ekan. Shu bois ham ular mangulikka daxldordir. 

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning faoliyatidagi bosh maqsadda ham Tinchlik mavzusi ustuvorlik qiladi. Davrimiz allomasining “Tinchlik, tenglik, hamkorlik” deb nomlangan ezgu g‘oyasi ham endigina o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan mamlakatimiz uchun dastlabki yillari xalqaro miqyosda O‘zbekistonning o‘zligini namoyon etishda yorqin mayoq vazifasini o‘tadi. Unda dunyo jamoatchiligiga biz tenglar ichra tenglik va tinchlik bilan hamkorlik qilishga tayyormiz, degan adolatli da’vat o‘z aksini topgan edi. 

O‘sha paytdagi o‘ta qaltis vaziyatga ana shunday ezgu maqsadni qarama-qarshi qo‘yish, quyushqondan chiqib kelayotgan jaholatga chuqur ma’rifatga yo‘g‘rilgan ezgulikni ro‘baro‘ qo‘yib, vaziyatni yumshatish, bir so‘z bilan aytganda, dushmanni ham do‘stga aylantirish juda ham muhim edi. 

Ana shu olijanob maqsad xalqona tilda ifodalasak, mamlakatimiz kelajagini belgilab bergan tarh vazifasini o‘tadi. Keyinchalik, “O‘zbekistonning o‘z taraqqiyot yo‘li bor!” degan muddao ham xalqimizni aniq maqsad sari yetakladi. Bu kabi xosiyatli iboralar shunchaki, jimjimadorlik uchun emas, xalqimizning tabiatiga xos bo‘lgan yetti o‘lchab bir kesish, ezgu maqsadlar atrofida birlashtirishga qaratilgani bilan xarakterlidir.

Xalq dahosi o‘z-o‘zidan, biror-bir istak bilangina shakllanib yoki paydo bo‘lib qolmaydi. Davlatchilik tarixi, asrlar davomida orttirilgan tajriba, ma’naviy qadriyatlar ildizining teranligi dunyo tamaddunida xalqni xalq sifatida tanitadi, hurmat-e’tibor topishiga xizmat qiladi. Irodasini toblaydi.

Mamlakatimiz mustaqilligining har bir yilida omma ongiga singdirilgan, ezgu maqsadlarga yo‘g‘rilgan da’vatlar pirovard natijada hayot haqiqatiga aylanib, xalqimizni – buyuk bunyodkorlik, farovon turmush sari yetaklovchi o‘ziga xos mayoqqa aylanib bordi. 

Mamlakatni buyuk kelajak sari boshlovchi aniq rejalar, ishlab chiqilgan kontseptsiyalar, tub islohotlarni hayot haqiqatiga aylantirish uchun jamiyatni taraqqiyot sari yetaklovchi asosiy vosita — ommaning ongini shakllantirishda ham ana shunday bashoratomuz da’vatlarning o‘rni katta bo‘ldi. Notiqlik san’atida fikr birlamchi degan qarash mavjud. Inson nima deyishini yoki qandaydir yumushni oldindan bajarish yo‘l-yo‘rig‘ini bilsa, uni amalga oshirish oson kechadi. Ya’ni maqsad aniq bo‘ladi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning o‘rtasida, Osiyo qit’asi miqyosida olib qaraladigan bo‘lsa, uning markazida, Markaziy Osiyoning esa, qoq belida joylashgan, yon-atrofidagi qo‘shni mamlakatlarning taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq, ularni rivojlanish sari ergashtiruvchi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan, nufuzi salkam o‘ttiz ikki millionga yaqin mamlakat. 

U o‘tgan yigirma besh yil davomida dunyo tamaddunida qiyofasi, qadriyatlari va ezgu maqsadlari bilan o‘zligini namoyon eta oldi. Bu mintaqa aholisi o‘z salohiyati va tafakkurini inson manfaatlariga qaratgani bilan qadimdan jahon tsivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shib kelgan. Ajdodlarimiz tarixi bunga misol. 

Hozir ham shunday. O‘zbekiston jahon hamjamiyatida tobora o‘zining mustahkam o‘rnini egallab borar ekan, endilikda u bilan hisoblashish, kerak bo‘lsa, taraqqiyotning o‘zbekcha modelini o‘rganish, ziyosidan bahramand bo‘lishga qiziqish ortmoqda. 

Dunyo tarixida biron-bir mamlakat yolg‘izlikda, biqiqlikda rivojlanmagan. Yon-atrofidagi qo‘shni mamlakatlardagi ijtimoiy-siyosiy ahvolning kasri hamisha boshqalarga ham ta’sir qiladi. Xalqimizning “Qo‘shning tinch — sen tinch” degan iborasi bejiz aytilmagan.

“Hozirgi kunda jahon miqyosida vaziyat qanday tez o‘zgarib, dunyoning ayrim mintaqalarida ahvol tobora keskin tus olayotgani, turli qarama-qarshiliklar, mojaro va qon to‘kishlar kuchayib, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi ortib borayotgani, yaqin yon-atrofimizda davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlar bizda chuqur tashvish va xavotir tuyg‘usini uyg‘otmasdan qolmaydi, albatta.” Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 24 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigidan olingan ushbu fikrlari har birimizning qalbimizdan kechayotgan xavotirning aniq ifodasidir.

Yon qo‘shnimiz – Afg‘onistondagi vaziyat misolida mushohada qiladigan bo‘lsak, Markaziy Osiyoda joylashgan bu mintaqada qariyb qirq yildan buyon notinchlik hukmron bo‘lib kelayotganini ko‘ramiz. Mamlakatning bir necha avlodi urush, o‘zaro qurolli nizolar sharoitida tug‘ilib voyaga yetdi. Ularning qalbida zuhur bo‘lgan bir-biriga ishonchsizlik, umidsizlik, o‘z hayotlarini, faqat qurol-aslahalarning zo‘ri bilangina himoya qilish mumkin degan tushunchaning ustuvorligi bois ularni bugungi kunda biron ezgu so‘zga ishontirish qiyin. 

Birinchi Prezidentimiz 2013 yilda 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ommaviy axborot vositalari uchun bergan intervyusida Ikkinchi jahon urushining insoniyat, xususan, o‘zbek xalqi boshiga solgan ofatlari, front ortidagi chor-nochorlik, jumladan, ayni paytda urush asoratlaridan aziyat chekayotgan afg‘on xalqi boshdan kechirayotgan kulfatlar haqida ham batafsil to‘xtalib, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib yashash kerakligini alohida ta’kidlagandi. Shu kuni davlatimiz rahbarining “O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak” kontseptsiyasi alohida siyosiy platforma sifatida jamoatchilik e’tiborini qozondi. 

O‘ziga xos bu chaqiriq, boshqalaridan o‘zining ko‘lami, qalbning tub-tubidan otilib chiqqani – samimiyligi bilan ajralib turadi. Xalqimiz necha asrlardan beri endigina o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganini e’tiborga olsak, bu da’vatning ahamiyati naqadar yuksakligini his qilamiz.

Xalqimiz elu yurt tinchligi nima ekanini yaxshi biladi. Tarixdan yaxshi ma’lumki, Arab istilosi, Mo‘g‘ul bosqini, Chor Rossiyasi hukmronligi – ularning har biri yuz yillar davomida ota-bobolarimizni qullikda saqlab, ezgu maqsadlarini ro‘yobga chiqarmay kelgan. Moddiy, ma’naviy talon-torojlikning esa, cheku chegarasi bo‘lmagan. Ikkinchi jahon urushining asoratlari, omonsiz qirg‘inbarot oqibatlari har bir xonadon uchun yaxshi tanish. Harbiy jabhalarda bobolarimiz, otalarimiz kechgan qon dog‘lari so‘nmas xotiralarga aylanib ulgurdi. Shu vajdan xalqimiz tinchlikni ko‘zlariga to‘tiyo qilib bosadi, osoyishtalikda o‘tayotgan har bir kunimizga shukronalik keltiradi. Sababi “Urushdan oldin O‘zbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 millioni janglarda bevosita ishtirok etgan bo‘lib, 500 mingga yaqin yurtdoshimiz shu urushda halok bo‘lgani, qanchasi bedarak ketgani, qanchasi mayib-majruh bo‘lib qaytganini hisobga oladigan bo‘lsak, bizning xalqimiz fashizm balosiga qarshi kurashga qanday hissa qo‘shganini tasavvur qilish qiyin emas”. 

Yurtboshimizning o‘sha yili 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusidan olingan ushbu iqtibos urush tarixiga oid qora hisob-kitoblardir. 

Esimda, endigina maktab partasini taniganimizda, urushdan o‘n-o‘n besh yillar o‘tib, ota-bobolarimiz qashshoqligidan front kiyimi – shnellarini yecholmay yurgan paytlarda tug‘ilgan biz bolakaylarga dastlabki alifbo sabog‘ini Ro‘zimurod Xolliev degan o‘qituvchimiz bergan. U har tong qo‘shaloq qo‘ltiqtayoqqa majruh tanasini go‘yoki ortmoqlab, yo‘l chetida o‘zi singari munkayib turadigan maktabga biz qora-qura bolakaylardan ertaroq kelib, o‘quvchilarini sinf xonasida kutib o‘tirardi. Kattalarning aytishicha, urushda bomba yorilganda tuproq ostida qolib ketgan va shu bois kontuziya holatiga tushib qolgan bu insonning bir umr tayanchiga aylanib qolgan hassasining “to‘q-to‘q”i, o‘rindiqqa o‘tirganida nogiron oyoqlari likillab, tovoni tinimsiz yer tepib turishi hamon ko‘z o‘ngimdan, quloqlarim ostidan ketmaydi. Urush desa, uning vajohati va dahshati ustozning azoblardan bujmayib ketgan qiyofasida yaqqol namoyon bo‘ladi. 

Oting o‘chsin, urush!

Bu nido o‘sha davr odamlarining urushga bo‘lgan nafrati ifodasi edi. O‘sha mash’um urush tufayli beva qolgan momolarimizning, yetim o‘sgan onalarimizning, xalqimizning nidosi, dil yaralariga yolg‘iz malham edi! 

Shu sababli ham xalqimiz uchun tinchlik bugun ham ko‘zdagi to‘tiyodir. O‘sha davr asoratlarini o‘z boshidan kechirgan Yurtboshimizning bosh siyosati ana shu bebaho tinchlikka, munosabatlarda tenglikka asoslangani bejiz emas. 1993 yil 28 sentyabrda mamlakatimizning Birinchi Prezidenti BMT bosh Assambleyasining 48-sessiyasida Mintaqada tinchlikni saqlash, Afg‘oniston mojarosini jahon hamjamiyati yordamida tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etish mavzusida alohida to‘xtalib, bu borada o‘zining qat’iy pozitsiyasini jahon jamoatchiligi oldida bildirgan edi. Mavzuga oid tarixiy qaydlarda aks ettirilishicha, o‘sha sessiyada davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli hududga aylantirish tashabbusi mintaqa davlatlari tomonidan qabul qilingan. BMT bosh Assambleyasining 1995 yildagi 50-sessiyasida Afg‘onistonga qurol-yaroq kiritilishiga qarshi xalqaro embargo qo‘yish, mamlakat ichki ishlariga aralashuvga chek qo‘yish kabi takliflar ko‘p o‘tmay o‘z samarasini bera boshladi. 1997 yil 15 sentyabrda Toshkentda “Markaziy Osiyo – yadro qurolidan xoli hudud” mavzusida Xalqaro konferentsiya chaqirildi. Jahon hamjamiyatining e’tibori yana bir bor Afg‘oniston muammosini tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishga chaqirildi.

Endilikda o‘ta mudhish harbiy qurol-aslahalar ishtirokidagi mojarolar faqat Afg‘onistondagina emas, balki, Iroq, Suriya, Afrikadagi ayrim mamlakatlar, shuningdek, Yevropadagi holat, Ukraina, Turkiyadagi chigal munosabatlar dunyo ommasini haqiqatan ham jiddiy xavotirga solmoqda.

NATOning 2008 yil Buxarest shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida O‘zbekiston Prezidenti so‘zga chiqib, dunyodagi qudratli davlatlarning vakillariga qarata mamlakatimizning dunyoda tinchlikni saqlash, xususan, Afg‘oniston masalasida qat’iy pozitsiyasini aniq-ravshan bayon qilib, BMT rahbarligida “6+3” muloqot guruhini tashkil etish g‘oyasini ilgari surgandi. Bugungi kunda bu masala dolzarbligicha turibdigina emas, aksincha, tobora chuqurlashib boryapti.

O‘zbekistonning mintaqada tinchlikni saqlash borasidagi ichki va tashqi siyosati serqirraligini yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti – ShHTning o‘n beshinchi sammiti kun tartibidagi masalalar mazmun-mohiyatida ham ko‘rishimiz mumkin. Ko‘pni ko‘rgan xalqaro sharhlovchilarning fikricha, dunyo jamoatchiligi ShHTning mintaqa va dunyoda tinchlik va barqarorlikka qo‘shayotgan hissasini yuqori baholamoqda. 

ShHTning o‘z oldiga qo‘ygan vazifalari a’zo davlatlarning barqaror taraqqiyot va farovon istiqbol uchun hamkorlikda faoliyat yuritishidan iborat. O‘zbekiston raisligida o‘tgan mazkur sammit hujjatlari bilan tanishar ekansiz, tashkilot o‘z oldiga urushlar va harbiy-siyosiy to‘qnashuvlar xavfini daf etib, tinchlik, farovon hayotga erishish kabi maqsadlarni qo‘yganiga guvoh bo‘lasiz. Bu sa’y-harakatlar Yurtboshimiz siymosida mintaqada O‘zbekiston olib borayotgan tinchlik siyosatining xalqaro ko‘lamdagi yorqin in’ikosidir.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston hech qaysi harbiy blokka qo‘shilmaydigan davlat sifatida, har tomonlama chuqur o‘ylagan va to‘liq anglagan holda, o‘zi uchun printsipial ahamiyatga ega bo‘lgan muhim yo‘lni tanlab olgan va shu yo‘lda mustahkam qadam qo‘ymoqda. Ya’ni, mamlakatimiz tinchliksevar siyosat olib borish, harbiy-siyosiy ittifoq va koalitsiyalarga qo‘shilmaslik, o‘z hududida xorijiy harbiy baza va ob’ektlarni joylashtirmaslik, yurtimizdan tashqarida bo‘ladigan harbiy operatsiyalarda qatnashmaslik bo‘yicha o‘z pozitsiyasini aniq-ravshan belgilab olgan.

Lekin hamon yon qo‘shni mamlakat — Afg‘onistondagi vaziyat o‘ta murakkab va ziddiyatliligicha qolmoqda. Xo‘sh, nega bu zaminda begunoh odamlar halok bo‘lmoqda?! Kim jangarilarga buncha ko‘p qurol-yarog‘larni yetkazib berayapti? Bir qarashda jo‘ngina ko‘ringan bu savollarga javobning o‘zi ham oddiy. Qonsiragan yovuz kuchlar Afg‘oniston kimgadir tutab turgan olov kabi zarur, shu olov cho‘g‘larini Markaziy Osiyodagi mustaqil davlatlar munosabatlariga raxna solib, mintaqaga olib o‘tib, ularga tazyiq o‘tkazish azaliy niyatidan hamon qaytgan emas. Bunday harakatlar yovuz kuchlarning asosiy maqsadlariga kiradi. 

Prezident Islom Karimov mamlakatimiz chegaralari yaqinida o‘ta vaziyat keskinlashgan 2007 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va Prezident Devonining O‘zbekiston Mustaqilligining 16 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida yuzaga kelgan qaltis davrlarda Qurolli Kuchlarni mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib shunday degandi:

“…O‘ta muhim jangovar topshiriqlarni bajarishga yo‘naltirilgan maxsus operatsiyalar bo‘yicha kuchlarning bo‘linmalari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Terrorizmga qarshi kurash korpusi tuzildi. Bu bo‘linmalar ehtimol tutilayotgan dushmaning har qanday tajovuzkorona harakatlariga qarshi munosib zarba berishga qodir kuch ekani Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarining tog‘li tumanlariga suqilib kirgan xalqaro terrorchilarning jangari to‘dalarini yo‘q qilish bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalarda namoyon bo‘ldi”.

Biz o‘z tariximizdan saboq olishimiz, uning xulosalaridan ogoh bo‘lib borishimiz hamisha zarur. O‘sha tahlikali kunlar hamon esimizda. Aniqrog‘i, bularni unutishga hech kimning haqqi yo‘q. Agar biz o‘tgan kunlarni unutsak, mustaqillikning mohiyatini tushunib yetmagan, manqurtlik asoratidan qutilmagan, bugunning qadriga yetmagan, ertangi kunimiz, ya’ni kelajagimiz to‘g‘risida qayg‘urmagan bo‘lamiz. Eslash, xotirlash, aql-idrok bilan fikrlash va xulosa chiqarish xalqimizning mashaqqatli sinovlar paytidagi iroda kuchini to‘g‘ri baholash imkonini beradi. 

O‘tgan davrda bunday sinovlar oz bo‘lmadi. Toshkentda yuz bergan terroristik xurujni eslaylik. 

“Bosh maydonda portlashlarni amalga oshirganlar xalqimiz orasida qo‘rquv va vahima uyg‘otib, yurtimizda boshboshdoqlik hamda parokandalikni vujudga keltirish bilan o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishmoqchi bo‘ldilar. Biroq fitnachilar dog‘da qolishdi. Xalqimiz o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Hech kim sarosimaga tushmadi. Hech kimning qalbini qo‘rquv va g‘ulg‘ula qamrab olmadi. Yurtdoshlarimiz orasida mutlaqo ertangi kunga ishonchsizlik sezilmadi. Bunga sabab shuki, portlashlar yuz berganidan keyin oradan atigi bir necha daqiqa o‘tiboq Islom Karimovni teleekranda ko‘rdik. U o‘zini erkin va dadil, ishonchli va qat’iyatli tutardi. O‘shanda biz Yurtboshimizning irodasiga tan berdik. Boshga tashvish tushganda sarosimaga berilmaslikni undan o‘rgandik. Dushman xuruj qilganida uyushqoqlik va hushyorlik ko‘rsatishni undan o‘rgandik. Jaholatga qarshi vazminlik va ma’rifat bilan kurashishni undan o‘rgandik. Xiyonatga aql-idrokni qarshi qo‘yishni undan o‘rgandik va nihoyat, Vatanni sevishni ham, unga e’tiqodu sadoqatni ham, qat’iyatliligu fidoyilikni ham, hatto xalqaro masalalarda xolisona fikrlab, to‘g‘ri xulosa chiqarishni ham, urushni og‘izga olmay tinchlikni og‘izdan tushirmaslikni ham undan o‘rgandik”. Siyosiy sharhlovchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ibrohim Normatovning “Ozodlik qalqoni bo‘lishga qodir armiya” sarlavhali maqolasidan keltirilgan bu iqtiboslar o‘sha davr ruhini ifodalashda muhim manbaa bo‘lib xizmat qiladi.

Garchi mamlakatimiz o‘tgan yigirma besh yil davomida mintaqada tinchlikni saqlashda matonat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsa-da, xavf-xatar so‘ngan emas. Biz buni mamlakatimizning Birinchi Prezidenti, mustaqilligimiz me’mori Islom Karimovning vafot etgan kuni va milliy motam e’lon qilingan, xalqimizning ko‘ngliga qil ham sig‘may turgan bir vaziyatda yaqqol sezdik. O‘sha kunlari dunyo axborot oqimi nihoyatda loyqalashdi. Turli ijtimoiy tarmoqlarda omma orasida beqarorlik keltirib chiqarishga qaratilgan ig‘vo va fitnalar tarqatildi, mish-mishlar uyushtirildi. Shukurki, jamoatchilik o‘sha kunlari hamjihat namunasini ko‘rsatdi. Ayniqsa yosh ziyolilarimiz axborot xurujini daf etib, o‘z qarashlarini, yakdilliklarini o‘sha tarmoqlar orqali jaholatga qarshi ma’rifat bilan ko‘rsata oldi. 

 

Xalqimizning ardoqli farzandi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning ta’biri bilan aytganda, “Biz hech kimdan kam emasmiz, kam ham bo‘lmaymiz” shiori ostida porloq kelajak sari dadil intilishimiz xalqimizning xarakteri, o‘zligini mana shunday ifodalaydi. Barcha sohalarda erishilgan, erishilayotgan muvaffaqiyatlarimizni, yurtimiz tinchligi, farzandlarimiz kamolini barcha-barcha orzu istaklarimizni og‘ishmay amalga oshirishimiz uchun ham “O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak”. Bu ezgu maqsad yo‘lida jipislashish, bardam va hushyor bo‘lish, yanada yorqin kelajak sari uyg‘oq shuur, toza qalb bilan intilish, olamni tinchlik yog‘dulari bilan munavvar etish davr talabidir. Shunday oliy baxt hammamizga nasib etsin!

 

O‘ktam MIRZAYOROV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + 17 =