KAMCHILIKLARGA MUROSASIZ BO‘LAYLIK

Qo‘shiqchilik sohasidagi kamchiliklar yuzasidan matbuotimiz vaqtida munosabat bildirib kelyapti, bu mavzuda joylarda davra suhbatlari, amaliy anjumanlar, tadbirlar o‘tkazilyapti, teleko‘rsatuvlar tayyorlanayapti.

 

Bu masalada faqat mavjud ahvol qayd etilib, baholanadigan muhokamalar davri, ya’ni ma’nisiz qo‘shiqlar matnlaridan iqtiboslar keltirgan holda tanqidiy fikrlar bildirish, ehtirosli maqolalar yozish, qo‘shiqchilarga odob-axloq qoidalarini eslatish, kontsertlar, qo‘shiqsiz o‘tmaydigan to‘yu-tomoshalarimiz mazmunliroq bo‘lishiga chaqirishlar davri o‘tib, mamlakatimiz Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida bayon etilgan fikrlar va qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib aniq amaliy choralar ko‘rishning allaqachon vaqti keldi.

Bunday amaliy choralar ko‘rish yo‘lida Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrda qabul qilingan “Kontsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 354-qaror muhim qadam bo‘ladi. 

Xususan, ushbu Qarorda Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Milliy teleradiokompaniyamizning kontsert-tomosha faoliyati sohasiga e’tibor qaratilib, madaniy qadriyatlarimizga, milliy urf-odatlarimizga muvofiq bo‘lmagan, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shiqlar va videokliplarning efirga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik, milliy musiqani qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish hamda badiiy jihatdan yuksak asarlarni yaratish borasida tizimli ishlarni, qo‘shiqchilik faoliyatini tartibga solishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish topshirildi.

Qo‘shiqchilik sohasida Birinchi Prezidentimizning dasturiy fikrlari, ko‘rsatmalaridan kelib chiqadigan vazifalarni bajarish, hukumatimizning yuqorida nomi zikr etilgan qarorini amalga oshirishda, fikrimizcha, mutaxassislar, jurnalistlar va umuman jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan takliflar muhim omil bo‘lib qolishi shak-shubhasizligiga asoslangan holda, musiqa san’atining oddiy, havaskor shaydosi, qo‘shiqchilikdagi tamoyillarning ko‘p yillik kuzatuvchisi, ushbu sohada ham milliy, ham umuminsoniy qadriyatlarga zid qator voqeliklarning guvohi sifatida qo‘shiqchilik faoliyatini tartibga solish bo‘yicha quyidagi takliflarni (ularning ayrimlari matbuotda oldin ham bildirilgan) o‘rinli deb hisoblaymiz. 

1. Efir orqali uzatilayotgan qo‘shiqlar ijrochisi qatori ularning bastakori va she’r muallifi nomi ham, qoida tariqasida, e’lon qilib borilishi taomiliga amal qilish. 

Shu yo‘sinda ish tutish fikrimizcha, qo‘shiq – eng avvalo san’at asari, ma’naviy ozuqa ekanligini eslatib, uni efirga uzatayotgan xodimlaru ijrochisining mas’uliyatini oshirishga, ijodkorlarining mehnatini e’tirof etib, hurmatini joyiga qo‘yishga, eng muhimi yengil-elpi qo‘shiqlarning oldini olishga, shinavandalarning musiqiy ongini zaharlashga qarshi amaliy chora sifatida sog‘lom musiqiy did shakllanishiga xizmat qiladi.

2. Musiqa-qo‘shiqlar ijro etilishida tovush kuchining sanitariya me’yorlariga rioya qilish, shovqin (bunga musiqiy shovqin ham kiradi) borasidagi hamma rioya qilishi zarur bo‘lgan me’yorlarni buzganlik uchun qonun hujjatlarimizda nazarda tutilgan javobgarlik choralarini amalda qo‘llanishini ta’minlash, zarur hollarda ushbu qonun normalarini yanada mukammallashtirish, ta’sirchanligini kuchaytirish. 

Ming afsuski, musiqaning texnik vositalar yordamida to‘yu-tomoshalarimizda, kontsertlarda, qahvaxona va restorandagi ziyofat va o‘tirishlarda, ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan musiqiy tadbirlarda haddan tashqari baland yangrashi turmushimizdagi odatiy holga aylanib ulgurdi. Bu hol salomatligimizga zarar ekanligi haqida gapirib o‘tirish ortiqcha bo‘lsa kerak. 

3. Madaniy-ma’rifiy tadbirlar sifatida ustoz rutbasidagi va iste’dodli yosh san’atkorlar ishtirokida mumtoz ashulalar, yuksak mezonlarga javob beradigan zamonoviy estrada qo‘shiqlari professional darajada, jonli ijro etiladigan kontsertlar uyushtirish, ularning video-audio tasvirlarini teleradiokanallarda berib borish. 

4. Milliy mumtoz va zamonaviy estrada, musiqiy san’at asarlarining eng yuksak namunalarini, saralangan, durdona qo‘shiqlarni jonli ijro etish va shu yo‘l bilan aholining, birinchi navbatda yoshlarning sog‘lom musiqiy didini shakllantirish, musiqiy ongini, ma’naviyatini yuksaltirish, “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siriga nisbatan ularda immunitetni oshirishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib belgilab olgan nodavlat notijorat muassasalari shaklidagi ansambllar tashkil etish.

Bunday ansambllarning notijorat yo‘nalishida ekanligini hisobga olib, ular faoliyatini Vazirlar Mahkamasining qarori bilan, istisno tariqasida, davlat bojini to‘lashdan ozod qilgan holda litsenziyalash, bizningcha, maqsadga muvofiqdir. Tabiiyki, bunda gastrol-kontsert faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlarga yuridik shaxs shaklida tashkil etilgan musiqiy ansambllarning xususiyatlarini hisobga oluvchi tegishli o‘zgartishlar kiritilishi lozim.

5. Disklar sotilishida tartib o‘rnatish, aniqrog‘i audiovizual asarlarni takrorlash, tayyorlash, tarqatish, namoyish etish, sotish faoliyatini amalga oshirishni tartibga soluvchi qonun hujjatlari, xususan, hukumatimizning 2012 yil 15 martda qabul qilingan 72-qarori talablari bajarilishini ta’minlash.

Do‘kon va do‘konchalarda, bozorlarimizda, ko‘cha-ko‘yda video va audio mahsulotlar — qo‘shiqlar, (juda ko‘p hollarda yengil-elpi qo‘shiqlar), jangari filmlar yozilgan lazer disklarining sotilishi ko‘pchiligimizga odatiy hol bo‘lib qoldi. Aslida qonun hujjatlariga muvofiq bunday disklarning tayyorlanishi va sotilishi maxsus ruxsatnoma – litsenziya asosida amalga oshirilishi kerakligi ko‘pincha eslanmaydi ham. Zamonaviy ofis kompyuter texnikasi bunday disklarni ko‘p miqdorda tayyorlash imkoniyatini berishidan foydalanib ba’zi “tadbirkorlar”, yengil-elpi qo‘shiqlar va jangari filmlar yozilgan lazer disklarini xonaki usulda ishlab chiqarib, noqonuniy daromad topayotganliklari sir emas. 

6. Gudok o‘rniga xitlarni yuklab olish xizmatini televidenie, radio, bosma nashrlarda va uyali telefon orqali reklama qilishni taqiqlash.

Gudok o‘rniga xitlarni yuklab olish xizmati orqali amalda ko‘pincha ommaviy madaniyat “asarlari” tarqatiladi, shu sababli bunday xizmatlarni ko‘rsatish maxsus joylarda (paynet shakldagi) shaxobchalarda mumkin bo‘lishi kerak. Bunda gap, e’tibor bering, xitlarni yuklab olish xizmatini taqiqlash haqida emas, balki faqat ushbu xizmatni reklama qilishni taqiqlash haqida boryapti. Demak, tegishli shaxobchalarda har kimning istalgan “xit”ni telefoniga o‘rnatish imkoniyati hech ham cheklanmaydi. Ushbu faoliyat turini reklama qilish esa, fikrimizcha, hech qanday ijtimoiy foydali ahamiyatga ega emas.

7. Yo‘l harakati qoidalariga avtotransport haydovchilari tomonidan boshqarilayotgan transport vositasida musiqa va qo‘shiqlarni baland qilib qo‘yilishini taqiqlovchi norma kiritish.

Hozirgi kunda ayrim avtotransport vositalaridan taralayotgan qo‘shiqlar yetti mahallaga eshitiladigan darajada yangrab, o‘nlab, yuzlab avtomashinalarning ko‘cha shovqini bilan qo‘shilib quloqlarni qomatga keltirish holatlari uchramoqda. Bu ketishda ko‘chabezorilari (Moskva va boshqa shaharlardagi kabi) paydo bo‘lishi hech gap emas. 

8. Fonogramma targ‘ibotiga chek qo‘yish.

9. Televideniening jonli ijrodagi kontsertlarni namoyish etish imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish. 

10. Balog‘atga yetmagan yosh bolalarning ishq-muhabbat mavzusidagi qo‘shiqlar kliplari qahramonlari qatorida bo‘lishlariga chek qo‘yish.

11. Musiqiy ko‘rsatuvlarni teleefirga berish borasida monopoliyaga chek qo‘yish.

2005 yil 8 noyabrdagi “Mustaqil teleradio kanallarni isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida:

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining asosiy vazifalari qatorida: 

— “aholining ta’lim va madaniy saviyasini oshirish, milliy an’analarni, tarixiy va ma’naviy merosni saqlab qolish, fuqarolarning ongida demokratik qadriyatlarni shakllantirish, yoshlar va o‘sib kelayotgan avlodni vatanparvarlik, Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan tele- va radiodasturlar sifatini, professional va badiiy darajasini ta’minlash;” (farmonning 2-bandi);

“O’zbekiston” teleradiokanali” asosiy vazifalari qatorida:

— “xalqimizning boy madaniy va ma’naviy merosini saqlab qolishga, folklor-etnografik an’analarni rivojlantirishga, milliy hamda jahon adabiyoti, musiqasi, teatri, kinosi, tasviriy san’atining eng yaxshi namunalari bilan tanishtirishga qaratilgan muhim ijtimoiy, gumanitar-ma’rifiy teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarni tashkil qilish”; 

“Yoshlar” teleradiokanali” asosiy vazifalari qatorida:

“…yigit va qizlarni xalqimizning tarixiy an’analari, ma’naviy qadriyatlari, milliy madaniyatimiz va jahon tsivilizatsiyasining ilg‘or yutuqlari asosida ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk, ma’rifatli, bilimli hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakatimiz zamonaviy yoshlarining ichki ma’naviy dunyosini namoyon etishga yo‘naltirilgan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar tayyorlash” (farmonning 5-bandi) vazifalari belgilangan.

Fikrimizcha, belgilangan ushbu vazifalardan musiqa san’atiga doir notijoriy ko‘rsatuvlarni efirga doimiy ravishda barcha telekanallardan berib borish lozimligi mantiqan kelib chiqadi.

12. Milliylikni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik. Milliylik mas’uliyati.

Ma’naviy hayotimizning muhim sohasi bo‘lgan qo‘shiqchilikni tartibga solish bo‘yicha takliflarni shu tariqa davom ettiraverish mumkin. Ushbu mavzuning dolzarbligini teran anglagan qo‘shiq muxlislarida, mutaxassislar, davlat organlari va jamoat tashkilotlari vakillarida boshqa e’tiborga loyiq takliflar bo‘lishi mumkin, albatta…

Bunaqa takliflar bilan qo‘shiqchilikdek ijodiy jarayonni o‘ta tartiblashtirib, qolipga solib yuboryapsiz, har kim o‘zining didiga, qiziqishiga mos qo‘shiq eshitishiga, ijodiy erkinlikka monelik qilyapsiz, deydiganlar ham topilishi mumkin.

Bunday fikrlarga javoban bir yo‘la o‘z mulohazalarimizni bildira qolaylik.

Insoniyat paydo bo‘libdiki, hamma rioya etishi majbur bo‘lgan muayyan qonun-qoidalar doirasida kun kechirib keladi. Hech bir jamiyatda mutlaq erkinlik bo‘lmagan, bo‘lishi ham mumkin emas. Zotan, har qanday holatda ham erkinlik deganda qonun-qoidalar doirasidagi erkinlik nazarda tutiladi. 

Shaxsiy avtomobilni uning egasi sifatida istalgan joyga haydab borishingiz mumkin… Siz erkinsiz! Ammo yo‘l harakati qoidalariga rioya etishingiz shart, ya’ni boshqalarning harakatlarini e’tiborga olgan holda harakatlanishga, o‘zingizning ham, o‘zgalarning ham xavfsizligini ta’minlashga majbursiz.

Qo‘shiqchilikni to‘poriroq bo‘lsa ham, shunga qiyoslaydigan bo‘lsak, u holda harakat qilish, faoliyat yuritish qoidalari bu — odob-axloq me’yorlaridir! Qo‘shiq faqat odob-axloq me’yorlari doirasidagina haqiqiy san’at asari sifatida yaratilishi, ijro etilishi va tinglanishi mumkin. Faqat shundagina u insonlarni mehr-muhabbat, ezgulik, olijanoblik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglikka chorlaydi. Bunday mezonlarga javob bermaydigan yengil-elpi nag‘malar g‘irt xudbinlik, hayotga faqat iste’molchi sifatida qarash, ijodiy erkinlik niqobidagi axloqiy buzuqlik g‘oyalariga asoslangan ma’naviy og‘udir. 

 

Ishonchimiz komil, “qo‘shiqchilik xo‘jaligi”ni tartibga solish yuzasidan Hukumatimiz qaroriga muvofiq ko‘rilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar salmoqli samaralar beradi va ular, Birinchi Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, biz qaysidir mamlakatlardan texnik rivojlanish borasida orqada bo‘lsak ham, ma’naviyat jihatidan ulardan ancha ustun ekanimizning yana bir yorqin tasdig‘i bo‘ladi.  

 

Abdulla FAYZULLAYEV

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 1 =